Legirlangan asbobsozlik poʻlatlari (GOST 5950—73). Asbobsozlik poʻlatlariga kiritiladigan legirlovchi elementlar uning issiqbardoshligini (volfram, molibden, kobalt, xrom), toblanuvchanligini (marganes), qovushqoqligini (nikel), yeyilishga chidamliligini (volfram) oshiradi.
Uglerodli asbobsozlik poʻlatlariga qaraganda legirlangan poʻlatlarning quyidagi afzalliklari bor: toblanuvchanligi yaxshi; yumshatilgan holatda plastikligi yuqori, toblanganda mustahkamligi katta, kesish xossalari ancha yuqori.
Kam legirlangan asbobsozlik poʻlatlari tarkibida 2,5% gacha legirlovchi elementlar boʻladi, qattiqligi katta (VDS 62-69), yeyilishga chidamliligi yuqori, lekin issiqbardoshligi past (+200-+260°S). Uglerodli poʻlatlardan farqli ravishda ular murakkab shaklli asboblar tayyorlashda ishlatiladi.
X, 9XS, XVG, XVSG kabi kam legirlangan poʻlatlarda asosiy legirlovchi element xromdir. X markali poʻlat faqat xrom bilan legirlangan. Xrom miqdorining koʻpligi poʻlatning qizishini oshiradi. X markali poʻlat moyda 25 mm qalinlikkacha toʻla qiziydi. U 10 markali poʻlat esa faqat 5 mm chuqurlikkacha qiziydi. X poʻlati tokarlik, randalash va yoʻnish keskichlarini tayyorlashda ishlatiladi. 9XS poʻlati xromdan tashqari kremniy bilan ham legirlangan. X poʻlatiga qaraganda uning toblanish chuqurligi katta (35 mm gacha); issiqbardoshligi yuqori boʻlib, +250..+260°S gacha yetadi (X poʻlatniki esa +200...+210°S gacha), kesish xossalari yuqori. 9XS poʻlatidan parmalar, razvyortkalar, frezalar, metchiklar, plashkalar tayyorlanadi.
XVG poʻlati xrom, volfram va marganes bilan legirlangan; qizish chuqurligi 45 mm gacha. U yirik va uzun protyajkalar, uzun metchiklar hamda razvyortkalar tayyorlashda ishlatiladi.
XVSG poʻlati murakkab legirlangan poʻlat boʻlib, 9XS va XVG poʻlatlariga qaraganda toblanuvchanligi va qizdirilish qalinligi yaxshi. Moyda sovitilganda u 80 mm qalinlikkacha toʻla toblanadi. U oʻta qizdirilishga sezgir emas. Issiqqa chidamliligi 9XS poʻlatniki kabi. XVSG poʻlati dumaloq plashkalar, razvyortkalar, yirik protyajkalar va kesuvchi boshqa asboblar tayyorlashda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |