1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja


Download 192.46 Kb.
bet23/49
Sana02.01.2022
Hajmi192.46 Kb.
#195342
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   49
Bog'liq
SMT

8-ma'ruza


1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari.

 

8-mashg‘ulot

 

Antik davri madaniyati va san’ati.

 

1-§. O‘rta Osiyoning yunon makedon qo‘shinlari tomonidan bosib olishi. Ellin madaniyati va san’ati elementlarining kirib kelishi.



2-§. Salavkiylar va Yunon-Baqtriya davlatida yunonlar va mahalliy madaniyat sintezi. Yunon-Baqtriya yozuvi.

3-§. Antik davri me’morchiligi

 

1-§. O‘rta Osiyoning yunon makedon qo‘shinlari tomonidan bosib olishi.

Ellin madaniyati va san’ati elementlarining kirib kelishi.

Miloddan avvalgi IV asr o‘rtalaridan boshlab Yunoniston shimolidagi Makedoniya kuchayib, Bolqon yarim orolida ancha mavqega ega bo‘lib oldi. Makedoniyaning birinchi yirik davlat arbobi Filipp II Makedonskiy edi. Filipp II (mil. avv. 382-336 yy.) davrida Makedoniya markazlashgan davlatga aylandi. Filipp II ma’muriy va harbiy sohalarda islohotlar o‘tkazib, kuchli harbiy qo‘shin tuza oldi. Yunonlar va makedonlar o‘rtasidagi mil.avv. 338 yilda Xeroniya yaqinida bo‘lgan jangda makedon armiyasi g‘alaba qozondi. Jangda eng ma’suliyatli so‘l qanotga Filipp II ning 18 yoshli o‘g‘li Aleksandr (mil. avv. 356-323 yy.) qo‘mondonlik qildi.

Filipp II o‘ldirilib, Aleksandr taxtga o‘tirganida 20 yoshda edi. Filipp II ning sharqqa yurish rejasi amalga oshmadi. O‘z navbatida Aleksandrning ham maqsadi faqat Makedoniyaning Bolqon yarimorolida tutgan o‘rnini mutahkamlash emas, balki, Ahamoniylar davlatini zabt etish va hattoki afsonaviy Sharq mamlakatlari, jumladan Hindistonni o‘ziga qaratish hamda jahonga hukmronlik qilishdan iborat edi. Aleksandr Fors podsholigiga qarshi yurishni yunonlar uchun o‘ch olish, yunon ma’budalari haykallarini Erondan qaytarib olib kelish deb e’lon qildi. Shuningdek, Aleksandr otasi Filipp II ning o‘limida ham forslarini ayblardi, qasos olish ham urushga otlanish bahonalari orasidan joy oldi.

Aleksandr Ahamoniylarga qarshi kurashga jiddiy kirishdi. Mil.avv. 334 yilda Granikda (Kichik Osiyo) bo‘lgan jangda Aleksandr qo‘shinlari kutilmaganda tezlik bilan hujumga o‘tib g‘alaba qozondi. Aleksandr Kichik Osiyoning g‘arbiy sohilini, yunon orollarini eronliklardan ozod qildi. Mil.avv. 333 yilda Gavgamela (Shimoli-sharqiy Mesopotamiya) da bo‘lgan jangda Doro III boshchiligidagi fors qo‘shinlari to‘la mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng Aleksandr uchun Ahamoniylar davlatining markaziga yo‘l ochilgan edi. Aleksandr Bobilni, Suza, Persepol va boshqa shaharlarni egallab fors podsholarining xazinasiini qo‘lga kiritdi. Doro III mag‘lubiyatdan so‘ng avval Midiya markazi Ekbatandan panoh topadi, Aleksandr ta’qibidan so‘ng esa Baqtriyaga qochib ketadi. Baqtriya satrapi Bess Doro III ni o‘ldirib, o‘zini Artakserks “Osiyoning ulug‘ podshosi” deb e’lon qiladi ammo Aleksandrga qarshi chiqa olmay qochadi.

Aleksandr oldida endi forslarga qaram bo‘lgan oxirgi viloyatlarni egallash masalasi turar edi. Aleksandrning Baqtriya, So‘g‘diyona, umuman Markaziy Osiyoga yurishining ham g‘oyaviy, ham siyosiy sabablari bor edi. Avvalo shimoli-sharqiy viloyatlarda ahamoniylarning rasmiy dini bo‘lmish zardushtiylik e’tiqodi kuchli bo‘lib, xalq qudrati, xalq ruhi anchayin tetik edi. Demak, Baqtriya va Sug‘diyonani zabt etmasdan turib ahamoniylar qudratini yengib bo‘lmas edi. O‘zini shoh deb e’lon qilgan satrap Bessdan Doro uchun o‘ch olish bahonasi ham bor edi. Shuni ham ta’kidlash joizki, Aleksandr urushlari tarixida eng mushkuli ana shu viloyatlarda bo‘ldi.

Mil.avv. 329 yilning bahoriga qadar Aleksandr qo‘shinlari Oks (Amudaryo) bo‘ylariga keladi. Aleksandr Oks daryosidan kechib o‘tishga harakat qiladi. Biroq daryo juda keng va sersuv bo‘lib, to‘lib oqardi. Daryoning kengligi 6 stadiybo‘lib, daryo ancha chuqur edi. Aleksandr qo‘shinlari teridan tayyorlangan suvda cho‘kmaydigan qoplar (qamish yoki somon-xashak bilan to‘ldirilgan) orqali besh kun davomida Amudaryodan kechib o‘tgani haqidagida ma’lumotlar yozma manbalarda mavjud.

Daryodan o‘tgach Aleksandr Bessni ta’qib etib Sug‘diyonaga yo‘l oladi. Arrian ma’lumotlariga ko‘ra, Bess “sug‘diylar yeri” – Nautaka viloyatiga qochib kelgan. Sug‘d yerlarida Spitaman boshliq mahalliy sarkardalar Aleksandrni to‘xtatib qolish maqsadida xalqning ishonchini oqlamagan, sotqin Bessni asir olib unga topshiradilar. Bess shafqatsizlarcha jazolanadi, lekin Aleksandr bu bilan o‘z yurishlarini to‘xtamaydi. Mil. avv. 329 yilda Aleksandr qo‘shinlari Maroqandani (Samarqand) egallashga kirishadilar. Aleksandr So‘g‘diyonani osongina qo‘lga kiritaman, bu yerdagi tarqoq qabilalalar menga qarshilik qilmasdan taslim bo‘ladi, deb o‘ylagan, ko‘rsatilgan qattiq qarshilik esa mohir sarkarda uchun kutilmagan holat edi.

Maroqanda shahri dastavval jangsiz egallanadi, Aleksandr bu shaharda qo‘shinining bir qismini qoldirib Yaksart (Sirdaryo) tomon yo‘l oladi. Maroqanda va hozirgi Xo‘jand o‘rtasidagi Ustrushona tog‘larida makedoniyaliklarga qarshi mahalliy aholi – mamakenlar hujum qiladilar. Aleksandr jarohat olishiga qaramay, jang Aleksandr g‘alabasi bilan yakunlanadi, lekin ko‘p vaqt o‘tmay, Spitaman rahbarligida Maroqand shahrida qo‘zg‘olon ko‘tarilib, makedoniyaliklar halok etilib, shahar ozod etilgan. Aleksandr shahar qamal qilinganini eshitib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi sarkarda Farnux va Karan boshchiligidagi qo‘shinlarni jo‘natadi. Qo‘shin yaqinlashganda Spitaman cho‘l tomonga chekinadi. Farnux boshchiligidagi qo‘shin Spitaman tomonidan mag‘lub etiladi. Spitaman Samarqanddagi dushman qarorgohini qaytadan qurshab oladi.

Manbalarda keltirilishicha, “Aleksandrga mag‘lubiyat haqida xabar yetib kelganda, u askarlarning achchiq taqdirlaridan qayg‘uga tushadi, o‘zi qo‘shinga yo‘lboshchi bo‘lib Maroqandaga yo‘l oladi, uning bilishicha, Spitaman shaharga qaytib qal’ani yana qamal qilgan Uch kun davomida Aleksandr 1500 stadiy masofadan o‘tib, to‘rtinchi kunning tongida shaharga yetib keladi. Spitaman Aleksandr shaharga yaqinlashib kelishi haqida eshitib, uni kutmasdan qochib ketadi”.

Sug‘diyonaning tog‘li hududlaridagi bosqinchilar qadami yetmagan joylarda qo‘zg‘olonchilar yashirinib olgan edilar. Sug‘diyonaning deyarli barcha aholisi Spitaman tomonida bo‘lib, uning g‘alabalariga katta umid bog‘lagan edilar. Aleksandr esa, mil.avv. 329-328 yilning qishini Baqtriyada o‘tkazadi. U bu yerda Xorazm hukmdori Farasman bilan muzokaralar olib bordi. Farasman Aleksandr agarda Qora dengiz tarafga yurish qilishni ixtiyor etsa, unga yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishga va qo‘shinlarining yurishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga xayrihoh ekanligini bildiradi. Aleksandr bu taklifga minnatdorchilik bildirib, bu yurishga hozir vaqti yo‘qligini aytib, Farasman bilan do‘stlik sulhini tuzadi. Xorazm podshohi bosqinchilar kuch-qudratini hisobga olib murosa qilishni lozim topdi, natijada, Xorazm o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.

Mil.avv. 328 yil bahoridan mahalliy aholi yirik shaharlar, qal’alar, tog‘li hududlarda kurashni davom ettirdilar. Aleksandr o‘z qo‘shinini 5 guruhga bo‘ladi: birinchisi – Gefestion, ikkinchisi – Ptolemey Lag, uchinchisi – Perdikka, to‘rtinchisi – Ken va Artabozlar boshchiligiga topshiriladi; beshinchi guruh Aleksandr boshchiligidagi qo‘shin bo‘lib, bu guruh Maroqandaga otlanadi.

Aleksandr Maroqand atrofida yashiringan qo‘zg‘alonchilarga qarshi kurashdi. Shafqatsiz urushlar natijasida tinch mahalliy aholining katta qismi qirib tashlandi. Yunon muallifi Diodor Sitsiliyskiyning “Tarixiy kutubxona” asarida ta’kidlanishicha, Aleksandr harbiy yurishlari davomida 120000 sug‘diyonaliklarni qirib tashlagan.

Tutqich bermas Spitaman hali u joy, hali bu joyda paydo bo‘lib, yunon-makedonlarga talofat keltirardi. Spitamanning chaqqon suvoriy guruhlarida sug‘dlar, baqtriyaliklardan tashqari ko‘chmanchi xalqlar – sak va massagetlar ham bo‘lgan.

Aleksandr tomonidan Spitamanni ushlash uchun harbiy qo‘shin jo‘natiladi. Spitaman esa 600 otliq bilan Baqtriyada paydo bo‘lib, hujumga o‘tadi. Qo‘shimcha kuch kelayotganini eshitgan Spitaman cho‘lga chekinadi. Bu yerdan u yana Samarqandga hujum qiladi, lekin 800 otliq qo‘shinidan ayriladi va yana chekinishga majbur bo‘ladi. Spitaman shundan so‘ng vafot etadi. Spitaman o‘limi hususida turli qarashlar mavjud. Birinchisi va haqiqatga yaqini u ko‘chmanchi qabila boshliqlari tomonidan Aleksandr hujumini oldini olish maqsadida o‘ldirilgan (Arrian). Kvint Kursiy Ruf qayd etshicha, Spitaman xotini tomonidan o‘ldiriladi va boshi Aleksandrga yuboriladi, bu tahminda ko‘proq badiiy to‘qima ustunlik qiladi.

Xullas, vatan himoyachilari Spitaman boshchiligida mustaqillikni tiklash uchun fidokorona jang qildilar. Ammo ular muntazam va yaxshi qurollangan qo‘shinga bardosh berolmay tor-mor etildi. Aleksandr Makedonskiy mahalliy aholini kuch bilan yengish nihoyatda og‘ir ekanligini anglab yetganidan so‘ng turli yo‘llar bilan ularga yaqinlashishga qaror qildi. Mahalliy aholi bilan qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatish maqsadida Oksiartning qizi go‘zal Roksanaga (Rohshanak, Ravshanak) uylandi. Yunon-makedon bosqinchilariga qarshi uch yil (mil.avv. 329-327 yy.) davomida kurash olib borar ekan, O‘rta Osiyo xalqlari mislsiz jasorat namunalarini ko‘rsatdilar. Zero, Aleksandr qo‘shinlari butun Sharq davlatlarini o‘zlariga bo‘ysundirganlarida Sug‘diyona va Baqtriyadagi kabi qattiq qarshilikka uchramagan edilar.

Ellin madaniyatining kirib kelishi. Aleksandr Makedonskiyning O‘rta Osiyoni bosib olishi oqibatlari hususida so‘z ketganda, bu hol bir qancha Sharq mamlakatlari, shu jumladan, O‘rta Osiyoda ellin madaniyatining yoyilishiga yo‘l ochib berganini ta’kidlash lozim. O‘rta Osiyo aholisi faqatgina ellin (yunon) madaniyatini mexanik tarzda qabul qilmaganini aytib o‘tish kerak. Bu madaniyat mahalliy o‘ziga xoslik bilan uyg‘unlashuvi ketgan, o‘z navbatida uning o‘zi ellin madaniyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan edi. Shunga ko‘ra, fanda yunon va mahalliy Sharq madaniyati qorishuvi – ellinizm deb nomlanib, bu termin dastlab nemis tarixchisi I. Droyzenning 1836-43 yillarda chop etilgan 2 jildli “Ellinizm tarixi” nomli asarida qo‘llanilgan.

Aleksandr siyosiy maqsadlarini amalga oshirolmadi, imperiya bo‘linib ketdi, lekin obyektiv qaralganda Sharq va G‘arb xalqlari o‘rtasida haqiqatan aralashuv, har ikkala qit’a xalqlari madaniyatining bir-biriga ta’siri, savdo aloqalarining kengayishi amalga oshdi. Aleksandr yurishlar davomida kasallangan, yaralangan, keksaygan va umuman yurishda ishtirok etishni istamagan jangchilarni joylarda qoldirgan, ayniqsa, janglar keskin tus olgan Baktriya va Sug‘diyonada yunon-makedonlar ko‘plab qoldirilgan, antik adiblarning yozishicha, ularning soni 23 ming atrofida bo‘lgan. Albatta, bu “aralashuv” tarixda, madaniyatda iz qoldirmasligi mumkin emas edi.

Aleksandr Sharq yurishiga otlanar ekan, Pelladagi (Makedoniya poytaxti) saroy ahllarini, ustozlari, do‘stlarini, hattotlar, olimlar, tarixchilar, shifokorlar, shoirlar, aktyorlar singari madaniyat arboblarini ham o‘zi bilan olib ketgan. Aleksandrning maqsadi butun yunon madaniyatini bosib olingan hududlarda yoyishdan iborat edi. Hattoki, O‘rta Osiyoda ekanida mahalliy zodagonlarning farzandlaridan 30 ming yigitni tanlab olib, ularga yunon tilini o‘rgatib, yunon madaniyati ilmidan ta’lim berishni buyuradi (Plutarx). Aleksandr O‘rta Osiyoda bir qancha shaharlar qurdirdi va qayta tikladi. Oksdagi Aleksandriya, Aleksandriya Esxata, Marg‘iyona Aleksandriyasi kabilar shular jumlasidandir. Lekin amalda Aleksandrning bu yaxshi niyatlarining amalga oshirilishi bosqinchilik zulmini o‘tkazishi, qurilishdan ko‘ra ko‘proq vayronalik, qon to‘kishlar, talon tarojlar xalq boshiga og‘ir kunlarni soldi.

Aleksandr Makedonskiy san’at rivojiga homiylik qildi. O‘rta Osiyoning ellinistik dunyoga tortilishi uning san’ati va madaniyatida jiddiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Bu o‘zgarishlar me’morchilik, amaliy va tasviriy san’at mazmuni va xarakterida namoyon bo‘la boshladi. O‘rta Osiyoning antik davrdagi me’morchiligi xarakteri uning janubiy hududlarida seziladi. Bu davrda qurilgan binolarda Axmoniy­lar davri me’morchiligi uslublari bilan bir qatorda, yunon san’ati an’analari mavjud. Ayniqsa, binolarning dekorativ bezalishida shu o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi. Me’morchilikda ustunlardan keng foydalanilib, ular yunon klas­sik formasida ishlangan. Saroy xonalari plyastrlar bilan bezatilgan. Lekin saroyni qurishda mahalliy homashyo-xom g‘isht, paxsa ishlatilgan, tomlari tekis qilib yopilgan. Mutaxassislar fikricha, O‘rta Osiyoda ellin madaniyatiga oid binolarni yaxshi saqlanmaganining sababi mahalliy xomashyo sifatining past bo‘lganligi bilan izohlanadi.

Ellin davri tasviriy va amaliy san’at na’munalarini O‘zbekistonning o‘nlab qadimiy shahar xarobalaridan topilayotganligi diqqatga sazovordir. Afrosiyobdan Aleksandr davriga oid haykal va tangalar, kulolchilik buyumlari topilgan. Turli tasvir va shakllar zarb etilgan tanga va taqinchoqlar o‘sha zamonning noyob ashyolaridir. Sirtiga Artemida (yunon mifologiyasida ta’riflanishicha Zevs va Letonning qizi, noz-ne’mat xudosi, hayvonot va ovchilik homiysi, Rimliklar uni Diona nomi bilan atashadi) tasviri tushirilgan gemmadagi rasm ham ellin davri na’munalariga kiradi. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyida saqlanayotgan qadimgi tetradraxmadagi tasvirlar alohida e’tiborga molikdir. Bu Aleksandr Makedonskiy tetradraxmasi (tanga puli) bo‘lib, uning old (avers) tomonida bosh qiyofasi o‘ng tomonga burib ishlangan shox tasviri mavjud. Orqa (revers) tomonida esa o‘ng qo‘li uzatilgan holatda qush tutib taxtda o‘tirgan Zevs aks ettirilgan.

Mahalliy ustalar va rassomlar yasagan kulolchilik buyumlarida, tanga va taqinchoqlarda turli ko‘rinishdagi haykallarda ham ellinistik an’analar alomatlari mavjud. Bu haykallar ishlanishi va mazmuniga ko‘ra yunonlarda xos tasvirlarni aks ettiradi. Bu san’at ashyolari mahalliy xalq bilan yunonlar o‘rtasidagi yashash tarzining tobora uyg‘unlashib borganligini ham ko‘rsatadi. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston san’ati tarixida ellinlar va mahalliy xalq san’atining uyg‘unlashuvi esa o‘ziga xos yangi bosqich bo‘ldi. Kulolchilik buyumlarining mahalliy an’analarga xos bo‘lmagan shakllari paydo bo‘ldi. Ana shunday shakllardan biri bu amfora shaklidagi sopol buyumlari bo‘lib, ularda mahalliy tabiatga xos bo‘lmagan o‘simliklar tasvirlarini uchrashi kuzatiladi. Antik davri sopol buyumlarida yunon madaniyatiga xos bo‘lgan o‘simliksimon ornamentlardan foydalanilganligini kuzatishimiz mumkin. 

Shuni ham ta’kidlash joizki, Aleksandr Makedonskiy va uning izdoshlari mahalliy an’analarni, qadimiy urf odatlarni ham qabul qilishgan. Manbalarda qayd etilishicha, Aleksandr o‘z jangchilarini ham o‘rta osiyoliklarning tilini, urf-odatini, madaniyatini o‘rganishga da’vat etadi, bu haqida maxsus buyruq ham chiqaradi. Aleksandr sharqona liboslarni ham kiyishni qabul qiladi, u bu liboslarda nisbatan salobatli ko‘rinar edi. Bundan tashqari shoh yerli aholining mavsumiy bayramlarida, qurbonlik keltirgan marosimlarida ham qatnashadi.

Aleksandr fors shohlari kabi dimog‘dorlik va viqor bilan bilan taxtda o‘tirishni o‘rganadi, sarkardalarini ham forslar kiyimini kiyishga majburlaydi. Bu holat esa keksa jangchilarni noroziligiga sabab bo‘ladi (Kursiy Ruf). Mahalliy an’analarga bunday munosabat orqali u mahalliy aholi bilan aloqani mustahkamlab, ular ustidan hukmronlikni o‘rnatishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” ning to‘liq nusxasi bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Bu asarning keyingi davrlarda yaratilgan qismlarida xabar berilishicha, “Makkor Aleksandr muqaddas kitobni kuydirgan”. Ana shu voqea haqida Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida “Podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Abistoning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi” – deya ta’kidlaydi. Umuman fors va arab tarixchilarining hammasi 12000 teriga yoki 12000 taxtachaga oltin harflar bilan bitilgan "Avesto"ning to‘liq nusxasini Aleksandr Makedonskiy Eronga yurishi vaqtida, tabiat, geografiya, dehqonchilik, tabobatga oid qismlarini yunon tiliga tarjima qildirib, otashxonalarni buzgani haqida yozadilar.

Aleksandr Makedonskiyning vafotidan keyin uning saltanati boshqaruvini uning safdoshi va grek-makedon otliq jangchilar  qumondoni Perdikki o‘z ko‘liga oldi. Lekin uning O‘rta Osiyodagi hukmronligi ham uzoqqa bormadi. Miloddan avvalgi 321 yili Perdikkining yaqiin yordamchisi Selevk mamlakatdagi notinchlikdan foydalanib hokimiyatni qo‘lga oldi va Selevkiylar davlatiga asos soldi.

Bobilni meros sifatida olib, tezda o‘z yerlarini kengaytirishga tushadi. Bu davlat tarixga salavkiylar davlati nomi bilan kirib, deyarli 70 yil mobaynida O‘zbekiston hududi shu davlat tarkibida mavjud bo‘ladi. Miloddan avvalgi 312 yilda tashkil topgan bu davlat miloddan avvalgi 250 yilgacha Yaqin va O‘rta Sharqda katta davlat sifatida o‘z tasirini o‘tkazib keladi.

Markaziy Osiyo san’ati va madaniyat rivojlanishining yangi bosqichi Aleksandr Makedonskiyni istelolardan keyingi davrdan boshlandi. Sharq va G‘arbning bog‘lovchisi Buyuk Ipak yo‘lining tuguni bo‘lgan bu yo‘l avvalgi davrlarga nisbatan  faol katalizator vazifasini o‘ta boshladi. Uning Shimoliy G‘arbiy va Shimoliy sharqiy hududlari  bilan aloqasi ham yangi mazmun va yo‘nalish kashf eta bordi. Ayniqsa Urol atrofi, Oltoy va Sibir yerlari bilan bo‘lgan munosabatlarda tasir etish va  tasirlanish jarayoni sezilarli bo‘ldi. Salavkiylar davrida Markaziy Osiyo yerlariga yunon (ellin) madaniyati tezkorlik bilan kirib kela boshlaydi. Hukmdorlar shu yerda o‘zlarini mavqlarini mustaxkamlab olishga harakat qilib, ko‘plab yunonistonlik san’atkorlarni ishga taklif qiladilar, turli yerlarda yangi shaharlar barpo etadilar, mahalliy din va urf-odatlariga tegmaganlari xolda yunon madaniyatining tarkalishiga etibor beradilar. Salavkiylar tijorat, savdo - sotiq ishlariga e’tibor berishlari bu yerda hunarmandchilik, dexqonchilik ishlarini jonlanishiga, qurilish ishlariga sezilarli ishlar amalga oshishiga imkon beradi. Muomalaga pul kiritildi.

Me’morchilik. Me’morchilik  san’atida avvalgidek  asosan xom g‘isht asosiy qurilish materiali sifatida ishlatilsa ham, shu bilan birga qumtosh, marmar va pishiq g‘isht  ishlatila boshlandi, devor pardoziga mahsus qorishmalar, alebastrli qoplamalar  kirib kela boshladi. Ayniqsa grek me’morchilik san’ati ta’sirida qurilgan saroylar, gimnasiya, ibodatxonalar me’morchilik jarayonida muhim bo‘ldi. Lekin bu davrga xos me’morchilik  yodgorliklari kam o‘rganilgan. Bu davr yodgorligi shimoliy Afgoniston hududidagi Oyxonum yodgorligi shu davr memorligi o‘zgarishlaridan dalolat beradi. Uning qurilishi uslubi antik san’at an’analari asosida ishlangan pollari mazaika bilan pardozlangan. Kapitel va ustunlar ham uning ko‘rinishiga alohida fayz baxsh etgan. 

Tasviriy san’at bu davrda o‘z rivojini davom ettirdi, saroy va zodagonlarning uylari rassomlik va haykaltaroshlik asarlari bilan bezatildi, mahobatli haykaltaroshlik va mayda plastika san’atida asarlar yaratildi. Marmarda haykallar, fil suyagida ritonlar ishlandi. Bu davrda quyish san’ati rivojlandi. Bu san’at rivoji numizmatika-tangalar zarblash sanatida yaqqol bilinadi. Markaziy Osiyo yerlariga bo‘rtma tasvirli tangalarning kirib kelishi Salavkiylar sulolasi nomi bilan bog‘liq. Bunday uslubda tanlangan chiqarish Yunon mamlakatida keng rivoj topgan bo‘lib uni O‘rta Osiyo madaniy-iqtisodiy hayotiga kirib kelish muhim voqea edi. O‘rta Osiyoda pullar zarb etish maqsadida o‘lkaga Yunon ustalarining keng qo‘lamda jalb etilishi “O‘rta Osiyocha” mo‘jaz portret san’atining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu yerda ishlangan shunday portretlar davr hukmronligining na faqat tashqi ko‘rininshiga balki fe’l atvorini ham o‘z haqqoniy tasvirlanishi bilan yunonistonda yaratilgan tanga yuzasiga ishlangan bo‘rtma tasvirlardan o‘tib ketdi.

 


Download 192.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling