63-mavzu: O‘rgimchaksimonlarning xilma - xilligi. O‘rgimchaklar, chayonlar, falangalar, kanalar turkumlari. Parazit o‘rgimchaksimonlar.
O‘rgimchaksimonlar sinfi tuzilishi va hayot kechirishi jihatidan bir- biridan farq qiladigan o‘rgimchaklar, solpugalar, chayonlar va kanalar turkumlariga bo‘linadi. Bu sinfga 4000 ga yaqin tur kiradi.O‘rgimchaklar — juda xilma-xil va keng tarqalgan bo‘g‘imoyoqlilar. Ko‘pchiligi bir yil umr ko‘radi; tuxum qo‘yib, qishda halok bo‘ladi. Tuxumlari yoki yosh o‘rgimchaklar qishlab qoladi. Tropik mintaqalarda tarqalgan qushxo‘r o‘rgimchak 7—8 yildan 20 yilgacha umr ko‘radi.O‘rgimchaklar ko‘pchilik turlarining zahari odam va issiq qonli hayvonlarga ta’sir etmaydi. O‘rta Osiyo cho‘l va dashtlarida zaharli o‘rgimchaksimonlardan qoraqurt va biy keng tarqalgan.
Qoraqurt. Shimoliy Kavkaz, O‘rta Osiyo, Eron va Qrimning cho‘l va dashtlarida ko‘p uchraydi. Urg‘ochisi 10—20 mm, erkagi 4—7 mm. Yosh urg‘ochi qoraqurt qornining orqa qismida qizil dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt toshlar ostiga yoki tuproqdagi chuqurcha ustiga to‘rini qurib, unga tush- gan chigirtka, temirchak, qo‘ng‘iz va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Urg‘ochisi maxsus to‘rdan oq-sarg‘ish rangdagi 5—10 ta pilla yasaydi, ularning ichiga tuxum qo‘yadi. Tuxumlardan kelgusi bahorda mayda qoraqurtchalar chiqadi. Ular 2,5—3 oyda voyaga yetadi.Qoraqurt yaylovlarda o‘tlab yurgan ot va tuyalarning labini chaqib, ularni nobud qilishi mumkin. Uning zahari odamga ham kuchli ta’siretadi. Toshkent vaksina va zardoblar institutida qoraqurt zahariga qarshi zardob ishlab chiqarilgan.O‘rgimchaklar orasida to‘r to‘qimasdan ov qiladigan turlari ham bor. Ular o‘ljasini ta’qib qiladi yoki pistirmadan unga hujum qiladi. Bunday o‘rgimchaklardan O‘zbekistonda uchraydigan biy pana joylarda tuproq ustida in quradi. Inining usti yupqa o‘rgimchak to‘ri bilan qoplanadi.Biy zaharli o‘rgimchak, lekin odam uchun xavfli emas; chaqqanda ba’zan teri shishib og‘riq paydo bo‘ladi.
Falangalar. Issiq mintaqalarda, jumladan O‘rta Osiyo, Qrim, Kavkazda keng tarqalgan. Gavdasi ancha yirik (5—7 sm gacha); boshko‘krak bilan qorin qismi o‘rtasida 2 ta erkin bo‘g‘imi bor. Qorin qismi 10 ta bo‘g‘imdan iborat. Gavdasi qo‘ng‘ir-sarg‘ish tusda, sirtdan uzun tuklar bilan qoplangan. Falangalar yirtqich, hasharotlar bilan oziqlanadi; ba’zan mayda kaltakesaklarga ham hujum qilishi mumkin. Ularning zahar bezi bo‘lmaydi. Lekin xelitserasida qolib ketgan oziq zaharga aylanishi mumkin. Falanga odam terisini jarohatlaganida, zahar qonga o‘tib, organizmni zaharlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |