1) Kishilik jamiyatining ishlab chiqarish munosabatlarida mehnatning dastlabki yirik taqsimoti, buning natijasida ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi siljishlar va o’zgarishlar. Ma’lumki, so’nggi bronza davrida (m.a. 2-ming yillik) mehnatning dastlabki yirik taqsimoti ro’y beradi. Chorvachilik dehqonchilikdan ajralib chiqadi. Iqtisodiy hayotdagi siljishlar tufayli ortiqcha mahsulot paydo bo’lib, bu mahsulot ma’lum shaxslar qo’lida to’plana boshlaydi. Odamlar orasida mulkiy tengsizlik holatlari yuzaga kela boshladi.
2) Jamiyat va davlatning bosh yacheykasi hisoblangan oilaning yuzaga kelishi. Ota urug’i – patriarxat davridan (m.a. 3 ming yillik) boshlab urug’chilik munosabatlari ham o’zgarib boradi. Ikki urug’ a’zolaridan tashkil topgan er-xotin – juft oilalar vujudga keladi. Buning natijasida mulkchilikka ham o’zgarishlar sodir bo’la boshladi. Katta patriarxal oilalar urug’ jamoalaridan ajralib chiqadi, ularga urug’ jamoalariga qarashli yerlardan chek yerlari ajratib beriladi. Shu tariqa urug’ jamoasining umumiy xo’jaligi oilalar jamoasiga bo’linadi. Bunday oilalar jamoasi ishlab chiqarish jamoalari deb ham ataladi. Xo’jalikning ishlab chiqaruvchi shakllari bo’lgan dehqonchilik va chorvachilik, shuningdek, hunarmandchilik va mol ayirboshlashning rivojlanishi urug’ va qabilalar ichida ayrim to’q oilalarning vujudga kelishiga olib keldi. Mulkiy tabaqalanish kengayib bordi.
3) Davlatlar paydo bo’lishining navbatdagi omili – osiyocha ishlab chiqarish usuliga asoslangan «Sharq yo’li» bo’lib, unda iqtisodiyotning asosini sug’orma dehqonchilik tashkil etgan. Ishlab chiqarishning osiyocha usuli m.a. 5 ming yillikdan m. I asrgacha daryolar vodiylarida joylashgan Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston, O’rta Osiyo kabi hududlarda yoyilgan. Davlat tuzilmasining «Yevropacha yo’li» Yevropa hududida m.a. V asrdan boshlab m. III asrgacha qadimgi yunon polislarida mavjud bo’lgan. Ularda xususiy mulkchilik shakllanishi tufayli kelib chiqqan jamiyatning ijtimoiy-mulkiy tabaqalanishuvi jarayoni asosiy omil bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |