1. Samarqand vohasining eng qadimgi va qadim davri. Samarqandning vujudga kelishi va Sug‘dda ilk shahar markazlari
Download 41.52 Kb.
|
1-ma`ruza777
- Bu sahifa navigatsiya:
- 4.Makedoniyalik Aleksandrning Samarqandga yurishi.
1-MAVZU: KIRISH. FANNING MAQSADI VA VAZIFALARI. SAMARQANDNING JAHON SIVILIZATSIYASIDA TUTGAN O`RNI. 1.Samarqand vohasining eng qadimgi va qadim davri. 2.Samarqandning vujudga kelishi va Sug‘dda ilk shahar markazlari. 3.Samarqand to‘g‘risida yunon-rim tarixchilari asarlaridagi ma’lumotlar tavsifi. 4.Makedoniyalik Aleksandrning Samarqandga yurishi. Jahonda insoniyat tarixi hech qachon bir tekisda rivojlanmagan. Odamzod tabiatdagi barcha mavjudotlar kabi ibtidoiylikdan asta-sekin rivojlanib borgan. Ularning mehnat qurollari va u bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyati, ongi, dunyoqarashi o‘zgarib borgan. Dastlab inson tabiatdagi tayyor mahsulotlar – yovvoyi daraxtlarning mevalari va boshqa jonivorlar, yirik yovvoyi hayvonlar go‘shtlarini istemol qilib yashagan bo‘lsa, keyinroq tabiat sirlarini o‘rgandi, tabiatda bor ne’matlardan unumli foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini bilib oldi. Odamlar hozirgi zamon holatiga, jamiyatning yuksak rivojlanish darajasiga yetib keldi. Dunyodagi barcha xalqlar kabi Samarqand vohasining ham eng qadimgi o‘tmishi shunday rivojlanishni boshdan kechirgan. Samarqand shahri hududi va uning atrof tumanlari, juda qadimgi zamonlardan inson ajdodining makoni bo‘lib kelgan. Samarqand vohasida odamzod avlodlari o‘rta paleolit, ibtidoiy to‘da davrining ilk bosqichidan boshlab yashab kelgan. Demak 100-40 ming yillar oldin bu voha odamzod tomonidan o‘zlashtirilgan. Zarafshon havzasi hududida ajdodlarimizning bir necha ming yilliklarga teng, boy tarixi mavjud. Bu hududda azaldan jahon madaniyati durdonalari bo‘lib kelgan yirik markaziy shaharlar shakllangan. Samarqand insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy shahri va markazlaridan biri bo‘lib, jahon madaniyati, san’ati va fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan shaharlardan sanaladi. Samarqand o‘zining qariyb uch ming yil tarixi jarayonida o‘z boshidan turli tarixiy jarayonlarni kechirdi. Shunga qaramay Samarqand ajdodlarimiz yaratgan merosini, fan va madaniyatimizning ibratli jihatlarini avlodlarga avaylab yetkazib kelmoqda. Samarqand vohasi Zarafshon vodiysining o‘rta qismini tashkil qilgan holda Samarqand botig‘ida joylashgan. Shimoldan G‘ubdintog‘ – Oqtog‘, Qoratog‘, janubdan Qoratepa – Zirabuloq – Ziyovuddin kabi uncha katta bo‘lmagan tog‘lar bilan o‘rab olingan va vodiyning bu vohasi 50 km gacha kenglikni tashkil qiladi. Vohaning yer yuzi tekis, uni Zarafshon daryosi va vaqtincha oqarsoylar kesib parchalagan, ba’zi joylarida chuqur soylar va jarliklar hosil qilgan. Bu yerda neogen davrida dengiz bo‘lgan. Dengiz cho‘kindisi qoldiqlari bilan bog‘liq joylarni vohaning ko‘pgina joylarida hozirda ham kuzatish mumkin. Cho‘ponota yassi tog‘ massivi ana shunday yodgorliklardan biri sanaladi. Vohada ko‘p yillar davomida bajarilgan arxeologik ilmiy tadqiqot ishlari natijalari bu yerda ham O‘rta Osiyo va boshqa mintaqalardagidek odamzod ibtidoiy jamiyat tuzumining barcha taraqqiyot bosqichlarini boshdan o‘tkazganligini tasdiqlaydi. Shahar bilan bog‘liq voha tarixining eng qadimgi davrlarini o‘rganishda D.N.Lev, A.Asqarov, M.Djuraqulov, N.Avanesova, N.Tashkenbayev, N.Xolmatov, R.Sulaymanov kabi arxeologlarimizning xizmatlari beqiyosdir. Samarqand bilan bog‘liq voha ibtidoiy davr tarixi jahonning boshqa mintaqalari singari uch taraqqiyot bosqichidan iborat bo‘lgan: uning eng qadimgisi – ibtidoiy to‘da bo‘lib yashash davri bo‘lsa, ikkinchi bosqichi urug‘-jamoa bo‘lib yashash davridir. Urug‘-jamoa davri o‘z navbatida ikki taraqqiyot bosqichidan – ona urug‘ jamoasi (matriarxat) va ota urug‘ jamoasi – patriarxat tuzumlari davrlaridan iborat bo‘lgan. Vohada ibtidoiy to‘da davri 500-50 minginchi yillarni o‘z ichiga olgan. Bu davrga doir qator yodgorliklar – Urgut tog‘ining Omonqo‘ton, Takalisoy, Go‘rdara g‘orlaridan O‘rta Zarafshon havzasining Zirabuloq, Qo‘tirbuloq va boshqa joylarda ham topilgan. To‘dada odamlar muayyan bir joyda, turli ozuqabop narsalarga, hayvonot dunyosi boy ekologik burchaklarda yashaganlar. Omonqo‘ton g‘or makoni uchta, Qo‘tirbuloq makoni beshta madaniy qatlamdan iborat bo‘lgan. Ular bu davrda nafaqat tabiiy g‘orlarda, shuningdeq, chashma atroflari va daryo qirg‘oqlarida kulbalar qurib yashaganlar. Bu davrda O‘rta Osiyo, shuningdek, Samarqand vohasiga ham abadiy muzliklarning ta’siri katta bo‘lgan. For makonlaridan tashqarida yashagan to‘dalar daraxt shox-shabbalari, qamish, hayvon terisidan foydalanib, kulbalar qurishni o‘zlashtirganlar. Har bir kulba bir to‘da a’zolarining makoni bo‘lgan. Urgut, Qoratepa, Ingichka tog‘ tizmalarida 200 dan ko‘proq g‘orlar borligi aniqlangan. Biroq, ibtidoiy davr yashash talablariga javob beradigan uchta – Omonqo‘ton, Takalisoy, Go‘rdara g‘orlaridan odamlar makon sifatida foydalanganliklari ma’lum. Samarqand vohasi turli hayvonot va mevali o‘simlik dunyosiga boy bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, ular fil, ot, buqa, ayiq, cho‘chqa, bug‘u, tog‘ qo‘yi, bo‘ri, tulki, jayron kabi jonivorlarni ov qilganlar. Bu davrda ibtidoiy diniy tasavvurlarning paydo bo‘lishini kuzatish mumkin. Dastlab jonga, ruhga, hayvon zotlariga, buyumlarga, olovga hamda ayrim o‘simliklarga, quyoshga, oyga, ayrim sayyoralarga, shamolga sig‘inish alomatlari vujudga keladi. Ibtidoiy urug‘ jamoalariga taalluqli yodgorliklar – Samarqand shahrining sobiq kashshoflar binosi atrofidan, Siyobcha arig‘ining o‘ng qirg‘og‘idan, Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil qishlog‘i atrofidan, Qoratepa-Sazag‘on tog‘i shimoli-sharqiy massivlaridan 30 dan ortiq manzilgohlar, Darg‘om kanali atrofidan, Urgut tog‘ining Ilonsoy darasidan va boshqa joylardan topilgan. Bu esa, urug‘-jamoalar vohaning deyarli barcha ma’qul ekologik burchaklarini keng doirada o‘zlashtirib yashaganligidan guvohlik beradi. Urug‘ jamoasiga tegishli manbalarga eng boy makonlardan biri Samarqand shahridan oqib o‘tadigan eski Siyobcha arig‘ining o‘ng sohilida joylashgan Samarqand so‘nggi paleolit davri makoni hisoblanadi. Makonni o‘rganish ishlari 1958 yildan 1972 yillargacha davom ettirildi, 1967 yilgacha arxeologik ishlarga D.N.Lev rahbarlik qilgan bo‘lsa, 1967 yildan 1972 yilgacha – M.D.Djuraqulov boshchilik qiladi. 1967 yilda Samarqand makonining quyi madaniy qatlamini radiokarbon usuli yordamida davrlashtirish ishlari amalga oshirilgan (O‘zbekistonda birinchi marotaba) va u 38 mingyillik sanani bergan. Ushbu radiokarbon sana D.N.Lev tomonidan tosh buyumlar kolleksiyasini tahlil qilish asosida nisbiy davrlashtirish hamda geolog A.A.Yurevning (u tomonidan Chashmasiyobning less yotqiziqlari Yalangdasht yarusiga oid deb topilgan edi va bu yuqori pleystotsen davriga to‘g‘ri keladi) ma’lumotlariga mos keladi. 1962 yilda makondan odamning tishi, yelka suyagi bo‘lagi va 9 ta tishli pastki jag‘ning bir qismi topilgan. V.V.Ginzburgning aniqlashicha, suyak qoldiqlari, 25 yoshlardagi kramanion ayolga tegishlidir. 1966 yilda bu yerdan 10 ta yaxshi saqlangan tishlarga ega pastki jag‘ topildi. V.Y.Zezenkovaning aniqlashicha, u birinchi topilgan jag‘ga o‘xshash va 35 yoshlardagi erkak kishiga tegishli. Tish apparatining odontologik tahlili ularning Homo sapiens ga tegishli ekanligini tasdiqladi. Samarqand makoni yuqori paleolitning asosiy yodgorligi hisoblanadi, negaki, bu yerda boy tosh buyumlar kolleksiyasi mavjud va nisbatan aniq stratigrafiya kuzatiladi. Samarqand makonidan 10 mingdan ziyod toshdan ishlangan ashyolar, aksariyati mehnat qurollari, paleontologik va antropologik topilmalar qo‘lga kiritilgan. Mehnat qurollarining yasalishi o‘sha davr mahoratli ustalarining qo‘llagan texnik-texnologik asosda yasalganligidan guvohlik berib, bu qo‘llangan texnik madaniyat butun O‘rta Osiyo miqyosida etalon – namuna bo‘lganligi fanda tan olingan. Makondan bu davrga oid odam qoldiqlarining topilishi alohida ilmiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu makon 3 ta madaniy qatlamga ega yodgorlik sanaladi. Samarqand makonida kamida 3 ta urug‘ jamoasi qo‘shni bo‘lib yashaganlar. Kulba uchun foydalanilgan ustun va o‘choq qoldiqlarining mavjudligiga qaraganda, ularning har biri o‘z kulbalarida 30-45 kishi hayot kechirgan. Har bir kulba o‘rtasida urug‘ jamoasi «o‘chmas» muqaddas olovli o‘chog‘i bo‘lib, shuningdek, uning atrofida har bir juft oilaning ham o‘z o‘chog‘i bo‘lgan. Makondan topilgan qizil tabiiy bo‘yoqlarning mavjudligiga qaraganda, ular bu bo‘yoqlarni hayvon yog‘i bilan aralashtirib ishlov berib, olovda toblab, o‘zlarining yuzlarini, badanlarini, mehnat qurollarini bo‘yashda foydalanganlar. Ayollar uy ishlari va bola tarbiyasidan tashqari ozuqabop narsalar topishga, terimchilik ishlariga qatnashganlar, hayvon terilariga ishlov berib, ulardan kiyim-kechaklar tikishganlar. Paleobotanika va paleozoologiya fanlarining, shuningdek, arxeologik manbalarning o‘rganilishiga qaraganda, o‘sha zamonlarda makon atrofi turli mevali to‘qayzorlar va o‘rmonlardan iborat bo‘lib, hayvonot olamiga boy bo‘lgan. Samarqand makonidan o‘rta yoshlarga taluqli ikkita ayol kishiga tegishli odamlarning jag‘, boldir suyaklarining topilishi fan uchun juda ahamiyatli manba hisoblanadi. Samarqand makonida yashagan urug‘-jamoalar tanho yashamaganlar. Masalan, bu jamoalarning madaniyat izlari shaharga qarashli g‘isht zavodi atrofidan, Dahbed ko‘chasidan, Registon maydonining turli joylaridan, Afrosiyob shaharchasi hududidan topilganligiga qaraganda, bu atrofda kamida 6-8 ona urug‘i jamoalari keng doiradagi joylarni o‘zlashtirib yashaganlaridan guvohlik beradi. Samarqandning qadimgi hududida 10-12 ta urug‘-jamoalari bir-birlari bilan yaqin va qizg‘in aloqadorlikda yashaganlar. Samarqand makoni aholisi san’at bilan ham tanish bo‘lganlar. Makondan dengiz chig‘anog‘idan, hayvon suyagidan yasalgan marjonlarning topilishi bundan guvohlik beradi. Bu yerdan topilgan dengiz chig‘anoqlarining asl vatani Hind okeani va Qizil dengiz ko‘rfazlari bo‘lib, Samarqand urug‘-jamoalari uzoq-yaqindagi qo‘ni-qo‘shni ibtidoiy jamoalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni qizg‘in olib borganligini ko‘rsatadi. Samarqand urug‘-jamoalarining qurol ishlab chiqarishdagi yuksak texnologik usullari an’analarini mavjud bo‘lgan. Samarqand urug‘-jamoalarining merosxo‘rlari mil. avv. XII-IV ming yilliklarda vohaning tog‘oldi massivlarini o‘zlashtirib yashaganlar. Bu davr ona urug‘dosh jamoalarining tuzumi gullab-yashnagan va bir necha urug‘-jamoalarining birlashmalaridan qabilaviy birlashmalar yuzaga keladi. Bu jamoalarga tegishli manzilgohlar faqat Urgut-Ingichka tog‘lari shimoliy-sharqiy massivlarida 30dan ziyod manzilgohlar topilgan va tekshirish ishlari davom etmoqda. Kulolchilikning kashf qilinishi bilan kishilar chorva mahsulotlarini saqlash, ovqatni pishirib iste’mol qilishga o‘tganlar. To‘qimachilikning yuzaga kelishi bilan zarur kiyim-kechak, ust-boshlarga doimiy ega bo‘ladilar. Ziroatchilikning va chorvachilikning kashf qilinishi bilan o‘zlariga zarur oziq-ovqat zahirasiga ega bo‘ladilar. Mehnat qurollarining takomillashishi natijasida mehnat unumdorligi oshadi. Kishilar tabiat hodisalariga nisbatan o‘z fikrlarini bildirish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Uzoq-yaqin jamoalar bilan o‘zaro aloqalar bog‘lashda sayyoralardan «yo‘l ko‘rsatkich» sifatida foydalanishni bilib olishadi. Dehqonchilikning kashf qilinishi jamoalarning muayyan o‘troqlashib yashashiga ham zamin yaratadi. Sazag‘on-Qoratepa tog‘oldi massivlarida yashagan urug‘-jamoalari Zarafshon vodiysida yashagan urug‘-jamoalari orasida dehqonchilikni kashf qilgan dastlabki jamoalardan sanaladi. Bu atrofdagi makonlardan topilgan yorg‘uchoq, tosh o‘roq tig‘lari, kelisop, non yopadigan silliq yalpoqtoshlarning olovda toblangan nusxalarining topilishi shundan guvohlik beradi. Tadqiqotlar Zarafshon vodiysi va uning Samarqand vohasi ham eng qadimgi dehqonchilikning yuzaga kelgan markazlardan bo‘lganligidan dalolat beradi. Sazag‘on, Jangal, Tepaqul kabi makonlardan echki, tog‘ qo‘yi, to‘ng‘iz, bo‘ri, jayron, tulki kabi jonivorlarning suyak topilmalari bundan guvohlik beradi. Bu jamoalar mayda tuyoqli jonivorlardan echki, qo‘y, shuningdek, it kabi jonivorlarni xonakilashtirishni bilganlar. Tadqiqotlar natijasida qabrlar va qishloqlar tipidagi ko‘pgina yodgorliklar topildi. Ibtidoiy davrda vohaning keng hududida chorvador va dehqon qabilalari yashaganlar. Ulardan bizgacha Urgut tog‘i shimoliy-sharqida joylashgan Mo‘minobod, Soyg‘us, Samarqanddan 9 km g‘arbda, Zarafshon daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan Chakka, Afrosiyob shaharchasining shimoliy chegarasidan Siyobcha, Nurobod tumaniga qarashli Jom qishloqlari atroflarida o‘rganilgan qabr va qabristonlar, Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘rganilgan To‘qayli metallurglar qishlog‘i va boshqalari mil. avv. 2 ming yillik o‘rtalarida vohaning sersuv va serhosil joylarida qator o‘troq qishloqlar qad ko‘targanligini ko‘rsatadi. Bu yodgorliklarda arxeologik ashyolardan tashqari turli san’at namunalari – ko‘plab zargarlik zebu ziynat buyumlari topilgan. Mo‘minobod qabrlaridan birida suyakdan yasalgan nay topilgan. Bu esa o‘sha davrlarda yashagan ajdodlarimiz yuksak madaniyat sohiblari bo‘lganligidan dalolat beradi. Bunday qishloqlar mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan. O‘sha davrda tashkil topgan yirik qishloqlardan, keyinchalik, mil. avv. IX-VIII asrlarga kelib, ilk shaharlar Ko‘ktepa, Afrosiyob, Xo‘jabo‘ston kabilarning tashkil topgan. Shaharlashish, ya’ni, urbanistik jarayonlar boshlanib ketgan. Shu davrdan boshlab, Samarqand vohasi, Sug‘diyona tarixida qadimgi Sug‘d davri, ilk davlatchilikka asos solingan davr boshlanadi. Zarafshon vodiysining qadimgi dehqonchilik madaniyati Sug‘diyonani rivojlangan tarixiy-madaniy o‘lkaga aylanishga olib keladi. Bu voha xalqi hayotida yuz bergan tub ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy o‘zgarishlar Ko‘ktepa ilk shahri materiallariga ko‘ra, mil. avv. I-ming yillikning boshlarida yuz berdi. Bu esa Samarqand vohasida urbanistik jarayonlar va ilk shaharsozlik hamda davlatchilik madaniyatining paydo bo‘lishi va tadrijiy rivojlanishidan dalolat beradi. Antik davrga kelib (mil. avv. IV asrdan) o‘lkamizda tom ma’nodagi shaharlar, ko‘p tarmoqli hunarmandchilik markazlari, tovar-pul munosabatlari asosida qurilgan va xalqaro savdo markazlariga aylangan yirik shaharlar tarkib topdi. Buni esa, Ko‘ktepaning III, Afrosiyobning III-IV madaniy qatlamlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Download 41.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling