1-мавзу: доривор ўсимликларни ўрганиш
Dorivor о‘simliklarning о‘rganilish tarixi
Download 1.16 Mb.
|
2 5328174902287537448
- Bu sahifa navigatsiya:
- Abu Ali Ibn Sino
- Abu Rayhon Beruniy
Dorivor о‘simliklarning о‘rganilish tarixi. Qadim-qadimdan insoniyat о‘simliklardan shifobaxsh vosita sifatida foydalanib keladi. Dorivor о‘simliklar tо‘g‘risidagi ma’lumotlar avloddan-avlodga, qabiladan-qabilaga faqat og‘zaki tarqalgan.
Davlatlar о‘rtasida savdo-sotiq va boshqa munosabatlar о‘rnatilgandan sо‘ng, ana shu davlatlarda boshqa davlatlardan keltirilgan dorivor о‘simliklar hisobiga dorivor о‘simliklar mahsulotining turi kо‘paya bordi. Yozuv paydo bо‘lganidan keyin dorivor о‘simliklar tо‘g‘risidagi ma’lumotlar yozma ravishda tarqala boshladi. Qazilmalarda Suriya shoxi Assurbanipal (Sardanapal, eramizdan avvalgi 668 yil) kutubxonasidagi sopolga mixxat bilan yozilgan 22000 jadval topilgan, shundan 33 tasida dorivor mahsulotlar qayd qilingan. Hatto о‘sha davrda Suriyada dorivor о‘simliklar ekiladigan maydonlar ham bо‘lgan. Misrda esa dorivor о‘simliklar bundan ham ilgari ekila boshlangan. Masalan, eramizdan 2000 yil avval Misrda kanakunjut ekilgan. Hozirga qadar saqlanib qolgan dorivor о‘simliklar haqidagi ma’lumotlar asosan qadimiy yunon adabiyotlarida uchraydi. Yunonlar о‘zlarida yetishtiriladigan dorivor о‘simliklardan tashqari Misr, Eron va boshqa Osiyo mamlakatlaridan keltirilgan dorivor mahsulotlardan ham foydalanishgan. Mashhur vrachlar Buqrot (Gippokrat), Arastu (Aristotel) va ularning shogirdi Teofrast, farmakognoziya «asoschisi» Dioskorid va boshqa olimlarning shuhrati dunyoga yoyilgan. Buqrot (eramizdan avvalgi 460—377 yillar) bemorlarni parhez ovqatlar bilan davolagan. U yozgan kitoblarda dorivor о‘simliklarning 236 turi ta’riflangan. Arastu va uning shogirdi Teofrast (eramizdan tо‘rt asr oldin) kо‘pgina о‘simlik turlarini ta’riflash bilan birga ularning foydali xususiyatlarini ham kо‘rsatib о‘tishgan. О‘z davrining atoqli vrachi Dioskorid (eramizning I asrida yashagan), «Materia medica» nomli mashhur kitobida juda kо‘p dorivor о‘simliklarni rasmlari bilan birgalikda ta’riflab bergan. Lotin tiliga tarjima qilingan bu kitobdan Ovrupolik vrachlar XVI asrgacha qо‘llanma sifatida foydalanib kelganlar. Kо‘hna Rimda Galen va Pliniy Starshiy farmakognoziya bilan uzoq vaqt shug‘ullanganlar. Vrach Galen (eramizning 130- yillarida tug‘ilgan) farmatsiya va tibbiyot sohasida bir qancha kitoblar yozgan. U о‘z kitoblarida 304 ta dorivor о‘simlik, 80 ta hayvon va 60 ta mineral moddadan olinadigan dorilarni ta’riflagan. Galen о‘simlik va hayvon organlaridan tayyorlangan (tarkibida ta’sir etuvchi modda bо‘lgan) dori turlari bilan bemorlarni davolashni birinchi bо‘lib taklif etadi. Bu dorilar hozirgi kunda ham «Galen preparatlari» nomi bilan yuritiladi. Galenning tibbiyot va farmatsiya sohasida yozgan asarlari XIX asrgacha katta ahamiyatga ega bо‘lib keldi. Osiyoning sharqiy-janubida joylashgan davlatlarda qadimdan bemorlarni asosan dorivor о‘simliklar bilan davolab kelingan. Hindiston, Tibet, Xitoy va Arab tibbiyotlarida ishlatiladigan dorivor о‘simliklar ayniqsa diqqatga sazovor. Dorivor о‘simliklarning foydali xususiyatlarini qadim zamonlarda ham halqimiz bilgan va ulardan turli xastaliklarni davolash uchun foydalangan. Shifobaxsh о‘simliklardan foydalanish о‘zining qadimiy zaminiga ega. Bu zamin qadimiy Hind tabobatida boshlangan desak xato qilmaymiz. Hindiston florasi о‘simliklarga juda boy bо‘lib, unda kо‘plab dorivor о‘simliklar ham о‘sadi. Shuning uchun bu yerda bemorlar asosan Hindistonning о‘zida о‘sadigan dorivor о‘simliklar bilan davolanganlar. Hind tabobati dori-darmonlar haqidagi ma’lumotlarni ulug‘ hakim Sushrut (m. a. IV asr) «Yajur-veda» nomli mashhur kitobida 700 ta shifobaxsh giyohlarga tavsif bergan. U kitobda nomi keltirilgan dorivor giyohlardan Hind tabobatida hozir ham foydalanib kelinmokda. Hind tibbiyoti Tibet, Xitoy, Yaponiya, keyinchalik Mо‘g‘iliston va Buryatiyaga yoyila boshlaydi. Bu davlatlardagi mahalliy dorivor о‘simliklar soni Hindistondan keltirilgan о‘simliklar hisobiga orta bordi. Tibet tibbiyoti Hind tibbiyoti ta’sirida rivojlandi. Mashhur «Djut-shi» («Shifobaxsh dori-darmonlar mohiyati») kitobi ham Hindiston «Yajur-veda» si asosida yozilgan. Osiyo davlatlarida qadimdan foydalanib kelinayotgan о‘simliklar, hayvon mahsulotlari va mineral moddalarni bir tizimga solishda arab vrachlarining xizmati katta bо‘ldi. Ular tibbiyot sohasida yozilgan kitoblarni arab tiliga tarjima qilish bilan birga qayta nashrdan chiqardilar hamda Hindistondagi dorivor mahsulotlar va moddalarni arab tibbiyotida qо‘llay boshladilar. О‘z davrining mashhur tabiblari bо‘lmish buxorolik Abu Ali Ibn Sino, eronlik Abu Mansur Muvafaq, xorazmlik Al-Xorazmiy, Abu Rayxon al-Beruniy, arab Ibn Baytar va boshqalarni butun dunyo taniydi. Abu Mansur Muvafaq Hindistonga sayohat qilib, hind tibbiyoti hamda u yerda ishlatiladigan dorivor moddalar bilan tanishadi va bu haqda kitob yozadi. U о‘z kitobida 466 ta о‘simlik va 44 xil hayvondan olinadigan dorivor mahsulotlarning qо‘llanishini ta’riflaydi. Bokulik farmatsiya magistri Abdul Axundov 1893 yilda bu kitobni chuqur о‘rganib, arab tilidagi dorivor mahsulotlarni aniqladi. Ibn Baytar о‘z kitobida 1400 xil dorivor mahsulotlarni ta’riflagan. Mashhur hakim Abu Ali Ibn Sino 1020 yilda 5 jildlik «Al-qonun» («Tib qonunlari») kitobini yozadi. Bu kitobning II jildi oddiy, V jildi esa murakkab dorilarga bag‘ishlangan bо‘lib, kitobning II jildida о‘sha zamonda tibbiyotda ishlatiladigan 811 ta dorivor о‘simliklar, ulardan va hayvonlardan olingan mahsulotlar hamda mineral dorivor vositalar ta’riflangan. Kitobda keltirilgan dorivor о‘simliklar soni 500 tadan, о‘simliklardan olingan dorivor vositalar soni 40 tadan oshadi. «Al-qonun» kо‘pgina Ovrupo tillariga tarjima kilingan bо‘lib, fakat lotin tilining о‘zida 16 marta chop etilgan. XVI asrgacha Ovrupo vrachlari undan qо‘llanma sifatida foydalanganlar. Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa tabo- batda va an’anaviy tibbiyotda hozirda ham «Al-qonun»dan keng foydalanilmoqda. Qomuschi olim Abu Rayhon Beruniy umrining oxirgi yillarida «Kitob as-saydana fit-tibb», ya’ni «Tibbiyotda farmakognoziya» asarini yaratadi. Bu asarda о‘sha davrning sharq tabobatida qо‘llaniladigan 674 ta dorivor о‘simlik va 90 ta о‘simlik mahsulotlari tо‘g‘risida fikr yuritiladi. Bulardan tashqari, «Saydana»da yana 104 ta hayvonlardan olingan mahsulotlar hamda shu vaqtgacha tо‘g‘ri aniqlanmagan 113 ta dorivor о‘simliklar hakida ma’lumotlar bor. Yukorida keltirilgan Ibn Sino va Al-Beruniy asarlarida farmakognoziyaga tegishli qator masalalar (dorivor о‘simlik mahsulotlarini yig‘ish, quritish, saklash muddati, ulardan dori turlari tayyorlash masalalari va boshqalar) о‘z ifodasini topgan. XIII asrda birinchi marta arab farmakopeyasi «Karabadini» nomi bilan (xorazmlik mashhur hakim Ismoil Jurjoniy о‘zining «Xorazmshoh Karabadini» kitobini XII asrning boshlarida yozgan edi) va farmakopeya tipidagi bir qancha kitoblar («Mahzan al-adviya», «Tuhfat-ul-mо‘minin», «Tazkiran-i-Umil Albob») bosilib chiqdi. Shu davrda dorixonalar ham ochildi. XV asrda Amerika qit’asi ochilishi munosabati bilan Yevropa medsinasida ishlatiladigan dorivor о‘simlik turlari Amerika о‘simliklari (masalan, tamaki, kakao, xin daraxti va boshqalar) hisobiga kо‘paya boshladi. Yevropaliklar XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Afrika va Avstraliya tropik mamlakatlarining dorivor о‘simliklarini о‘rgana boshladilar. Afrikada о‘sadigan kola yong‘og‘i, strofant, kalabar dukkagi hamda Avstraliyada о‘sadigan evkalipt daraxti Ovrupo farmakopeyasidan о‘rin oldi. Shunday qilib, XVII-XX asrlarda G‘arbiy Yevropa davlatlari dorixonlarida mahalliy dorivor о‘simliklar bilan bir qatorda Hindiston, Afrika, Amerika, Avstraliya va boshqa joylardan keltirilgan mahsulotlar ham bо‘lar edi. G‘arbiy Yevropa ilmiy tibbiyoti XVII asrdan boshlab о‘zining turli xil dori mahsulotlari bilan Rossiyaga ta’sir kо‘rsata boshladi. Slavyan xalqlari ham qadimdan bemorlarni davolashda dorivor о‘simliklarni kо‘p ishlatganlar. Rossiyada dorivor о‘simliklar bilan shug‘ullanadigan kishilarni «travniklar» deb atashgan. IX asrdan boshlab xorijiy mamlakatlarda, xususan Vizantiyada dorivor о‘simliklar hakida turli xil ma’lumotlar tarqala boshlaydi. Ba’zi shaharlarda dorivor о‘simliklar sotiladigan dо‘konchalar ochiladi, dо‘kondorlar dori sotish bilan birga, dorivor о‘simliklarni yig‘ish va ulardan dori tayyorlash bilan mashg‘ul bо‘ladilar. О‘sha vaqtdagi dorivor о‘simliklar ichida hozirda keng qо‘llaniladigan xren, na’matak va boshqalarni uchratish mumkin. Rossiya bilan G‘arbiy Yevropa davlatlari о‘rtasida aloqa о‘rnatilgandan sо‘ng XVI asrda Moskvada birinchi dorixona ochiladi. Dorixonadagi dorilarning deyarli hammasi G‘arbiy Yevropadan keltirilgan bо‘lib, u yerda chet eldan kelgan kishilar xizmat qilardi. 1620 yilda Rossiyada dorixona va vrachlar ishini boshqaradigan idora — Aptekarskiy prikaz tashkil etildi, keyinchalik u kengayib ma’muriy davlat organiga aylandi. Unga armiyani dorivor mahsulotlar bilan ta’minlash vazifasi topshirildi. Shy davrda Moskvada ruslardan vrach va dorixona xodimlari tayyorlaydigan meditsina maktabi ochildi. 1654 yilda birinchi marta unga 30 о‘quvchi qabul qilindi. XVII asrning oxirlariga kelib rus tilida yozilgan kitoblar ham nashr qilina boshlandi. Moskvadagi dorixona boshlig‘i D.Gurchinning «Domashnyaya apteka», «Farmakopeya ili apteka» kitoblari shular jumlasidandir. Moskva va uning atrofida dorivor о‘simliklar о‘stiriladigan maxsus dorixona maydonlari tashkil etiladi. Dorivor о‘simliklarni ekish va yig‘ish ishlariga Petr I juda katta ahamiyat beradi. 1701 yilda Moskvada 8 ta dorixona ochish haqida buyruq chiqadi. Ana shu dorixonalarni dorilar bilan ta’minlash uchun Rossiyaning turli tumanlaridan dori mahsulotlari keltirila boshlandi. 1702 yilda Petr I Sibirdan dorivor о‘simliklar keltirish haqida buyruq chiqaradi. Keyinchalik Qozon, Novgorod, Lubni va boshqa shaharlarda ham dorixonalar ochiladi. Lubni dorixonasi asosan harbiy qismlarni dori bilan ta’minlagan. Petr I buyrug‘i bilan g‘arbiy gospitallar qoshida ham dorixona maydonlari barpo qilindi. Astraxan, Lubni va Peterburg shaharlarida dorivor о‘simliklarning katta plantatsiyalari tashkil etildi. Plantatsiyalar qoshida Galen laboratoriyasi va mahsulot saqlaydigan ombor bо‘lgan. Keyinchalik dorivor о‘simliklar о‘stiriladigan issiqxonalar qurildi. Petr I yovvoyi holda о‘sadigan dorivor о‘simliklarni yig‘ish masalasiga ham jiddiy e’tibor beradi. U dehqonlarga dorivor о‘simliklarni majburiy ravishda yig‘diradi. Petr I 1724 yilda Fanlar akademiyasini ochish tо‘g‘risida buyruq chiqaradi. Shu davrda Rossiya florasini ilmiy asosda о‘rganish maqsadida Fanlar akademiyasi tomonidan bir qancha ekspeditsiyalar uyushtiriladi. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida davlatlar о‘rtasida savdo-sotiq ishlari keng yо‘lga qо‘yilganligi tufayli butun qit’alardan Ovrupo bozoriga dorivor о‘simliklar keltirila boshlandi. Ular kо‘pincha qirqilgan holda bо‘lib, bu mahsulotlarning tozaligini, tarkibida aralashma bor-yо‘qligini aniqlash kerak bо‘lardi. Shu sababli farmakognoziya boshqa farmatsiya fanlaridan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi va bu ishlar bilan shug‘ullana boshladi. Oradan kо‘p о‘tmay turli tillarda farmakognoziyadan qо‘llanmalar bosilib chiqdi. 1858 yilda farmatsiya professori Y.K.Tpapp birinchi marta farmakognoziyadan rus tilida darslik yozadi. Dorivor о‘simlik mahsulotlarining anatomik tuzilishini rus olimlari mikroskop yordamida о‘rgana boshladilar. Moskva universitetining farmatsiya professori A. V. Tixomirov 1900 yilda bosilib chiqqan kitobida kо‘pgina dorivor о‘simlik mahsulotlarining anatomik tuzilishini birinchi bо‘lib tasvirlab berdi. Keyinchalik farmakognoziya sohasida V.O.Podvisotskiy, A.D.Chirikov, N.F.Metin, D.L.Davidov va boshqalarning ham darsliklari bosilib chiqdi. Yuryev (hozirgi Tartu) dorilfununining farmatsiya professori G.Dragendorf dorivor mahsulotlarning kimyoviy analizi bо‘yicha kо‘p ishlar qiladi. U о‘simliklar tarkibidagi har xil dorivor moddalarni aniqlash usullarini ishlab chiqish bilan bir qatorda dunyoda ishlatiladigan 12000 xil dorivor о‘simlik haqida ma’lumot beradi. 1899 yilda professor Varlix Rossiyada о‘sadigan dorivor о‘simliklar atlasini va shu davrda rus olimi N. I. Annenkov botanika lug‘atini tuzadi. Bu kitoblar hozir ham о‘z qimmatini yо‘qotmagan. Shveysariyalik farmatsiya professori Chirx G‘arbiy Yevropada о‘sadigan о‘simliklar ustida uzoq vaqt ish olib boradi. Uning shu sohada yozgan uch jildlik kitobi olamga mashhur. Birinchi jahon urushi boshlangandan sо‘ng chet mamlakatlardan Rossiyaga dori mahsulotlari olib kelish imkoni bо‘lmay qoldi. Shundan keyin Rossiya florasini, ayniqsa dorivor о‘simliklarni о‘rganish va ularni kо‘p miqdorda yig‘ish ishlari boshlanib ketdi. Ba’zi dorivor о‘simliklar (kо‘knori, angishvonagul, kanakunjut) plantatsiyalari tashkil etildi. Belladonna о‘simligi о‘sadigan joylar aniqlandi. Rossiya dorivor mahsulotlarga muhtoj bо‘lsada, lekin ularni yig‘ish ishlari faqat Rossiyaning Yevropa qismidagina uyushtirilgan bо‘lib, floraga boy Kavkaz, Sibir, О‘rta Osiyo va boshqa yerlar e’tibordan chetda qoldirilgan edi. Xalq komissarlari Soveti 1921 yilda dorivor о‘simliklarni yig‘ish va ekish tо‘g‘risidagi maxsus Dekret chiqaradi. Bu Dekret farmatsevtika sanoatining rivojlanishida, dorixonalarni dori mahsulotlari bilan ta’minlash hamda dorivor о‘simliklarni yig‘ishda katta ahamiyatga ega bо‘ladi. Dori mahsulotlarini yig‘ish ishi bilan faqat davlat mahkamalari shug‘ullana boshlaydi va bu ish ma’lum reja asosida olib boriladi. Dekret asosida yangi ilmiy-tekshirish muassasalarini ochish, dorivor mahsulotlar sifatini aniqlab beruvchi qо‘llanma va standartlar tuzish hamda mutaxassislar tayyorlash uchun darsliklar yaratish zarur edi. Shu maqsadda 1931 yilda Butunittifoq dorivor va xushbо‘y о‘simliklar ilmiy-tekshirish instituti (VILAR) ochiladi. Bundan tashqari, Butunittifoq о‘simlikshunoslik instituti (VIR) ochiladi. Bu institutning asosiy vazifasi chet eldan keltirilgan dorivor va boshqa foydali о‘simliklarni ekish usullarini hamda ularning agrotexnika qoidalarini о‘rganishdan iborat edi. Dorivor о‘simliklarni ekish va agrotexnika usullarini о‘rganish bilan ularga bо‘lgan ehtiyojni qondirish qiyin bо‘lib, shu sababli dorivor о‘simliklarni qidirib topish maqsadida tashkil etilgan ekspeditsiyalar Kavkaz, О‘rta Osiyo, Sibir, Uzoq Sharq va boshqa tumanlar florasini о‘rgana boshladi. Bunday ekspeditsiyalar Butunittifoq dorivor о‘simliklar instituti (VILR), Sobiq Ittifoq va respublikalar Fanlar Akademiyasiga qarashli botanika institutlari, botanika bog‘lari, farmatsevtika institutlari va boshqa oliy о‘quv yurtlari hamda ilmiy-tekshirish institutlarining ayrim laboratoriyalari tomonidan uyushtirilib kelindi. Ayniqsa, bu sohada VILR va Sobiq Ittifok Fanlar Akademiyasining botanika bog‘lari tomonidan (L.A.Utkin, P.S.Massagetov va boshqalar rahbarligida) о‘tkazilgan ekspeditsiyalar diqqatga sazovordir. Ekspeditsiyalar natijasida yangi, ayniqsa chet eldan keltirilgan dorivor о‘simliklar о‘rnini bosadigan juda kо‘p dorivor о‘simliklar topildi. Shy bilan birga qator dorivor о‘simliklarning kо‘p о‘sadigan joylari, ularning zahiralari aniqlandi va maxsus xaritalarga belgilandi. Kamayib ketayotgan muhim dorivor о‘simliklarni ma’lum miqdorda tayyorlash va ularni saqlab qolish tadbirlari ishlab chiqildi. Dorivor о‘simliklarni qidirib topish va о‘rganish ishi hozir ham keng kо‘lamda olib borilmoqda. Yangi dorivor о‘simliklarni topishda xalq tabobatida ishlatiladigan dorivor mahsulotlarni о‘rganish, о‘simliklarni filogenetik qardoshligidan foydalanish bilan bir qatorda ma’lum tuman florasini yalpi kimyoviy analiz qilish katta ahamiyatga ega. Sobiq Ittifoq florasidagi tarkibida alkaloidlar bо‘lgan о‘simliklarni tekshirish ishi akademik A.P.Orexov rahbarligida boshlangan. A.P.Orexov rahbarligida G.P.Menshikov, R.A.Konovalova, N.F.Proskurnina, M.S.Rabinovich, V.V.Kisilyov va S.S.Norkina kabi yirik olimlar yetishib chiqdi. Ular alkaloidlarni о‘rganish ishiga katta hissa qо‘shdilar. Shunday qilib, 8 yil ichida (1930—1937 yillar) laboratoriya xizmatchilari A.P.Orexov rahbarligida 80 ta alkaloidli yangi о‘simliklarni topdilar hamda ulardan 40 ta yangi alkaloid ajratib oldilar. Bu vaqtda butun dunyoda hammasi bо‘lib 113 ta, jumladan, Hindistonda 20, Yaponiyada 18, Angliyada 12, Xitoyda 10 ta yangi alkaloid topilgan edi. Shunday qilib, sobiq Ittifoq alkaloidli о‘simliklarni о‘rganish bо‘yicha dunyoda birinchi о‘ringa chiqib oldi. О‘zbekistonda esa bu ishlar akademiklardan O.S.Sodiqov va S.Y.Yunusovlar hamda ularning shogirdlari tomonidan keng kо‘lamda davom ettirilmokda. Bu haqda keyingi mavzuda tо‘xtalamiz. Download 1.16 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling