Abdulla Oripov hayoti va ijodi


-§ Abdulla Oripov she’riyati


Download 57.89 Kb.
bet8/9
Sana18.03.2023
Hajmi57.89 Kb.
#1282643
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Abdulla Oripov hayoti va ijodi

2.2-§ Abdulla Oripov she’riyati
Adabiyotimizda Abdulla Oripovning “Mitti yulduz”i porlaguncha muhabbat mavzusi eski ohanglarda, siyqa obrazu tashbehlarda kuylanar edi. Birovlar yorning qoshu ko‘zini maqtab ovora bo‘lsalar, ba’zilar bevafo yorga ta’na toshlarini otib charchamas edilar.
Abdulla Oripov she’riyatidagi oshiq obrazi esa armonli muhabbatga duchor bo‘lib, bir umr “hayot barcha ne’matlarini ayamasa-da, muhabbat taqdiridan maqtanolmay” o‘tishga mahkumdir. Lekin u munisa qizga hech qachon ta’na toshlarini otmaydi, bevafolikda ayblamaydi, balki –
Nega bir tosh bo‘lmagansan, seni avaylab,
Til ostimga solib yursam jonimga joylab—
deya armon qiladi.
Jo‘nar bo‘ldim men bundan diltang,
Yo‘llarimga qarab qolding sen.
Sochginangni tarab qolding sen.
O, bilaman, badjahl otang
Ostonangga yo‘ltmas seni.
Shoirga “uzalgan qo‘llari” bilaguzuk bilan bog‘langan qizning munis va ma’yus surati ko‘z o‘ngimizda muhrlanib qoladi. “Bilaguzuk bilan bog‘langan” qo‘llar tasvirida ham, shoirning “Bilaguzuk banding uzilsin, yor qo‘lini qisgandan ko‘ra!” – deya qilgan nidosida ham qandaylir yorug‘lik, qandaydir tozalik, qandaydir ajib shoironalik bor. “Geyneni yondirgan yulduz”, “Alisherning Gulisi” darajasida sevilgan qiz – Abdullaning she’rlariga muattar bo‘y taratib turgan gulga o‘xshaydi.
Abdulla Oripov ijtimoiy mazmunda davrimizning katta gaplarini ajib misralarda ayta olgan shoirdir. Uning “Yuzma-yuz”, “Temir odam”, “Uyqu”, “Dengizga” kabi she’rlarida davrimizning dolzarb masalalari ko‘tarilgan.Bu she’rlar xususida juda ko‘p munozaralar bo‘lib o‘tgan. Katta munaqqidlar bu she’rlarni har tomonlama sharhlab, yuksak baho berishgan. Biz bu o‘rinda bir narsanigina aytib o‘tmoqchimiz. Norboy Xudoyberganov “Yuzma-yuz” she’riga “Yuzma-yuz” deb nom berilishi o‘zini oqlamaydigan taassurot qoldiradi. Nega yuzma-yuz, kim bilan yuzma-yuz? Bu muammoligicha qolib ketgan”[25], -deydi. Bizningcha, shoir siz bilan yuzma-yuz, she’rxon bilan yuzma-yuz, qo‘ying-chi butun olam bilan yuzma-yuz! Bu olamning barcha dardlari, orzu va armonlari shoir qalbida aks-sado beradi. Shuning uchun ham shoir o‘zining “So‘nggi urush” she’rida yozadi:
Bir qadam qo‘ysang bas- naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas – shaksiz halokat.
Odamzot boshida turibdi bu zum
Qazoyi muallaq, mudhish halokat.
Insoniyat o‘z qo‘li bilan yaratgan bu “mudhish falokat”ni , “qazoyi muallaq”ni shoir yanada aniq va ravshan tasvirlar bilan ko‘z oldimizga olib keladi.
Bu bari – asrimiz kashf etgan balo,
Bu – yovuz sarmoya, hamisha basir.
Boshimiz ustida turibdi go‘yo
Bir soch tolasiga bog‘langan shamshir.
Shoirning bezovta qalbidan sitib chiqqan bu misralar insoniyatni hamisha qalbi, imoni, vijdoni bilan uyg‘oq bo‘lishga chorlaydi.
Abdulla Oripovning “Yillar armoni” deb nomlangan navbatdagi kitobiga kiritilgan yangi she’rlarining ko‘pchiligida inson qalbining ashaddiy kushandalari bo‘lgan hasadgo‘ylar, g‘iybatchilar, fitna-fasodchilar, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va razolat haqidagi qarashlari yanada keskin ruh bilan ifodalanadi. Abdulla Oripov bir she’rida shunday yozadi:
Sizdan nima ketdi, ey do‘sti aziz,
Sog‘inmang menga ham bir zum yomonlik.
Mendan nima ketdi, Sizga ham cheksiz
Saodat tilayin, tilay omonlik.
Chindan ham, koshki edi, shoir aytgandek, odamzot hech qachon bir-biriga yomonlik sog‘inmasa, qani endi, hamma hamisha bir-biriga saodat va omonlik tilayversa. Shoirning bu ezgu orzulari sizning qalbingizga ham “mendan nima ketdi, yaxshilik qilsam2 qabilidagi mardona tuyg‘ularni uyg‘otadi.
Abdulla Oripovning Erkin vohidovga bag‘ishlangan “Arslon chorlaganda…” deb nomlangan she’rida bu ikki zamondosh shoirning ulug‘ maqsadlarini arslonga o‘xshatadi. Buyuk qalb sohiblari bo‘lmish bu shoirlarning ezgu maqsadlar shohi – arslon qoshiga chorlagandi. Va bu ulug‘ maqsadlarga erishish uchun ularda matonat ham, bardosh ham bor edi. Lekin ularga yo‘lda qumursqalar – razil va xudbin insonlar hamrox bo‘ldilar.
Jamiki tiriklikka tanish bo‘lgan bu xatar faqat yoppa talamoqqagina yaratilgan. Axir inson ana shunday qumursqalar bilan olishib ulug‘ maqsadlariga erisholmay qolishi mumkin-ku.
Bu she’r tiriklikning xatarli hamrohi bo‘lgan qumursqanusxalarga ayovsiz aybnomadir. Mana, o‘sha she’r:
Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.
Jami tiriklikka tanish bu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar
Yem bo‘lib ketsak bu qumursqalarga.
Shoirning mazkur to‘plamdagi ko‘pgina yangi she’rlarida inson qalbini ich-ichidan yemiruvchi, aslida esa mayda tashvishlar hisoblangan illatlar xususida so‘z ketadi.
Yuqorida biz ko‘rib o‘tgan “Arslon chorlagandi…” she’ri bilan yonma-yon “Sen uzoq yashaysan…” deb boshlanuvchi she’r ham bor. Bu she’rda inson umrini egovlovchi omillardan biri inson ruhiyatiga ozor beruvchi, uning qalbini majruh qiluvchi “beomon hislar” ekanligini kuyinib aytadi. Bu she’rni shoir shunday yakunlaydi:
Yuz yil yashab o‘tar dunyodan birov,
Fursat manglayiga sololmas izlar.
Yo‘q, yo‘q yillar emas ularga egov
Uni yemiradi beomon hislar.
Shoirgaki, shunchalar ruhiy azob beruvchi zotlar bor ekan, ulardan insoniyatga hali-hamon osoyish yo‘qdir. Axir, alisherni sarsonu sargardon qilgan, Pushkinga o‘q uzib, mashrabni dorga ostirganlar ham o‘shalar emasmi?!
Abdulla Oripovning fikran barkamol, badiiy tafakkurning yetuk namunasi bo‘lgan she’rlaridan biri “Olomonga” she’ridir. Bu she’r shu qadar mantiqan yaxlitki, biror bandini ajratib olib tahlil qilish mumkin emas. Shuning uchun bu she’rni to‘laligicha keltiramiz.
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Lorka otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tamoshoga munchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman:
Qachon xalq bo‘lasan, ey, sen- olomon?!.
Axir biz ham har qadamda ana shunday olomonni uchratmayapmizmi? Avtobuslarda joy bo‘shatish malol kelib, nogiron chollar bilan janjallashayotgan ba’zi beyuzlarni ko‘rib, indamay yalpayib o‘tirgan kimsalarni, birovning cho‘ntagini kesib ketayotganlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olayotgan kishilarni, birovni nohaq malomat qilib, infarktga yo‘liqtirgan “olomon”ni biz ko‘rmayapmizmi? Ba’zi hollarda o‘zimiz istab-istamay ana shu “olomon”ga qo‘shilib qolmayapmizmi?
Shoir go‘yo o‘zining otashin misralari bilan vijdoni uyg‘oq kishilarni olomon orasidan tortib chiqarmoqchi. Biroq shoir razillar razolatiga qancha ko‘p duchor bo‘lmasin, bedillar sitamidan qancha ko‘p ozor chekmasin, inson qalbining ezguligiga va bu ezgulikning manguligiga qattiq ishonadi. Shuning uchun ham u yozadi:
Dunyoda diyonat hali mavduddir,
Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi.
U xayrlashuv she’rida:
Hayajon bu- o‘lim, kulfatdir – qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim tung‘ib qolgan bir orom kerak
Chindan ham dunyoning dardlarini, bani odamning sevinch va xasratlarini qalbida tuya-tuya, shoirning hasta yuragi uchun “hayajon-o‘lim, “qo‘shiq-kulfat” bo‘lib qolmog‘iga ham shubha qilmasa bo‘ladi.
Abdulla Oripov she’riyati musiqaviy she’riyatdir. Uning har bir misrasida, har bir bandida alohida takrorlanmas ohang bor. Mana, bir vazmin, bir o‘ktam ohangda otashin misralar yangramoqda.
Hamin sarhadlardan g‘amgin sas kelur,
Malomat toshlari basma-bas kelur.
Odamni mahv etar farzandi odam,
Odam erur ammo tamoshabin ham.
Yetim go‘daklarning ko‘zdagi yoshi
Bu – jumla jahonga malomat toshi.
Yuqoridagi misralarda har bir so‘z bittadan tosh bo‘lib go‘yo alohida-alohida ritm bilan naq sening ko‘ksingga tegadi, ruhingga g‘alayon soladi. Bu haqda shoirning o‘zi ham she’r boshidayoq aytib qo‘ygan:
Idroking mavjiga tekkani zamon
U mudroq ruhingga solur g‘alayon.
Abdulla Oripovning har bir she’rining o‘z ohangi bor, uni sira ham boshqa ohangda aytib bo‘lmaydi. Shoirning bundan yigirma bir yil muqaddam (1963) yozgan “Sen bag‘orni sog‘inmadingmi?” deb nomlangan she’r sarlavhasining o‘ziyoq allaqanday musiqiy sadolarni yodimizga soladi. U sadolar ham shunday sadolarki, bahorning nimpushti g‘unchalari, chuchmomalar gulbarglarining qatlari ochilishidan paydo bo‘lgan, faqat qalb qulog‘i tinglashi mumkin bo‘lgan sadolardir:
Uzoqlardan zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
O‘tdi qancha intizor chog‘lar
Vasling menga bo‘lmadi nasib.
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
Sen bahorni sog‘inmadingmi?.
Abdulla Oripovning “Yurtim shamoli” she’ri mening nazarimda ham zukko rassom mo‘yqalami bilan chizilgan tengsiz suratga, ham sohir qalbdi bastakor yaratgan kuyga o‘xshaydi. Shoir vatan shamolining zangori suratini chizar ekan, avval bahor yellarining atlas ko‘ylaklar etagini taragandagi mayin saslari eshitilganday bo‘ladi. So‘ng esa goh shodlik, goh qayg‘u nafasini olib kelgan dolg‘ali shamollar ovozini tinglaymiz.
Shoirning maqsadi faqatgina Vatan shamolining suratini chizish emas, u olamdagi “qancha bo‘stonlarni sovurgan” davronlar bo‘ronidan so‘ylab, “qayg‘ulardan holiy” yurti shamolini kuylamoqdir. Yashil bog‘lar quchog‘ida sayragan turfa qushlar orasida bulbul ovozi yagona bo‘lganidek, shoir Abdullaning ovozi ham tanhodir.
Abdulla Oripov she’rlarining eng katta mavzularidan biri, Mayoqub Qo‘shjonov yozganidek, “katta harf bilan yozilishi kerak bo‘lgan insoniy mehrdir].
Shoirning “Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi” nomli she’rida ana shu mehrning tirik haykali farrosh kampir obrazini yaratadi. Beshta qit’adan tanlab olingan, olamdagi barcha ilmlarni o‘zida mujassam etgan olimlar yecholmagan jumboqni farrosh kampir bir zumda hal qiladi-qo‘yadi. Kampir samoviy mehmonga somon yo‘lini ham, alfa-yu betalarni ham ko‘rsatib o‘tirmaydi. Balki o‘zining onalik qalbidagi samimiy mehrini izhor etadi. U samoviy mehmonning “sap-sariq rangi zardini” ko‘rib, shunday deydi:
Voy bechora bolagina,
Dard zaptiga olibdi-ku.
Holdan toyib, boshqa ko‘zi
Yumilib ham qopti-ku.
Shunday qilib farrosh kampir “rangini ko‘r somon deysan, suvdanmikan yo o‘tdan” deya girgitton bo‘ladi. Uning tikanakday tikka o‘sgan sochginasini silab” unga ichgani suv ham tutadi. Shu payt mo‘’jiza ro‘y beradi. Kampirning mehribonligidan samoviy mehmonning “bittagina ko‘ziga duvva-duvva yosh” keladi. Bu she’r o‘zining afsonaviy obrazlari bilan, ehtimol, minglab yillar insoniyatga mehrdan saboq berar.Axir, mehr zamingagina emas, insongagina emas, balki samoga ham zarurdir.
Agar hozirgi kunimizda insoniyat samoga mehrini emas, qahrini armug‘on etayotgani,imperialistik doiralar kosmosdan harbiy maqsadlarda foydalanishga harakat qilayotganini hisobga olsak, shoirning mazkur she’ri naqadar ulkan ijtimoiy xarakterga kasb etishini yanada yaqqolroq his etamiz.
Afsuski, taraqqiyot behad va benihoyat tez bo‘lgan bizning asrimizda o‘sha “katta harf bilan yozilishi kerak bo‘lgan mehr”ning bozori tobora kasod bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Albatta, bu hol birinchi navbatda shoir qalbini bezovta qilishi ham shubhasizdir.
Shoirning keyingi paytlarda yozgan she’rlarida mehrga tashnalik hissi yanada o‘tliroq, yanada jozibaliroq kuylanadi. Uning “Qirq yosh” nomli she’rida mehr haqidagi, mehrga tashnalik haqidagi quyidagi misralarni o‘qigan she’rxon qalbi larzaga tushadi:
Kim alam chekmabdi umrida bir bor,
U meni anglamas, anglamas zinhor.
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,
Men unga umrimni etgumdir fido.
Mehr so‘zi qadimda quyosh ma’nosini bildirar ekan. Mehrga muhtoj qalblarning mumtoz kuychisi bo‘lgan Abdulla Oripov olamda mehru muhabbatning quyosh nurlari kabi serob bo‘lishini tilaydi.
Abdulla Oripov ijodida o‘zbek she’riyatidagi eng ezgu traditsiyalar izchil ravishda davom ettirilgan. Shoir o‘z she’rlarida Alisher navoiy kuylagan insonparvarlik, ezgullik, yaxshilik, razolatga ayovsiz nafrat, insoniy sevgi va muhabbat g‘oyalarini o‘ziga xos otashin misralarda talqin etadi, o‘sha g‘oyalarni mehru muhabbat bilan davom ettiradi. U G‘afur G‘ulom va Hamid olimjon kabi shoirlar ijodidagi vatanparvarlik motivlarini yanada jarangdor pardalarda kuylaydi.
Alisher Navoiy:
Odamiy ersang demagil odami
Oningkim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami –
deya xalq g‘amini yemagan insonlar odam emasligini aytsa, Abdulla Oripov undaylarni “temir odam” deydi:
Ustoz, qalbi yo‘qdir uning ham, hayhot,
Na nafrat, na ishqni tanlamas u ham,
Uning ham ko‘zida chaqnamas hayot,
Munis boqishlarni anglamas u ham.
Klassik shoirlar ijodida olam go‘zalliklari inson chehrasiga nisbat berilib kuylangan. Biz Alisher navoiy, lutfiy, Fuzuliy kabi ulug‘ shoirlarning har bir misrasida gullar, chechaklar, yaproqlar, mayin shabbodalar, quyoshning ipak shu’lalari… qo‘ying-chi, bu nurli olamning barcha go‘zalliklari yorning go‘zalligiga nisbat berilib, bu yorug‘ dunyoga va olamning gultoji bo‘lmish insonga muhabbat ifoda etilgan.
Abdulla Oripovning ham har bir misrasida o‘sha gulu chechaklar, kuzning za’far yaproqlaridan tortib, yomg‘irlarning ma’yus shivirlashlarigacha tasvirlangan. Lekin bu tasvirlar inson qalbining turli manzaralarini, inson ruhiyatining rangin suratlarini akslantirish uchun xizmat qiladi.
Do‘stim, tingla…yaproqchalarning
Shivirlashi eshitilmoqda…
…Yuragim ham daraxtzor kabi
Nimanidir olqishlamoqda].
Shoirning yuqoridagi kabi misralarida inson ruhiyatidagi tug‘yonli lahzalar suratini tabiat manzaralari suratiorqali tasvirlaydi.
Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom kabi shoirlar ijodida Vatan madhi tantanavor ohanglarda jaranglasa, Abdulla Oripov Vatanni ezgu bir dard bilan sevadi. Uni Ulug‘bekning boshini kesgan, Boburning sarsonu sargardon qilgan, Chingizxonlar zulmidan qon-qaqshagan, lekin bosh egmagan xalqni oppoq armon bilan sharaflaydi.
Abdulla Oripov dono xalqimiz yaratgan maqol va matallardan, iboralardan juda oqilona va san’atkorlik bilan foydalanadiki, natijada shoir tilga olgan maqollar qayta boshdan she’riy umrini boshlaydi. Ayniqsa, shoir o‘z to‘rtliklarida xalq maqollaridan samarali foydalangan. Uning “Men anglab yetgan falsafa”, “Tingla, bu abadiy sado bo‘ladi”,, “Deydilar, it hurar o‘tadi karvon”, “Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida kabi to‘rtliklarida xalq maqollaridan zargarona foydalanilgan”. Shoir bu maqollarni shunchaki o‘z fikrini isbotlash uchungina keltirmay, balki bu maqollarni yangi qirralar bilan, o‘zgacha jilolar bilan boyitgani uning novatorligidir.
Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo,
Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni.
Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo
Molim yomon degan biror kimsani.
Shoir bu to‘rtligiga “Men anglab yetgan falsafa” deb sarlavha qo‘yibdi. Ha, shoir anglab yetgan falsafa bu tiriklik bozorining mangu haqiqat bo‘lgan falsafasidir.


Download 57.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling