24-rasm. Jag’li maydalagichning harakat tartibi (a) va umumiy ko`rinishi (b):
1 – qo`zg’almas jag’; 2 – qo`zg’aluvchan jag’; 3 - ekssentrik val; 4 - shatun; 5 - old raspor plitasi; 6 - ortgi raspor plitasi; 7 - tyaga; 8 - prujina; 9 – moslovchi pona; 10 – maxovik.
Maydalagichga tushadigan eng katta ruda bo`lagining maksimal o`lchami qabul qiluvchi tuynuk enidan 15-20% kamroq bo`lishi kerak. Maydalagichning L/B nisbati 1,3-1,5 (SHDS – 1 turi uchun) qabul qilinadi. L/B nisbati katta bo`lgan (SHDS – P turidagi) maydalagichlar ham ishlab chiqariladi.
Maydalangan mahsulotning o`lchami bo`shatuvchi tuynukning eni b ga bog’liq bo`lib, u qoplovchi plitalarning pastki uchlari orasidagi masofaga teng, b = e + S (25-rasm).
Maydalagichning bo`shatuvchi tuynugining eni maxsus mexanizm bilan tartibga solinadi.
Jag’li maydalagichlarning texnologik parametrlari
Mexanik tartibda ishlovchi jag’li maydalagichlarning asosiy texnologik parametrlariga quyidagilar kiradi: qamrash burchagi α; qo`zg’aluvchi jag’ 5 ning qadami; ishchi valning aylanish chastotasi; unumdorlik; elektr dvigatelning quvvati.
Qamrash burchagi α qo`zg’almas va qo`zg’aluvchi jag’lar (ular yaqinlashgan holatida) orasidagi burchakdir (25-rasm).
Maydalagichning bo`shatish tuynugining eni o`zgarishi bilan qamrash burchagi o`zgaradi. Ushbu burchak bilan maydalanish darajasi va maydalagichning unumdorligi aniqlanadi. Maydalagichning bo`shatish tuynugining eni oshishi bilan qamrash burchagi kamayadi. Bu esa maydalanish darajasining kamayishiga va maydalagichning ish unumdorligining oshishiga olib keladi. Aksincha, qamrash burchagining ortishi bilan maydalagichning bo`shatish tuynugining eni kichiklashganda maydalanish darajasi ortadi, maydalagichning ish unumdorligi esa kamayadi.
Maydalanish darajasini oshirish va maydalagichga katta o`lchamdagi ruda bo`laklarini yuborish uchun qamrash burchagini oshirish zarur. Ruda bo`laklari maydalagichdan sirg’alib chiqib ketmaydigan va maydalagichning ish tartibi buzilmaydigan holdagi maksimal qamrash burchagi maydalanuvchi mahsulot va maydalovchi ishchi plita orasidagi ishqalanish koeffitsienti bilan aniqlanadi. Ruxsat etilgan qamrash burchagi unga o`zaro ta`sir qilayotgan kuchlar bilan aniqlanadi (25-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |