1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja
Download 192.46 Kb.
|
SMT
1-mashg’ulot
1-§. Eftaliylar davri madaniyati va san’ati 2-§. Turk xoqonligi davrida madaniyat va san’at. 3-§. Haykaltaroshlik va amaliy bezak san’ati
VI asrning boshlariga kelib, eftaliylar o‘z qo‘llari ostida Toxariston, Badaxshon, So‘g‘d, Sharqiy Turkiston va O‘rta Osiyoning boshqa ba’zi yerlarini birlashtirdilar. Xitoy muallifi tili bilan aytganda “Kongyust (Xorazm, So‘g‘d, Shosh), Xo‘tan, Shale (Qashqar), Ansi (Parfiya) va o‘ttizga yaqin boshqa (katta)-kichik viloyatlar eftalitlar hukmdoriga qaram bo‘ldi”. Ko‘pchilik manbalar eftaliylarning dastavval ko‘chmanchi xalqlar bo‘lib, keyinchalik o‘troqlashganligi haqida ma’lumot beradi. Shuning uchun ham ayrim tadqiqotchilar ularni ko‘chmanchilar deb hisoblasa, ayrimlari ularni shahar va qishloqlarda yashaganligini ta’kidlaydilar. Eftaliylarning poytaxti Balx shahri edi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar eftaliylar davlati unchalik ham mustahkam emas edi va shuning uchun ham uzoq yashamadi deb e’tirof etadilar. Ta’kidlash joizki, eftaliylar o‘zlariga tobe bo‘lgan xalqlar hayotiga juda chuqur ta’sir etmasdan, o‘lpon va soliqlar undirish bilan cheklanganlar. Eftaliylarning O‘rta Osiyodagi hukumronligi asosan harbiy kuchlarga tayanar edi. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo xalqlari ularning turklar bilan bo‘lgan kurashda qo‘llab-quvvatlamaganlar. Eftaliylar davlati yarim asrga yaqin yashagan bo‘lsada O‘rta Osiyo xalqlari tarixida muhim rol o‘ynadi. Eftaliylar yuqorida eslatilgan ulkan hududda boshqaruvni qo‘lga kiritgach obod dehqonchilik vohalariga, rivojlangan shahar va qishloqlarga, savdo yo‘llariga ega bo‘ladilar. Vaqt o‘tishi bilan esa mahalliy aholi bilan aralashib ketadilar. Natijada bevosita mahalliy aholining vorisiga aylanadilar. Shu boisdan 568-569 yillarda Vizantiya imperatori Yustin II huzurida bo‘lgan turk elchisi imperatorning “eftaliylar shaharlarda yashaydilarmi yoki qishloqlardami?” degan savolga «ular shaharlik sulolalar, oliy hazratlari» deb javob bergan. Darhaqiqat, olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ilk o‘rta asrlar O‘rta Osiyoda shahar madaniyati taraqqiy etganligidan dalolat beradi. Jumladan, V asrda Panjikentda nisbatan qadimgiroq bo‘lgan qishloq o‘rniga yangi shahar barpo etiladi. Umumiy maydoni 18 gektar bo‘lgan bu shahar VI asrning boshlariga kelib mustahkam himoya tartibiga, ibodatxona, saroy va ijtimoiy jihatdan ajralib turadigan turar-joylarga ega edi. Sug‘d shaharlaridan yana biri Poykandda ham qizg‘in tadqiqot ishlari olib borilgan. yanada qadimgiroq davrda (antik) asos solingan ushbu ko‘hna shahar ilk o‘rta asrlar davriga kelib kengayib boradi va V-VI asrning boshlariga kelganda uch qismli yirik markazga aylanadi hamda umumiy maydoni 18 gektarga etadi. Poykand qazishmalarida ilk o‘rta asrlarga oid ko‘plab moddiy madaniyat buyumlari topilgan bo‘lib, ular haqiqatdan ham Poykand bu davrda arab manbalarida ta’riflanganidek, “Madina-at-tujjor”-“Savdogarlar shahri” bo‘lganligidan dalolat beradi. Ilk o‘rta asrlar davri ijtimoiy-iqtisodiy hayotda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik markazlardan (ehtimol, poytaxt shaharlardan) biri Buxoro edi. To‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi ushbu shaharning asosi 21 gektar bo‘lib, bu erda mustahkam himoya inshootlari, hukmdor saroyi, mafkuraviy inshootlar, turar-joy qoldiqlari ochib o‘rganilgan. Topilgan moddiy madaniyat buyumlari Buxoro ilk o‘rta asrlardan boshlab O‘rta Osiyoning yirik madaniy va iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lganligidan dalolat beradi. Shuningdek bu davrda shaharning yettita darvozasi bo‘lib, bu holat uning muhim savdo-tranzit yo‘li ustida joylashganligidan dalolat beradi. Bu davrda Termiz va uning atroflarida ham shaharsozlik madaniyatining jadallik bilan rivojlanganligini kuzatishimiz mumkin. Termiz atrofidagi Zartepa shahri ana shunday shaharlardan biridir. Antik davrda kichik manzilgoh paydo bo‘lgan Zartepa ilk o‘rta asrlarga kelib maydoni 17 gektar bo‘lgan yirik shaharga aylanadi. Bu davrda sug‘orish inshootlari takomillashib yangi-yangi yerlar o‘zlashtiriladi. O‘zlashtirilgan yerlarda, yirik sug‘orish inshootlari boshida, markaziy shaharlarning atroflarida, dehqonchilik vohalarining chegaralarida qo‘rg‘onlar, qasrlar va istehkomlar qad ko‘taradi. Istehkomlarning to‘rt burchagi baland mutahkamlanib, devoru-mo‘rilari bir necha qator kamondan o‘q o‘zgich nishon tuynuklari va istehkomlar bilan ta’minlangan. Qalin mudofali zodagonlar qo‘rg‘onlari ilk o‘rta asrlarning murakkab ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayot taqozosi bilan bunyod etilgan bo‘lib, asosan tashqi dushman hujumiga qarshi mudofa inshooti, harbiy garnizon to‘planadigan joy, ma’muriy markaz, hamda oziq-ovqat va qurol-yarog‘ saqlanadigan ombor vazifasini o‘tagan. Umuman, qal’a, qo‘rg‘on va istehkomlar ilk o‘rta asrlar davrining o‘ziga xos me’morchilik namunalaridan bo‘lib, Naxshab vohasidagi Zahoki Maron, Buxorodagi Shahri Vayron, Xorazmdagi Fir qal’asi shular jumlasidandir. Vohalarni tashqi dushmandan himoya qilish maqsadida bir necha chaqirimlab qalin devorlar barpo etilgan. Samarqand vohasidagi 12 ta darvozaga ega bo‘lgan Devori qiyomat, Buxoro vohasidagi 336 kilometrli Kampirak, Toshkent vohasidagi Kampirdevor istehkom devorlari shular jumlasiga kiradi. Bu davr me’morchiligida qasrlar qurilishi ayniqsa ahamiyatli bo‘lgan. Qasrlar odatda 2 qavatli, shipi tekis, gumbazsimon va ravoqsimon yopilgan bir necha xonalardan iborat bo‘lgan. V asrdan boshlab saroy, qasrlar qurilishida xom g‘isht bilan bir qatorda pishiq g‘ishtlar ham ishlatila boshlangan. Eftaliylar davrida hunarmandchilik ham rivojlangan. Ayniqsa, kulolchilik, shishasozlik, chilangarlik, bo‘zchilik, zargarlik, qurolsozlik kasb-hunarlari ravnaq topgan. Chochda yasalgan o‘q va yoy “kamoni chochiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Katta-kichik shaharlar soni ko‘paygan. Birgina Zarafshon vohasida Rivdad, Kushoniya, Xariman, Arqud, Romitan, Varaxsha, Poykand kabi savdo-hunarmandchilik shaharlari mavjud edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Poykand shahri eftaliylarning poytaxti bo‘lgan. Ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar O‘rta Osiyo madaniyatiga ham tasir etmasdan qolmadi. Bu davrdagi madaniy hayot dastavval antik davr madaniy an’analari asosida rivojlangan bo‘lsada, Kushon davlati xarobalarida bir nechta mustaqil davlatlar va mulklarning paydo bo‘lishi o‘ziga xos mahalliy madaniyatlarning paydo bo‘lishiga imkon yaratgan edi. Ilk o‘rta asrlar madaniyatining shakllanishiga shuningdek, qo‘shni davlatlar avvalo, Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Xitoy bilan hamda ko‘chmanchi chorvadorlar bilan bo‘lgan aloqalar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan edi. Bu davr memorchiligi O‘rta Osiyo xalqlari ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiradi. Shakllanayotgan mulkdorlar toifasi O‘rta Osiyoning turli hududlarida yirik qal’alar qurib, ular atrofini ximoya inshootlari bilan o‘rab oladilar. Bunday qalalar vohalarda ko‘pincha tabiiy tepaliklar ustiga bunyod etilgan. Ular Xorazm, Toxariston, Sug‘d, Ustrushona, Marv hududlaridan topib o‘rganilgan. Memorchilikda asosan tosh, paxsa, xom g‘isht va yog‘och qurilish materiali sifatida ishlatiladi. IV-VI asrlar O‘rta Osiyo xalqlarining diniy qarashlari zardo‘shtiylik, buddaviylik, xristianlik va moniylik diniy etiqodlari bilan bog‘liq edi. IV-V asrlarga oid zardo‘shtiylik an’analari bilan bog‘liq bo‘lgan otashkadalar Qashqadaryodagi Yerqo‘rg‘ondan, Panjikent atroflaridan, Buxoro vohasidan topib o‘rganilgan. Ularning barchasida zardo‘shtiylik bilan bog‘liq bo‘lgan ossuariy (ostadon)lar uchraydi. Bu davrda zardo‘shtiylik diniga O‘rta Osiyoning markaziy va shimoliy hududlarida sig‘inishgan bo‘lsa, mintaqaning janubiy hududlarida buddaviylik dini tarqalgan edi. Buddaviylik dinining ibodatxonalari Qoratepa, Fayoztepa (Termiz), Ushturmullo (Qobadiyon), Ajinatepa, G‘ishttepa, Qal’aikofirnihon (Toxariston), Marv kabilardan topib tadqiq etilgan. O‘rta Osiyodagi xristianlikning markazi Marv shahri edi. Beruniy malumotlariga ko‘ra, Iso payg‘ambar tug‘ilganidan 200 yil o‘tgach xristianlar Marvda paydo bo‘lgan edilar. 334 yildayoq Marvda episkoplik, keyinroq esa mitropoliya mavjud edi. Govurqaladan xristianlik ibodatxonasi qoldiqlari va xristianlar dafn etilgan qabriston ochib o‘rganilgan. Sug‘dning ayrim hududlarida (Samarqand va Panjikent) ham xristianlik tarqalganligi haqida malumotlar bor. III asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘rta Osiyoda moniylik dini tarqala boshlaydi. Moniylik diniga asosan Sharqiy Turkiston va qisman Chag‘oniyon hamda Sug‘d aholisi etiqod qilgan. V-VI asrlarda diniy e’tiqod va tasavvur bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tasviriy san’at-koroplastika-ma’budalarning sopol haykalchalarini yasash va ularga topinish keng yoyiladi. Sopol haykalchalar hududlarga ko‘ra turlicha bo‘lib, kiyim-kechaklari, yuz siymolari, taqinchoqlari jihatidan ham bir-biridan farqlangan. Ulkan hududdagi eftaliylar davlati juda ko‘p xalqlarni o‘zida birlashtirganligi sababli undagi diniy e’tiqodlar ham turlicha bo‘lgan. So‘g‘dda zardo‘shtiylik keng tarqalgan bo‘lsa, Tohariston va Sharqiy Turkistonda buddizmga e’tiqod qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etgan. Shaharlarda xristian va yahudiy jamoalari ham mavjud edi. Moniylik va Mazdak ta’limoti tarafdorlari ham paydo bo‘layotgan edi. Zardo‘shtiylar Anaxita, Mitra, Siyovush kabi mahalliy ma’budalarga ham sig‘inganlar. Navro‘z kuni Buxoro otashparstlarlari Siyovush qabri ustida xo‘roz so‘yib qurbonlik qilar edilar. Janubda buddizmning ta’siri ko‘proq bo‘lgan edi. Ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyo xalqlari sanati devoriy suratlar, haykaltaroshlik, turli taqinchoq buyumlari orqali izohlanadi. Devoriy suratlar Dilbarjin (Afg‘oniston), Varaxsha, Afrosiyob, Panjikentdan topib o‘rganilgan bo‘lsa, Kuyovqo‘rg‘on, Vaxsh vohasi, Afg‘onistondagi Chaqaloqtepa, Yerqo‘rg‘ondan turli hajmdagi haykallar,zargarlik buyumlari topib o‘rganilgan. Umuman olganda, boy bezaklar, sopol, metall idishlar, devoriy suratlar, hatto kiyimlardagi tasvirlar bu davrda O‘rta Osiyodagi tasviriy sanatning rivojidan dalolat beradi. Eftaliylar davrida chorvador aholi turkiycha so‘zlashganligi sababli, turkiy til tobora ko‘proq yoyila boshlaydi. Bu davrda o‘troq aholining katta qismi sug‘diy tilda so‘zlashar edilar. Sug‘d tili va yozuvi Yettisuv,Farg‘onadan o‘tib Sharqiy Turkistonga qadar etib boradi. Uning “Samarqand usuli”keng yoyilgan edi. Bundan tashqari xorazm, kxaroshtiy, buxoro yozuvlari ham mavjud bo‘lgan. Eftaliylar yozuvi baqtriya yozuvi asosida paydo bo‘lgan. Syuan Szyanning ma’lumot berishicha, u 25 ta harfdan iborat bo‘lib, xat chapdan o‘ngga qarab ko‘ndalangiga yozilgan. Bunday yozuv yodgorliklari Zangtepa, Qoratepa va Afrosiyob xarobalaridan topib o‘rganilgan.
Download 192.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling