10-mavzu: Nutqning usluban xoslanishi va madaniy nutqni shakllantirish hamda rivojlantirish usullari


Download 113.46 Kb.
bet9/27
Sana08.01.2022
Hajmi113.46 Kb.
#247202
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   27
Bog'liq
10-mavzu Nutqning usluban xoslanishi va madaniy nutqni shakllantirish hamda rivojlantirish usullari. (Lotincha) — копия

2-§. So‘zlashuv uslubi
So‘zlashuv uslubi adabiy tilning og‘zaki shaklidir. Albatta, bu uslubda ham adabiy til me’yorlariga amal qilinadi. So‘zlashuv uslubidagi nutq dialogik shaklda bo‘ladi. Bu uslub rasmiylikdan xoli bo‘ladi. Ya’ni so‘zlashuv uslubida kitobiy uslublarda qo‘llanadigan taklif qildi, sobiq, masalan, tashrif buyurdi kabi so‘zlar o‘rnida chaqirdi, oldingi, misol uchun, keldi kabi so‘zlar qo‘llaniladi.

So‘zlashuv uslubidagi nutqda til vositalaridan foydalanish erkindir. Bu uslubda ko‘chma ma’noli so‘zlar, frazeologizmlar, dialektizmlar, vulgarizmlar ko‘p qo‘llanadi. Turli ekstralingvistik omillar (jest − qo‘l, bosh, gavda harakatlari; mimika − yuz harakati, qiyofa o‘zgarishi.) so‘zlashuv uslubining o‘ziga xos belgilaridir.

So‘zlashuv uslubi leksikasini emotsional bo‘yoqli so‘zlar tashkil etadi. Gapirish, so‘zlashdan maqsad inson o‘z fikr-mulohazalari, orzu-istaklari, quvonch-shodliklarini ifodalash va tinglovchi qalbiga etkazishdir. Shu bois bunda tildagi turli lug‘aviy birliklar, grammatik vositalardan foydalaniladi. So‘zlashuv uslubida kishi narsa va hodisalarning nomini atash bilan kifoyalanmay, balki ularning asosiy ko‘zga tashlanuvchi belgi xususiyatini jonli, emotsional ifodalash uchun ta’siriyligi kuchli bo‘lgan sodda so‘zlashuv vositalaridan keng foydalanadi.

Masalan, chiroyli so‘zi oddiy, betaraf, hech qanday qo‘shimcha uslubiy ma’noga ega emas. Uning badiiy uslub uchun xos sinonimlari zebo, go‘zal bo‘lsa, ketvorgan, ofatijon sinonimlari oddiy so‘zlashuv uchun xos bo‘lgan emotsional so‘zlardir.

Bu uslubda og‘zi qulog‘ida, joni chiqdi, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, tagiga suv ketdi, ichagi uzildi kabi frazeologik birliklar ko‘p qo‘llanadi.

So‘zlashuv uslubida qarindosh-urug‘ni bildiruvchi atamalarga uslub talabi bilan -jon, -xon, -oy, -gina, -poshsha, -qul kabi qo‘shimchalar qo‘shilib aytiladi va bu esa so‘zlovchining subyekt haqidagi ijobiy yoki salbiy munosabatini anglatadi: onajonim, ukajon, xolajon, bolaginam, qizginam, kelinposhsha va h.k.

Nutq odobiga binoan so‘zlovchi o‘z nutqida tinglovchini ranjitmaslik uchun qo‘pol, yoqimsiz, haqorat ma’nolarini ifodalovchi so‘zlar o‘rniga ularning silliqroq, yoqimliroq variantlarini ishlatishi zarur, bu madaniyatlilikning asosiy belgisi hisoblanadi. Masalan, xotin deyish o‘rniga onasi, kuyov deyish o‘rniga kuyovingiz, qudam deyish o‘rniga qudamlar, tug‘di deyish o‘rniga ko‘zi yoridi yoki farzand ko‘rdi kabi so‘z va birikmalarni ishlatish maqsadga muvofiqdir.

So‘zlashuv uslubida tushum, qaratqich kelishiklari qo‘shimchalarining tushib qolishi, otlar o‘rniga asosan, olmoshlarning ishtiroki bilan nutqiy tejamkorlik vujudga keladi. Masalan, kitob o‘qidim, fikr ayting, mulohazalar ayting; ariq suvi, tog‘ havosi; Kim keldi? Qaerda? Qachon? Nutq tejamkorligida nafaqat soddalashtirish; ortiqcha jimjimador, tushunilishi qiyin bo‘lgan til birliklarini qo‘llamaslik fikr ravonligini ham ta’minlaydi.

Uzun jumlalarda beriladigan fikrlar bir so‘z yoki so‘z birikmasiga, sodda yig‘iq gaplarga singdiriladi. Masalan, To‘yga aytdik. Salim kelmadi? Bu jumlaning to‘liq shakli: Akam qizini chiqargan edi. To‘y shahardagi «Navro‘z» restoranida bo‘ldi. Taklif qilingan mehmonlarning hammasi keldi. To‘yga taniqli xonandalar ham kelgan edi, to‘y rosa qizidi. Nega Salim kelmadi, uyi tinchmikan?

Ko‘plik qo‘shimchasi -lar so‘zlashuv uslubida o‘z ma’nosidan tashqari bir qator uslubiy vazifalarni bajaradi: a) kinoya, kesatiq ma’nosini: Ko‘rinmaydilar? Ishlari ko‘pmi?; b) hurmat: Dadamlar keldilar.; v) fikrni bo‘rttirish: Akamdan balolarga qoldim.; g) taxmin: Soat beshlarda kelsa kerak va h.k.

Qo‘shma fe’llar qisqargan shaklda qo‘llanadi: opkeling, oboring, jo‘natvoring, kuzatvor.

So‘zlashuv uslubida asosan yig‘iq gaplar, to‘liqsiz gaplar, so‘z gaplar, undalmali gaplar ko‘p qo‘llanadi. Keldimi? Ko‘rdingmi? Ha! Yo‘q! Bor! Keldi. Bugun. O‘zlari.

Bu uslubda so‘zlar tartibi erkin bo‘ladi.
Xo‘sh, so‘zlashuv uslubi qanday o‘ziga xosliklarga ega? Birinchidan, nutq elliptik xarakterda bo‘ladi. Lekin bunday holatda ham tinglovchiga fikr tushunarli bo‘ladi. CHunki u oldin aytilgan fikrning mantiqiy davomi bo‘ladi. Masalan, qorami? ko‘kmi? shaklida beriladigan savolni ikki xil vazifada olib ko‘raylik. Agar biz uni uy bekasi tilidan eshitsak, qora choy damlaymi yoki ko‘k choy damlaymi? degan ma’noda tushunishimiz mumkin. Xuddi shu savolni do‘kon sotuvchisi tilidan eshitsak, qora choy olasizmi yoki ko‘k choy sotib olmoqchimisiz? ma’nosida tushunishimiz ham mumkin. Ikkinchidan, so‘zlashuv nutqida til birliklari o‘zining ekspressivlik imkoniyatlarini keng namoyish qiladi. Masalan, ulguramizmi? degan savolga yo‘q, ulgurmaymiz deyishdan ko‘ra vaziyatdan kelib chiqib, ulgurib bo‘pmiz, ulgurish qayoqda, ulgurib ham bo‘ldik singari javoblar birmuncha tabiiy va ekspressivroq bo‘lib chiqadi. Uchinchidan, bu uslubda ohang — intonatsiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir. Ohang og‘zaki nutqning reallashuvida til birliklaridan keyingi muhim, hal qiluvchi vosita bo‘lib, uning nutq tempi, pauza, ton, melodiya, tovush tembri, so‘z va gap urg‘usi kabi ko‘rinishlari ma’noni farqlashda, ottenkalarni ajratib ko‘rsatishda, hayajonni kuchaytirishda xizmat qiladi.

So‘zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o‘ziga xosliklarga ega. Nutqda tovushlarning uyg‘unlashuvi (ketti, ottan, yigichcha), bir tovush o‘rnida ikkinchisining talaffuz qilinishi (traktir, zaril, bironta), tovushlarning o‘rin almashishi (turpoq, aynalmoq), tovushlarning orttirilishi (o‘ramol, fikir, banka), tushirib qoldirilishi (gazet, burni, egni) kabi fonetik hodisalar avvalo so‘zlashuv uslubida namoyon bo‘ladi. So‘zlashuv uslubi leksikasida ikki qatlam alohida ajralib turadi. Birinchi qatlam — bu kundalik turmush muomalasida faol qo‘llaniladigan ijtimoiy hayot va uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan bog‘liq so‘zlar. Bundan tashqari bu uslubda “siyosat, san’at, madaniyat, sport va so‘zlovchining kasb-hunarga mansub xilma-xil narsa va hodisalarni ifodalovchi umumadabiy leksika ko‘plab ishlatiladi”

Ikkinchi qatlam — og‘zaki nutqdagi ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlar. Ular neytral qiymatdagi so‘zlar bilan sinonimik munosabatga kirisha oladi: kichkina (bolagina), yiqildi (quladi), buzoq (ish bilmas, galvars), og‘zi ochiq (yig‘loqi)

kabi. Bu uslubning burnini ko‘tarmoq, ko‘zini shira bosmoq, qo‘li kaltalik qilmoq singari o‘z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlarini Abdi, Bek, Zuli, Dili tarzida qisqartirib ishlatish mumkin. So‘zlarning metonimik ko‘lami juda keng tarqalgan. Masalan: auditoriya kuldi, kengash bo‘ldi, dasturxonga o‘tirdi, samovarga chiqdi kabi. So‘zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum, vaalaykum assalom, xayr, ha, yo‘q, albatta, aha, xo‘p singari so‘zlar nutqda ko‘p ishlatiladi. So‘zlashuv nutqi o‘zbek tilshunosligida prof. B.O‘rinboev tomonidan durustgina ishlangan [9, 10-b,]. Bu nutq kitobiy nutqdan bir qadar farq qilib, Asal, asal, barmog‘ingni tishlab olasan; Ish, faqat tugmachani bossang bas; Kechaday kecha; Boladay bola kabi gap shakllari odatdagi hol hisoblanadi. Kitobiy nutq uchun bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar odatda xos emas, og‘zaki so‘zlashuv nutqi uchun esa, aksincha, xarakterlidir. So‘zlashuv nutqidagi sodda gaplar ko‘pincha fe’l bilan ifodalangan kesimning yo‘qligi bilan xarakterlanadi. Hatto ba’zan shunday holatlar ham bo‘ladiki, bunday gaplarga

fe’l-kesimni qo‘yib ham bo‘lmaydi. Masalan, Biz siznikiga. Biz magazinga; Men, odatda ishga avtobusda, ishdan piyoda kabi.


Download 113.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   27




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling