Ichki shaxsiy nizo bir kishining o’ziga bir-biriga zid topshiriqlar berilib, rahbarning pirovard talabi bir-biriga mos kelmay, bajaruvchi bunday holda nima qilishini bilmay xunob bo’lgan hollarda vujudga keladi. Masalan, universal magazinda bo’lim boshlig’i sotuvchidan ish joyidan bir qadam ham jilmay, xaridorlarga xizmat qilishni talab qildi, deylik. Keyinroq esa u sotuvchidan bu ishga nihoyat ko’p vaqt sarflagani va natijada bo’limni yangi tovarlar bilan to’ldirmaganidan shikoyat qilishsa, bunday talab oldingi talabga zid bo’lib chiqadi. Natijada sotuvchi nima qilishni bilmay xunobi oshadi. Mana Sizga nizoli vaziyat.
Boshqa bir misol. Ishlab chiqarish bo’limining boshlig’i ishchidan mahsulot sonini ko’p ishlab chiqarishini talab qilsa, mahsulot sifati bo’yicha rahbar esa undan mahsulotni rejadan oshirmay, hattoki uni bajarmasa ham uning sifatini oshirishni talab qiladi. Xo’sh, bechora ishchi nima qilishi kerak? U “ikki o’t” orasida, nima qilishini bilmaydi. Ko’rib turibsizki, bu yerda ham nizoli vaziyat ko’z o’ngimizda.
Birinchi misolimizda bir kishining o’ziga qarama-qarshi, bir-biriga zid talab qo’yish natijasida nizoli vaziyat vujudga kelgan bo’lsa, ikkinchi misolimizda bunday vaziyat boshqarishda yakka hokimlik tamoyilining buzilishi natijasida yuzaga keldi.
Tadqiqotlar va kuzatishlar bunday vaziyatlar: ishchining o’z ishidan qoniqmaganlik, o’ziga va korxonaga ishonchsizlik, shuningdek, xodimda asab buzilishi holatlarining tez-tez sodir bo’lib turishi natijasida vujudga kelishini ko’rsatadi.
Shaxslararo nizo hayotda eng tarqalgan nizolardir. Bunday nizolar, masalan:
• oilada:
• er bilan xotin o’rtasida;
• ota bilan farzand o’rtasida;
• ona bilan farzand o’rtasida;
• farzand bilan farzand o’rtasida va hokazo.
• ishlab chiqarishda:
• xodim bilan xodim o’rtasida;
• xodim bilan rahbar o’rtasida;
• rahbar bilan rahbar va hokazolar o’rtasida bo’lishi mumkin. Buni quyidagicha tasvirlash mumkin (chizma).
Do'stlaringiz bilan baham: |