Tasviriy san'at
XV asrda ulkan yutuqlarga erishgan tasviriy san'at - portretlar, hayotiy lavhalar, tabiat manzaralari, bino va badiiy asarlarga ishlangan tasvirlardan iborat bo'lgan. Siymolar qiyofasi tasvirlari orasida Jomiy, Navoiy, Abdullo Xotifiy, Behzod, Husayn Boyqaro, Bobur va boshqalarning tasvirlari bizgacha saqlanib qolgan. Musavvirlar bu tarixiy shaxslarning tashqi qiyofasini aniqroq va mukammalroq tasvirlashga, ayrim hollarda hatto ularnnig ma'naviy dunyosini ochishga intilganlar. Masalan, mashhur rassom Mahmud Muzahhib tomonidan chizilgan Navoiy tasvirida shoir hassaga tayangan, uning qomati birmuncha bukchaygan, qarashlarida ham horg'inlik alomatlari, ham ulug'vorlik va olijanoblik ko'zga yaqqol tashlanib tu-radi.
Kamoliddin Behzod XV asr tasviriy san'atining ulug' namoyandasidir. U musavvirlikda «Hirot maktabi» deb nomlangan yangi bir ijodiy uslubning asoschisi bo'ldi. U ustoz san'atkor sifatida O'rta Osiyo, Eron, Ozarbayjon va boshqa o'lkalar tasviriy san'atining taraqqiyotiga samarali ta'sir etdi. Behzodning ijodi xilma-xil mazmunga ega bo'lib, u tarixiy siymolar (Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Alisher Navoiy) portretlaridan tortib to serjilo hukmdor saroylaridagi qabul marosimlari va jang maydoni manzaralarigacha haqqoniy va ta'sirli qilib bera olgan. Ayniqsa, Dehlaviyning «Layli va Majnun» dostoniga bag'ishlangan uning lirik manzaralari yoki Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asari uchun chizilgan jang maydonidagi shiddatli jang tasvir etilgan miniaturalari nihoyatda jozibador va ta'sirchandir. Xullas, tasviriy san'at asarlari bilan badiiy adabiyotning o'zaro uzviy aloqada ravnaq topganligi, biri ikkinchisiga samarali ta'sir etganini ko'rsatadi.
Musiqa
XIV-XV asrlarda yangi kuy va qo'shiqlar, cholg'u asboblari va musiqa nazariyasiga doir nodir asarlar yaratildi. Juda ko'p mahoratli sozandalar, mashshoqlar, bastakorlar va hofizlar yetishdi.
*Kamoliddin Behzod zamondoshlari tomonidan Moniyi Soniy (Ikkinchi Moniy) deb ulug'langan.
Do'stlaringiz bilan baham: |