395-modda. Ikki yoshga to‘lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan
ota-onadan birini (vasiyni) boshqa ishga o‘tkazish
Ikki yoshga to‘lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan biri
(vasiy) avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, o‘z arizasiga ko‘ra
bajariladigan ishi uchun haq to‘lanadigan, biroq avvalgi ishi bo‘yicha o‘rtacha ish
haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bola ikki yoshga to‘lguniga qadar ish haqi
to‘lanadigan boshqa ishga o‘tkaziladi.
Ish beruvchida boshqa ish mavjud bo‘lmagan taqdirda, ikki yoshga to‘lmagan
bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimga qonunchilikda belgilangan tartibda
bola parvarishi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
Yakka tartibdagi mehnatga doir nizo yuzaga kelgan taqdirda, ikki yoshga
to‘lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimni boshqa ishga o‘tkazish
mumkin emasligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
396-modda. Tungi ishlarda, ish vaqtidan tashqari ishlarda, dam olish
kunlaridagi hamda ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarda homilador
ayollar va bolalari bor shaxslar mehnati qo‘llanilishining hamda ularni xizmat
safariga yuborishning o‘ziga xos xususiyatlari
Homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning (o‘n olti yoshga
to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-onasining o‘rnini
bosuvchi shaxs) faqat o‘z yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari
ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb
qilinishi, shuningdek xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda ish beruvchi mazkur
xodimlarni tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan, dam olish kunlaridagi va
ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlardan yoki xizmat safaridan voz kechish
borasidagi huquqi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi
ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hamda bolaning hayotiga va
sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan
taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |