2.5. Diqqat, tafakkur, xotira diagnostikasi va rivojlanishining korreksion uslublari.
Psixolog kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda diqqatni irodaviy zo‘r berish bilan boshqarish va favqulodda vaziyatga moslashish imkoniyati yaxshi emasligini o‘z tadqiqotlari asosida psixologik diagnostika qiladi, hamda buning asosiy sababi bularda ixtiyoriy diqqatning kuchsizligi va beqarorligida ekanini aniqlaydi. Shuningdek kichik maktab yoshidagi bolalarning ixtiyoriy ongli diqqati o‘qish motivlari bilan uzviy bog‘lik holda namoyon bo‘lishi tadqiq qilinadi. Odatda bolalarning o‘qish motivlari uzoqni ko‘zlagan va maqsad bilan bog‘lik motivlarga ajratiladi. Psixodiagnostik natijalarga ko‘ra bolalarda ixtiyorsiz diqqat durustgina rivojlangan bo‘ladi. Chunki ta’lim jarayonida ixtiyorsiz diqqatning o‘sishi uchun muhim shart-sharoitlar mavjuddir. Kichik maktab yoshi davridagi o‘quv materiallarining yaqqolligi, yorqinligi, jozibadorligi o‘quvchida beixtiyor his-tuygu uyg‘otishi, shuningdek bola ortiqcha zo‘riqishsiz osongina fan asoslarini egallashi mumkinligi tadqiqotlarda aniqlangan. Chunonchi o‘quv materiallarining turli tumanligi ixtiyorsiz diqqatning to‘planishi va barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Psixolog tomonidan ixtiyorsiz diqqat ta’lim jarayonida o‘quvchilarning qiziqishi bilan bog‘lanib ketsa tabiiyki ular faqat maroqli, quvonchli axborot va matnlar bilan tanishishga intiladilar. Psixologik diagnostika tadqiqotlari asosida 1 va 2 sinf o‘quvchilari diqqatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri uning yetarlicha barqaror emasligi aniqlangan. Bu jarayonda psixologning asosiy vazifasi yuqoridagi holatlarni tuzatish ya’ni korreksiya qilish yo‘llarini topish lozim. Agar bu holat o‘z vaqtida korreksiya qilinmasa, bunda tormozlanish bilan kuzg‘alish o‘zaro nomuofiq harakat qiladi. O‘qish holatlarida tutilish, to‘xtab qolish tovushning tebranishi va pasayishi, ba’zida xarf, ibora va gaplarning tushib qolishi hollari mana shu fiziologik mexanizm ta’sirida paydo bo‘lishi psixologik diagnostikada aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |