Mazkur metodlar barcha fanlarda qo‘llanilganligi uchun ham ular
umumilmiy metodlar deb ataladi. Ammo ularni fanlarda qo‘llashda har
bir fan yoki fan sohasining Xususiyatlari, tabiiy, ijtimoiy va ma’naviy
hodisalarni bilish xususiyatlari e’tiborga olinadi.
Tadqiqotning umumiy mantiqiy metodlari - mantiqiy mushohada yuritish orqali egallangan bilimlar majmui bo’lib ular
qiiyidagilar:
• analiz-obyektni amalda yoki fikran tarkibiy qismlarga ajratish;
• sintez — qismlardan butunni, xuddi shunday tarzda, qayta
birlashtirish. Sintez natijasida mutlaqo yangi obyekt hosil bo‘ladi.
Analiz (tahlil qilish faoliyati) jarayonida fikr murakkablikdan
oddiylikka, tasodifdan zaruratga qarab, xilma-xillikdan ayniyatga va
birlikka qarab harakat qiladi. Analiz qilishning maqsadi qismlarni,
murakkab butunning unsurlari sifatida bilish va ular o‘rtasidagi aloqa va
qonuniyatlarni aniqlashdan iboratdir. Biroq analiz mohiyatni ajratib
qarashga olib keladiki, mavhum holda qolayotgan birlik, xilmaxillikdagi birlik sifatida hali ochilmagan bo’ladi. Sintez, aksincha, analiz
vositasi bilan ajratilgan qismlar, xossalar, munosabatlarni yagona bir
butunga birlashtirish jarayonidan iborat. Sintez birlikdan tafovutga va
xilma-xillikka qarab yo‘naltirilgan bo‘lib, umumiylik va ayrimlikni,
birlik va xilma-xillikni muayyan jonli butunga birlashtiradi. Analiz va
sintez chambarchas bog‘liq holda amal qiladi.
Mavhumlashtirish-o‘rganilayotgan hodisaning bir qancha
xossalari va nisbatlaridan fikran uzoqlashish, ayni paytda tadqiqotchini
qiziqtirgan xossalarni (eng avvalo, muhim, umumiy xossalarni) ajratish
jarayoni. Mazkur jarayon natijasida har xil «mavhum predmetlar»
olinadi. Bunda «mavhum predmetlar» deganda alohida tushunchalar va
kategoriyalar («rivojlanish», «qarama-qarshilik», «fikrlash» va b.)
hamda ularning tizimlari tushuniladi. Matematika, mantiq, dialektika va
falsafa eng rivojlangan tizimlardir.
Ko‘rib chiqilayotgan xossalarning qay biri muhim, qaysinisi
ikkinchi darajali ekanligini aniqlash mavhumlashtirishning bosh
masalasidir. Mazkur masala har bir muayyan holatda, eng avvalo,
o‘rganilayotgan predmetning tabiatiga, shuningdek, tadqiqotning
muayyan vazifalariga qarab hal qilinadi.
Umumlashtirish-predmetning umumiy xossa va belgilarini aniqlash
jarayoni bo‘lib, mavhumlashtirish bilan chambarchas bog'liq. Bunda
har qanday umumiy (abstrakt-umumiy) yoki muhim (muayyan umumiy,
qonun) belgilar ajratilishi mumkin.
Ideallashtirish-voqelikning tajribada prinsipial amalga oshirib
bo’lmaydigan, lekin real olamda ularning timsoli bo’lgan obyektlarning
tushunchalarini fikran shakllantirishni ifodalaydigan («nuqta», «ideal
gaz», «mutlaqo qora jism» va sh.k:) tushuncha.
Do'stlaringiz bilan baham: |