1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja


-§. Turk xoqonligi davrida madaniyat va san’at


Download 192.46 Kb.
bet33/49
Sana02.01.2022
Hajmi192.46 Kb.
#195342
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   49
Bog'liq
SMT

2-§. Turk xoqonligi davrida madaniyat va san’at.

 

O‘z davrida Turkiy hoqonligidagi madaniy jarayonlar Buyuk ipak yo‘lidagi keng ko‘lamdagi, xalqaro aloqalar tufayli jamiyatdagi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy voqealar bilan o‘zaro bog‘liqlikda rivojlanib bordi. O‘troq dehqonchilik vohalari aholisi va dasht qabilalari o‘rtasidagi madaniy aloqalar ayniqsa kuchaydi. Bu davrdagi madaniy hayot moddiy madaniyat buyumlari, me’morchilik va san’at, din va yozuv qabilarda o‘z ifodasini topdi.



Ta’kidlash joizki, O‘rta Osiyoning turkiy hoqonligi tarkibiga kirgan davridagi moddiy madaniyati o‘zida mahalliy o‘troq xalqlar va ko‘chmanchi turklarning mushtarakligini aks ettiradi. Ularning umumiyligi qurol-aslaha, zeb-ziynat buyumlarining o‘xshashligida, qimmatbaho metallardan ishlangan buyumlar ko‘rinishida o‘z aksini topgan. Tadqiqotchilarning fikricha, moddiy madaniyatdagi umumiylik, avvalo, O‘rta Osiyo shahar va qishloqlari hamda turk hoqonlari manfaatlarining umumiyligi bilan bog‘liq edi.

Turk hoqonligi davrida O‘rta Osiyo xalqlari zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik, moniylik, shomonlik kabi dinlarga e’tiqod qilgan bo‘lsalarda, diniy qarashlarda zardushtiylik etakchi o‘rinda turgan. Zardushtiylarning ulug‘ xudosi Axuramazda (Ormo‘z, Xurmo‘z) "samo va yerning asoschisi" bo‘lib, uning sharafiga qurbonliklar keltirganlar. Bu din ayniqsa, Xorazm, Sug‘d va Choch viloyatlarida keng tarqalgan edi. Bu davrda Toxariston, Farg‘ona, YYettisuv va Sharqiy Turkiston shahar aholisi o‘rtasida buddaviylik dini keng tarqalgan edi. Balxdan, Termizdan, Kobadiyondan, Quvadan ilk o‘rta asrlarga oid budda ibodatxonalari qoldiqlari ochib o‘rganilgan. Shuningdek, sug‘diylarning Yettisuvdagi ayrim yerlarga borib o‘rnashishlari oqibatida zardushtiylik dini bilan Yettisuvga xos shomoniylik dinlarining bir-biri bilan qo‘shilishi yuz beradi.

Turkiylarning dini haqida “Bey-shi” va "Suy-shi” Xitoy yilnomalarida qayd etiladi. Ularda turkiylarning diniy odatlari haqida quyidagi ma’lumotlar bor: 1) Hoqon qarorgohiga Sharq tomondan kirilgan va bu bilan kun chiqish tarafga hurmat ma’nosi ifodalangan hamda ayni paytda quyoshga sig‘inishni ham bildirgan. 2) Xar yili hoqon o‘z amaldorlari bilan g‘orga borib, ota-bobolari ruhiga qurbonlik keltirgan. 3) Har yilda 5 marta hoqon oy chiqishida yaqinlarini yig‘ib, daryo bo‘yiga borgan va osmon ruhi (Tangri)ga qurbonlik keltirgan. Qabilalar uchun yagona asosiy xudo bo‘lib, unga doimiy ravishda qurbonlik keltirib turganlar. Ular ruh abadiyligi, narigi dunyo borligiga ishonganlar.

Turk hoqonligi davri O‘rta Osiyoda ko‘plab yirik shaharlar mavjud edi. Katta va kichik shaharlarda hunarmandchilik, me’morchilik, rassomlik, haykaltaroshlik qabilar rivojlanadi. Ularning ayrim namunalari o‘sha davrda bunyod etilgan qasr va saroylarni bezagan devoriy suratlar va ganchkor naqshlar, haykallar va haykalchalar, tangalarda zarb etilgan ramzlar sifatida bizning kunlarimizgacha saklanib kelgan. Ularda o‘sha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar o‘z aksini topgan. Surxon vohasidagi Bolaliktepa, Zarafshon vodiysidagi Panjikent, Varaxsha va Afrosiyob, Farg‘onadagi Quva xarobalaridan topilgan devoriy suratlar manzaralari shular jumlasidandir.

Taxminan V—VI asrlarda barpo etilgan Bolaliktepa shahardan tashqarida qurilgan. U hajm jihatidan katta bo‘lmay, kvadrat shaklida, uning eshik o'rnini hisobga olinmasa, xona devorlari yaxlit, yorug‘lik tepada qoldirilgan darchadan tushgan. Shuning uchun rasm to‘rt devorga yaxlit ishlanib, aylanib ko‘rishga mo’ljallangan panoramani eslatgan, bu yaxlitlikni eshik o‘rni to‘xtatgan, xolos.

Devor bo'ylab unga yopishtirilgan holda ishlangan supa tarzidagi balandlik o‘tirish uchun moMjallangan. Shu supa tepasida xuddi shu supada o'tirgandek qilib odamlar tasviri ishlangan. Rassom bu yerda o‘ziga xos rassomlik badiiy yechimini topgan. Supa va devordagi rasmlar birlikda xonani badiiy yechim va muhitini tashkil etgan va yagona g'oyaviy plastik kompozitsiya hosil qilgan. Buxoro vohasidagi Varaxsha saroyi devoriy suratlari taxminan VII—VIII asrlarda ishlangan. Bu suratlar ichida ov manzarasi yaxshi saqlangan. Unda fil ustida ketayotgan odamlarga turli yovvoyi hayvonlaming hujumi tasvirlangan bo'lib, bu kompozitsiya o'zining dinamikasi va ajoyib rang gammasi bilan ijodkorning yuksak mahorat egasi ekanligini isbotlaydi. Rassom ishlagan har bir obrazning tugal shaklga ega bo’lishiga, har bir detalni ham iloji boricha aniq va tugal darajada ko‘rsatishga intilganligi uni boshqa shu davr mahobatli rangtasvir asarlaridan ajratib turadi. Varaxsha saroyi xonalaridan birining devorlarida ov manzarasi aks ettirilgan bo'lib, har bir kompozitsiya markazida oq fil va unda o'tirgan jangchi ko'rsatilgan.

Ba’zida filning bosh tomonida filni boshqaruvchi (haydovchi) tasviri uchraydi. Odamlar filga ikki tomondan tashlanayotgan ikki yirtqich hayvon bilan olishmoqda. Bu hayvonlar goh leopard, goh sher, goh esa afsonaviy maxluq tarzida uchraydi. Tadqiqotchilaming fikriga ko'ra, bu tasvirlarda turli rivoyat va afsonalar, shuningdek, zardushtiylik ta’limoti bilan bog'liq fikrlar bayon etilgan, jumladan, Varaxsha devoriy rasmlarida aks ettirilgan fil ustidagi odamlarning turli vahshiy hayvonlar bilan bo'layotgan jangi Avestodagi yaxshilik va yomonlik kurashi g'oyalarini ifodalaydi deb hisoblanadi. Devorga ishlangan bu suratlarning tepasida yana tasvirlar bo'lgan. Unda o'ngdan chap tomonga odimlab borayotgan hayvonlar tasviri ko'rsatilgan. Bu tasvirlar birmuncha kichik. Afsuski, bu rasmlar bizgacha to'liq yetib kelmagan. Asosiy suratning past tomonida ham ensiz, hoshiyasifat naqsh kompozitsiyasi berilgan. Devoriy rasmning koloriti ham e’tiborga loyiq.

Hayvonlaming yorqin sarg'ish oltin rangdan zarg'aldoqqacha bo'lgan tuslanishlari, pushti rang tuslanishida ishlangan odamlar hamda oq rangdagi fil rangi asaming umumiy rang tizimi – koloritini belgilaydi.  Rasmlarda hajm yo'q, yassi ishlangan. Rassom fazoviy kenglik, buyumlar, tasvirlanadigan qahramonlarni hajmli holda ko'rsatishga intilmaydi. Tasvir zamini(tagi) yaxlit dekorativ rangda, aniqrog'i, issiq to'q qizil rangda ishlangan, bu tasvirlangan obrazlarni hamda voqeani aniq ko'rish imkonini beradi. Kompozitsiyada ishlatilgan chiziqlar, tasvirlanuvchi odamlar qomati tasviri nisbatlari bo'layotgan voqeani jonli va shiddatli harakatda ekanligini his etishga ko'maklashadi. 1965-yili Samarqand yaqinidan topilgan afsonaviy podshoh Afrosiyob saroyi arxeologik topilmasi katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Bu topilma yana bir bor O'rta Osiyoda ilk feodalizm asridayoq yuksak madaniyat mavjud bo'lganligini jahonga namoyish etdi. Bu saroy qoldiqlarining devorlariga ishlangan mavzuli surat va naqsh kompozitsiyalari yuksak mahorat bilan ishlanganligi bilan ajralib turadi. Afrosiyob devoriy suratlarining ahamiyati, suratlar bilan birga, So'g'd harflarida yozilgan bir qator so'zlarning uchrashidadir. Afrosiyob devoriy rasmlari V—VII asrlarga oid deb hisoblanadi. Afrosiyob mahobatli rang tasvirining mavzusi keng. Unda Samarqand ixshidi (podshohi) Varxuman huzuriga turli elchilarning kelishi va ularning saroyga yetib kelgunga qadar yo'lda uchragan turli voqea va hodisalar, shuningdek, shohning oila a’zolari bilan bo'lgan maishiy hayoti aks ettirilgan. Jumladan, saroyning g'arbiy devorida Chog'aniyon hukmdori Turantoshning o'sha davr odatiga ko'ra Samarqand ixshidi (podshohi) Varxuman huzuriga Chog'aniyon malikalaridan birini kanizaklari bilan kuzatib borayotgan elchilar tasvirlangan.

Saroyning Sharqiy devorida Uzoq Sharq mamlakatlarining birida qayiqlarda dengizda suzib, quruqliklarda esa yirtqich hayvonlar bilan yo'l-yo'lakay olishib kelayotgan mo'g'ul qiyofali elchilar guruhining kelishi tasvirlangan.

Shimoliy devorda turli mamlakatlardan (Choch, Chog'aniyon, Xitoy, Koreya, Yaponiya) kelgan elchilar Samarqand hukmdori tomonidan navbatma-navbat qabul qilinish marosimi, janubiy tomonda Samarqand hukmdori a’zolari bilan muqaddas suv Vorukasha dengizida baliq va toshbaqalar orasida cho'milish holati tasvirlangan. Saroyning Chog'aniyon malikasiga bag'ishlangan kompozitsiyasi e’tiborga loyiq.

Unda tasvirlangan odamlarning ko'rinishi, kiyinishi va kiyimlarining gullari-yu ishlatayotgan buyumlari bezagi o'zining to'liq ko'rinishini olgan. Bo'yniga katta qo'ng'iroq ilingan oq filda malika, undan keyin suvoriylar o'rtasida saman ot mingan kuyov - shoh aks ettirilgan rasrnga e’tibor bering. Unda tasvirlangan otliqning oq parrandalar rasmi bilan bezatilgan qizil chakmoniga qurol-aslahalar osilgan. Malikani oq otga mingan qizlar kuzatib bormoqda. Qizil ko'ylakli, yelkasiga oq kulrang ro'mol tashlagan, sariq lozim kiygan bejirim etikli ayol rasmi yaxshi saqlangan. Uning qo'llarida nafis bilakuzuk. Ikki tuyalarga mingan ikki kishi kelayapti. Ulardan biri qirg'iy burun, oq yuz, ingichka mo'ylov, qora soqolli, ikkinchisi soch-soqoli qizg'ish, qorachadan kelgan qariya. Uning katta ochilgan ko'zlari oldinga tikilgan, yuzlari yaxshi saqlangan. Ikkovi ham serbezak kiyimda. Bellariga qilich va xanjar osilgan, qo'llarida hassa. Tuyalarga guldor yoping'ich yopilgan. Ular orqasida oq parrandalar kelayapti. Bundan tashqari ikki kishi tasvirlangan, ular oq kiyimda, yuzlarini pasti oq ro'mol bilan berkitib olingan. Qushlar ortida kuyov – shoh, undan keyin otliqlar. Mehmonxona devori elchilar qabul qilishga bag'ishlangan. Elchilar kiyimi bezakdor. Doiraga olingan to'ng'iz tog' echkisi, afsonaviy qanotli maxluq tasviri shu kiyimlar bezagini tashkil etadi. Erkaklarda zirak, turli taqinchoqlar, birini qo'lida bir parcha mato. lkkinchisida marvarid shodasi. Oq kiyimli erkak etagida So'g'd tilida yozuv bor. Mehmonxona janubiy tomonida baliq, toshbaqa, o'rdak suzib yuribdi. Mehmonxona sharqiy qismi devorlarida slier bilan olishuv rasmi bor. Afrosiyob devoriy rasmlarining bebaholigi ana shu mavjud rasm unsurlari va yozuvining borligida. Bu rasmga qarab shu davr odamlarining kiyimi, qurol-aslahasi, ishlatilgan matolar va ularning bezagi asosida tasviriy va amaliy bezak san’atini o'rganish va tadqiq qilish mumkin.

Ko'rib o'tilgan bu mahobatli rangtasvir asarlari bir biridan mavzu, ishlanish uslubi bilan farqlansa ham, lekin ularga xos umumiylikni inkor etib bo'lmaydi. Ularning hammasida davr ruhi va katta davr uslubi mavjud. Bu, eng awalo, san’atkor mahoratining yuksakligi, murakkab chiziqlar va shakllar ritmining boyligi va dekorativliligidadir. Bu xususiyat O'rta Osiyo mintaqasida ilk o'rta asrlarda mahobatli rangtasvir san’atining yuksaklikka erishganligi va betakrorligida ko'rinib, jahon san’at xazinasidan o'zining munosib o'rnini egallaganligini ko'rsatadi.

Bu davrda ulkan hududlarda yashagan turli xalqlarning til va yozuvlari bir-birlariga ta’sir o‘tkazgan edi. Arab yozuviga qadar turk-runiy, uyg‘ur, moniy, sug‘d, braxma, kxaroshtiy, xorazmiy va suryoniy yozuvlari mavjud edi. Sug‘d, Xorazm va Toxariston aholisining alohida-alohida yozuvlari bor edi. Sug‘d va Xorazm yozuvlari oromiy yozuvi asosida paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu yozuvlar asosida Toxariston yozuvi paydo bo‘ladi. Sug‘d yozuvlari keng hududlarga tarqilgan bo‘lib, bu jarayon sug‘diylarning yangi yerla rni o‘zlashtirish faoliyati va savdogarlarning ipak yo‘lidagi sa’yi-harakatlari bilan bog‘liq edi. Shu bois bo‘lsa kerakki, Sug‘d tilidagi yozma yodgorliklar O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Sharqiy Turkiston, Pokiston va Mug‘uliston hududlaridan topib tekshirilgan. Sug‘d yozuvi ish yuritishda, savdo va madaniy aloqalarda katta ahamiyatga ega bo‘lib, qadimgi uyg‘ur, mug‘ul va manjurlar yozuvlari paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi.

Bu davrda Xorazmda mahalliy yozuv keng tarqalgan va amalda bo‘lgan. Tuproqqal’adan shoh arxivlarining topilishi bunga misol bo‘la oladi. Boybezaklar, sopol, metall idishlar, devoriy suratlar, kiyimlardagi tasvirlar bu yerda tasviriy san’atning rivojidan dalolat beradi.

Hoqonlikdagi shahar aholisi asosan hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanganlar. Dehqonchilikdagi taraqqiyot ko‘lami va sifati o‘zidan keyingi uch tarmoq - hunarmandchilik, qurilish, savdo-sotiq ravnaqi uchun katta turtki bo‘lgan edi. Aynan shuning uchun ham bu vaqtda temirchilik, zargarlik, kulolchilik, duradgorlik, qurolsozlik, to‘qimachilik, shishasozlik, charmgarlik kabi hunarmandchilik tarmoqlari tobora rivoj topadi. Turklar sarrojlik, ruda qazib olish va undan qurol-yarog‘ yasashda ayniqsa mohir edilar. Turklar yasagan qurol-yarog‘ va zeb-ziynat buyumlari o‘zining xilma xilligi va pishiqligi bilan ajralib turgan.                                                                                                     

Bu davrda konchilik ishlari ham ancha rivojlangan. Oltin, temir, kumush, mis, tuzning bir necha xili, qimmatbaho toshlar, turli ma’danlar -Sug‘d, Shosh, Farg‘ona, Qashg‘ar, Toxariston kabi viloyatlardan qazib olinganligi manbalarda aniq ko‘rsatilgan.

Hoqonlik davrida savdo-sotiq ishlariga alohida e’tibor berilganligi bois, Buyuk Ipak yo‘li samarali ishlashda davom etdi. O‘rta Osiyo xalqlarining bu davrdagi asosiy hamkorlari Eron, Xitoy, Hindiston, Vizantiya edi. Bu mamlakatlarga to‘qimachilik, ipakchilik mahsulotlari, qimmatbaho toshlar, ulardan ishlangan buyumlar, taqinchoqlar, dorivorlar, nasldor arg‘umoqlar, bir necha xil tuz, bog‘dorchilik mahsulotlari, qazilma boyliklar va hokazolar olib borilgan. Savdo-sotiqda ayniqsa, sug‘diy savdogarlarning mavqei kuchli bo‘lgan. Shu o‘rinda xitoylik muallifning quyidagi ma’lumoti diqqatga sazovordir: “(Sug‘diy) erkaklar yigirma yoshga to‘lishlari bilan qo‘shni mamlakatlarga oshiqadilar va (savdo-sotiqda) qayerda (qulaylik) va manfaat bo‘lsa (albatta) u yerga qadam ranjida etadilar”.

Ilk o‘rta asrlarda umumsharq musiqa madaniyatining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yana bir siymo borki – bu Borbaddir. Faoliyati deyarli afsonaga aylanib ketgan bu tarixiy shaxs VI asrning 80-yillarining oxirida Sosoniylar davlatining eng gullab yashnagan yirik shaharlaridan biri Marvda tavallud topgan. Xurosonning shimolida joylashgan Marv O‘rta Osiyoga yaqin masofada bo‘lganligi uchun ham bu o‘lkalarda yashagan xalqlarning musiqa madaniyati bir-birlaridan deyarli farq qilmagan. Shuning uchun Borbad nafaqat Eron, balki O‘rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyati rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan dahodir. Borbad o‘zining musiqachilik, yuksak darajadagi qo‘shiq ijrolari va musiqiy-ilmiy faoliyatini asosan Sosoniylar shohanshohi Xusrav II Parviz saroyida o‘tkazgan. Yaqin va O‘rta Sharqning XIV-XVII asrlarda chizilgan miniatyuralarida Borbad hamisha o‘z homiysi Xusrav Parviz yonida tasvirlangan. Sosoniylar sulolasining yorqin podsholaridan bo‘lgan Xusrav Parvizning Borbadga bo‘lgan g‘amxo‘rligi, saroyda unga yaratilgan cheksiz imkoniyatlar albatta Borbadning yuksak darajada musiqiy asrlar yaratishiga asos bo‘lganligi shubhasizdir. Borbadning musiqachi-sozanda, yuksak darajadagi qo‘shiqchilik faoliyatiga Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiy Ganjaviyning «Xusrav va Shirin» dostonlarida katta o‘rin berilgan.

 


Download 192.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling