1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja


Download 192.46 Kb.
bet27/49
Sana02.01.2022
Hajmi192.46 Kb.
#195342
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   49
Bog'liq
SMT

9-ma'ruza


1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari.

 

9-mashg‘ulot

 

Antik davri madaniyati va san’ati.

 

1-§. Xorazm madaniyati



2-§. Kushonlar davrida madaniyat va san’atning yuksalishi.

3-§. Буюк Ипак йўлининг Ўрта Осиё халқлари маданияти ва санъати тараққиётидаги ўрни.



1-§. Xorazm madaniyati

Xorazm vohasini o‘rab olgan dashtlarda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvador qabilalari istiqomat qilgan. Ular Sharqiy Kaspiybo‘yi va Orolbo‘yi oralig‘idagi Quyi Amudaryoning Kaspiy dengiziga qo‘yilgan Uzboy o‘zani sohillarida va Quyi Sirdaryoning eski o‘zanlari (Inkardaryo, Quvandaryo) atroflarida joylashgan.

Xorazm vohasi antik davri tarixini o‘rganishda Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari ulkan hissa qo‘shganlar (S.P.Tolstov, A.V.Andrianov, M.G.Vorobeva, Y.A.Rapoport, B.I.Vaynberg). Ularning izlanishlari va kashfiyotlari tufayli, Xorazm sivilizatsiyasi, qadimiy shaharlari, moddiy va ma’naviy madaniyat obidalari butun jahonga mashhur bo‘ldi. XX asrning 90-yillari va XXI asr boshlarida o‘zbekistonlik qadimshunoslarning Xorazmdagi yangi arxeologik tadqiqotlarini qayd etib o‘tish lozim (M.Mambetullayev. V.N.Yagodin, G‘.Xodjaniyazov, Q.Sobirov, S.Baratov, A.Abdirimov). 

Ushbu mavzuning tarixiy jihatlarini o‘rganish jarayonida quyidagilarga alohida e’tibor berishlari lozim:

–     Xorazm mil. avv. V- IV asr chegarasi yoki mil. avv.  IV asr boshlarida Ahamoniylar davlati tarkibidan chiqib, mustaqil davlat sifatida rivoj topdi;

–     Xorazm Salavkiylar va Yunon-Baqtriya davlatlari hamda Kushon podsholigi tarkibiga kirmadi;

–     Xorazm Qang‘ davlatining tarkibiy qismi va uning markazi bo‘lmagan;

–     Xorazm tarixida Qang‘, Kanguy madaniyati, davri hukm surgan degan qarashlar eskirib, ilmiy adabiyotlarda rad etildi.

Antik davrda Xorazm O‘rta Osiyoda shaharsozlik va me’morchilik keng rivojlangan muhim markazga aylandi. Ahamoniylar (Fors) podsholigi tarkibidan chiqib, davlat mustaqilligiga erishgan qadimiy Xorazmda dehqonchilik voha-tumanlarining tashqi sarhadlari harbiy istehkomlar bilan mustahkamlandi. Davlat chegaralarida hamda savdo karvonlari o‘tadigan maskanlarda qal’alar qurildi. Ular qudratli mudofaa inshootlari bo‘lib, alohida burjlar va devorlar ichidagi o‘qchilar uchun mo‘ljallangan ikki qavatli maxsus yo‘laklardan iborat bo‘lgan.

Bunday qal’alar Quyi Amudaryoning o‘ng sohil yerlarida (Bo‘rliqal’a, Ayozqal’a I, Qo‘rg‘oshinqal’a) va so‘l sohil tashqi sarhadlarida (Oqchagelin, Govurqal’a, Qangaqirqal’a) taxminan baravar masofada joylashgan.

Mil. avv. IV - III asrlarda Xorazm davlati hukmdorlari tomonidan mudofaa inshootlarining barpo etilishi sabablari tashqi bosqinlardan himoyalanish zaruriyati bilan bog‘langan. Xorazm vohasining g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy chegaralarida ko‘p sonli chorvador qabilalar Orol dengizi va Kaspiy dengizi oralig‘idagi dashtlarda istiqomat qilganlar. Shuningdek, Sharqiy Orolbo‘yidagi Quyi Sirdaryo havzasida joylashgan chorvadorlar iqtisodiy yutuqlarga erishib, qudratli harbiy kuchga aylanganlar.

Xorazmning yirik shaharlari qatoriga milodiy II - III asrlarda qurilgan Tuproqqal’a (maydoni 17 ga), mil. avv. IV  - III asrlarda bunyod etilgan Bozorqal’a (32 ga) va maydoni 42 gektardan iborat Qazaqliyotgan (Oqshaxonqal’a) ko‘hna shahri kiradi. Tuproqqal’a Xorazm hukmdorlarining sulolaviy markazi hisoblanadi.

Ko‘hna shahar to‘g‘ri burchakli bo‘lib, xom g‘ishtdan tiklangan va qalin mudofaa devor bilan o‘ralgan. Devorlarda shinaklar hamda burjlar mavjud. Tuproqqal’aning markaziy ko‘chasi shaharni ikkiga bo‘lib, uning shimoliy qismidan janubga - shahar darvozasiga yo‘nalgan. Kichik ko‘chalar guzarlarning turar joylarini bir-biridan ajratgan.

Tuproqal’a shahrining asosiy inshooti ulkan ichki qal’asi bo‘lib, u Xorazm hukmdorlarining qarorgohi edi. Saroyda  turli maqsadlarda foydalanilgan yuzdan ziyod xonalar va haykallar bilan bezatilgan “shohlar koshonasi” ham ochilgan. Saroyning bir qismi ikki qavat edi.

Qadimshunoslarning yozishicha, shaharda taxminan 2,5 ming katta yoshli kishilar yashagan. Ularning asosiy qismi Xorazm hukmdorlari qarorgohini muhofaza qilish va shohlarga xizmat ko‘rsatish bilan band bo‘lgan. Ko‘p jihatlarga ko‘ra, Tuproqqal’a Qadimgi Sharq tarixida ma’lum “man qilingan” shaharga o‘xshab ketadi, chunki “shohlar shahriga” yaqinlashib kirishga ko‘pchilikning imkoniyati bo‘lmagan.

Beruniyning ma’lumot berishicha, shoh Afrig‘ Kat shahri yonidagi al-Fir joyida yangi qarorgoh barpo etadi. Milodiy IV asr boshlarida Tuproqqal’a saroyi huvillab qoladi.

Xorazm sivilizatsiyasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega badiiy madaniyat obidalari bilan ajralib turadi. Mil. avv. V-IV asrlar chegarasiga oid Elxaras ibodatxonasi devorlarida o‘simlik va geometrik tasvirli naqshlar aniqlangan. Shuningdek, yodgorlikda loydan ishlangan haykallarning parchalari topilgan.

Oqshaxonqal’a ibodatxonasining yo‘lak devorlari rang-barang suratlar bilan bezatilgan, jumladan, alohida kishilarning portretlari diqqatga sazovordir. Ularning ayrimlarini boshida toj tasviri tushirilgan. Shu bois, mazkur portretlar “Xorazm noma’lum hukmdorlarning suratlari” deb atalgan.

Tuproqqal’a saroyida “Shohlar zali”, “Jangchilar zali”, “G‘alabalar zali”, “Bug‘ular zali” deb nomlangan alohida yirik xonalarida loy haykallar va devorlardagi kishilar, hayvonlar va qushlarning rangli suratlari o‘rganilgan. Tasviriy san’at namunalarida diniy va dunyoviy manzaralar ifodalanib, ular jonli, yuksak badiy madaniyat uslubida bajarilgan.

Tasviriy san’at obidalari ichida ko‘p miqdorda uchraydigan antik davrga oid terrakota - sopol haykalchalar, odam yuzi tasvirini aks etgan sopol niqoblar va sopol idishlar sirtidagi turli bo‘rtma tasvirlar e’tiborga molik. Shuningdek, faqat Xorazm madaniyatiga oid tik turgan ayol haykali sifatida ishlangan katta sopol idish-ossuariy, sopol qutilarga o‘xshash ossuariylarning qopqog‘ida o‘tirgan holatda tasvirlangan ayol va erkaklarning haykallari hamda otni yoki tuyani minib o‘tirgan chavandoz haykali shaklidagi yasalgan ossuariylar betakror badiiy madaniyat namunalari hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi va hunarmanchilik, sug‘orish tizimi hamda me’morchilikning keng miqyosda rivojlanishi amaliy bilimlar, yangi texnologiyalarni hayotga tadbiq qilishni talab etardi. Shu bois, Xorazmda astronomiya, geometriya, matematika kabi aniq fanlar asoslari taraqqiy topgan. Ikki qavatli baland Qo‘yqirilgan qal’a ibodatxonasidan koinot jismlarning harakatlari kuzatilgan. Bu muhim astronomiya vazifalariga oid kuzatuv natijalari ziroatchilar uchun katta ahamiyat kasb etgan. Ma’lumki, dehqonchilik ishlari, ekin ekish, ko‘chat o‘tkazish va hosil yig‘ish mavsumlar yil fasllari almashuvi bilan uzviy bog‘langan. Xorazmlik kohin-astronomlari, misr kohinlari Nil toshqini vaqtini bilishgani singari, Amudaryo suv sathining ko‘tarilishi vaqtini belgilab berishgan.

Samoviy hodisalarni tabiat hodisalari bilan bog‘lash va qiyoslash natijasida O‘rta Osiyoda dastlab zardushtiylik taqvimi vujudga kelgan. Uning asosida Sug‘d va Xorazm taqvimi tuzilgan. Taqvim yili 365 kun va 12 ta oydan iborat bo‘lgan.

Mil. avv. V-IV asrlarda oromiy alifbosi harflari tizimiga asoslangan Xorazm yozuv madaniyati shakllanadi. Qadimgi xorazm yozuvi antik davrida keng yoyiladi. Bu yozuv 20 ta harfdan iborat bo‘lib, sopol sirtiga, charmga va yog‘och taxtachalariga bitilgan. Xorazm yozuvi orqali muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni, moddiy va ma’naviy madaniyatga oid tarixiy muammolarni o‘rganish mumkin.

Hujjatlarda davlat xazinasiga soliq majburiyati sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini topshirgan aholi vakillarning ro‘yxati, ibodatxonalar xo‘jaligidan chorva, un, hunarmandchilik buyumlari alohida shaxslarga berilganligi haqidagi ma’lumotlar, xonadonlar ro‘yxati va shaxslar ismlari, qayd etilgan hamda “Avesto”dan ma’lum xudolar nomlari, Amudaryoning homiysi, ilohi “Vaxshu” va boshqa ma’lumotlar keltirilgan. Xorazmda saroy va ibodatxonalar qoshida boshlang‘ich maktablar mavjud bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Bu maktablarda bolalarni yozish va hisobga o‘rgatishgan. Ikkinchi bosqichda o‘spirinlardan xo‘jalik va ma’muriy ish yurituvchi xattotlar tayyorlanganligi ehtimoldan holi emas.

Antik davri Xorazm vohasida zardushtiylik ta’limoti keng yoyiladi. Turli ma’lumotlar shundan dalolat beradi. Bular ichida zardushtiylarning dafn marosimlari bilan bog‘liq ossuariylar - suyakdonlar alohida ahamiyatga ega. O‘rta Osiyoda eng qadimgi ossuariylar xususan Xorazmda topilgan. Xorazmliklar yer, suv, havo va olovga sajda qilib, mazkur muqaddas unsunlarni qadrlaganlar. Vohada hosildorlik va otashparastlik marosimlariga oid yirik ibodatxonalar va otashgohlar topilgan. Ular shaharlar va alohida voha-tumanlar hududlarida joylashib, diniy marosimlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lganlar.

Xorazm ko‘hna shaharlarida ko‘pdan-ko‘p sopol haykalchalar topilgan. Ular ichida ayol haykalchalari diqqatga molik. Mazkur haykalchalar buyuk “Ona iloha”  yoki suv, hosildorlik, ma’budasi Ardvisura - Anaxita (xorazm tilida - Naxitak) ramzini o‘zida aks etadi. Xorazm sopol idishlarning sirtidagi mifologik-asotirli mavzular bilan bog‘liq bo‘rtma rasmlar o‘rganilgan. Ular qadimiy e’tiqodlar mazmun-mohiyatini ochib beradi. Shuningdek, Kushon davlati orqali Hindistondan Xorazmga olib kelingan Budda hamda fil, maymun sopol haykalchalari va xalsedondan ishlangan marjonlar topilgan.  

 


Download 192.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling