Apostrofa. Apostrofada jonsiz predmet va hodisaga jonli narsa va hodisa deb yoki o‘zi yo‘q shaxsga xuddi ishtirok etayotgan shaxsdek murojaat qilinadi:
She’rim, yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda (U.Nosir).
Misolimizda jonsiz she’rga murojaat qilayapti.
Yoki: Rahimbey. Siyovush...Siyovush (deb, xayol tomonidan tortilg‘on kabi, uning ketidan yurib, sahnadan chiqar). (Fitrat). Bunda Rahimbey yo‘q shaxs Siyovushga xayolan murojaat qilgan.
Apostrofa metaforik so‘z qo‘llashning bir ko‘rinishi sifatida nutqda ishlatiladi.
Jonlantirish. Metaforik troplarning bir turi jonlantirishdir. Bunda jonsiz yoki mavhum predmet, tabiat hodisalarida inson xos xususiyatlarni ya'ni jonsiz predmet, hodisalarni insonlar kabi harakat qiladigan, fikrlaydigan, so‘zlaydigan qilib tasvirlaydi.
Predmet va tabiat hodisalarini jonlantirish bilan ularni aniq, bo‘rttirib tasvirlaydi.
Meni olib ket, deb ortimdan chopgan
Daraxtlar yetolmay oxiri toldi (M. Ahmedova).
Yoki: Bosh tebratar soat kafgiri,
Der: Qadrimni bilmas odamlar (E.Vohidov).
Jonlantirish uslubiy hodisa sifatida xalq og‘zaki ijodi va badiiy adabiyotda ko‘p uchraydi. Jonlantirishning bir turi shaxslantirish (personifikatsiya) sanalib, unda biror jonsiz predmetga shaxs sifatida murojaat etiladi:
Rubob, rubob, sen uni quvla
Ovozini o‘chirsin alam (R.Parfi).
Do'stlaringiz bilan baham: |