Yuridik munosabatlar doirasidagi hujjatlar: qonun, kodeks, hukm, farmon, farmoyish, qaror, nizom va b.
Ma’muriy-idoraviy doiradagi hujjatlar: buyruqlar, ariza, tavsifnoma, tarjimai hol, ma’lumotnoma, tilxat va b.
Diplomatik munosabatlarga oid hujjatlar: bitim, bayonot, nota, kommyunike, memorandum, konvensiya, deklaratsiya va b.
Bu hujjatlarning barchasi o‘ziga xos lisoniy xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, mazkur hujjatlarda til ikki xil vazifani bajaradi. 1) informativ (axborot berish); 2) volyuntativ (buyurish). Jumladan, ma’lumotnoma rasmiy guvohlik belgisiga ega bo‘ladi va unda xabar berish vazifasi amalga oshadi. Buyruq, qaror va farmonda buyurish vazifasi amal qiladi. Bayonnomalarda esa buyurish (zimmasiga yuklansin, bajarilsin, tasdiqlansin...) ma’nosidan tashqari, axborot berish (eshitildi, tinglandi, muhokama etildi) vazifasi ham o‘z in’ikosini topadi. Ariza iltimos, shikoyat ma’nolarini bildiradi.
Rasmiy uslub dialektizmlardan, jargonlardan, kichraytirish-erkalash qo‘shimchalarini olgan so‘zlardan, jonli so‘zlashuv nutqi elementlaridan xoli bo‘ladi. Tasviriy vositalar, obrazli so‘zlar bu uslubda qo‘llanilmaydi. So‘roq, undov, modal so‘zlar nihoyatda kam qo‘llaniladi.
Rasmiy uslubda har doim rasmiylik ma’nosi ustun turadi. Tildagi rasmiy uslub uchun xos bo‘lgan so‘zlar va qoliplashgan barqaror iboralar, qat’iy odat tusiga kirib qolgan shakllar hujjatlar tiliga xos leksik-grammmatik xususiyatlar hisoblanadi. Masalan, muhokama qilindi, qaroriga muvofiq, ma’lumot uchun qabul qilinsin, ruxsat berishingizni so‘rayman, ishonch bildiraman, tadbirlar ishlab chiqilsin, zimmasiga yuklansin kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |