III BOB. BOSH GAPDAGI MA’LUM BIR BO‘LAKNI IZOHLAYDIGAN ERGASH GAPLARNI BELGILASH USULLARI
Bosh gapdagi bir bo`lakni izohlaydigan ergash gaplarni belgilash ikki xil usulda amalga oshiriladi. Birinchisi, bosh gapdagi izohlanayotgan bo`lakning turiga qarab aniqlanadi. Ikkinchisi, ergash gapli qo`shma gapni sodda gapga aylantirish usuli yordamida aniqlanadi. Agar bosh gapdagi eganing ma`nosi aniqlashtirilayotgan bo`lsa, ega ergash gapli qo`shma gap, kesimning ma`nosi aniqlashtirilayotgan bo`lsa, kesim ergash gapli qo`shma gap, to`ldiruvchining ma`nosi aniqlashtirilayotgan bo`lsa, to`ldiruvchi ergash gapli qo`shma gap, aniqlovchining ma`nosi aniqlashtirilayotgan bo`lsa, aniqlovchi ergash gapli qo`shma gap sanaladi.
3.1. Izohlanayotgan bo‘lak turiga qarab ega ergash gapni
belgilash usullari
1. Sizga tarixdan ma’lumki, yigirmanchi yillar mamlakatimizning eng og‘ir va sinovli yillari hisoblanadi. (Nosir Fozilov. ”Topdim-u yo‘qotmadim”, 201-bet) Bu bosh gapga -ki ergashtiruvchi bog‘lovchi vositasida bog‘langan ega ergash gapli qo‘shma gap. ”Sizga tarixdan ma’lumki” bosh gapida ega vazifasida keladigan ”shu narsa”- ko`rsatish olmoshi tushib qolgan. ”yigirmanchi yillar mamlakatimizning eng og‘ir va sinovli yillari hisoblanadi”ergash gapi bosh gapda qo`llanmagan eganing ma`nosini aniqlashtirib, izohlab kelgan. Shuning uchun bu gapni ega ergash gapli qo`shma gap deb hisoblaymiz.
2. Sizga ma’lumdurki, ustod Mirzo Ulug‘bek bu xazinani sal kam qirq yil yig‘mishdir. (Odil Yoqubov. “Ulug‘bek xazinasi”, 51-bet) Bu bosh gapga -kiergashtiruvchi bog‘lovchi vositasida bog‘langan ega ergash gapli qo‘shma gap. Bosh gapdagi “shu” egasi tushurilgan. ”Sizga ma’lumki” bosh gapida ega vazifasida keladigan ”shu”- ko`rsatish olmoshi tushib qolgan. ” ustod Mirzo Ulug‘bek bu xazinani sal kam qirq yil yig‘mishdir”ergash gapi bosh gapda qo`llanmagan eganing ma`nosini aniqlashtirib, izohlab kelgan. Shuning uchun bu gapni ham ega ergash gapli qo`shma gap deb hisoblaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |