1. Ma’ruza mashg‘


Morfologiyaning o‘rganish birligi


Download 204.5 Kb.
bet8/12
Sana02.11.2023
Hajmi204.5 Kb.
#1739952
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Bog'liq
1-ma\'ruza (1)

Morfologiyaning o‘rganish birligi
Morfologiyaning o‘rganish birligi so‘z shakl, morfologik so‘zdir. Tilshunoslikda so‘z atamasi ikki ma’noda qo‘llaniladi: a) leksik so‘z yoki leksema; b) morfologik so‘z yoki so‘z shakl.
So‘z o‘zgarish paradigmasida barcha paradigma a’zolari uchun umumiy bo‘lgan qism leksik so‘z ya’ni leksema sanaladi. Lug‘atda leksik so‘z beriladi. So‘zning turli morfologik shakllari esa unda aks etmaydi. Masalan, daftarning, daftarni, daftarga, daftardan, daftarda so‘zlari uchun umumiy bo‘lgan qism daftar sanaladi va ana shu qism lug‘atda beriladi hamda leksik ma’nosi izohlanadi. Umumiy qismga qo‘shilgan shakllar esa leksik ma’noga qo‘shimcha grammatik ma’no yuklaydi va leksik so‘zni morfologik so‘zga – so‘z shaklga aylantiradi.
Leksemaning muayyan umumiy grammatik ma’no asosida birlashgan shakllar sistemasi so‘z shakl sanaladi. Bundan ko‘rinadiki, har qanday so‘z shakl ikki va undan ortiq morfemalarning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan butunlik – sistema hisoblanadi.
Turkiy tillarda morfologik so‘z (so‘z shakl) ichki tuzilishiga ko‘ra ikki turdagi morfemaning munosabatidan tashkil topadi: a) mustaqil ma’noli (yetakchi) yoki leksik morfema (Ml); b) ko‘makchi morfemalar,2 yoki grammatik morfemalar (Mg).
Demak, morfologik so‘z qurilma sanaladi va bu qurilmani [Ml+Mg] qolipi orqali ifodalash mumkin bo‘ladi. Bu qolipning nutq jarayonida konkret morfema variantlari bilan to‘ldirilishi so‘zning shakllarini vujudga keltiradi.
So‘z o‘zgarish paradigmasida hamma paradigma a’zolari uchun umumiy, o‘zgarmas qism yetakchi morfema, yetakchi morfemaga qo‘shilib, turli grammatik ma’nolar ifodalovchi va leksemani morfologik jihatdan shakllantiruvchi qism ko‘makchi morfema sanaladi.
Ko‘makchi morfemalarning o‘zi so‘zning kategoriyaga xos grammatik ma’nosini ifodalash-ifodalanmasligiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: a) so‘z o‘zgartiruvchilar; b) shakl yasovchilar.
So‘zning muayyan kategoriyasiga xos farqlovchi grammatik ma’nolarini ifodalovchi ko‘makchi morfemalarga so‘z o‘zgartiruvchilar (kategorial morfemalar) deyiladi. Masalan, otlarning kelishik, egalik, son kategoriyalarini, fe’llarning zamon, shaxs-son, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, nisbat, mayl kabi kategoriyalarini ifodalovchi morfemalar.
So‘zning muayyan kategoriya ichidagi kategoriyani farqlash uchun xizmat etmaydigan, lekin turli qo‘shimcha ma’no yuklaydigan ko‘makchi morfemalarga shakl yasovchi morfemalar deyiladi. Masalan, otlardagi erkalash, hurmat ifodalovchi morfemalar; fe’llardagi ravishdosh, sifatdosh, harakat nomini hosil qiluvchi morfemalar va boshqalar.
Turkiy tillarda ko‘makchi morfemalarning yetakchi morfemalarga birikish darajasi turlicha. Shunga ko‘ra ko‘makchi morfemalar uch turga bo‘linadi: 1) erkin morfemalar, 2) bog‘liq morfemalar, 3) nisbiy bog‘liq morfemalar.3
Yetakchi morfemaga qo‘shilib ketmaydigan, erkin qo‘llanuvchi va morfologik shakllangan so‘z shakllaridan so‘ng qo‘llaniluvchi ko‘makchi morfemalar erkin morfemalar hisoblanadi. Masalan, ko‘makchi, bog‘lovchi va yuklamalar.
Yetakchi morfemalardan so‘ng kelib, uning tarkibiga qo‘shilib ketadigan ko‘makchi morfemalar bog‘liq morfemalar sanaladi. So‘z urg‘usi bog‘liq morfemalarga o‘tib, bu morfemalarni yetakchi morfemalarga fonetik jihatdan ham yaxlit bog‘lab qo‘yadi. Bunday morfemalarga egalik, kelishik, shaxs-son, zamon, mayl, nisbat kabi kategoriyalarga doir shakllar kiradi.
Bir o‘rinda bog‘liq, boshqa o‘rinda esa erkin morfema sifatida qo‘llaniladigan ko‘makchi morfemalar nisbiy bog‘lik morfemalar sanaladi. Masalan, grammatikalizatsiyalashgan yot, o‘tir, yur, tur singari ko‘makchi fe’llar.
Turkiy tillarda ko‘makchi morfemalar yetakchi morfemalardan so‘ng kelib, yetakchi morfemaning fonetik tarkibiga moslashadi. Shuning uchun ko‘makchi morfemalar bir qancha kombinator variantlarga ega bo‘ladi. Jumladan, o‘zbek tili ham ana shu xususiyatni ma’lum darajada saqlaydi. Masalan, jo‘nalish kelishigi -ga, -ka, -qa, -g‘a, singari variantlar orqali namoyon bo‘ladi.
Ko‘makchi morfemalar yetakchi morfemaga agglyutinatsiya yo‘li bilan bog‘lanadi. Ya’ni grammatik ma’no miqdoriga muvofiq grammatik shakllar soni yetakchi morfemadan keyinga qarab o‘sib boradi. Ko‘makchi morfemalarning joylashish tartibi ularning ma’nosiga bo‘ysunadi: umumiy ma’noli morfemalar xususiy ma’noli morfemalardan oldin keladi. Affikslar darajalanishga qatiy amal qiladi.
Turkiy tillar, jumladan o‘zbek tili, agglyutinativ xususiyatga ega bo‘lganligi uchun ko‘makchi morfemalar (asosan affikslar) bir ma’noli bo‘ladi.
Har bir grammatik ma’no alohida-alohida moddiy ifodasiga ega bo‘ladi. Demak, so‘z chapdan o‘ngga grammatik ma’noning ko‘payishi bilan cho‘zilib boradi. Shunga muvofiq so‘z urg‘usi ham so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga siljib turadi va ko‘makchi morfemalarini so‘zning yetakchi morfemasiga fonetik jihatdan mustahkam bog‘laydi, so‘zni fonetik tomondan shakllantiradi va sintagmatikada so‘z bilan so‘zning chegarasini ko‘rsatadi. Masalan, bolá, bolalár, bolalarimỉz, bolalarimizgá.
Shu bilan birgalikda, ayrim hollarda fuziya elementi ham uchraydi. Bir affiksning o‘zi ikki-uch grammatik ma’noni ifodalashi ham mumkin. Masalan, -di affiksi III shaxs, birlik, o‘tgan zamon kabi grammatik ma’nolarini qorishiq holda (sinkretik) ifodalaydi.
Ko‘makchi morfemalar, odatda, yetakchi morfemalardan so‘ng qo‘shiladi. SHu bilan birgalikda ayrim hollarda yetakchi morfemaning oldidan qo‘shiladigan ko‘makchi morfemalar (prefikslar) ham uchraydi. Bunday so‘z shakllar Mgr+Ml qolipida bo‘ladi. Yuqoridagi qolip asosida shakllangan so‘zlar tabiiyki, boshqa tillardan, xususan, arab, fors-tojik tillaridan olingan so‘zlardir. Masalan, benarvon, beayb; nosog‘, noumid kabi.
Morfologiya so‘z shaklning [Mgr+Ml] ikkinchi qismi, ya’ni grammatik qismi haqida fikr yuritadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Mg qismi ML qismi bilan ma’no va grammatik muvofiklashgan holda munosabatda bo‘ladi. Agar ana shunday muvofiqlik bo‘lmasa, ikkala morfema o‘rtasida sintagmatik munosabat ham bo‘lmaydi.
So‘z shaklning morfologiya birligi sifatidagi tavsifi leksemaning ma’lum leksik-grammatik guruhga tasnifi bilan uzviy bog‘liq. Lekssmaning muayyan belgilari (leksik, morfologik, sintaktik) asosida ma’lum sinflarga birlashtirish, odatda, so‘z turkumlari ta’limoti deb yuritiladi.
So‘z birikmalari haqidagi ta’limot ham so‘z turkumlari negizida ish ko‘radi. Morfologiya uchun esa bu ta’limot alohida ahamiyatga ega. Buning sababi shundaki, so‘z shaklning xususiyati, birinchi navbatda, uning qaysi so‘z turkumiga mansubligi asosida ochiladi. Garchi so‘z turkumlari haqida ta’limot morfologiyadan ajralgan holda tilshunoslikda alohida o‘rin egallashi lozim bo‘lsa ham, yuqoridagi uzviy aloqadorlikni e’tiborga olgan holda morfologiya tarkibida o‘rganish an’anasi mavjud4.

Download 204.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling