1-mavzu. Kirish. Qadimgi davr madaniyati va san’ati, uning taraqqiyot bosqichlari 1-mashg’ulot Reja


-§.  O‘rta Osiyoning Sharq va G‘arb madaniyati va san’ati o‘rtasidagi vositachilik missiyasi. Madaniyat rivojida zardo‘shtiylik va “Avesto”ning o‘rni


Download 192.46 Kb.
bet20/49
Sana02.01.2022
Hajmi192.46 Kb.
#195342
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   49
Bog'liq
SMT

2-§.  O‘rta Osiyoning Sharq va G‘arb madaniyati va san’ati o‘rtasidagi vositachilik missiyasi. Madaniyat rivojida zardo‘shtiylik va “Avesto”ning o‘rni.

 

“Avesto” qadimgi tariximiz to‘g‘risida ancha keng va boy ma’lumot beradigan manba bo‘lib, u dunyoda biz bilgan eng qadimgi kitoblardan biridir.



“Avesto” – zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lib, shu dindagi xalqlarning qonunlari majmuidir. Bizgacha etib kelgan “Avesto” qismlari sosoniylar davrida, ya’ni milodning III-VII asrlarida tahrir qilingan. “Avesto” boblari “pahlaviy”- o‘rta fors alifbosi asosida 48 ta belgili yozuvdan iboratdir. “Avesto” o‘rta fors tilidan “Apastak” ya’ni “Asos” ma’nosini beradi.

“Avesto” tili Sharqiy eroniy tillarning eng qadimgi shevalaridan biri bo‘lib, olimlar fikriga ko‘ra, qadimgi fors tiliga nisbatan ancha oldingi bosqichda, taxminan mil. avv.  II mingyillikning oxirlari - I ming yillikning boshlarida paydo bo‘lgan. Bu til faqat “Avesto”dan ma’lum bo‘lganligi sababli, u “Avesto” tili deb ataladi.

“Avesto” birinchi bo‘lib XVIII asrda fransuz olimi Anketil Dyuperron  tomonidan tarjima qilingan. U o‘rganib chiqqan “Avesto” qo‘lyozmalari XIII asrga oid bo‘lgan. K. Geldner, X. Bartolome, V. V. Struve, X. Xumbax, E.E. Bertels, V. I. Abayev, S.N.Sokolov, V.A.Liv­shits, I.M.Oranskiy. I.S.Braginskiy, I.M.Steblin-Kamenskiy va boshqa bir qator olimlar “Avesto” tilini o‘rganish bilan shug‘ullanganlar. Olimlarning rus tiliga o‘girilgan “Avesto” matnlari asosida mazkur manbaning o‘zbek tiliga izohli - tarjimalari vujudga keldi (A.Mahkam, M.Ishoqov).

1755-1761 yillarda fransuz olimi Anketil Dyuperron Hindistonning Gujorot viloyatida Eron zardushtiylarining avlodlari - parslarning urf-odatlari va diniy marosimlari bilan tanishib chiqqan. Eng muhimi shundan iboratki, Dyuperron parslarning diniy yozuvlarini o‘qishga muyassar bo‘lgan.

A.Dyuperron yurtiga qaytgandan so‘ng, 1771 yilda “Avesto”ni tarjima qilgan. XIX va XX asrning boshlarida esa “Avesto”ning yangi tarjimalari vujudga kelgan.

Dastlabki “Avesto” 21 ta kitobdan iborat bo‘lgan. Lekin bizgacha uning ayrim qismlari yetib kelgan: Yasna- “qurbonlik keltirish”, Visprat - “barcha hukmronlar”, Yasht - “qadrlash”, “ulug‘lash”, Videvdat - “devlarga qarshi qonun”. Bularning hammasi sosoniylar davrida tahrir qilingan.




■ - U

G
Yasna kitobi 72 bobni  o‘z ichiga olib, ulardan 17 ta­si “Gotalar”, ya’ni zardushtiylar payg‘ambari Zaratushtraning “Muqaddas qo‘shiqlari”, uning diniy nasihatlaridan iborat.

Gotalarda Zaratushtra bunday xabar qiladi: “Qay tomonga, qaysi yurtga qochib qutulsam, meni jangchilardan va kohinlardan ajratib qo‘ydilar, jamoa meni quvnatmaydi, mamlakatlarning yovuz sardorlari meni qabul qilmaydilar”. Beruniy asarida o‘z aksini topgan tarixiy rivoyatlarga ko‘ra Zaratushtrani Balx podshosi, ya’ni Baqtriya hukmdori Vishtasp o‘z yurtida qabul qilgan. Vishtasp, uning xotini malika Xutaosa va podsho oilasining boshqa vakillari - uzoq va yaqin qarindoshlari Zaratushtra ta’limotiga qiziqib, uning e’tiqodini qabul qilgan birinchi tarafdorlari deb hisoblanadilar. “Avesto”da Vishtasp “kavi” - podsho deb ataladi.

“Avesto” madhiyalari vujudga kelgan yurtning geografik joylashuvini aniqlash ham muhim muammodir. “Avesto” tili, “Avesto” viloyatlarining tarixiy geografiyasi mazkur manbaning vatani G‘arbiy Eron yoki Old Osiyo bo‘lmaganligidan dalolat beradi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, “Avesto” Xorazm, Marg‘iyona, Baqtriya, Sug‘d tuprog‘ida paydo bo‘lgan (V.V.Struve, I.M.Dyakonov, V.I.Abayev, I.Aliev va boshq.). Shuningdek, “Avesto”ning qismlari turli davrlarda vujudga kelganligiga e’tibor berish lozim, ya’ni ular Zaratushtraga qadar bo‘lgan olis zamonlarda hamda u yashagan davrda vujudga kelgan. Shuningdek, Zardushtdan so‘ng, keyingi tarixiy bosqichlarda, Sosoniylar hukmronlik qilgan davrda zardushtiy kohinlar tomonidan “Avesto” matnlari qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, zardushtiylik dini Zaratushtraga qadar e’tiqodlar an’analari xususan, Zaratushtra ta’limoti va Zardushtdan so‘ng uning ta’limotiga oid qarashlarni o‘z ichiga olgan.

Ayrim tadqiqotchilarning yozishicha, bronza davrida dasht cho‘ponlari olov va suvga sig‘inishgan, ko‘llar va daryolarni qadrlab, ularni ilohiylashtirganlar, o‘z xudolariga chorvani qurbon qilganlar, sut va o‘simliklar poyasi hamda ninabargli - “efedra” sharbatini aralashtirib, maxsus ichimlik - xaomani tayyorlaganlar. Jangchi - yo‘lboshchilar jasadi yarog‘-aslahalar, jangovar aravalar va otlar bilan birga qabrga dafn etilgan.

Shuni ta’kidlash joizki, Janubiy Uraldagi arkaimliklarga zamondosh Marg‘iyona - Baqtriya (Gonur, Dashtli) madaniyatiga oid me’moriy rejasi doirasimon va to‘g‘ri burchakli saroylar hamda olov, suv, yer va muqaddas xaomaga bag‘ishlangan ibodatxonalar o‘rganilgan. Qadimgi qabrlarda qurbonlik marosimi bilan bog‘langan holda, qo‘y-echkilar, buzoqlar, ayg‘irlar va katta bir podsho qabri yonida to‘rt g‘ildirakli arava, ikkita tuya va 10 ta xizmatkorlar dafn etilgan.

Arkaim - Sintashta va Marg‘iyona - Baqtriyaning moddiy madaniyati (bronza buyumlari, yarog‘-aslahalari), me’morchilik rejalari, diniy e’tiqodlari va marosimlaridagi bunday o‘xshashliklar, mazkur madaniyatlarning bir-biriga tasodifiy mos kelishi bo‘lmasdan, ehtimol, ular bir vaqtga to‘g‘ri kelgan, shimoliy va janubiy tabiiy-geografik sharoitiga moslashib rivoj topgan qarindosh etnos - qabilalarning taraqqiyoti natijasidir. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, arxeologik belgilar va madaniyat xususiyatlariga ko‘ra, Marg‘iyona - Baqtriyada ham, Janubiy Uralda ham bu qabilalar Old Osiyo, Elam va Eronning shimoli-sharqidan kelib chiqqan aholi guruhlariga o‘xshab ketadi. Bu taxminni ilmiy faraz sifatida qabul qilish mumkin.

Zardushtiylarning diniy falsafasi qarama-qarshi kuchlarning kurashiga asoslangan. Bu kurash xudolar o‘rtasida boshlanib (ezgulik xudosi Axuramazda bilan yovuzlik xudosi Anxro Manyo - Axriman o‘rtasida), tabiatda va insoniyat hayotida ham davom etadi. Tura, danu, x’yaona qabilalari “dayva” - devlarni ulug‘laganlar va Axuramazdani qadrlamaganlar. Shuning uchun ham «Avesto»da ular Zaratushtra tarafdorlarining ashaddiy dushmanlari sifatida yoritilgan.

Biroq zardushtiylik xudolariga sig‘ingan va aksincha sig‘inmagan qabilalar bir-biriga qarindosh aholining vakillari bo‘lganlar.

Axuramazda yaxshilik, yorug‘lik, baxt keltiruvchi, hayot va haqiqat tortiq qiluvchi xudo hisoblangan. Zaratusht­ra bunday xabar qiladi: «Biz Axuramazdani ulug‘laymiz, u chorvani, suvni va o‘simliklarni, yorug‘likni va yerni yaratgan». Axuramazda hayotni va dastlabki olamni yaratuvchi xudo deb faraz qilingan. Anxro Manyo yovuzlik, kasallik, o‘lim va zulmat keltiruvchi xudo hisoblangan.

Aholi joylashgan dunyoni zardushtiylar 7 ta tabiiy qismlarga (qarshvar)larga bo‘lganlar. Bu dunyoning tarixi 12 ming yil davomida rivojlanadi deb faraz qilingan. Zardushtiylar ta’limotiga ko‘ra, dunyo rivojlanishi to‘rt bosqichga bo‘linib, har bir davr 3 ming yildan iborat bo‘lgan.     

Birinchi bosqich - bu ko‘rinmas ma’naviy dunyo; ikkinchisi - hayot va dastlabki yagona Gavmard buqa-odam paydo bo‘lishi davri; uchinchisi - “oltin davr” yoki oriylar afsonaviy qahramonlarning ish-harakatlari davri; to‘rtinchi bosqich payg‘ambar Zaratushtra vafotidan so‘ng boshlangan.

Dunyo tarixining ikkinchi davrida Anxro Manyoning yovuzlik faoliyati boshlangan. U dastlab yagona Gavmardga o‘lim keltirgan. Ammo uning odam tanasidan  erkak va ayol paydo bo‘ladi. Ular insoniyat urug‘ini vujudga keltiradilar. «Avesto» ma’lumotlariga ko‘ra, oriylar ham Gavmard farzandlaridan kelib chiqqan. Shuningdek, Gavmardning buqa tanasidan sigir va buqa, qonidan esa - o‘simliklar vujudga kelgan deb faraz qilingan.

Uchinchi bosqichda - Yima (Jamshid) podsholik qilgan bu «oltin» davrda dunyoda baxtli hayotning rivojlanishi yuqori darajasiga etgan. Dunyo aholisi bir necha marotaba ko‘paygani va keng hududlarni o‘zlashtirib, yoyilgani tufayli inson, qushlar va hayvonlar yashashi uchun sayhon yerlar kamayib borgan. Shu sababli, Axuramazda maslahatiga binoan, Yima har 300, 600  va 900 yil davomida yer chegaralarini va insonlar joylashuvi hududini kengaytirib borgan. Yer yuzida qish, sovuq havo va toshqin suvlar xavfi tahdidiga qarshi, Yima “vara” -  to‘rtburchakli qal’a-makonga asos solgan. Bu qal’ada turli o‘simliklarning o‘sishi, har bir mayda chorva va katta shoxli mol, parranda, it va odamlarning yashashi uchun olov hamda oziq-ovqat zahiralarini saqlash imkoniyatlari yaratilgan.       

Zardushtiylar fikriga ko‘ra, to‘rtinchi bosqichining so‘nggi yillarida “oxirgi zamon” boshlanishi lozim. Xuddi shu zamonda, dunyo va insoniyat taqdirini hal qiluvchi, dunyo hayotini qutqaruvchi Saosh’yant nomli shaxs paydo bo‘ladi. U yerni «eritilgan temir oqimida» tozalab beradi. yovuz kuchlar tarafdorlari, haqiqatga qarshi bo‘lgan va gunohkor yovuz ishlarni amalga oshirgan odamlar butunlay yo‘q qilinadi.

«Avesto»da turli xil ma’lumotlar mavjud: jangchi-qahramonlar haqida afsonalar, baxodirlar o‘rtasidagi janglar, hayot va o‘lim falsafasi, xalq og‘zaki ijodidan kelib chiqqan ertaklar va boshqalar. Misol tariqasida, serjahl jodugar Axt’yo va yosh turonlik Yoyshta haqidagi afsona juda ham qiziqarlidir.

Zardushtiylarning qurbonlik urf-odatlari haqida yasht madhiyalari xabar qiladi. Kitobning 5-bobida (“Ardvisur - yasht”) muqaddas Xara tog‘i etagida oriylarning podshosi Xaosh’yonx, Xukar’yo tog‘ida Yima, Pishin ko‘li qirg‘og‘ida jangchi-qahramon Karasp, Erzif tog‘ida podsho Kavi Usan, Chaychast ko‘li qirg‘oqida Kavi Xaosrov va Frazdan daryosi sohilida Kavi Vishtasp iloha Ardvisura-Anaxitaga yuz otni, mingta qoramolni va sanoqsiz qo‘ylarni qurbon qilib, o‘z dushmanlari ustidan, zulm va qora kuchlar tarafdorlari  ustidan g‘alaba qozonish ilohlaridan madad so‘raganlar. Daryolar ilohasi Ardvisura hamda taqdir va baxt xudosi Ashining yordami bilan ularning janglari, kurashlari g‘alaba bilan yakunlangan.

Zardushtiylarning ta’limotlariga ko‘ra, inson o‘zining ishlari, fikrlari va so‘zlari bilan Anxro Manyoga qarshi bo‘lishi lozim edi. Kim bu dunyoda halol, kamtar va mehnatsevar yashab o‘tsa, u narigi dunyoning jannatida baxtli hayotni kechirishga muyassar bo‘ladi. Yovuz ishlari bilan mashhur bo‘lgan odamlarni do‘zaxdagi zulmat va azob kutib oladi, deb faraz qilingan.

O‘lim - bu yovuzlik ifodasi, kasallik va o‘limni keltiruvchi serjahl xudo - Anxro Manyodir. Vafot etgan odamni maxsus xonada o‘ttiz qadam olovdan, o‘ttiz qadam suvdan va muqaddas o‘simliklardan uzoqlashtirish hamda yaqin qarindoshlardan chetlashtirish lozim edi. Dafn etish marosimi bilan «nasassa» deb ataluvchi maxsus kishilar shug‘ullanganlar (“nasu” - bu o‘lim ifodasi, o‘limni shimoldan uchib kelgan pashsha olib keladi deb faraz qilingan).

Uch kun va uch tun davomida kohinlar hamda vafot etgan odamning qarindoshlari zardushtiylarning maxsus nasihatlarini o‘qib turganlar. Marosimlar davomida ovqatlanish man etilgan. To‘rtinchi kun boshlanishi bilan, marhumning ruhi narigi dunyoga etib borgandan so‘ng, jasadni uydan olib chiqish mumkin bo‘lgan. Zardushtiylarning dafn qonunlariga ko‘ra, jasadni yerga ko‘mish, suvga tashlash, gulxanda kuydirish man qilingan. Shuning uchun ham marhumni zardushtiylar uydan, shahardan, muqaddas olovdan va suvdan chetlashtirib, uni toshli va qumli tepaliklarga yoki boshqa maxsus joylarga olib borib qoldirganlar.

Uy-joydan, olovdan va suvdan uzoqlashgan joylarda tashlab qoldirilgan jasadlarni yirtqich hayvonlar va qushlar yo‘q qilishgan. Yil davomida qor va yomg‘ir suvlari jasad suyaklarini yuvib, ularni quyoshing muqaddas nuri quritib, yana tozalangandan so‘ng, “nasassa”lar zardushtiylarning osmon ostidagi ochiq qabristonlariga kelib, tozalangan suyaklarni yig‘ib olganlar. Faqat shundagina, murakkab dafn marosimidan so‘ng, suyaklarni sopol idishlarda yerga qo‘mish yoki maxsus inshootlardagi tobutchalarda saqlash mumkin edi.

Mil. avv. IX-V asrlarga oid Surxondaryo va Qashqadaryo (Shimoliy Baqtriya va Janubiy Sug‘diyona) vohalaridagi o‘troq aholiga mansub qadimgi qabrlar topilmagan. Bu davrda O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida zardushtiylar urf-odatlariga yaqin dafn etish marosimi tarqalgan. Qashqadaryodagi Sangirtepa, Surxondaryodagi Qiziltepa va Bandixontepa atroflarida qadimgi odamlarning suyagi qoldiqlari topilgan. Shuningdek, bronza davriga oid Sherobod vohasidagi Jarqo‘ton va Bo‘ston yodgorliklarida odam skelet parchalarining sopol idishlarda va yon tomonlari tosh, sopol siniqlari bilan o‘rab olingan o‘ralarda dafn etilishi aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, arxeologik ma’lumotlari ham yuqorida yoritilgan dafn marosimi haqida dalolat beradi. Hozirga qadar arxeologik jihatdan zardushtiylarning ilk dafn marosimlarining izlari Baqtriya va Sug‘d hududlarida aniqlangan, xolos. Shuningdek, Baqtriya hududida olov, suv, er va hossildorlikka sig‘inish odatlari bronza davrida shakllangan. Shu sababli, ba’zi olimlar Zaratushtra o‘z yurtidan Baqtriyaga kelganidan so‘ng mahalliy e’tiqodlar va dafn marosimlari ta’sirida o‘z diniy qarashlarini isloh qilgan, deb yozadilar. Mazkur e’tiqodlar uning ta’limotiga zid kelmagan. 

Zardushtiylar e’tiqodiga ko‘ra, marhumdan ajralgan jon-ruhi Chinvot ko‘prigiga yetib boradi. Chinvot ko‘prigi Xara tog‘ining baland cho‘qqisidan  boshlanib osmonga qaratilgan. Bu ko‘prikning yonida ruhni xudo Mitra va uning yordamchilari Sraosha bilan Rashnu kutib oladilar. Xudo Mitraning qo‘lida adolat bilan sudlash tarozisi bo‘ladi. Tarozida jonning ezgu va yovuz ishlari tortiladi. Ezgulik jonlar uchun Chinvot ko‘prigi kengayib borib, osmonga yo‘lni ochib beradi (jannatga ularni go‘zal pari qiz kuzatib boradi). Agar tarozining yovuz ishlar tomoni og‘ir bo‘lsa, Chinvot yo‘li torayib qoladi, o‘tkir qilich damiga aylanadi. yovuz ruhni jirkanch ajina-kampir er tagiga olib ketadi. Bu joyda u Anxro Manyo zulmatiga uzoq azob umrni ko‘radi.

Zaratushtra ta’limotiga ko‘ra, «oxirgi zamondan» so‘ng o‘lim va «marhumlar podsholigi» butunlay yo‘q bo‘ladi. Olov xudosi Atar tog‘laridagi temirlarni eritib, olovsimon suyuqlikni yoki alangali daryoni yer yuziga qaratadi. «Katta Budaxshin» nomli kitobdagi ma’lumotlarga ko‘ra, har bir inson bu daryodan kechib o‘tishi lozim bo‘ladi. Haqiqatgo‘ylar uchun olov yangi sog‘ilgan sut daryosiga o‘xshab qoladi, gunohkorlarning ichi eritilgan temir bilan to‘ldirilib yong‘inga aylanadi. Gunohkorlar yer yuzidan tamoman g‘oyib bo‘ladilar. Alangali suyuq temir daryosi yer tagiga oqib, do‘zaxni, xudo Anxro Manyoni va zulmatni yo‘q qiladi. Bundan keyin yerda baxtu saodat, adolat va yaxshilik ustunlik qilib, insoniyat kasallikni, qarilikni va o‘limni umuman bilmaydi. Jannat va yerda yashovchilar birlashadilar, yer jannatga aylanadi. Odamlarning munosabatlari, so‘zlari va ishlari tinchlik va baxtlik maqsadi bilan bog‘lanadi.

Zaratushtra nasihatlarida doimiy farog‘atli hayot inson uchun uzoq notanish hayoliy jannatda emas, balki inson uchun yaqin, unga tanish jonli dunyoda mavjud bo‘lishi lozim, degan qarashlar muhim ahamiyat kasb etgan. Bu marraga yetish uchun odamlar juda ko‘p murakkab va jiddiy sinovlardan o‘tishlari kerak.

Zaratushtra birinchi bo‘lib adolatli sud qilish, jannat va do‘zax haqida, insoniyat uchun umumiy oxirgi sinov haqida, hamda haqiqat, bunyodorlik va ezgulikka intilgan insonlar uchun doimiy farog‘atli hayot olami to‘g‘risidagi rasmiy ta’limotga asos solgan.

Asrlar davomida turli xalqlar dunyoda to‘kinchilik, baxt-saodat, farovonlik ustunlik qilgan davr boshlanadi deb umid qilganlar. Bu abadiy mavzu o‘z ahamiyatini hozirda ham yo‘qotmadi. Biroq, kelajakdagi o‘lmas dunyo, baxtli hayot, doimiy adolatlilik haqida qadimgi manbalar ichida “Avesto” birinchi bor e’lon qiladi.

 


Download 192.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling