1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja


Badiiy madaniyat, yozuv, tasviriy san’at va din. Shimoliy Baqtriya


Download 192.46 Kb.
bet30/49
Sana02.01.2022
Hajmi192.46 Kb.
#195342
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   49
Bog'liq
SMT

Badiiy madaniyat, yozuv, tasviriy san’at va din. Shimoliy Baqtriya. Jamiyatning madaniy taraqqiyotida, e’tiqodlarda, madaniy aloqalar rivojida badiiy madaniyat, xususan, san’atning ahamiyati nihoyatda kattadir. O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlari minglab yillar davomida yuksak darajadagi amaliy va badiiy san’at namunalarini yaratib, badiiy madaniyatni bosqichma-bosqich rivojlantirib borganlar. Bu jarayon antik davrda ham davom etdi.

Avvalambor Shimoliy Baqtriya haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, antik davrda bu hududlarning badiiy madaniyati boy va rang-barang edi. O‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Shimoliy Baqtriyadan antik davrga oid ko‘plab badiiy madaniyat namunalari topib o‘rganilgan. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bu davrda aholining ma’naviy hayotida haykaltaroshlik, mahobatli inshootlar, musiqa, teatrlashtirilgan manzaralar, tasviriy san’at katta ahamiyat kasb etgan.   Bu hududlardagi Ayritom, Xolchayon, Dalvarzin, Fayoztepa, Kampirtepa, Termiz, Qoratepa, Oqqo‘rg‘on, Barottepa kabi yodgorlikdan ko‘plab topilgan badiiy san’at topilmalari yuqorida qayd etilgan mulohazalarning amaliy tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi.

Dastavval musiqa san’ati haqida gapiradigan bo‘lsak, musiqachilar siymolari Ayritom, Dalvarzin, Xolchayon kabilardan topilgan. Misol uchun Ayritom naqshli hoshiya (friz)larida arfa, gitara ko‘rinishidagi ud, qo‘sh baraban, naysimon musiqa asbobi (fleyta) tasvirlari bilan birga musiqachi ayollar haykalchalarini ham uchratish mumkin.Tadqiqotchilarning fikricha, Ayritom hoshiyasida go‘zal musiqachi ayollar tasvirlangan bo‘lsa, haykalchalar musiqa bilan odamlar qalbini hayajonga soluvchi timsoldir. Xolchayon saroyi hoshiyasidagi musiqachi ayollar tasviri esa Baqtriya zodagonlarining bazmini ifoda etadi.

Tasvirlarda asosan ayol musiqachilar bo‘lib, ular ko‘p hollarda ud chalib turgan holatda ifodalangan. Antik davr musiqa san’atida ud keng tarqalgan bo‘lib, Sharq musiqashunos tadqiqotchilarining fikricha, ushbu musiqa asbobi dastavval O‘rta Osiyoda paydo bo‘lib, keyinchalik boshqa hududlarga tarqalgan.

Antik davrda Baqtriyada koroplastika san’ati paydo bo‘ladi. Tadqiqotlar natijasida Baqtriya ustalarining mahalliy e’tiqodlar bilan bog‘liq ko‘plab haykalchalari topilgan. Shimoliy Baqtriyadagi antik davr deyarli barcha yodgorliklaridan topilgan haykalchalar asosan xudolar, ayollar va qisman hayvonlar tasvirlarini ifodalaydi.

Yuechji-Kushon va Buyuk kushonlar davriga kelib Shimoliy Baqtriya badiiy madaniyatining turli jabhalarida yuksalish jarayonlari kuzatiladi. Bu yuksalish arxeologik tadqiqotlar natijasida yuzaga chiqqan devoriy manzaralar, saroylar va ibodatxonalarni bezab turgan haykallar, ayrim boy xonadonlardagi tasvirlar orqali o‘z isbotini topadi. Manzaralar asosan mineral bo‘yoqlarga o‘simlik moyini aralashtirish orqali qalin suvoq ustiga tushirilgan.

Manzaralar va tasvirlar mavzulari xilma-xil. Masalan, Xolchayon saroyidagi devorlarda naqshli manzaralardan tashqari (uzum mevasi va barglari, gullar) ellin ko‘rinishidagi ikkita erkak boshi hamda sochlari o‘ziga xos tarzda qirtishlangan mongoloid irqiga o‘xshab ketuvchi bolaning bosh qismi tasvirlangan. Dalvarzindagi Baqtriya ilohasi saroyida esa qo‘llarida bola ko‘tarib ilohaga talpinayotgan ayol va erkak kohinlar, yonida erkak kishi turgan ot, ularga qarab turgan ayollar tasvirlari ifodalangan.

Dalvarzintepadan ko‘plab ayol haykalchalarining boshlari topilgan. Bunday haykalchalar Eski Termiz, Oqqo‘rg‘on, Zartepa va Xolchayonda ham ko‘plab uchraydi. Ularning yuz ko‘rinishlarini qiyosiy tahlil etgan G.A.Pugachenkova ulardagi ikkita - “baqtriya” hamda “sak-yuechji” etnik guruhlarini ajratadi. Bunday haykalchalar orasida erkaklar va bolalarga nisbatan ayollar tasvirlari ko‘pchilikni tashkil etadi.

Rassomlik san’ati buddaviylik inshootlarining asosiy bezagiy tarkibi hisoblangan. Bu o‘rinda Dalvarzindagi Budda o‘ziga xos bo‘lsa, Qoratepadagi g‘orlardan birida o‘tirgan holatdagi Buddaning yirik tasviri aniqlangan. Fayoztepa ibodatxonadagi tasvirlar ham mahalliy aholining diniy e’tiqodlarini ifodalaydi.

Antik davr Shimoliy Baqtriyaning klassik san’atida haykaltaroshlik yuqori o‘rinda turadi. Ilk kushonlar davridan boshlab deyarli barcha yodgorliklarda haykaltaroshlik namunalarini uchratish mumkin. Haykaltaroshlikning asosiy xom ashyosi qayishqoq (plastichnaya) loy hisoblanib, tayyorlash texnikasi yaxshi ishlab chiqilgan. Haykallar asosan qo‘lda  tayyorlangan bo‘lsa-da, ayrim hollarda quyma qoliplardan ham foydalanilgan.

Bu davrdagi haykaltaroshlik manzaralari yoki alohida haykallar mavzusi xilma-xil bo‘lib, tadqiqotchilar tomonidan quyidagi guruhlarga ajratiladi: hukmdor xonadonini ulug‘lovchi sulolaviy mavzu; budda dini va mahalliy e’tiqodlarni targ‘ib etuvchi diniy-mifologik mavzu; urf-odatlar va bayramlar bilan bog‘lanadigan teatrlashtirilgan yoki topinish harakatlari mavzusi.

Xolchayon saroyining haykallari ayvon va bosh zalni bezab turgan bo‘lib, ularda tasvirlangan siymolar asosan Kushon xonadoni vakillarini ifodalaydi. Ammo, haykallar orasida qalin soqolli baqtriyalik va parfiyalik zodagonlar siymolari ham uchraydi. Xolchayon haykaltaroshlik san’ati antik davr aslzodalarining yoshi, e’tiqodi, kiyim-kechaklari, bezaklari haqidagi tasavvurlarimiz kengayshida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shimoliy Baqtriyadagi antik davr yodgorliklari - Dalvarzin, Xolchayon, Ayritom, Fayoztepa, Qoratepa. Kampirtepa, Oqqo‘rg‘on kabi ko‘plab yodgorliklaridan turli-tuman mavzularda, turli kattalikdagi haykallar namunalari topilgan. Ular ilmiy jihatdan tadqiq etilib, natijalari fanga joriy etilgan. Ushbu natijalardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, antik davr shahar madaniyati, hunarmandchilik va savdo-sotiqning taraqqiy etishi badiiy madaniyat, jumladan, haykaltaroshlikning rivojiga ham katta ta’sir o‘tkazdi. Turli e’tiqodlar hamda madaniyatlarning aralashuvi hamda uyg‘unlashuvi tufayli haykaltaroshlikda mahalliy ustalarning o‘z san’atini antik dunyoda namoyish etgan maktabi shakllandi.

Bu o‘rinda dunyoga mashhur bo‘lgan Dalvarzin xazinasi haqida to‘xtalishni lozim topdik. Turli madaniyatlar aralashuvi (sintezi)ni o‘zida aks ettiruvchi bu tilla buyumlar xazinasi 1972 yilda Dalvarzintepadagi baqtriyalik zodagon xonadoni qazishmalaridan topilgan.  Milodiy I asrga oid ushbu tilla buyumlar xazinasida did bilan ishlangan uzuklar, bilaguzuklar, sirg‘alar, bo‘yin taqinchoqlari, tilla yombi (quymalar)lar bor. Ushbu zargarlik san’ati namunalari kushon davridagi uchta: ellin, hind va baqtriya madaniyatlari o‘zaro uyunlashuvini ifodalaydi.



Din. Antik davr Shimoliy Baqtriyaning diniy hayoti ancha murakkab edi. Ilgarigi davrlarda mahalliy aholi zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan bo‘lib, bu e’tiqodlar antik davrda ham saqlanib qoldi. Xususan, tadqiqotlarga ko‘ra, ulkan davlat hukmdorlarining diniy qarashlarini ifoda etuvchi kushon tangalarida hosildorlik xudosi Mitra, oy xudosi Max, shamol xudosi Vado, olov xudosi Atsho kabilar tasvirlangan. Shuningdek, Shimoliy Baqtriyadan topilgan mis tangalarda to‘kin-sochinlik va farovonlik ilohasi Ardoxsho hamda suv xudosi Vaxshu (uning nomi Vaxsh daryosi nomida saqlangan) siymolari tasvirlanganligi kuzatilgan.

Makedoniyalik Aleksandr yurishlaridan so‘ng Shimoliy Baqtriyada ellinistik olam xudolari ommalasha boshlaydi. Mil. avv.  III asrning o‘rtalaridan boshlab, ya’ni, Yunon-Baqtriya davlati davrida mahalliy diniy an’analarda Sharq ellinizmning kuchli ta’siri kuzatiladi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, yunon-baqtriya ibodatxonalarida yunon xudolari Germes va Geraklga bag‘ishlangan bitiklar, Zevs va Poseydonning haykallari topilgan. Yunon-Baqtriya hukmdorlari tangalarida Gemos, Nika, Gerakl kabi xudolarning, ilohiy egizaklarning tasvirlari uchraydi.

Ellin xudolarining ko‘pchiligi yuechjilar kirib kelgach va kushon davrlarida o‘zining ilgarigi ahamiyatini yo‘qotsa-da, tangalarda va haykaltaroshlikda ularning ayrimlari mahalliy xudolar bilan, masalan, Ellin Gelios mahalliy Mixr bilan, Nika Vaninda bilan, Gerakl Oxsho bilan qo‘shilib ketadi. E.Rtveladzening fikricha, sak-yuechji qabilalari bilan Baqtriyaga urug‘chilik e’tiqodlari kirib kelib mahalliy asoslarga ega bo‘lgan sulolaviy e’tiqodlar bilan aralashib ketadi. Bu holat shohona qiyofadagi otliq tasvirlangan Geray va Soter Megas tangalarida, shuningdek, otliq butchalar terrakota haykalchalarda o‘z aksini topadi.

Ko‘plab diniy e’tiqodlarga sig‘ingan xalqlarni birlashtirgan Kushon davlatining hukmdorlari Kanishka va Xuvishka tangalar zarb etganlarida ko‘p sonli diniy e’tiqodlarga nisbatan o‘zlarining diniy bag‘rikengliklarini ifoda etganlar. Ularning tangalarida ko‘plab zardushtiy va mahalliy xudolar (Atesh, Oxsho, Mixr, Max, Nana, Ardoxsho)ning tasvirlari hamda ayrim hind xudolarining siymolari tushirilgan.

Qayd etish lozimki, Kushon davlatining hududlarining Hind vohasigacha kengayishi natijasida davlat hududlariga Budda dini kirib keladi. Kushon podsholari Vima Kadfiz va Vasudeva I tangalarida faqat buddaviylarning jangari xudosi Shiva tasvirlari uchraydi. Shunga qaramasdan, buddaviylik Shimoliy Baqtriyada nafaqat oddiy aholi va zodagonlar, balki Kushon hukmdorlari orasida ham ko‘plab tarafdorlarini topdiki, bu hududlardagi ko‘p sonli buddaviylik ibodatxonalari va saroylari yuqoridagi fikrning dalili bo‘lib hisoblanadi.

Boshqa O‘rta Osiyo viloyatlarida bo‘lgani kabi antik davr Baqtriyada aholi orasida ham Buyuk ilohaga topinish keng ommalashgan. Bu ilohaning juda ko‘p sonli terrakota haykalchalarining Shimoliy Baqtriyadagi deyarli barcha yodgorliklardan topilishi shundan dalolat beradi. Buyuk ilohaning  qanday nomlanganligini aniq aytish qiyin. Ayrim olimlarning uni Avestodagi Anaxita bilan qiyoslashlari ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topmagan.



Yozuv. Antik davr Shimoliy Baqtriya yozuvlari turli-tuman bo‘lib, ular qisqa satrlarda sopol idishlarda, tangalarda va qadimgi inshootlar devorlarida bitilgan. Mil. avv.  I asrda Geray va keyinroq Kadfiz II tangalarida baqtriya-yunon yozuvi namunalarining ko‘p uchrashi bu yozuvning keng tarqalganligidan dalolat beradi. Shimoliy Baqtriyadagi Ayritom qazishmalari vaqtida baqtriya-yunon yozuvidagi bitiklar topilgan bo‘lib unda, Xuvishka davrida mahalliy diniy inshootdagi ta’mirlash ishlari haqida xabar beriladi. Bu hududlardagi Zartepa, Fayoztepa, Kampirtepa, Qoratepa kabi yodgorliklardagi sopol idishlardagi kursiv yozuvlar qisqa matnlarda ifodalanadi. Misol uchun Qoratepadagi idishlardan birida “Buddashir (Sovg‘asi), dxarma sig‘inuvchisi” yozuvi bitilgan. Bu ibodatxonaga sovg‘a keltirgan kishining nomi ham bo‘lishi mumkin. Qoratepada hind tilidagi kxaroshtiy va braxma yozuvlari ham uchraydi.

Shuningdek, Qoratepadan topilgan bir idishda nasihat - yozuv quyidagicha o‘qilgan: “Kimda kim odamlar o‘rtasidagi farqni ajratib, uni yo‘qotsa, u yo‘lning eng oldida bo‘ladi”.

Hind alifbosidagi kxaroshtiy yozuvi Dalvarzintepa xazinasidagi oltin yombilardan birida uchraydi. Unda yombining aniq og‘irligi va uni xazinadan bergan xazinaboning nomi (Mira - baqtriyacha nom) bitilgan. Bu yozuv milodiy I asr bilan sanalangan.

Shimoliy Baqtriyadagi yunon alifbosiga asoslangan baqtriya yozuvlari asosan Surxondaryo viloyati hududlaridan topilgan. Bu yozuvlarning bir qismi lo‘nda va qisqa uslubda, harflar yozilishi ajratilgan, aylana va burchaksimon belgilar shakllari qo‘shilib ketgan holatda bitilgan. yozuvlarning asosiy qismi bosma (kursiv) harflarda, aylana shakldagi harflarning ko‘pligi bilan ajratilib turadi.

Surxondaryo viloyatidagi Qoratepa, Kampirtepa, Mirzako‘ltepa, Fayoztepadan topilgan baqtriya yozuvlari miloddiy I asr oxiri - II asrning birinchi yarmiga oid bo‘lsa, Qoratepa graffitlari, Eski Termiz va Dalvarzindagi kursiv yozuvlar III - IV asrlarga oiddir. E.Rtveladze Shimoliy Baqtriyadagi baqtriya yozuvlarini quyidagi yettita guruhga ajratadi:

1. Qora bo‘yoq bilan bitilgan sopol idishlar parchalaridagi yozuvlar (Qoratepa, Fayoztepa, Eski Termiz, Zartepa).

2. Avval butun bo‘lib, keyin sinib qolgan idishlardagi yozuvlar (Eski Termiz, Kampirtepa).

3. Sopol idishlar pishirilgunga qadar tirnab bitilgan yozuvlar (Dalvarzintepa, Dushanbe, Mirzako‘ltepa, Tepai Shoh, yalangto‘shtepa).

4. Graffit yozuvlar (Qoratepa va Qorakamar).

5. Haykallarning tagkursisida (blokida) qisqa va lo‘nda uslubda bitilgan yozuvlar (Ayritom).

6. Papirusga bitilgan qo‘lyozma matnlar parchalari (Kampirtepa).

7. Kushon va kushon-sosoniy tangalaridagi rivoyatlar.

Bugungi kunga qadar Shimoliy Baqtriyadan topilgan yozuv namunalari baqtriya, yunon, hind (prakrit va sanskrit), o‘rta fors hama sak-yuechji guruhi tillarida bitilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra ularning tarqalishi ko‘lami va davri bir xil bo‘lmagan. Ularning ayrimlaridan faqat shaharlarda foydalanilgan bo‘lsa, ayrimlaridan shahar va qishloqlarda foydalanishgan. Bu hududlarda baqtriya tili mahalliy aholining tili hisoblangan bo‘lsa, qolganlari ma’lum tarixiy-madaniy sabablar - migratsiya, harbiy harakatlar, dinlarning tarqalishi va madaniy aloqalar tufayli kirib kelgan. Bu jihatdan ko‘chmanchi va o‘troq aholi o‘rtasidagi turli munosabatlar ham muhim ahamiyat kasb etgan.

 


Download 192.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling