13-Ma`ruza. Mavzu: Estetikaning predmeti, maqsadi va vazifalari. Reja


Dizayn (inglizchada loyiha, chizma degani)


Download 107.26 Kb.
bet5/11
Sana16.06.2023
Hajmi107.26 Kb.
#1507326
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
13-estetika

Dizayn (inglizchada loyiha, chizma degani) XX asrning boshlarida “xunuk buyum yaxshi sotilmaydi” degan iqtisodiy talab asosida G‘arbdagi sanoat ishlab chiqarishiga kirib keldi. Gap shundaki, inson bilan texnikaning eskicha shaklidagi o‘zaro aloqasi endilikda yaxshi samara bermay qo‘ygan edi. Unda inson texnologik rejimga moslashgan holda, tezlik, aniqlik, mustahkamlik kabi texnologik mezonlar asosida ishlaydigan ishchi sifatida baholanardi. Bu na faqat insonparvarlik, balki texnikaviy ravnaq nuqtai nazaridan ham nomaqbul edi. SHu bois texnikani insoniylashtirish zaruriyati tug‘ildi. Endi ishchi yo xizmatchining shaxsiy qiziqishi, ijodiylik kasb etgani holda, faqat mehnat natijasi bilan cheklanmasdan, mehnat jarayoni va uning mazmuniga ko‘chib o‘tishi lozim bo‘lib qoldi. Bu – mehnatning estetik tabiat kasb etishi va insoniylashuvi demakdir. SHunday qilib, texnikani va ishlab chiqarish muhitini insoniylashtirish mehnatni faqat zaruriyat deb emas, balki ehtiyoj darajasida tushunishga olib keladi; texnik insoniylashtirish muhitni insonga moslashtirishi barobarida, uni estetik tarzda tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.
Dizaynning zaruriyatga aylanishi na faqat zamonaviy ilmiy-texnikaviy ravnaqqa, balki ommaviy ishlab chiqarish va ommaviy madaniyat darajasining yuksakligiga ham bog‘liq. Bunday sharoitda xaridor o‘zining erkin tanlov imkoniyati bilan ishlab chiqarish taklif qilgan mahsulotni rad etishi va o‘z ehtiyojiga javob beradigan tovarni yuqori baholashi mumkin. YA’ni, xaridor o‘z didiga mos narsani tanlaydi; xarid jarayoni “boriga baraka ” tarzidagi tavakkalchilik holatiga emas, balki tovarga faol munosabat shakliga aylanadi. Ana shunday munosabatga loyiq bo‘lishi uchun tovarning shakli muhim ahamiyatga molik. Tabiiyki, birinchi navbatda go‘zal va ulug‘vor ko‘rinishga ega narsalargina jamiyatning e’tiborini qozonadi. SHunda tovarning umummezonga javob beradigan estetik qadriyat sifatida qabul qilinishi ro‘y beradi va u ishlab chiqarishning xaridorga, xaridorning esa ishlab chiqarishga estetik ta’sirini ta’minlaydi.
SHuni unutmaslik lozimki, har qanday konstruksiyachi-injener dizayner bo‘lolmaydi. Injener-konstruktor, deylik, mashinani loyihalashtirar ekan, dastlab uning motoridan tortib, kuzovigacha bo‘lgan qismlari loyihasini chizadi va shundan keyingina ularni bir-biri bilan bog‘lab yaxlit mashina shakliga keltiradi. Natijada har bir qism alohida “o‘z hayotiga” ega bo‘ladi. YA’ni, mashina zamonaviylashtirilganida (modernizatsiya qilinganida) muayyan detallarni so‘nggi loyiha asosida, alohida-alohida almashtirish jarayoni ro‘y beradi. Dizaynchi-injener esa mashinani go‘zallik va ulug‘vorlik qonuniyatlariga asoslanib, birdaniga muayyan yaxlitlik tarzida tasavvur qiladi. Bu yaxlitlik konstruksiyaga bo‘ysunsa-da, o‘zini badiiy ijod sifatida namoyon etadi. Shunday qilib, konstruktor-injener mazmunni, dizaynchi-injener shaklni yaratadi, ya’ni birinchi mutaxassis – texnik, ikkinchisi – estetik. Ikkala faoliyatning uyg‘unligi tufayli zamonaviy xaridor talabiga javob beradigan mashina vujudga keladi va unda, istaymizmi- istamaymizmi, estetik ko‘rinish yaxlitlik sifatida ustuvorlikka, xaridorgirlik ahamiyatiga ega bo‘ladi. Zotan, eslaylik, SHiller aytganidek, shakl insonga butunisicha, mazmun – uning muayyan qismigagina ta’sir ko‘rsatadi. Xaridor esa, eng avvalo inson.
Biroq, bu – dizaynda hamma narsa shakl bilan bog‘liq ekan, degani emas. Unda ham san’atdagidek shakl va mazmun uyg‘unligi asosiy omil hisoblanadi. Bunday uyg‘unlikka birdan erishish qiyin, u bir necha texnikaviy bosqichlarning hosilasi sifatida vujudga keladi. Masalan, “Zinger” rusumli tikuv stanogining XX asr davomida rivojlanib, dastlabki qo‘pol ko‘rinishidan “xohlasang ham, xohlamasang ham ishlaging keladigan” darajada go‘zallashib, noziklashib, insonni o‘zida ishlashga chaqirib turadigan mashinaga aylandi. YOki o‘zimizdagi “Daewoo” korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan “Matiz” avtomobiliga e’tibor qiling. U dizayn nuqtai nazaridan o‘zidan avvalgi kichik mashinalardan, xususan, “Tiko”dan keskin farqlanadi. Uning yo‘lda engil borishi kishida xuddi suzib ketayotgandek tassurot uyg‘otadi, asosiy chiroqlari (faralari) ana shu taassurotingizga mos: ulkan baliqning ko‘zlariga o‘xshaydi, oldindagi pastki ikki chiroq esa sizga bodomqovoq – SHarq go‘zallariga yarashib turadigan qiyiq ko‘zlarni eslatadi. Bunda avtomobilning tashqi ko‘rinishi bilan mohiyati nihoyatda muvaffaqiyatli moslashtirilgan: “Matiz” – baliqdek silliq olg‘a intiladigan, “epchil”, go‘zal, SHarqda ishlangan, sharqona mashina.
Qisqasi, bugungi kunda biz dizayn tufayli atrofimizdagi texnikaviy lamni odamiylashtirib, o‘zimizga, estetik didimizga moslashtirib borishga erishdik va erishmoqdamiz; hozir ruchkamizdan tortib, kompyuterimizgacha, mashinamizdan tortib, ko‘ylagimizgacha – hammasi bizni har jihatdan qoniqtirishga qaratilgan.
Mehnat – insonning aqliy yoki jismoniy kuchi bilan amalga oshiriladigan maqsad faoliyati. U kundalik ma’naviy va moddiy jihatdan odamzot hayotini farovonlashtirish, ma’naviy hamda moddiy qadriyatlarni yaratish vositasi. Mehnatda inson ayni paytda ham aqliy ham jismoniy tomondan tarbiyalanib, ma’naviy yuksalib boradi. Biroq mehnat og‘ir majburiyatga aylangan joyda uning bu xususiyatlari yo‘qoladi. SHu sababli mehnat har jihatdan yuksak samara borishi uchun erkin bo‘lishi, mehnat jarayoni ijodiy va qiziqarli kechishi lozim. Zotan o‘ziga yoqqan, erkin mehnat turini bajarayotgan kishilarning “Bu ishni men o‘ynab qilib qo‘yaman” qabilidagi gaplari, erkin mehnatni o‘yinga qiyoslashlari bejiz emas. O‘yin – san’atning asosi ekanini nazarda tutsak, bu bilan o‘z kasbini, ishini sevgan odamlar uni ijod darajasiga ko‘tarishga harakat qiladi. Zotan sevmoq – erkinlik, ijod esa erkinlik mevasi. Mehnat erkinligini, unga erkin munosabatni shakllantirish hamma zamonlarda ham muhim masala bo‘lib kelgan. Og‘ir mehnatni engillashtirish, erkinlashtirish maqsadida inson qadimdan uni badiiylashtirishga, estetiklashtirishga intilgan. Bunga halq og‘zaki ijodidagi mehnat turlariga bag‘ishlangan qo‘shiqlar yaxshi misoldir. Ular mehnat jarayonining qiziqarli, “ichdan” bo‘lmasa ham, unga “tashdan” go‘zallik, musiqiylik, badiiylik ko‘rishiga xizmat qilgan.
Hozirgi kunda san’atkor va olimning ijodiy mehnati faqat ichki, hissiyotlar bilan aloqador shaklda emas, balki tashqi – texnika nuqtai nazaridan ham estetiklashgan. CHunonchi, bugungi yozuchi o‘z mehnat jarayonini kompyutersiz, diktofonsiz tasavvur qilolmaydi, rassomlar, qo‘shiqchilar va boshqalar kompyutpr texnologiyasidan foydalanadilar, elektron cholg‘u asboblari ham ma’lum ma’noda texnikaning estetiklashuvidan dalolat beradi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin, barcha hodisalarda dizayner tomonidan mukammallashtirilgan go‘zallik ijodkorning ma’naviy- ruhiy ko‘makchisiga aylanishini ko‘rish mumkin.
Mehnat estetikasi texnika estetikasi kabi atrof-muhitni go‘zallashtirish tizimi bilan bog‘liq. Korxona hovlisidagi yashil olam, favvora, daraxtlar, haykallarning uyg‘unligi ichkaridagi binolar peshtoqlari va devorlarida aks etgan ko‘rgazmali amaliy san’at namunalari, binolar ichining yuksak did bilan bezatilishi – hammasi inson mehnatini go‘zallashtirishga, mehnat jarayonining estetik zavq bilan amalga oshuvini ta’minlashga xizmat qiladi.

Download 107.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling