2§ maktab kimyo kursining tuzilishi va mazmuni. O‘quv jarayonini rejalashtirish. Reja
Download 220.96 Kb. Pdf ko'rish
|
2-Ma`ruza (KUM)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan mezon
- Maktab sharoitlariga mos keladigan mezon.
- Xalqaro standartlarga mos keladigan mezon
Mazmunning bir butunlik mezoni. O‘quv predmeti kimyo fanining asosiy
yo‘nalishlarini aks ettirish kerak. Zamonaviy kimyoviy tadqiqotlar to‘rtta asosiy yo‘nalishda olib borilyapti - davriylik, moddalar tuzilishi, kimyoviy kinetika va kimyoviy termodinamika. Ilmiy hamma e’tirof qilgan mezon. O‘quvchilar bilan munozaralar olib borish mumkin, lekin ular fan asoslariga kirish kerak emas . Ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan mezon. Ilmiy bilimlarni keng foydalanishini ko‘rsatadi. Energiya saqlanish va davriy qonunlar shunga asoslanib maktab dasturiga kiritilgan. O‘quvchilarning yoshiga xos bo‘lgan mezoni soddalik prinsipiga asoslangan. Vaqtga xos bo‘lgan mezon kimyo o‘rganishga ajratilgan vaqtdir. Maktab sharoitlariga mos keladigan mezon. Vaqtni ko‘p oladigan qimmatbaxo tajribalar maktab dasturiga kiritilishi tavsiya etilmaydi. Agar biror mavzuni o‘qitishda o‘qituvchilarni qayta tayyorlash kerak bo‘lsa, unda bu ishni olib borish va keyin shu mavzuni dasturga kiritish kerak. Xalqaro standartlarga mos keladigan mezon. Maktab o‘quv dasturlari xalqaro namunalarga mos kelishi kerak. Maktabda o‘qitiladigan fanning har biri uchta asosiy vazifani: a) O‘quvchilarga shu fan asoslari yuzasidan ta’lim berish; b) ta’limning mazmuni orqali bolalarga tarbiya berish; v) hamma vositalardan foydalanib ularning shaxsini rivojlantirish vazifalarini bajarish maqsadida o‘qitilishi lozimligi hayot taqozosidan kelib chiqadi. Maktabda kimyo o‘qitishning ta’lim vazifasi – o‘quvchilarni: kimyo fanini o‘rganishga kirishguncha boshqa fanlardan olgan bilimlarini va hayot tajribalariga tayangan holda eng muhim kimyoviy tushunchalar, qonunlar, nazariyalar, kimyoviy til bilan tanishtirish, shu bilimlarga suyangan holda ularda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, xususan, o‘quvchi tarbiyalanayotgan viloyat va tumanlarda xalq xo‘jaligini oqilona kimyolashtirishning asosiy yo‘nalishlariga doir bilimlarni berish, kimyoviy ishlab chiqarishning ilmiy asoslariga oid bilimlarning amaliy tadbiqi va O‘zbekistonda kimyoviy ishlab-chiqarishni rivojlantirish va unga inson omilining ta’siri haqida hayotiy tajribalar bilan mutassil tanishtirib borishdan iborat. Maktabda kimyo o‘qitishning tarbiyaviy vazifasi o‘quvchilarda dastlab mehnatga ongli ehtiyoj sezish, o‘z xalqining tarixan shakllangan an’analariga sodiq bo‘lish, insonlar qadriga yetish, shu orqali vatanparvar inson bo‘lib yetishish, yashab turgan muhitini e’zozlash, mahalliy sharoitda mavjud bo‘lgan tabiat boyliklaridan tejab-tergab foydalanish, xalq mulkini o‘z mulkidek saqlash, kelajakda o‘z vatani va xalqiga sadoqat bilan hizmat qilish, shuningdek kimyoviy bilimlar asosida ekologik e’tiqodni hosil qilish istaklarini tarbiyalashdan iborat. Maktabda kimyo o‘qitishning o‘quvchi shaxsini kamol toptirishdagi vazifasi dastlab, ularda bilimlarni mustaqil egallash ko‘nikmalarini shakllantirishdan boshlanadi. Buning uchun ularda mehnat qilish, o‘quv ko‘nikmalarini rivojlantirish lozim. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarda darsda qo‘llanilayotgan moddalar, turli xil boshqa jihozlar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish, ular bilan ishlashda mehnat xavfsizligini o‘rganish, ularga qat’iy amal qilish, tabiatda, maktab kimyo xonasida, ishlab chiqarishda va kundalik hayotda kuzatilayotgan hodisalarning kimyoviy mohiyatini tahlil qilish, moddalar va hodisalar o‘rtasidagi uzviy, tabiiy bog‘lanishlarni taqqoslash bilan aniqlash, mulohazalarini o‘zaro o‘rtoqlashish va yozib borish, ularni umumlashtirish yo‘li bilan tegishli mustaqil xulosalar chiqarishga doir o‘quv va ko‘nikmalarni tarbiyalash zarur bo‘ladi. Kimyo o‘qitish jarayonida, qolaversa o‘quvchilarni darsliklar, qo‘llanmalar, ilmiy- ommabop adabiyotlar, gazeta va jurnallar, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinayotgan kimyoviy mazmundagi ilmiy maqolalarni sinchkovlik bilan o‘qish, tinglash, mulohaza qilish, shu orqali kimyo fani va undagi yutuqlarni xalq xo‘jaligining turli sohalarida qo‘llanish darajasi ortib borayotganligidan xabardor bo‘lishga o‘rgatish, eng muhimi, inson zakovatining uzluksiz taraqqiyoti, fan va texnikaning rivojlanishi tufayli insonning tabiat sirlarini chuqurroq o‘rganib borishi hayotiy zaruriyat ekanligi, mamlakatimiz va ayrim hamdo‘stlik mamlakatlarida fan va texnikani rivojlantirish uchun iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechish kaliti ekanligini his etish ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Kimyo fanining asosiy uslubiy hujjati - dastur hisoblanib, unda maktabda ta’lim berish mazmuni va strukturasi belgilangan bo‘ladi. Maktab dasturi - o‘qituvchi faqat ayrim hollardagina emas, balki doimo,har bir mavzuni o‘rganish bo‘yicha ishchi reja tuzayotganda murojaat etishi zarur bo‘lgan xujjatdir. O‘qituvchi bu xujjat asosida har bir dars maqsad va vazifalarini aniqlaydi, o‘quvchilarning bilimini va ko‘nikmalarining sifatini analiz qiladi. Dastur talabini bajarishda o‘qituvchining tashabbusi va ijodiy yondoshishiga qarshilik qilinmaydi. Masalan: o‘qituvchi har bir mavzuni o‘rganishga ajratilgan soatlar miqdorini o‘zgartirish huquqiga ega, bundan tashqari u ba’zi masalalarning dolzarblik darajasini, o‘rganish izchilligini ham o‘zgartirishi mumkin. Lekin bu o‘zgartirishlar umumiy berilgan jami soat hajmidan farq qilmasligi lozim. Ayniqsa, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda o‘qitish va tarbiyalashning turli usul va uslublarni tadbiq etishda, dasturda ko‘rsatilgan eksperimental qismini amalga oshirishda katta imkoniyatlar beriladi. Ta’lim sohasidagi islohat o‘qituvchilarga, o‘quv-tarbiya jarayoniga nisbatan bo‘lgan munosabatlarni o‘zgartirishni taqozo etadi. O‘qituvchilarning vazifasi o‘quvchilarning faol bilish faoliyatini tashkil etish va unga rahbarlik qilishdan iboratdir. O‘qituvchi ayniqsa dasturda belgilangan har bir sinf o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablarga alohida e’tibor qaratishi lozim. Bu talablarga rioya etish o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni tashkillashni yengillashtiradi, o‘quvchilarni darsda va uy vazifalarini bajarishda ortiqcha ovoragarchilikdan saqlaydi, o‘z faoliyatini rejalashtirish imkoniyatini yaratadi. Dastur bilan sistemali ravishda ishlash o‘qituvchiga har xil faoliyat turlarini - darsga tayyorgarlik ko‘rish, tajribalar o‘tkazish, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish masalalarida samarali foydalanishga yordam beradi. O‘quv-tarbiya vazifalari o‘quvchilarning kimyoning asosiy tushunchalari, ilmiy dalillar, qonunlar, nazariya va ilg‘or g‘oyalarni o‘zlashtirishlari jarayonida hal etib boriladi. Hozir amalda bo‘lgan o‘quv rejaga muvofiq maktabda VII, VIII va IX sinflarda anorganik kimyo, eski tizim bo‘yicha X va XI sinflarda organik kimyo, XI sinfda umumiy kimyo asoslari o‘rganiladi. Kimyodan dasturni bilish dunyoqarash nuqtai nazaridan muhim bo‘lgan g‘oyalar va ayrim qoidalarning, moddalar xossasining tarkibi va tuzilishiga bog‘liqligini, moddalarning xossalariga qarab ishlatilishini, anorganik va organik moddalarning moddiy birligini, bilish jarayonining tobora chuqurroq mohiyatga qarab borishini, moddalarning o‘zgarishi tabiat qonunlarining ta’siriga bog‘liqligini, moddalarning miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlarga o‘tish va ziddiyatlarning hal etilishini, ilmiy-texnika taraqqiyoti ta’sirida kimyoning rivojlanishi, yangi materiallar yaratishda, tabiatni muhofaza qilish, xom ashyoni tejash va xalq xo‘jaligini kimyolashtirishda kimyoni roli ortib borayotganligini tushunib olishga imkon beradi. O‘quvchilarni politexnik jihatdan tayyorlash maqsadida dastur kimyoviy ishlab chiqarishlar va ular rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari: xom ashyoning yangi manbalarini o‘zlashtirish, ilg‘or texnologik jarayonlarni kam bosqichli, chiqindisiz, katta quvvatli apparatlarni joriy etish, avtomatlashgan boshqarish va texnika vositalaridan foydalanish bilan tanishtirish imkonini beradi. O‘quvchilar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha aniq tadbirlar haqida ma’lumot oladilar. Moddalarning ishlab chiqarilishi va ishlatilishini o‘rganish jarayonida o‘quvchilar mamlakat ilmiy-texnika taraqqiyotida erishilgan yutuqlar rivojlangan mamlakat qurishda katta samara berishini tushunib yetadilar. O‘quvchilarni kasb tanlashga yo‘llash maqsadida kimyoviy ishlab chiqarishlarda apparatchi, operator, laborant kasblariga tavsif beriladi. Kimyodan dasturda o‘quv yillari bo‘yicha o‘quv mavzulari aniqlangan va ularning har biri uchun o‘rganilishi lozim bo‘lgan savollar, xisoblash uchun masalalar tiplari, kimyoviy tajribalar keltirilgan. Dasturda o‘qitish uslubidan tavsiyalar beriladi, predmetlararo bog‘lanishlar ko‘rsatiladi, o‘quvchilarning bilim va o‘quvlari, hamda ularni baholash uchun talablar keltiriladi. Vaqtning mavzular bo‘yicha taqsimlanishi taxminiydir. O‘qituvchi sharoitga qarab, o‘rganishga ajratilgan vaqtga asosli o‘zgartirish kiritishi, shuningdek, ko‘riladigan masalalarning izchilligini o‘quv mavzusi davomida o‘zgartirishi mumkin. Shuni hisobga olib, har qaysi sinfda 2 - 4 soat rezerv vaqt beriladi. Kimyo sanoatiga va boshqa sanoat korxonalariga qilinadigan o‘quv sayohatlarini kursning tegishli mavzularini o‘rganishga ajratilgan vaqt hisobiga o‘tkazish mumkin. Biror obyektga ko‘pchilik predmetlar bo‘yicha kompleks sayohat o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Anorganik kimyo kursining nazariy asosini D.I.Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvali va davriy qonuni, atomlarning tuzilishi haqidagi hozirgi zamon tasavvurlari, kimyoviy bog‘lanishlar to‘g‘risidagi ta’limot tashkil etadi. Shuning uchun kursni o‘rganish uch bosqichga bo‘linadi. O‘quvchilar dastlab davriy qonunni tushunish uchun zarur bo‘lgan kimyoning asosiy tushunchalarini bilib oladilar. So‘ngra D.I.Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvali va davriy qonuni, atomlarning tuzilishi, kimyoviy bog‘larning elektron tabiati bilan tanishadilar. Shundan so‘ng ayrim guruhlardagi tipik kimyoviy elementlarni, ularning eng muhim birikmalarini o‘rganadilar. O‘rganilgan moddalarning ishlab chiqarishdagi va xalq xo‘jaligidagi ahamiyati bilan tanishadilar. Download 220.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling