7-mavzu. Alohida tartibda ish yuritish Alohida toifadagi ishlar tushunchasi va mohiyati


Bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud chiqargan ajrimlarni qayta ko‘rish yuzasidan ish yuritish


Download 30.89 Kb.
bet16/16
Sana18.06.2023
Hajmi30.89 Kb.
#1585346
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16
Bog'liq
7-мавзу.маъруза

Bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud chiqargan ajrimlarni qayta ko‘rish yuzasidan ish yuritish
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishda arizalar, shikoyatlar (iltimosnomalar) va kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud chiqargan ajrim IPKda belgilangan tartibda Qonunda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda qayta ko‘rilishi lozim.
Bunday alohida xususiyatlarga quyidagilar kiradi:
1) bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish yuzasidan iqtisodiy sudning ajrimlari chiqarilgan paytdan e’tiboran o‘n kun o‘tgandan keyin qonuniy kuchga kiradi;
2) bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishda ishtirok etgan shaxslarlargina apellatsiya shikoyati berish huquqiga ega;
3) apellatsiya shikoyati kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan iqtisodiy sud ajrim chiqargan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida beriladi;
4) apellatsiya shikoyati iqtisodiy sudga kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi;
5) bankrotlik to‘g‘risidagi ishdagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan iqtisodiy sudning apellatsiya instansiyasi qaror emas, balki ajrim chiqaradi;
6) bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan iqtisodiy sud apellatsiya instansiyasi chiqargan ajrimlar kassatsiya va nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqilmaydi.
3. Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqish tashkilotlar va YTTning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan protsessual vosita hisoblanadi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan har qanday yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar emas, balki faqat iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash (bundan buyon matnda yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash deb yuritiladi) to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqiladi.
Iqtisodiy sud: a) yuridik shaxsning yoki YTTning ko‘chmas mulkka o‘z xususiy mulki sifatida egalik qilishi va undan foydalanishi faktini; b) yuridik shaxsning yoki YTTning ma’lum vaqtda va ma’lum joyda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi faktini; d) agar yuridik shaxsning hujjatda ko‘rsatilgan nomi, YTTning familiyasi, ismi, otasining ismi yuridik shaxsning ta’sis hujjatida ko‘rsatilgan nomiga, YTTning pasportida yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasida ko‘rsatilgan familiyasiga, ismiga, otasining ismiga to‘g‘ri kelmasa, iqtisodiyot sohasida amalda bo‘lgan huquqni belgilaydigan hujjatning yuridik shaxsga yoki YTTga tegishliligi faktini aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.
Sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni ham, agar qonun hujjatlarida ularni aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, aniqlashi mumkin.
Yuridik ahamiyatiga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar arizachi joylashgan yer yoki yashash joyida ko‘riladi, chunki bunday toifadagi ishda javobgar bo‘lmaydi. Shuning uchun ham u arizachining yuridik manzili bo‘yicha iqtisodiy sudning sudloviga tegishli hisoblanadi. Biroq ko‘chmas mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishga oid yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalar hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqning yuzaga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishi uchun yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlar mustasno bo‘lib, ular ko‘chmas mulk joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga beriladi.
Agar turli manzilda joylashgan bir necha shaxslar tomonidan ariza berilgan bo‘lsa, bunday ariza ularning tanlashi bo‘yicha arizachilarning birortasi faoliyat ko‘rsatayotgan joydagi iqtisodiy sudga berilishi mumkin.
Iqtisodiy sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni arizachi bu faktlarni tasdiqlaydigan tegishli hujjatlarni olish yoki tiklash imkoni bo‘lmagan taqdirda va agar qonun hujjatlarida tegishli faktlarni aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa aniqlaydi.
Arizachi tomonidan kerakli hujjatlarni boshqacha tartibda (suddan tashqari) olishning imkoniyati yo‘qligi deyilganida mazkur faktni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi mavjud emasligini yoki faktni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga rioya etilmaganligi va bu sharoitda ushbu tartibga rioya etishning iloji yo‘qligini yoxud hozirgi vaqtda u yoki bu faktni tasdiqlovchi hujjatdagi, uni dalillik ahamiyatidan mahrum qiluvchi xato yoki noaniqlikni tuzatish imkoniyati yo‘qligini tushunish lozim.
Yo‘qotilgan hujjatlarni tiklash imkoniyati yo‘q deyilganida zarur ma’lumotlarni arxivda mavjud emasligi yoki arxivning yo‘qotilganligi sababli tegishli organ tomonidan kerakli hujjatning tiklangan nusxasini berishning iloji yo‘qligini tushunish lozim.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bunday ishlarda huquq to‘g‘risidagi nizoning mavjud emasligi va shu sababli ishda da’vogar hamda javobgar kabi ishtirokchilarning yo‘qligi hisoblanadi. Iqtisodiy sudga yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxs arizachi deb nomlanadi hamda ish da’vo arizasi asosida emas, balki ariza asosida qo‘zg‘atiladi.
Bunday toifadagi ishlarda shuningdek da’voni tan olish, da’vo miqdorini ko‘paytirish va kamaytirish, kelishuv bitimini tuzish kabi iqtisodiy protsessual huquqi institutlari qo‘llanilmaydi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalar IPKning 149-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi, shuningdek IPKning 207-moddasiga muvofiq arizada quyidagilar ham ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: 1) aniqlanishi talab qilinayotgan fakt; 2) mazkur fakt iqtisodiyot sohasida yuridik oqibatlar keltirib chiqarishi nazarda tutilgan qonun hujjati normalari; 3) ushbu faktni aniqlash zarurligining asosi; 4) arizachi tomonidan tegishli hujjatlarni olish yoki yo‘qotilgan hujjatlarni tiklash imkoni yo‘qligini tasdiqlovchi dalillar.
Ariza iqtisodiy sudga yozma shaklda beriladi. U arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Arizada arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.
Arizada, agar yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash uchun zarur bo‘lsa, boshqa ma’lumotlar, shuningdek arizachida mavjud iltimosnomalar ko‘rsatiladi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizaga IPKning 151-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Iqtisodiy sud yuridik faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalarni quyidagi hollarda ish yuritishga qabul qiladi va ko‘rib chiqadi:
1) agar qonunga ko‘ra mazkur fakt iqtisodiyot sohasida tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini kelib chiqishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishiga olib kelsa;
2) agar bunday faktni aniqlash, keyinchalik huquqqa nisbatan bo‘lgan nizoni iqtisodiy sudda ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bo‘lmasa;
3) agar arizachi mazkur faktni tasdiqlovchi hujjatni boshqa yo‘l bilan olish yoki tiklash imkoniyatiga ega bo‘lmasa;
4) agar amaldagi qonun hujjatlarida yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlashning boshqa tartibi (suddan tashqari) ko‘zda tutilmagan bo‘lsa.
Yuridik faktni aniqlash to‘g‘risidagi arizani qabul qilishda, sudya, mazkur faktni aniqlash iqtisodiy sudga taalluqli yoki taalluqli emasligini, arizachining ushbu ariza bilan sudga murojaat qilishga huquqi borligini, ariza qonun talablariga mos ekanligini tekshirib ko‘rishi shart.
Iqtisodiy sudga yuridik ahamiyatga ega bo‘lmagan faktni aniqlash haqidagi ariza bilan murojaat qilinganida, sudya arizani qabul qilishni rad etishi lozim. Agar bunday ariza sud tomonidan noto‘g‘ri qabul qilinib, ushbu ariza yuzasidan sud jarayoni boshlangan bo‘lsa, sud ish yuritishni tugatishi lozim.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud muhokamasining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar arizachi va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida ko‘riladi.
Ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori o‘z huquqlariga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan manfaatdor shaxslar doirasini aniqlaydi, ish yuritish to‘g‘risida ushbu shaxslarni xabardor qiladi, ularni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabar qiladi.
Iqtisodiy sud tomonidan ishda ishtirok etishga jalb etilgan manfaatdor shaxslar (ish bo‘yicha hal qiluv qarori ularning huquq va majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslar) iqtisodiy sudda ko‘rilayotgan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizaning asosliligi yoki asossizligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etish, ishning holatlarini o‘rganishda ishtirok etish, qaror ustidan shikoyat qilish va IPKning 42-moddasida ko‘rsatilgan boshqa harakatlarni sodir etishga haqlidirlar.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda iqtisodiy sud, qonun hujjatlarida ushbu faktni aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan-tutilmaganligini, arizachida zarur hujjatlarni olish yoki tiklash uchun boshqa imkoniyat bo‘lgan-bo‘lmaganligini tekshiradi, arizachi iqtisodiyot sohasida faoliyatni amalga oshirishi munosabati bilan ushbu fakt uning uchun yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan oqibatlarni keltirib chiqarishini yoki chiqarmasligini belgilaydi, talab etilayotgan faktning aniqlanishi boshqa shaxslarning huquqlariga ta’sir etishi yoki etmasligini, huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqqan-chiqmaganligini aniqlaydi.
Agar yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud muhokamasida huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqqanligi aniqlansa, sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi arizani ko‘rmasdan qoldiradi va bu haqida ajrim chiqaradi. Ajrimda arizachiga va ish bo‘yicha boshqa manfaatdor shaxslarga ularning sudga da’vo tartibida murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
Iqtisodiy sudning yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash haqidagi hal qiluv qarori IPKning 21-bobida belgilangan qoidalari talablariga mos kelishi lozim.
Iqtisodiy sud yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirganida, hal qiluv qarorida aniqlangan fakt bayon qilinishi kerak.
Iqtisodiy sudning yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori tegishli organlar tomonidan shunday faktni qayd etish uchun yoki aniqlangan fakt munosabati bilan yuzaga keladigan huquqlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi, ammo ushbu organlar tomonidan beriladigan hujjatlarning o‘rniga o‘tmaydi. Shu sababli arizachi qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini tegishli organga taqdim etishi lozim.
Download 30.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling