ASBOBSOZLIK POʻLATLARI
Asbobsozlik poʻlatlari kesish, oʻlchash va shtamplar kabi asboblarning asosiy guruhini tayyorlash uchun moʻljallangan. Ishlash sharoitiga qarab bunday poʻlatlarga quyidagi talablar qoʻyiladi: kesish asboblari (keskichlar, parmalar, metchiklar, frezalar va hokazolar) uchun moʻljallangan poʻlatlarning qattiqligi, yeyilishga va issiqqa chidamliligi yuqori boʻlishi kerak, oʻlchash asboblari uchun moʻljallangan poʻlatlar qattiq, yeyilishga chidamli hamda asbobning shakli va oʻlchamlari uzoq muddat oʻzgarmasligini taʼminlaydigan darajada boʻlishi lozim; shtamplar (sovuqlayin va issiqlayin deformatsiyalanadigan) uchun moʻljallangan poʻlatlarning mexanik xossalari (qattiqligi, yeyilishga chidamliligi, qovushqoqligi) yuqori boʻlib, yuqori haroratlarda ham oʻzgarmasligi darkor. Bundan tashqari qizdirib shtamplanadigan shtamplar tayyorlanadigan poʻlat sirtida koʻp marta qizdirish va sovutish natijasida darzlar paydo boʻlmasligi kerak.
Uglerodli asbobsozlik poʻlatlari (GOST 1435—74). Uglerodli asbobsozlik poʻlatlarining U7, U8, U8G, U9, U10, U11, U12 va U13 markalari ishlab chiqariladi. Raqamlar uglerod miqdorining oʻnli ulushini bildiradi. Raqamdan keyingi G harfi poʻlatda marganes miqdori koʻp ekanligini bildiradi. Yuqori sifatli uglerodli asbobsozlik poʻlatining markasida A harfi boʻladi. Masalan, U12A, bu tarkibida 1,2% S boʻlgan yuqori sifatli asbobsozlik poʻlati ekanligini bildiradi.
Zarbiy yuklanish ostida ishlaydigan zubilo, sumba, bolgʻa, borodok kabi asboblar U7A, U8A markali poʻlatlardan yasaladi. Parma, metchik, razvyortka, shaber, egov kabi qattiqligi yuqori boʻlishi talab etiladigan, lekin zarbiy yuklanishlar taʼsir etmaydigan asboblar U12A, U13A kabi poʻlatlardan yasaladi. U7-U9 markali poʻlatlar toʻla, U10-U13 markali poʻlatlar chala toblanadi. Issiqbardoshligining pastligi, yaʼni yuqori haroratgacha qizdirilganda yuqori qattiqligini saqlay olish xususiyati uglerodli asbobsozlik poʻlatlarining kamchiligi hisoblanadi. +200°S dan yuqori temperaturada qizdirilganda uglerodli poʻlatdan yasalgai asbob oʻz qattiqligini yoʻqotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |