1. Ma’ruza mashg‘
Grammatik ma’noning turlari
Download 204.5 Kb.
|
1-ma\'ruza (1)
Grammatik ma’noning turlari
Grammatik ma’no leksik ma’nodan umumiyligi bilan farqlanadi. Chunki lug‘aviy ma’no har bir so‘z uchun alohida bo‘ladi. Mas., hatto bir ma’nodoshlik qatoridagi har bir so‘zning lug‘aviy ma’nosi farq qiladi: bashara so‘zining lug‘aviy ma’nosi “odam boshi old tomoni peshanadan iyakkacha bo‘lgan qismining salbiy ifodasi” bo‘lsa, yuz so‘zining lug‘aviy ma’nosi “odam boshi old tomoni peshanadan iyakkacha bo‘lgan qismining betaraf ifodasi” . Farq: “salbiy ifoda” va “betaraf ifoda”. Lekin nafaqat ma’nodosh, balki narsa-predmet va shaxsni bildiruvchi so‘zning barchasi uchun ot grammatik ma’nosi umumiy. Grammatik ma’no barcha turkumga mansub so‘zda mavjud. Lug‘aviy ma’no esa faqat gap bo‘lagi va gap bo‘la oladigan so‘zda mavjud. G r a m m a t i k m a ‘ n o ning turi. Mavjudliliga ko‘ra grammatik ma’no uchga bo‘linadi: 1) so‘zning tabiatida avvaldan mavjud grammatik ma’no; 2) grammatik vosita yordamida hosil qilinadigan grammatik ma’no; 3) so‘z birikmasi va gap tarkibida vujudga keladigan grammatik ma’no. So‘zning tabiatida avvaldan mavjud grammatik ma’no ot turkumiga mansub ot, aniq ot, mavhum ot, yakka ot, jamlovchi ot, atoqli ot, turdosh ot; sifat turkumida sifat, asliy sifat, nisbiy sifat; son turkumida son, miqdor; fe’l turkumida fe’l, o‘timli fe’l, o‘timsiz fe’l; ravish turkumida ravish, miqdor, payt, sabab; ko‘makchida ko‘makchi, sof ko‘makchi, ko‘makchi vazifasidagi so‘z kabilar ularda avvaldan mavjud grammatik ma’no. Har bir so‘z turkumida bunday ma’no bor. So‘z biror turkumga kirdimi, bu turkum atamasi uning bir grammatik ma’nosining nomi. Grammatik vosita yordamida hosil qilinadigan grammatik ma’no. Bunday ma’no mustaqil so‘zda mavjud, grammatik qo‘shimcha va yordamchi so‘z vositasida hosil qilinadi. Mas., ot turkumida birlik va ko‘plik, egalik, kelishik, kichraytirish erkalash va ko‘makchi yordamida vujudga keladi: kitobchalarimga so‘zidagi “kichraytirish oti”, “ko‘plikda”, “birinchi shaxsdagi birlik egalik shaklida”, “jo‘nalish kelishigida” grammatik ma’nosi grammatik vosita yordamida vujudga kelgan grammatik ma’no. Sifat va ravishdagi daraja, sonning sanoq sondan boshqa barcha ma’no turi, fe’lda nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, fe’lning xoslangan shakli, mayl kabilar shunday ma’no sirasiga kiradi. So‘z birikmasi va gap tarkibida vujudga keladigan grammatik ma’no. Mustaqil so‘z erkin birikma tarkibida bosh so‘z yoki ergash so‘z, gap tarkibida biror gap bo‘lagi, undalma, kirish so‘z, ajratilgan bo‘lak, so‘z-gap bo‘lib keladi. Yordamchi so‘z so‘z yoki gapni o‘zaro bog‘laydi (ko‘makchi va bog‘lovchi), qo‘shimcha ma’no beradi (yuklama). Bu ma’no faqat gap tarkibida hosil bo‘ladi. Gapdan tashqaridagi so‘zda bunday grammatik ma’no bo‘lmaydi. Grammatik ma’no ifodalovchi vositalar. Grammatik ma’no maxsus vositalar bilan ifodalanadi. O‘zbek tilida grammatik ma’no ifodalashning quyidagi vositalari mavjud: 1. Grammatik qo‘shimcha. 2. Yordamchi so‘z. 3. So‘z tartibi. 4. Takror. 5. Ohang. Grammatik qo‘shimcha tilda keng tarqalgan turi grammatik ma’no ifodalovchi vosita. Ifodalaydigan grammatik ma’noning tabiatiga ko‘ra u ikkiga bo‘linadi: lug‘aviy qo‘shimcha va sintaktik qo‘shimcha. Lug‘aviy qo‘shimcha so‘zni bog‘lamaydi, balki lug‘aviy ma’noni nutqqa moslaydi. Mas., ot turkumiga mansub so‘zga -lar lug‘aviy qo‘shimchasi qo‘shilib, uning lug‘aviy ma’nosini birlik yoki ko‘plik ko‘rinishida yuzaga chiqaradi. Fe’lda nisbat lug‘aviy ma’noning harakat bajaruvchisini ko‘rsatadi. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchi – so‘z ma’nosini qisman o‘zgartiruvchi, muayyanlashtiruvchi qo‘shimcha. Mas., kitob so‘zida birlik ma’nosi ham (Bu kitob qiziqarli), ko‘plik ma’nosi ham (Do‘konga kitob keldi) mujassamlangan. Nutq sharoiti, matn kitob so‘zida birlik yoki ko‘plik voqelanishini ajratib beradi. Shu so‘zga -lar shakli qo‘shilishi bilan u kitob so‘zida birlik ma’nosini ko‘plik ma’nosidan chegaralaydi, ya’ni lug‘aviy ma’noni muayyanlashtiradi, toraytiradi. Lekin bevosita so‘zni sintaktik aloqaga kiritish uchun xizmat qilmaydi. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchi, asosan, 4 yirik so‘z turkumi – fe’l (nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, o‘zgalovchi, sintetik va analitik harakat tarzi shakllari), ot (son, kichraytirish-erkalash), sifat (daraja) va sonda (uning ma’no turini hosil qiluvchi) mavjud. Sintaktik (munosabat) qo‘shimcha so‘zni so‘zga bog‘laydi yoki so‘zga sintaktik mavqe beradi. Kelishik ergash so‘zni bosh so‘zga, egalik bosh so‘zni ergash so‘zga bog‘laydi: kitobni o‘qimoq, daftarning varag‘i kabi. Sintaktik (munosabat) shakli hosil qiluvchi qo‘shimcha so‘z lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etmay, bir-biriga bog‘lashga yoki unga ma’lum bir sintaktik vazifa berishga xizmat qiladi. Kelishik, egalik, mayl, zamon, shaxs-son shunday grammatik vosita. Kelishik, egalik qo‘shimchasi so‘zni bog‘lasa (Salimning ukasi), mayl, zamon, shaxs-son qo‘shimchasi gap kesimini shakllantiradi: o‘qidim (xabar mayli, o‘tgan zamon, birinchi shaxs). O‘zbek tilida shunday shakl borki, ular bir tomondan so‘zning lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etadi, ikkinchi tomondan, sintaktik aloqaga kiritadi. Fe’lning ayrim vazifa shakli (ravishdosh, sifatdosh) shunday ikkiyoqlama mohiyatga ega. Mas., shoshilib gapirmoq birikmasida -ib ravishdosh shakli shoshil so‘zining lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etgan, ya’ni unga ravishlik ma’nosiga yaqin ma’no bergan, shu bilan birga, bu so‘zni keyingi so‘zga bog‘lash vazifasini ham bajargan. Yordamchi so‘z ham grammatik ma’no ifodalovchi vosita sirasida muhim o‘rin tutadi. U mustaqil so‘zlar va gapda grammatik ma’no ifodalashning alohida turini tashkil etadi. Ko‘makchi mustaqil so‘z bilan birga kelib, oldin turgan so‘zni keyingi so‘z bilan sintaktik aloqaga kiritadi. Bu bilan kelishikka o‘xshaydi. Biz kelajakka ishonch bilan qaraymiz gapida ko‘makchi yordamida «holat» grammatik ma’nosi yuzaga chiqib, ishonch so‘zi qaraymiz so‘ziga bog‘lanadi. Telefon orqali gaplashdim gapida ko‘makchining «vosita» ma’nosi yuzaga chiqib, telefon so‘zini gaplashdim so‘ziga bog‘lagan. Do‘stlik biz uchun hamisha ilhom va kuch-quvvat manbai bo‘lib kelgan gapida yordamchi so‘z «atalganlik» ma’nosini ifodalab, biz so‘zini bo‘lib kelgan so‘ziga bog‘lagan. Ko‘rinadiki, grammatik ma’no va gramatik vazifa birga yashaydi. Bog‘lovchi uyushiq bo‘lakni, qo‘shma gapning tarkibiy qismini bog‘lash, ular orasida har xil tenglashtirish, zidlash, ayirish kabi grammatik ma’noni ifodalash uchun xizmat qiladi: olma va anor, o‘qidi, lekin yozmadi kabi. Ba’zan gap boshida ham keladi: Sitora aytdi. Lekin Munira tushunmadi. Ko‘makchining morfologik ma’no ifodalash imkoniyati uning sintaktik imkoniyatidan keng. Chunki ular mustaqil so‘z va gapga qo‘shimcha ma’no yuklashi bilan ahamiyatli. Shu sababli ko‘makchi kelishik bilan qo‘llanishga ehtiyoj sezadi. Mustaqil so‘z ham o‘rni bilan yordamchi so‘zdek grammatik ma’no ifodalaydi: juda, eng, bag‘oyat, nihoyatda, o‘ta, sal, birmuncha kabi ravish daraja ma’nosini ifodalaydi; olmoq, bermoq, qolmoq, o‘tirmoq, chiqmoq, ketmoq, boshlamoq, bo‘lmoq kabi 30 dan ortiq ko‘makchi fe’l harakat ma’nosini nutqqa moslaydi, lug‘aviy ma’noga grammatik ma’no qo‘shadi: o‘qib chiqdi, yoza boshladi, qo‘rqib ketdi kabi. So‘z tartibi grammatik ma’no ifodalashning maxsus vositasi, tartib o‘zgarishi so‘z grammatik ma’nosining o‘zgarishiga olib keladi. Mas., Dalalar yam-yashil birikuvi gap bo‘lsa, yam-yashil dala birikuvi – so‘z birikmasi. «gap» va «so‘z birikmasi» – grammatik ma’no atamasi. Grammatik ma’no ifodalashda so‘z tartibiga ohang hamrohlik qiladi. YA’ni yuqoridagi gap va so‘z birikmasida tartib o‘zgarishi bilan ularning ohangi ham o‘zgarib ketgan (so‘z birikmasida tugallanmagan ohang bo‘lsa, gapda tugallangan ohang mavjud). Ohang – grammatik ma’no ifodalashning fonetik vositasi. Bu vosita yordamida gapning turini, gap bo‘lagini ajratish, farqlash mumkin. Gulnora, singlim keldi. Gulnora, singlim, keldi. Gulnora singlim keldi gapining birinchisida Gulnora va singlim so‘zi uyushiq bo‘lak vazifasida, ikkinchi gapda Gulnora so‘zi undalma, singlim so‘zi ega, uchinchi Gulnora so‘zi aniqlovchi, singlim so‘zi izohlanmish – ega vazifasida kelgan. Gapni tashkil etuvchidagi bunday farq so‘zlovchining maqsadiga muvofiq tarzdagi ohang yordamida yuzaga chiqmoqda. Download 204.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling