Poliz ekinlari mevalarining biokimyoviy tarkibi va ularning inson uchun
ahamiyati. Poliz ekinlarining mevalari koʻpgina xalqlar tomonidan sevib iste’mol
qilinadigan mahsulotdir. Bu mevalar yangiligicha iste’mol qilinadi va qayta ishlash
sanoati uchun xom ashyo boʻlib hisoblanadi. Ular nisbatan oson hazm boʻladigan,
shifobaxsh mahsulot boʻlib, mazasi va oziqlik jihatidan boshqa mevalardan
qolishmaydi.
Poliz mevalarini iste’mol qilishning yillik me’yorlari tuproq-iqlim sharoitlari,
aholining urf-odatlariga qarab oʻzgaradi. Qovun, tarvuzlar avvalo chanqoqni bosadigan
mahsulot tariqasida sevib iste’mol qilinadi. Shuning uchun ham ular issiq iqlimli
mamlakatlarda koʻp ishlatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ovqatlanish instituti
Markaziy Osiyo xususiyatlarini hisobga olib, odamning har kuni 270 g.dan poliz
mevalari, jumladan 100 g tarvuz, 150 g qovun va 20 g qovoq iste’mol qilib turishini
tavsiya etadi. Bunda yillik iste’mol me’yori aholining jon boshiga hammasi boʻlib 98
kg, jumladan 36,5 kg tarvuz, 54,5 kg qovun va 7 kg qovoqni tashkil etishi kerak.
Ma’lumki, poliz ekinlarining mevalari birinchi darajada muhim boʻlib
hisoblanadigan mahsulotlar jumlasiga kirmaydi, chunki ularda oqsil va yogʻ moddalari
kam va suv koʻp boʻlganligi tufayli, bu mevalarning energetik qiymati katta emas.
Mevaning 100 g iste’mol qilinadigan qismi hisobidan olganda energetik qiymati
tarvuzda 38 kkal yoki 159 kJ ni, qovunda 39 kkal yoki 164 kJ ni, qovoqda 29 kkal yoki
121 kJ ni tashkil etadi.
Poliz ekinlari mevalarining oziqalik qiymati avvalo ularda asosan inson organizmi
tomonidan oson oʻzlashtiriladigan karbon suvlar miqdorining koʻpligi bilan belgilanadi.
Tarvuzda mevalarining eng koʻp shira tortishi eti hammadan koʻp rang olganidan
keyin boshlanadi. Qovun mevalarining juda shirin boʻlishi tarkibida glyukoza bilan
saxaroza kamroq boʻlgani holda fruktoza koʻp boʻlishiga bogʻliq.
Qovoq mevalari tarkibidagi uglevodlar asosan polisaxaridlardan iborat. Qovoqda
monosaxaridlar bilan disaxaridlar xuddi qovundagidek nisbatda boʻlsa ham, lekin
miqdori kamroqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |