1-mavzu: Xorijiy investitsiyalarning mazmun-mohiyati va tasniflanishi
Download 3.09 Mb.
|
xorijiy investitsiya maruza (2)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Erkin iqtisodiy hududlar
- 5-mavzu: Xorijiy investitsiyalarning xalqaro harakatini tartibga solish 5.1. Xorijiy investitsiyalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish.
- 5.1. Xorijiy investitsiyalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish.
- Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagi yo’llar bilan amalga oshiriladi
- Soliq imtiyozlari quyidagi shakllarda qo’llaniladi
Tarkibiy siyosat —- bu tarkibiy o'zgarishlarning maqsadlari va xususiyatlarini asoslab berish, iqtisodiy o'sishni hamda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishni ta'minlaydigan iqtisodiy tizimning tarkibiy qismlarini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Erkin iqtisodiy hududlar —- mintaqani jadal ijtimoiy — iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan ma’muriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti bo’lgan maxsus ajratilgan hududdir. 5-mavzu: Xorijiy investitsiyalarning xalqaro harakatini tartibga solish 5.1. Xorijiy investitsiyalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish. 5.2. O’zbekistonda investitsiya faoliyatini tartibga solish vositalari. 5.3. Xorijiy investitsiyalarni kafolatlovchi va tartibga soluvchi maxsus xalqaro tashkilotlar. 5.1. Xorijiy investitsiyalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish. Iqtisodiyotning globallashuvi sharoitida investitsiya faoliyatini tartibga solish investitsiya kapitalini bizning mamlakatimizga eksport qiladigan mamlakatlarning amaldagi qonunlarini, investitsiya muhitini hisobga olgan holda takomillashtirish talab etiladi. O’z-o’zidan ma’lumki, o’z kapitalini bizning iqtisodiyotimiz bilan bog’lashga qaror qilgan xorijiy investorlarning potentsial, qo’shimcha risklarini har tomonlama baholash talab etiladi. O’zbekistonda olib borilayotgan investitsiya siyosati natijasining qanday borishi mamlakatdagi investitsion faoliyatning rivojlanish holati bilan belgilanadi. Shu sababli, odatda, har qanday investitsiya siyosatining maqsadi mavjud investitsiya faoliyatining rivojlanish istiqboliga qaratiladi. Bu maqsad o’zida davlatning investitsiya faoliyatini muntazam ravishda tartibga solish vazifasini ham mujassam etadi. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagi yo’llar bilan amalga oshiriladi: - investitsiya faoliyatining qonunchilik negizini takomillashtirish; - soliq to’lovchilar va soliq solish ob’ektlarini, soliq stavkalari va ularga doir imtiyozlarni tabaqalashtiruvchi soliq tizimini qo’llash; - asosiy fondlarni jadal amortizatsiya qilish; - normalar, qoidalar va standartlarni belgilash; - monopoliyaga qarshi choralarni qo’llash; - kredit siyosati va narx belgilash siyosatini o’tkazish; - erga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlarini belgilash; - investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish mexanizmlarini belgilash; O’zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringini yuritish. O’zbekistonda investitsiya faoliyatini tartibga solish, birinchi navbatda, barcha xo’jalik yuritish bosqichlarida jamg’armalar o’sishi sur’atlarini rag’batlantirish va iste’mol darajasini pasaytirishga yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Bunga, fikrimizcha, iqtisodiyotdagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlardan, xorijiy investorlardan undiriladigan soliqlarning tartibga soluvchilik amal qilishini kuchaytirish orqali ta’minlash mumkin. Investitsiya faoliyatini tartibga solish tizimi doirasida soliqlarning rag’batlantiruvchi funktsiyalarini kuchaytirish investitsiyalarni moliyalashtirishda bozor mexanizmlari rolini kengaytirishga olib keladi. Fikrimizcha, xorijiy investorlarni ishlab chiqarish quvvatlarini o’zlashtirgunlariga qadar barcha ko’rinishdagi bojxona to’lovlari, soliqlar, yig’imlardan ozod qilish maqsadga muvofiqdir. Har bir aniq sharoitda imtiyozli soliqqa tortish rejimini ishlab chiqarish quvvatlarini to’liq o’zlashtirgandan keyin amalga oshirish foydalidir. Respublikada investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish texnologiyalarini sotib olish, global ilmlarni egallash, soliqlarning tartiblovchi rolini takomillashtirish, ularning rag’batlantiruvchilik rolini kuchaytirishga qaratilishi lozim. Bunda asosiy vazifa – chet ellik hamkorlarga kapital qo’yishda eng samarali yo’nalishlarni taklif etishdan, o’zaro manfaatlar sohalarini belgilashdan, investorlarga kafolatlar va ularning huquqlarini himoya qilishdan iborat. Investitsiya faoliyatini tartibga solish, huquqiy nuqtai nazaridan, turli mulkdorlar o’rtasida moddiy va nomoddiy aktivlarni takror ishlab chiqarish xususidagi o’ziga xos, murakkab, ijtimoiy zarur iqtisodiy (investitsiya) munosabatlarini shakllantirish me’yorlarini nazarda tutadi. Investitsiya jarayonining barcha sub’ektlari – chet ellik investorlardan boshlab, davlat, yuridik va jismoniy, shu jumladan chet ellik shaxslar (rezidentlar va norezidentlar)gacha bu munosabatlarning ishtirokchilariga aylanadilar. Huquq nuqtai nazardan chet el investitsiyalari boshqa davlat hududida kapitalga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish bilan bog’liq. Iqtisodiy nuqtai nazardan esa ularning hududiy, zamon va makondagi xarakati shakllari foyda olish maqsadida ko’pdan-ko’p qo’shimcha risklar bilan to’qnashish ehtimoliga ega bo’ladi. Investitsiya munosabatlarining mohiyati bu faoliyat ishtirokchilari doirasida va darajasida o’z ifodasini topadi. Investitsiya faoliyati rivojlanishining ob’ektiv sharoitlarini aks ettiradigan alohida investitsiya munosabatlarining mavjudligi tartibga solishning mustaqil predmeti bo’lishini taqozo qiladi. Huquq nuqtai nazaridan investitsiya faoliyatini tartibga solish umumiy huquqiy va xususiy huquqiy tartibga solish me’yorlarini qamrab oladi. Bu me’yorlarning birligi ijtimoiy va alohida investitsiya munosabatlarining xarakteri va mohiyatini ifoda etadi va ularni tartibga solish usuliga aylanadi. Tartibga solish usullari huquq me’yorlarining ham alohida, ham ijtimoiy zarur investitsiya munosabatlari xarakteriga o’ziga xos tarzda ta’sir ko’rsatish yo’llaridan iborat. O’zbekistonda investitsiya faoliyatini tartibga solishda O’zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to’g’risida”, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”, “Investitsiya faoliyati to’g’risida”gi qonunlari va boshqa qonun hujjatlari huquqiy asos bo’lib xizmat qiladi. Respublikada investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish birinchi navbatda davlatning iqtisodiy, ilmiy – texnikaviy va ijtimoiy siyosatini amalga oshirish maqsadlarini ko’zlaydi. Kapitalning mamlakatlararo ko’chib yurishi kengaygan sharoitlarda investitsiya faoliyati, bir tomondan, milliy, ikkinchi tomondan, xalqaro investitsiya munosabatlarini milliy va xalqaro huquq tizimi asosida tartibga solish yo’li bilan amalga oshirilishini talab etadi. Investitsiya faoliyatini tartibga solishdagi xalqaro tajribalarni hisobga olish, chet el investorlariga investitsiyalashning barcha turlari va shakllarida milliy tartibotni berish yanada qulay investitsiya muhitini yaratadi va chet el investitsiyalarining kirib kelishini tezlashtiradi. Investitsiya munosabatlarini davlat tomonidan tartibga solinishi huquqiy sharoitlar yaratish, ushbu faoliyatni yuritish uchun kafolatlar berish, bu faoliyat sub’ektlarini sug’urtalash va boshqa vositalar orqali ijtimoiy yoki davlat manfaatlarini amalga oshirish yo’lida tashkil etiladi. Hozirgi davrda investitsiya munosabatlari kapitallarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish borasidagi munosabatlarni qamrab oladi va nafaqat milliy iqtisodiyot doirasida, balki xalqaro iqtisodiyot darajasida resurslarni taqsimlash, qayta taqsimlash jarayonlarini aks ettiradi. Bozor munosabatlariga o’tish sharoitlarida investitsiya munosabatlarida ham davlatning, ham o’z manfaatlarini amalga oshiradigan sub’ektlar ishtirok etishi sababli ular mulkchilik xususidagi munosabatlar majmuidan iborat bo’ladi. Xalqaro investitsiya munosabatlari ayrim mamlakatlar, korporatsiyalar, kompaniyalar, xalqaro moliya va kredit muassasalari, yakka investorlar va shu kabilar manfaatlarining ro’yobga chiqishini ifoda etadi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish va chet el investitsiyalarini jalb qilishning kengayib borishi darajasiga qarab investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish TTXIni yangi loyihalarga va qo’shma korxonalarga jalb etishga qaratilishi lozim. Shuningdek, tartibga solish xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining katta qismini investitsiya faoliyatiga jalb qilishni ham nazarda tutadi. Bunda chet el investitsiyalari, shu jumladan to’g’ridan-to’g’ri xususiy sarmoyalar oqib kirishini rag’batlantirish, shuningdek milliy iqtisodiyot sub’ektlarining bu faoliyatda ishtirok etishini taqdirlash muhim o’rinda turadi. Shunday qilib tartibga solishning vazifasi, bir tomondan, TTXI oqimini oshirishdan, ikkinchi tomondan, milliy iqtisodiyotdagi xususiy mulkchilik sub’ektlarining qo’yilmalarini kengaytirishdan iborat bo’ladi. Ma’lumki, investitsiya faoliyati kapital, tadbirkorlik, moliya, innovatsiya, ijtimoiy, iste’mol va boshqa investitsiyalarning hamma turlari bilan bog’liq bo’lib, odatda, soliqlarning fiskal (xazinani to’ldirish) va tartibga solish funktsiyalaridan foydalanish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bu faoliyat, shuningdek, amortizatsiya siyosatini, dotatsiyalar, subsidiyalar tizimini, kredit, narx siyosatini, davlat kafolatlari tizimini, imtiyozlar yaratishni, chet el investorlarining huquqlarini himoya qilishni va boshqalarni ham qamrab oladi. Davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun turli darajadagi byudjetlarga zarur mablag’lar tushumlarini ta’minlashga qaratilgan fiskal vazifaning bajarilishi, milliy iqtisodiyotning rivojlanish darajasiga bog’liq. Tartibga solish funktsiyasini ishlatilishi davlatning takror ishlab chiqarish jarayonida ayrim tarmoqlarga investitsiyalar oqimlarini boshqarishi bilan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, iqtisodiyotning turli sohalarida kapital jamg’arilishi jarayonlarini kuchaytirish yoki susaytirish, aholining to’lovga qobil talabini kengaytirish yoki qisqartirish yo’llari bilan tartibga solish funktsiyasi foydalaniladi. Soliqlarni tartibga solish makroiqtisodiy jarayon va proportsiyalarga ta’sir etishiga qaratiladi. Soliqqa tortishda imtiyozlar, asosan, mikroiqtisodiyotga qaratilgan va iqtisodiy sub’ektlar manfaatlarini hisobga oladi. Yuqorida ko’rib o’tgan funktsiyalar soliq stavkalari miqdorini o’zgartirish, imtiyozlar va sanktsiyalar (jazo choralari) qo’llash, soliq kreditlari berish, to’lov muddatlarini kechiktirish va boshqa yo’llar bilan amalga oshiriladi. Jahondagi ko’pgina mamlakatlarda soliqlarning investitsiya faoliyatini rag’batlantirishga qaratilgan tartibga solish funktsiyasidan samarali foydalaniladi. Masalan, Yaponiya, Tayvan, Janubiy Koreyada o’tish davrida soliq protektsionizmidan unumli foydalanilgan. AQShda “buyuk depressiya”ni bartaraf etish davrida ham xuddi shunday bo’lgan. G’arb mamlakatlarida soliq imtiyozlari, birinchi navbatda investitsiyalar va ilmiy texnika faoliyatini rag’batlantirish, shuningdek ayrim tarmoqlar va mintaqalarni rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash uchun joriy qilinadi. Ularning yordamida ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiyalash, texnika bilan qayta jihozlash uchun sharoitlar yaratiladi. Investitsiya, ilmiy-texnika faoliyatini, tadbirkorlikni butun mamlakat doirasida, mintaqa miqyosida va ayrim faoliyat sohalari bo’yicha rag’batlantirishga yo’naltirilgan soliq imtiyozlari eng barqaror imtiyozlar hisoblanadi. Soliq imtiyozlari quyidagi shakllarda qo’llaniladi: foyda solig’idan chegirma tarzida beriladigan soliq krediti; foyda solig’i bazasini kamaytirish chegirmalari; soliqdan butunlay ozod qilish yoki pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash; jadallashtirilgan amortizatsiyani qo’llash. Jadallashtirilgan amortizatsiyada soliqqa tortish tizimi o’zgarishsiz qoladi, lekin soliqqa tortiladigan foyda kamaytiriladi (uning bir qismi soliqqa tortilmaydigan xarajatlarga o’tkaziladi). Ko’pchilik iqtisodchilar soliq imtiyozlariga qarshi chiqishadi. Ularning fikricha, soliq imtiyozlari resurslarni samarali taqsimotini ta’minlamaydi, suiste’molliklarni keltirib chiqaradi, soliq tizimining deformatsiyasini yuzaga keltiradi va soliqqa tortish tizimini o’zgartirishda qiyinchiliklarga olib keladi. Bizning fikrimizcha, investitsiyalarning mamlakatlar bo’ylab ko’chishi kengaygan sharoitlarda, soliq kreditidan, imtiyoz va rag’bat omillaridan foydalanish, aksincha, investitsiya faoliyatini samarali tartibga solishga imkoniyat yaratadi. Chet el investitsiyalarining kirishini rag’batlantirish maqsadlarida hamda chet el kapitaliga o’sib borayotgan talabni hisobga olgan holda, bizning nazarimizda, qarz oluvchi tomon o’zining soliq siyosatini shunday qayta qurishi kerakki, natijada bu siyosat boshqa mamlakatlar uchun intiladigan sharoitga aylansin. O’zbekistonda soliq imtiyozlarini qo’llash, soliqqa tortish stavkalarini kamaytirish, soliqqa tortish bazasini pasaytirish va soliqdan butunlay ozod qilish kabi shakllari qo’llaniladi. Respublikada foyda solig’i bo’yicha ko’proq tarqalgan imtiyoz – bu foydaning soliqqa tortiladigan bazasini ozod qilish, qisman ozod qilish va kamaytirishdir. Respublikamizda investitsiya faoliyatini tartibga solish amaliyotida qo’llanilayotgan soliq imtiyozlari va rag’batlantirish omillari tizimi mustaqillik yillarida kengaytirilib, takomillashtirilib borildi. Qo’llanilayotgan imtiyozlarning amal qilish mexanizmlari investitsiyalarni rag’batlantirish, ijtimoiy sohani qo’llab-quvvatlash, chet el investitsiyalari oqimini ko’paytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, respublikaning soliq solish tizimida (bu tizimda bilvosita-egri soliqlar ko’proq o’rinni egallaydi) stavkalar, imtiyozlar, soliqqa tortish ob’ektlarida barqarorlik yo’q. Asosiy kapitalni shakllantirishda qo’shilgan qiymat solig’ini hisobga olishda, ikki tomonlama va undan ortiq soliqqa tortish muammolari mavjud. Bu tizimda investitsiyalar bo’yicha soliq kreditlarining turli shakllaridan foydalanish etarli ravishda rivojlantirilmagan edi. Investitsiya faoliyatini tartibga solishda eng muhim va asosiy muammolardan biri chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni respublika mintaqalari bo’ylab bir tekis joylashtirishdir. Alohida diqqat va e’tiborni jalb qiladigan muammo respublika hudud va tumanlarini rivojlanishidagi notekislikni qisqartirish masalasidir. Bu TTChI va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni mamlakat mintaqalari bo’ylab joylashtirishga yo’naltirilgan rag’batlantiruvchi tadbirlarni talab qiladi. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish texnologiyalarini, global bilimlarni olish, soliqlarning tartibga solish rolini takomillashtirish, rag’batlantiruvchilik rolini kuchaytirishga qaratilgan bo’lishi lozim. Bundagi asosiy vazifa – chet ellik sheriklarga kapital qo’yishning samarali yo’nalishlarini taklif qilishdan, o’zaro manfaatli sohalarni belgilashdan, ular ishonchini qozonishdan, investorlar huquqlari kafolatlari va ularni himoya qilishning real mexanizmlarini amalga oshirishdan iborat. Ommaviy-huquqiy va xususiy-huquqiy me’yorlardan foydalanishga asoslangan investitsiya faoliyatini tartiblash usullari milliy va xalqaro huquq tizimlarini uyg’unlashtirilishi asosida amalga oshirilishi talab etiladi. To’laqonli bozorda investitsiya munosabatlari davlat tomonidan o’rnatilgan me’yor va qoidalar doirasida muayyan mulkdorlarning xususiy manfaatlarini teng va kafolatlangan shartlar asosida amalga oshirilishini ta’minlaydi. Xalqaro investitsiya munosabatlari, ichki mamlakat munosabatlaridan farqli o’laroq ayrim mamlakatlar, korporatsiyalar, kompaniyalar, moliya va kredit muassasalari va muayyan investorlar manfaatlarini aks ettiradi. O’zbekistonga chet el sarmoyalar oqimi kengayishi munosabati bilan, investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy vazifasi ommaviy va xususiy manfaatlar, xorijiy mamlakatlar, kompaniyalar, muayyan investorlar manfaatlarini samarali nisbatini belgilash hisoblanadi. Iqtisodiyot erkinlasha borgani sari, investitsiya faoliyatini davlat tartiblashi ko’proq xususiy tadbirkorlik sohiblari va iqtisodning aralash sektorlarini investitsiya faoliyatiga kengroq jalb etilishiga va bu borada ularni rag’batlantirishga qaratiladi. Xulosa kilib aytganda, investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solinishi huquqiy sharoitlar yaratish, ushbu faoliyatni yuritish uchun kafolatlar berish, bu faoliyat sub’ektlarini sug’urtalash va boshqa vositalar orqali ijtimoiy yoki davlat manfaatlarini amalga oshirish yo’lida tashkil etiladi, shuningdek investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, birinchi navbatda, davlatning iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy siyosatini amalga oshirish maqsadlarini ko’zlaydi. Download 3.09 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling