Tayanch tushunchalar: Aqliy tarbiya va uning maqsad va vazifalari. Aqliy tarbiyada ta’lim mohiyatining o‘rni. Fuqarolik tarbiyasi. O‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash. Mehnat va iqtisodiy tarbiya. Estetik, jismoniy va ekologik tarbiya
Aqliy tarbiya va uning maqsad va vazifalari.
YAngi davr kishisini tabiyalash muammosi, hozirgi jamiyat va kelajakdagi taraqqiyot masalalarini yuqori darajada hal etishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash har bir insonning intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq. Ijodiy, mustaqil fikr yurita oladigan shaxsni shakllantirish ta’lim muassasalari oldidagi aqliy tarbiya vazifalaridan biri hisoblanadi.
Aqliy tarbiya shaxs intellektual madaniyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu jarayon bilish motivlarini, fikrlash, faoliyat ko‘nikmalarini dialektik tafakkur, o‘quv mehnatini ratsional tashkil etishga qaratilgan hamda u shaxsda ilmiy, ijtimoiy dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qiladi.
Aqliy tarbiyaning asosiy vazifalari o‘quvchilarni rivojlanib boruvchi ta’lim prinsiplari asosida sistemali o‘qitish va ularning aqliy madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha sinfda va sinfdan tashqari ishlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Aqliy tarbiya, shuningdek, o‘rab turgan atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari orqali ham yo‘lga qo‘yiladi.
Aqliy tarbiyada maqsadga mufoviq o‘qitish bilan o‘quvchilarda bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quv dasturlari tafakkur, aqliy kuch va qobiliyatlarni rivojlantiruvchi ta’lim prinsipi asosida tarbiya vazifalarini belgilaydi va o‘quvchilarda maxsus intellektual ko‘nikma va malakalarning shakllanishini yo‘naltirib turadi.
2. Aqliy tarbiyada ta’lim mohiyatining o‘rni.
Ushbu masala bo‘yicha bir qator tadqiqotchilar fikrini o‘rganish aqliy tarbiyani hal etishda pedagoglar oldiga ma’lum vazifalarni qo‘yadi. Rus pedagogi L.S.Vigotskiy fikricha, aqliy rivojlanishning markaziy masalasi o‘qitishning, ta’lim jarayonining doimiy rivojlanishida, oldinda borishida va pedagog tayanishi kerak bo‘lgan “yaqin rivojlanish zonasi” g‘oyasiga, ya’ni amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan g‘oyaga har bir o‘qituvchi doimo amal qilishida ko‘rinadi.
D.B.Elkonin o‘quvchilar aqliy tarbiyasida bilimlar mazmunining ahamiyati va rolini tadqiq eta borib, o‘sha mazmunga nafaqat ilmiy tushuncha va faktlargina emas, balki mulohaza, isbot, argumentlar ham kiritilishi zarurki, bu esa o‘quvchilarda ushbu bilimlarni egallash bilan birga, bilimlarni egallash usullarini ham o‘zgartirib borishga yordam beradi, deb tushuntiradi. SHuning uchun o‘qitishda muammoli suhbatlar, munozaralarning qo‘llanilishi o‘quv ishlarida turli usullar ishlab chiqilishiga sababchi bo‘ladi. Jumladan, taqqoslash, klassifikatsiyalash, sistemalashtirish, umumlashtirish, eng muhimlarini ajrata olish va boshqa fikrlash operatsiyalari ham qo‘llanilishi o‘quvchi aqliy tarbiyasida alohida ahamiyat kasb etadi.
L.V.Zankov: “Agar ta’lim prinsiplariga amal qilinsa, rivojlantiruvchi ta’limning ta’siri yuqori darajada ortishi mumkin”, deydi. Bunda, avvalo, o‘qitishni yuqori murakkablik darajasida olib borishga va uning o‘rtacha me’yordan yuqoriroq bo‘lishiga va eng muhimi, bolalarning ma’naviy kuchi ochilishi hamda unga erkinlik va yo‘nalish berilishiga imkon yaratildi.YUqori darajadagi murakkablik prinsipi bilan L.V.Zankov boshqa prinsipni,ya’ni dasturiy materiallarni o‘rganishda ilgarlab borish prinsipini bog‘laydi va bunda u bolalarni yangi bilimlar bilan boyitib borish orqali rivojlantiruvchi ta’limni amalga oshirishga e’tibor qaratadi. Ilgarilab borish shoshilish kerak, degani emas, balki izchillik va uzluksizlikka doimo amal qilish deganidir. O‘qituvchi va o‘quvchi bu o‘rinda bir xil tezlikda ishlashlari kerak.
L.V.Zankovning keyingi didaktik prinsiplaridan biri-boshlang‘ich ta’limda nazariy bilimlarning etakchilik roli. Bu prinsip o‘qitishda nazariy bilishni birinchi o‘ringa suradi. Bu o‘rinda nazariy bilimlar nafaqat tushuncha, termin, belgilar bilangina emas, balki qonun va bog‘liqliklar bilan ham xarakterlanadi.
L.Zankov prinsiplarini qo‘llash boshlang‘ich sinflarda o‘quv jarayonining rivojlantiruvchi ta’sirini oshirishga olib keladi. Uning yana bir g‘oyasi bolalar faoliyatini asta-sekin murakkablashtira borish orqali o‘quvchilar rivojlanishini sistemali yo‘lga qo‘yishdan iborat.
3. Sinfdan tashkari ishlar jarayonida aqliy tarbiyani yo‘lga qo‘yish.
Sinfdan tashqari ishlar o‘quvchilar aqliy tarbiyasi uchun boy imkoniyatlarni yaratadi. Umumta’lim maktablarida aqliy tarbiyani amalga oshirishning ommaviy shakllari qo‘llaniladi: o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar tomonidan ilmiy-ommabop ma’ruzalar tashkil etish, turli mavzuda ilmiy-ommabop filmlar namoyish etish, kitobxonlar konferensiyalari o‘tkazish, kitoblar ko‘rgazmasi, devoriy gazetalar chiqarish, fizika, ximiya, biologiya, tarix, adabiyot fanlaridan kechalar, konkurs va olimpiadalar o‘tkazish va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |