Ma'muriy huquq nafaqat boshqaruvni, balki boshqariluvchi faoliyatni ham tartibga soladi.
Demak, O`zbekiston Respublikasi ma'muriy huquqi - bu O`zbekiston Respublikasi huquq tizimining mustaqil tarmog`i bo`lib, davlat boshqaruvini tashkil etish va amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yig`indisidan iborat.
Ma'muriy huquq ma'lum bir ijtimoiy munosabatlar guruhini tartibga solib, mazkur munosabatlar uning predmetini tashkil etadi.
Ma'muriy huquq fani olimlarining aksariyati, ma'muriy huquqning predmetiga davlat boshqaruvi jarayonida vujudga keladigan quyidagi ijtimoiy munosabatlar guruhini kiritadi:
tashkiliy jihatdan biri ikkinchisiga bo`ysinadigan davlat boshqaruvi organlari o`rtasidagi munosabatlar (masalan, vazirlik va davlat qo`mitalarining ularga bo`ysingan boshqarma va bo`limlari o`rtasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar);
bir-biriga bo`ysinmaydigan davlat boshqaruvi organlari o`rtasidagi munosabatlar (masalan, ikki vazirlik, vazirlik va davlat qo`mitasi o`rtasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar);
davlat boshqaruvi organlari va ularga bo`ysinadigan korxona, muassasa va tashkilotlar o`rtasidagi munosabatlar;
davlat boshqaruvi organlari va jamoat birlashmalari o`rtasidagi munosabatlar;
davlat boshqaruvi organlari va fuqarolar o`rtasidagi munosabatlar.
Huquq tizimida huquq tarmoqlariga ajratishning asoslaridan yana biri - bu huquqiy tartibga solish uslubidir.
Har bir huquq tarmog`ining huquqiy tartibga solish predmeti o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lganligi sababli, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uslubi ham o`ziga xos bo`lishini taqozo etadi.
Huquqiy tartibga solish uslubi - jamiyatdagi mavjud munosabatlarga huquq ta'sirida qo`llaniladigan usul, vosita va yo`llar yig`indisidan iboratdir. Huquqiy tartibga solish uslubi uzoq tarixiy jarayonda shakllangan bo`lib, davlat undan huquq normalarini yaratishda va ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilari o`rtasidagi aloqalarni tartibga solishda foydalanadi.
Huquqning har qanday tarmog`i huquqning o`z tabiatida joylashgan ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta'sir etishning uch uslubidan foydalanadi, bular: yozma buyruq, ko`rsatma; man etish, taqiqlash; ruxsat berish.
Yozma buyruq, ko`rsatma - huquq normaida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatni amalga oshirish, ya'ni boshqacha emas, balki aynan shunday harakat qilish uchun to`g`ridan-to`g`ri yuridik majburiyatni zimmaga yuklash. Man etish, taqiqlash - amalda bu ham ko`rsatma, ammo u teskari, ya'ni huquq normaida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatlarni amalga oshirmaslik bo`yicha yuridik majburiyatni zimmaga yuklashdir. Ruxsat berish - huquq normaida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatlarni o`z xohishi bo`yicha amalga oshirish uchun yuridik ruxsat berilishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |