402-modda. O‘n ikki yoshga to‘lmagan bolalarning yoki o‘n olti yoshga
to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan birining (ota-ona o‘rnini
bosuvchi shaxsning) ish haqi saqlanmagan holda ta’til olish huquqi
O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti
yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini
bosuvchi shaxsga), ularning xohishiga ko‘ra, har yili ish haqi saqlanmagan holda
davomiyligi kamida o‘n to‘rt kalendar kun bo‘lgan ta’til beriladi.
Ushbu moddaning
birinchi qismida
nazarda tutilgan ta’til yillik mehnat ta’tiliga
qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu ta’tildan
alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib), lekin faqat joriy ish yili davomida
foydalanilishi mumkin. Ushbu ta’tilni keyingi ish yiliga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
403-modda. Homilador ayollarga antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash
uchun qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilishi
Ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami
muassasalarida antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis,
majburiy tibbiy ko‘riklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun o‘rtacha ish haqi
saqlangan holda qo‘shimcha bo‘sh kunlar berishi shart.
Homilador ayollarni antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash tartibi va
muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
404-modda. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili
Ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti
kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda
yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda
belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan
miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib,
tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |