6-mavzu. Iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etishda erkin iqtisodiy hududlarning o’rni
O’zbekiston Respublikasida maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil
Download 471.17 Kb. Pdf ko'rish
|
6 mavzu EIZ larning ahamiyati
6.5. O’zbekiston Respublikasida maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etishning tashkiliy-huquqiy asoslari. O’zbekiston Respublikasida Maxsus iqtisodiy zonalarga jalb etiluvchi investitsiyalarning asosiy yo’nalishlari va samaralari. Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etishning huquqiy asoslarini O’zbekiston Respublikasining 1996-yil 25-apreldagi «Erkin iqtisodiy zonalar to’g’risida»gi 220-I–sonli Qonuni, 17.02.2020 yildagi O‘RQ-604-son “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 25.10.2017 yildagi PQ-3356-son “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori, 09.03.2020 yildagi 134-son “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasining «Erkin iqtisodiy zona to’g’risida»gi Qonuniga ko’ra erkin iqtisodiy zonalar quyidagi turlarga ajratiladi: – erkin savdo zonalari; – erkin ishlab chiqarish zonalari; – erkin ilmiy-texnikaviy va boshqa zonalar. Erkin savdo zonalari konsignatsiya omborlarini, erkin bojxona zonalarini, shuningdek, tovarlarga ishlov berish, ularni o’rash-joylash, saralash, saqlash zonalarini o’z ichiga oladi. Erkin savdo zonalari chegaraga tutash hududlarda, aeroportlarda, temiryo’l tugunlarida yoki O’zbekiston Respublikasi bojxona hududining boshqa joylarida tuziladi. Erkin ishlab chiqarish zonalari tadbirkorlikni rag’batlantirish, iqtisodiyotning ustun tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, istiqbolli texnologiyalarni joriy etish maqsadida xo’jalik-moliyaviy faoliyatning alohida tartiboti joriy etiladigan hududlardir. Erkin ishlab chiqarish zonalari eksportga yo’naltirilgan ishlab chiqarish zonalarini, agropolislarni, tadbirkorlik zonalarini, industrial- iqtisodiy zonalarni va boshqa zonalarni o’z ichiga oladi. Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar alohida ajratilgan hududlardan iborat bo’lib, u erda ilmiy-ishlab chiqarish va o’quv markazlari jamlanadi hamda ular uchun ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus huquqiy tartibot o’rnatiladi. Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar yuksak texnologiyalar amal qiladigan zonalar, texnoparklar, mintaqaviy innovatsiya markazlari – texnopolislar shaklida tashkil etiladi. Respublikamiz hududida MIZlar tashkil etish bo’yicha ishlab chiqilgan «Erkin iqtisodiy zonalar to’g’risida»gi Qonun uch qismdan iborat bo’lib, birinchi qismda umumiy qoidalar, ikkinchi qismda Maxsus iqtisodiy zonalarning huquqiy tartiboti, uchinchi qismda Maxsus iqtisodiy zonani boshqarish yoritib o’tilgan. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan 2008-yilning dekabr oyida keng miqyosdagi mintaqaviy taraqqiyot dasturining mantiqiy davomi sifatida «Navoiy» aeroportining bevosita yaqinida – Buxoro va Samarqand shaharlaridan 100-175 kilometr uzoqlikda 564 gektar maydonni egallagan «Navoiy» erkin industrial iqtisodiy zonasi (EIIZ) tashkil etildi. Yuksak samarali, zamonaviy xorij asbob-uskunalari va texnikasi, texnologik tarmoqlar va modullar, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobidan yuqori texnologiyalarga asoslangan, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulotlarni keng ko’lamda ishlab chiqarish «Navoiy» EIIZ hududida xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining asosiy yo’nalishi etib belgilandi. Bu hududdagi ishlab chiqarish faoliyatining istiqbolli yo’nalishlari - kimyo va neft-gazkimyo, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, dori- darmon va tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari hisoblanadi. Mazkur hududdagi er uchastkalari xo’jalik yurituvchi subyektlarga ularning investitsiya faoliyati davrida eng kam ijara haqi evaziga ijaraga beriladi. Bunday engillik tufayli investorlar tomonidan ishlab chiqarish faoliyati uchun er maydonlarini sotib olish va ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida qo’shimcha mablag’ sarflashga hojat qolmaydi. EIIZda faoliyat yurituvchi xo’jalik subyektlarga alohida huquqiy tartib, bojxona, valyuta va soliq rejimlari, O’zbekiston Respublikasi norezident fuqarolarining hududga kirish, hududda bo’lish va chiqib ketish, shuningdek, ular tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bu imtiyozlarning barchasi faqatgina EIIZ hududida faoliyat ko’rsatayotgan va EIIZ direktsiyasi tomonidan ro’yxatga olingan xo’jalik yurituvchi subyektlar uchun amal qiladi. EIIZda faoliyat yuritish uchun to’g’ridan-to’g’ri investitsiya olib kirgan xo’jalik subyektlari er solig’i, mulk solig’i, daromad solig’i, obodonchilik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, yagona soliq to’lovi (kichik korxonalar uchun), Respublika yo’l jamg’armasi va Respublika maktab ta’limini rivojlantirish jamg’armasiga majburiy to’lovlardan ozod etiladi va buni yuqoridagi 6.2-jadvalda ko’rish mumkin. Xulosa qilib aytganda, boshqa mamlakatlarda tashkil etilgan MIZlar tor ixtisoslik bo’yicha ish olib boradilar, «Navoiy» EIIZda ishlab chiqarishning barcha turlari bo’yicha faoliyat olib borish mumkin. Navoiy boy mineral xom ashyo resurslariga boyligini hisobga olganda, EIIZda faoliyat yurituvchilar xom ashyolarni yanada kengroq qayta ishlashga va yuqori qiymatga ega bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu esa, o’z navbatida, mahsulot ishlab chiqarishda kerak bo’ladigan xom ashyo va materiallarning tashish xarajatlarining sezilarli darajada iqtisod qilinishi natijasida tovar tannarxining maksimal darajada optimallashishiga olib keladi. EIIZning faoliyat ko’rsatishida ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish sohalarida qo’shimcha ish joylarining yaratilishi mahalliy aholining daromadlarining va hayot farovonligining ortishiga imkon tug’diradi. Navoiy viloyatida ishlab chiqarishda yangi texnologiyalarni qo’llash va rivojlangan infratuzilma bilan mamlakatning industrial markazi shakllantiriladi. Eng asosiysi, mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy barqarorlik mamlakat YaIMining o’sishiga ta’sir qiluvchi eng kuchli omildir. O’zbekistonda MIZlarni tashkil etish uchun barcha sharoitlar va omillar mavjud. O’zbekistonda MIZni tashkil qilish pirovard maqsad emas. Hududlarni tashkil qilishdan asosiy maqsad, sanoat va iqtisodiyotning o’sish darajasini tezlashtirish va ularni modernizatsiya qilish, ichki bozorni to’ldirish va eksportning o’sishi hisobiga valyuta tushumlarini ko’paytirishdir. MIZlarni tuzishdagi dastur – maqsadli, moliyaviy va tashkiliy muammolardan tashqari hammasi uchun umumiy bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ham qayd etishi lozim. Bularga: – korxonalar xo’jalik aloqalarini qayta tashkil etish; – mamlakat tovar ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini xalqaro bozorda davlat tomonidan himoyalash; – erkin tadbirkorlikning rivojlanishi yo’lida mahalliy to’rachilik va jinoyatchilik, shu jumladan, amaldorlarning poraxo’rligi kabi to’siqlarning mavjudligi taalluqlidir. O’zbekistonda MIZni tashkil etish va rivojlantirish imkoniyatlari juda keng. Shuni qayd etib o’tish kerakki, O’zbekistonda tabiiy boyliklarning, mehnat rusurslarining va hududlarda sanoat ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanganligini hisobga olib, kelajakda MIZning turli ko’rinishlarni tashkil etish mumkin. Bizning fikrimizcha, MIZni tashkil etishda har bir hududning (viloyatning) xususiyatlarini inobatga olgan holda yondashish zarur. Axir, hamma erda bir xil imtiyozlar, rag’batlantirishlar tizimini qo’llab bo’lmaydi. Chunki, viloyatning geografik joylashuvi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy ahvoli, aholi turmush darajasi va ishchi kuchining miqdori, u erdagi infratuzilma, aloqa tizimlari va shu kabilar barcha viloyatlarda turlicha. Agar investorlarga har bir viloyatning imkoniyatlardan kelib chiqqan holda imtiyozlar va kerakli infratuzilma yaratib berilsa, hududlar rivojlanishidagi muammolar masalasini hal qilishga yordam beradi. Bunda MIZ O’zbekiston mintaqalarining iqtisodiy rivojlanish darajasini tenglashtiruvchi vositasini bajarishi mumkin. 2016-yil 26-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon mamlakatimizda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarni raqobatdosh va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishning eng muhim omili sifatida erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi. Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining «Navoiy» erkin industrial- iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ularni «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalar deb atash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi. Farmonda «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19- sentabrdagi R-4351-sonli farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tahlil qilish va ishlab chiqish komissiyasining erkin iqtisodiy zonalar hududida amalda qo‘llanilayotgan soliq va bojxona rejimlarini birxillashtirish hamda ushbu zonalar ishtirokchilarining quyidagilardan: yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalaridan; o‘zining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etish (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-may kuni mamlakatda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zona (EIZ) tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni tasdiqladi. Tuproq va iqlim sharoitlari noyobligini inobatga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish to‘g‘risida kiritilgan taklifga binoan «Nukus- farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalari tashkil etishga qaror qilindi. Hozirgi kunda respublikamizning turli hududlarida turli yo’nalishdagi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etib kelinmoqda. Download 471.17 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling