Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn


Download 5.07 Kb.
Pdf ko'rish
bet23/53
Sana30.08.2017
Hajmi5.07 Kb.
#14625
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   53

Foyda: Chap tomoni va oyog‘i ostiga tupurishi masjiddan tashqaridadir. Agar masjid 
ichida tupurishga majbur bo‘lib qolsa, choponining bir tarafiga tupurib, ishqab tashlasin. 
 
78-BOB 
Boshliqlar o‘z qo‘l ostidagilarga muloyim, xayrixoh va shafqatli 
bo‘lishlari, ularni aldash, qo‘pollik qilish, hojatmandlaridan 
g‘aflatda bo‘lishdan qaytariq haqida 
 
Alloh taolo: 
«O’zingizga ergashgan mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni ularga 
xush xulq bilan kamtarona munosabatda bo‘ling)» (Shuaro surasi, 215-oyat), 
«Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga 
yaxshilik qilishga buyurur hamda buzuqlik, yomon ishlar va zo‘ravonliklardan 
qaytarur» (Nahl surasi, 90-oyat), deb aytgan. 
652/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Barchalaringiz 
homiysiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz. Imom homiydir. Va qo‘l ostidagilarga 
mas’uldir. Kishi o‘z ahliga homiydir. Va qo‘l ostidagilarga mas’uldir. Xotin erining uyida 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
135
homiydir va qo‘l ostidagilarga mas’uldir. Xizmatkor boshlig‘i molida homiydir. Va qo‘l 
ostidagilarga mas’uldir. Barchangiz homiysiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz», 
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Har bir shaxsning jamiyat oldidagi mas’uliyati, har bir erkakning ahli 
huzuridagi mas’uliyati, har bir ayolning eri xonadonidagi mas’uliyati va barcha 
insonlarning boshqa kishilar oldidagi mas’uliyati bor. 
653/2. Abu Ya’lo Ma’qal ibn Yasordan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Biror 
bandani Alloh taolo bir jamoaga boshliq qilsayu, u o‘z qo‘l ostidagilarni aldab bu 
dunyodan o‘tsa, Alloh taolo unga jannatni harom qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
Boshqa rivoyatda: «Boshliq o‘z qo‘l ostidagilarga jonkuyarlik qilmagan holda o‘lsa, 
jannat hidini hidlamaydi», deyilgan. 
Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Qaysi bir amir musulmonlar ishida boshliq 
bo‘lsayu, ularga jonkuyar va xayrixoh bo‘lmasa, ular bilan birga jannatga kirmaydi», 
deyilgan. 
654/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mening uyimdalik 
paytlarida quyidagicha so‘zlarni aytardilar: «Allohim, kimni ummatimning ishida boshliq 
qilsang-u, u qo‘l ostidagilarga beshafqat bo‘lsa, Sen ham unga beshafqat bo‘lgin. Kimni 
ummatimning biror ishida boshliq qilsang-u, u qo‘l ostidagilarga muloyim bo‘lsa, Sen 
ham unga muloyim bo‘lgin». Imom Muslim rivoyatlari. 
655/4. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Bani Isroil 
jamoasiga payg‘ambarlar boshliq bo‘lar edi. Qachon bir payg‘ambar vafot etsa, o‘rniga 
boshqa payg‘ambar qolar edi. Mendan keyin esa payg‘ambar yo‘qdir. Balki mendan 
keyin yaqin kunlarda xalifalar bo‘lib, ular ko‘payib ketishadi», dedilar. Sahobalar: «Ey 
Allohning Rasuli! O’sha kun kelsa, bizga nimani buyurasiz?» deyishdi. Shunda Rasululloh 
(s.a.v.)  «Avval kimga bay’at qilgan bo‘lsangiz, o‘shanga vafodor turing. Keyin o‘sha 
avvalgining haqqini ado qilib bering. O’zingizning haqqingizni esa Allohdan so‘rang. 
Chunki Alloh boshliq etib tayinlaganlardan o‘zi so‘roq-savol qiladi», dedilar. Imom 
Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
656/5. Oiz ibn Amrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Ubaydulloh ibn Ziyodning 
huzuriga kirib: «Ey o‘g‘ilcham, men Rasulullohdan (s.a.v.) eshitganman. Albatta, 
boshliqlarning yomoni qo‘l ostidagilarga ozor yetkazadiganidir. Sen ana shunaqa 
bo‘lishdan chetlangin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
657/6. Abu Maryam al-Azdiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Muoviyaga <^>: «Men 
Rasulullohdan S: «Kimni Alloh musulmonlar ishida boshliq qilsayu, u o‘zi bilan 
musulmonlar orasini to‘sib turuvchi qo‘riqchi qo‘ysa, shu tufayli musulmonlar o‘z 
hojatlari, ehtiyojlari va kambag‘alliklarini ayta olishmasa, Alloh taolo ham Qiyomat kuni 
o‘sha boshliqning hojatini va arz-dodini tinglamaydi», deganlarini eshitdim», deb 
aytdilar. Muoviya bu hadisni eshitganlaridan keyin odamlarning hojatini chiqaradigan 
bo‘ldilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 
 
79-BOB 
Adolatli boshliqning fazilati haqida 
 
Alloh taolo: 
«Albatta, Alloh adolatga va chiroyli amallar qilishga... buyurur» (Nahl surasi, 
90-oyat), «(Mudom) adolat qilinglar! Zero Alloh adolat qilguvchilarni sevar» 
(Hujurot surasi, 9-oyat), deb aytgan. 
658/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Alloh taolo yetti 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
136
toifa kishiga soya yo‘q kunda o‘z soyasidan (Qiyomat haroratida Arshning soyasidan) 
panoh berur: 1) odil podshoh; 2) Allohning ibodatida o‘sgan yigit; 3) masjidga qalbi 
muallaq (bog‘liq) bo‘lgan kishi, ya’ni masjiddan chiqib, to unga qaytgunicha qalbi bog‘liq 
bo‘luvchi; 4) Alloh yo‘lida do‘st bo‘luvchi ikki birodar shaxs, ular Alloh yo‘lida jam bo‘lib, 
Uning yo‘lida ajraladilar; 5) bir kishini husnu jamolda tenggi yo‘q ayol (yomon niyatda) 
o‘z nafsiga chaqirsa, u kishi Allohdan qo‘rqaman, deb javob qilsa; 6) bir kishi biror 
sadaqa qilsa, o‘sha bergan sadaqasini shu darajada maxfiy qilsaki, o‘ng qo‘li bilan 
berganini chap qo‘li sezmasa; 7) bir kishi xoli holda Allohni eslaganida, ko‘zidan yosh 
oqsa», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
659/2. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Adolatli 
bo‘lgan (boshliq)lar uchun Alloh huzurida nurdan bo‘lgan minbarlar bordir. Ya’ni u 
boshliqlar hukm chiqarishda, o‘z ahllari va o‘z vazifalariga adolatli bo‘lishadi», dedil ar. 
Imom Muslim rivoyatlari. 
660/3. Avf ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Sizlarning yaxshi 
hokimlaringiz shunday kishilarki, sizlar ularni yaxshi ko‘rasizlar. Ular ham sizlarni yaxshi 
ko‘rishadi. Sizlar ular haqqiga duo qilasizlar. Ular ham sizlarning haqqingizga duo 
qilishadi. Yomon hokimlaringiz shunday kishilarki, sizlar ularni yomon ko‘rasizlar. Ular 
ham sizlarni yomon ko‘rishadi. Sizlar ularni la’natlaysizlar. Ular ham sizlarni 
la’natlashadi», deganlarida, biz: «Ey Allohning Rasuli, undoq bo‘lsa, ular bilan 
urushaylikmi?» deganimizda, u zot: «Modomiki namoz o‘qishar ekan, urushmanglar», 
deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
661/4. Iyoz ibn Himordan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Uch toifa kishi 
jannat ahlidir: 1. Adolatga muvaffaq bo‘lgan podshoh; 2. Qarindoshlari va musulmon 
birodarlariga rahmli hamda qalbi yumshoq kishi; 3. Bolalari ko‘p va o‘zi muhtoj bo‘lasa-
da tilanchilik qilmaydigan kishi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
 
80-BOB 
Gunohga buyurishmasa, boshliqlarga itoat qilishning vojibligi, agar gunohga 
buyurishsa, itoatda bo‘lishning haromligi to‘g‘risida 
 
Alloh taolo: 
«Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan 
bo‘lgan  (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz» (Niso surasi, 59-oyat), deb 
aytgan. 
662/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Har bir musulmon 
kishi, agar gunohga buyurilmasa, boshlig‘ining so‘ziga, yaxshi ko‘rsa ham, yomon ko‘rsa 
ham, eshitib itoat qilishi lozim. Agar bordiyu, gunoh bo‘lsa, eshitish ham, itoat qilish 
ham yo‘q», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
663/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz Rasululloh (s.a.v.)ning aytgan so‘zlarini 
eshitib, itoat etishga bay’at qilsak, u zot: «Agar toqatlaringiz yetadigan narsaga hukm 
qilinsa», der edilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Agar boshliq toqat yetadigan ishga buyursa itoat qilinadi. Aksincha itoat 
yo‘qdir. 
664/3. Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kim boshlig‘iga itoat 
qilishdan bosh tortsa, Qiyomat kuni hujjati yo‘q holatda yo‘liqadi. Kimki musulmonlar 
jamoatiga bog‘lanmay o‘lsa, johiliyat davridagilardek o‘ladi», dedilar. Imom Muslim 
rivoyatlari. 
Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Kimki jamoatdan ajragan holda vafot etsa, johiliyat 
zamonasidagilardek o‘ladi», dedilar. 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
137
665/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Agar sizlarga mayizday 
qora habashiy qul boshliq qilinsa ham, eshitib itoat qilinglar», deb aytdilar. Imom 
Buxoriy rivoyatlari. 
666/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Boshlig‘ingga 
qiyinchilikda ham, yengilchilikda ham, xursandlikda ham, xafalikda ham, haqqingni 
bermaganida ham, eshitib itoat qil!» dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
667/6. Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga 
safarda yurib, bir manzilga tushdik. U yerda kimdir kapasini tuzatayotgan edi. Va kimdir 
o‘q otish musobaqasi ila mashg‘ul edi. Va yana kimdir hayvonlarini o‘tlatayotgan edi. 
Shunda Rasululloh (s.a.v.) jarchilaridan biri jar solib, jamoat namoziga chaqirdi. Biz u 
zot huzurlariga jamlandik. U zot: «Mendan oldin biror payg‘ambar kelgan bo‘lsa, bilgan 
yaxshilikka o‘z ummatini dalolat qilib, bilgan yomonlikdan o‘z ummatini ogohlantirish 
uning zimmasidadir. Albatta, bu ummatning avvalgi avlodiga ofiyat nasib qilingandir. 
Ummatning oxirgi avlodiga esa balolar va inkor qilinadigan ishlar bo‘ladi. Shunaqa 
fitnalar bo‘ladiki, ba’zisi (katta bo‘lganidan) ba’zisini tekislab ketadi. Va yana bir fitna 
paydo bo‘ladiki, mo‘min kishi uni ko‘rganda mana shu halok qiladi, deydi. Keyin undan 
bu fitna ketadi. Va yana har xil fitna bo‘ladi. Mo‘min kishi: «Bu meni halok qiladi. Bu 
meni halok qiladi», deydi. Kim do‘zaxdan uzoqlashib, jannatga kirishni istasa, Allohga va 
oxirat kuniga iymon keltirib o‘lsin. Va o‘ziga qanday muomala qilinishini yaxshi ko‘rsa, 
odamlarga ham shunday muomala qilsin. Kim bir imomga qo‘lini berib, chin qalbdan 
bay’at qilgan bo‘lsa, qodir bo‘lgunicha itoat etsin. Agar ikkinchi imom chiqib, o‘sha bay’at 
qilgan birinchi imomi bilan nizo qilsa, o‘sha ikkinchisining gardaniga uringlar», deb 
aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
668/7. Abu Hunayda Voil ibn Hujrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Salama ibn Yazid al-Ja’fiy 
(r.a.) Rasulullohdan (s.a.v.) «Ey Allohning nabiysi, agar bizning tepamizga o‘z haqlarini 
bizdan talab qilib, bizlarning haqqimizni ado etmaydigan amirlar kelishsa, nima 
qilmog‘imizni buyurasiz?» deb so‘raganlarida, Rasululloh (s.a.v.) javob bermay, yuzlarini 
o‘girdilar. Keyin yana so‘raganlarida, Rasululloh (s.a.v.)  «Shunda ham sizlar ularning 
so‘zlarini eshitib, itoat qilinglar. Chunki ular o‘z vazifalariga mas’uldirlar. Sizlar ham o‘z 
vazifangiz (ya’ni itoat etish)ga mas’uldirsiz», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
669/8. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Mendan 
keyin laganbardorlik, hamda inkor qilinadigan noshar’iy ishlarni ko‘rasizlar!» 
deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli, shunday kun kelsa, nima qilishga 
buyurasiz?» deyishdi. Rasululloh (s.a.v.)  «Ustingizda bo‘lgan haqlarni ado etinglar. Va 
o‘z haqlaringizni Allohdan talab qilinglar», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
670/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kim menga itoat 
qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi. Kim menga osiylik qilsa, batahqiq Allohga osiylik 
qilibdi. Kim amiriga itoat qilsa, batahqiq menga itoat qilibdi. Kim amiriga osiylik qilsa
batahqiq menga osiylik qilibdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
671/10. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim amirining ishida 
biror narsani karih ko‘rsa, sabr qilsin. Chunki amirining itoatidan biror qarich tashqariga 
chiqsa, johiliyatda o‘lgan kabi vafot etadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
672/11. Abu Bakradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kim podshohini 
xo‘rlasa, Alloh ham uni xo‘rlaydi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 
 
81-BOB 
Amirlikni o‘zi so‘rab kursiga o‘tirishdan qaytarish hamda tayin 
etilmasa yoki majburiyat bo‘linmasa, uni 
tark qilishning afzalligi 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
138
 
Alloh taolo: 
«Biz o‘sha Oxirat diyorini Yer yuzida zulmu zo‘ravonlik va buzg‘unchilik 
qilishni istamaydigan kishilar uchun qilurmiz. Oqibat taqvo qilguvchi 
kishilarnikidir» (Qasos surasi, 83-oyat), deb aytgan. 
673/1. Abu Said Abdurahmon ibn Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) 
menga: «Ey Abdurahmon ibn Samura, amirlikka o‘zing talabgor bo‘lma! Chunki o‘zing 
talabgor bo‘lmasdan, seni amir etsalar, u holda Alloh O’zi sening madadkoring bo‘ladi. 
Agar o‘zing talabgor bo‘lib, amir bo‘lsang, bu holda Alloh o‘zingga topshirib qo‘yadi. Va 
yana agar sen bir narsaga qasam ichsang, keyin yaxshilik uning aksida bo‘lsa, o‘sha 
yaxshisini ixtiyor qilgin-da, buzgan qasamingning kafforatini bergin», dedilar. Imom 
Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
674/2. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Ey Abu Zarr, men seni 
bechorahol kishi, deb bilaman. O’z nafsimga nimani yaxshi ko‘rsam, senga ham o‘sha 
narsa bo‘lishini yaxshi ko‘raman. Senga nasihatim shuki, hech ham ikki kishi ustidan 
boshliq bo‘lma. Va hargiz yetimning moli topshirilsa, uni ola ko‘rma», deb aytdilar. 
Imom Muslim rivoyatlari. 
675/3. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Men: «Ey Allohning Rasuli, meni ham biror 
yerga boshliq qilmaysizmi?» deganimda, u zot qo‘llari bilan yelkamga urib: «Ey Abu 
Zarr, sen bechorahol bir kishidirsan. Boshliqlik bu dunyoda omonat, Qiyomatda esa 
xo‘rlik va nadomatdir. Faqatgina kim haq yo‘l bilan uni qo‘lga kiritib, haqqini yaxshi 
suratda ado etsa, xo‘rlik va nadomat yo‘qdir», dedil ar. Imom Muslim rivoyatlari. 
676/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Sizlar amir 
(boshliq) bo‘lishga ko‘p rag‘bat qilasizlar. Vaholanki boshliqlik Qiyomat kuni 
nadomatdir», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
 
82-BOB 
Podshoh, qozi va boshqalarning ish boshqarish uchun solih 
vazirlarni olib, a’yonlarning yomonini yaqinlashtirmay, 
maslahatlaridan chetlanishlariga targ‘ib bayoni 
 
Alloh taolo: 
«U kunda do‘stlar bir-biriga dushmandir, magar (Alloh yo‘lida do‘stlashgan) 
taqvodor zotlargina (mangu do‘stdirlar)» (Zuxruf surasi, 67-oyat), deb aytgan. 
677/1. Abu Said va Abu Hurayralardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh 
qaysi bir payg‘ambarni yuborsa yoki xalifani tayin etsa, albatta, ularning ikki qism 
sirdoshlari bo‘ladi. Biri yaxshilikka buyurib, unga dalolat qiladi. Ikkinchisi yomonlikka 
buyurib, unga dalolat qiladi. Alloh asragan odam pok kimsadir», dedil ar. Imom Buxoriy 
rivoyatlari. 
678/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Agar Alloh bir amir 
(boshliq) ga yaxshilikni iroda qilsa, unga rostgo‘y vazirni nasib qiladiki, boshliq esidan 
chiqargan narsani u esiga soladi. Agar esida bo‘lsa, uni ro‘yobga chiqarishga yordam 
beradi. Bordiyu Alloh boshliqqa yomonlikni iroda qilsa, unga yomon vazirni nasib 
qiladiki, agar boshliqning esidan chiqsa, u esiga solmaydi. Agar eslasa, yordam 
bermaydi», dedilar. Bu hadisni Abu Dovud Imom Muslimning shartlariga muvofiq yaxshi 
isnod bilan rivoyat qilganlar. 
 
83-BOB 
Amirlikka, qozilikka yoki boshqa shu kabi muhim vazifalarga o‘zi 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
139
xohlab, talabgor bo‘lgan hamda o‘zini taklif qilgan kishini o‘sha 
mansabga tayin qilishdan qaytarish xususida 
 
679/1. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Men va amakimning ikki o‘g‘li 
Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirdik. Ulardan biri: «Ey Allohning Rasuli! Alloh sizni 
boshliq etgan mamlakatning ba’zi joylariga bizni amir qilsangiz», dedi. Ikkinchisi ham 
avvalgiga o‘xshash so‘z aytdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.)  «Alloh nomiga qasamki, biz 
boshliqlikka talabgor bo‘lib, unga xirs qilgan biror kishini u vazifaga tayinlamaymiz», 
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
140
ODOB KITOBI 
 
84-BOB 
Hayo va uning fazilati hamda unga odatlanmoqqa 
targ‘ib qilish haqida 
 
680/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ansoriy bir kishi oldidan 
o‘tayotgandilar, u ansoriy birodariga nasihat qilib turgan ekan (ya’ni juda qattiq hayoli 
bo‘lma! O’zingga qiyin bo‘ladi, deb). Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Buni o‘z holiga qo‘ygin. 
Chunki hayo iymondandir (ya’ni iymoni bor kishining hayosi bo‘ladi)», dedilar. Imom 
Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Foyda:  Hayo iymonni mukammalligidandir. Chunki hayoli kishi yomon amallarni 
qilishdan o‘zini to‘xtatadi. Hayo toatga undaydi. Hayo inson xilqatida bor bo‘lgan g‘ariza 
bo‘lib, xulqlanish, uni kasb qilish va shariat odoblariga amal qilish orqali kuchaytiriladi. 
681/2. Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Hayo hamisha 
yaxshilik olib keladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Imom Muslimning rivoyatlarida: «Hayoning hammasi xayrlidir», deyilgan. 
682/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Iymonning yetmish 
nechta yoki oltmish nechta ham bo‘lagi (sho‘‘basi) bordir. Ularning afzali «La ilaha 
illalloh»dir. Eng pasti yo‘ldan aziyat beruvchi narsani olib tashlashdir. Hayo ham o‘sha 
iymon bo‘laklaridan biridir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
683/4. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) parda ortidagi 
bokira qizdan ham hayoliroq edilar. Agar u zot biror narsani karih ko‘rsalar, biz u zotning 
yuzlaridan bilib olar edik. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Ulamolar: «Hayo bir xulqdirki, kishini yomon ish qilgani qo‘ymaydi. Hamda haqdorning 
haqqini ado qilishda paydo bo‘ladigan sustlikdan man qiladi», deyishgan. 
Abulqosim Junayd aytadilar: «Hayo — Allohning ne’matlarini va o‘zining shukridagi 
qusurlikni his etishdir. Bularning o‘rtasidagi bir holat yuzaga keladiki, u hayo deb 
nomlanadi. Vallohi a’lam». 
 
85-BOB 
Sir saqlashning fazilati to‘g‘risida 
 
Alloh taolo: 
«Ahdga vafo qilinglar. Zero ahd-paymon (Qiyomat kuni) mas’ul bo‘linadigan 
ishdir» (Isro surasi, 34-oyat), deb aytgan. 
684/1. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyomat kuni 
Alloh huzurida yomon maqomdagi kishi shunday kishiki, u o‘z xotini bilan jinsiy aloqada 
bo‘lib, bir-birlarining a’zolariga nazar tashlab, keyin xotinidagi sirlarni tarqatadi», dedil 
ar. Imom Muslim rivoyatlari. 
685/2. Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Umarning (r.a.) qizlari Hafsa beva 
bo‘lib qolganida, Umar (r.a.) Usmon ibn Affonga yo‘liqib, Hafsani Usmonga (r.a.) taklif 
qilib: «Xohlasangiz, qizim Hafsani sizga nikohlab qo‘yaman», dedilar. Usmon (r.a.): «Bir 
o‘ylab ko‘raman», dedilar. Umar (r.a.): «Bu gapdan keyin bir kecha kutdim. So‘ngra 
Usmon (r.a.) menga yo‘liqib: «Ravshan bo‘ldiki, bugungi kunda uylana olmas 
ekanman», dedilar. Keyin Abu Bakr Siddiqqa (r.a.) yo‘liqib. Agar xohlasangiz, qizim 
Hafsaga sizni uylantirib qo‘yaman», desam, u zot biror narsa demay jim turdilar. Men 
Usmonga (r.a.) nisbatan Abu Bakrdan (r.a.) xafa bo‘ldim. Shundan bir necha kun 
o‘tgach Rasululloh (s.a.v.) sovchi bo‘ldilar. Men qizimni Rasulullohga (s.a.v.) nikohlab 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
141
qo‘ydim. Keyin Abu Bakr (r.a.) menga yo‘liqib: «Ey Umar, qizingni menga taklif 
qilganingda biror javob qilmasdan jim turganimdan xafa bo‘lgan bo‘lishing mumkin», 
degandilar. Men: «Ha», deb javob berdim. Shunda Abu Bakr (r.a.): «Sen qizingni taklif 
etganingda biror mone’lik yo‘q edi. Lekin Rasululloh (s.a.v.) qizingni nikohlariga olish 
istaklari borligini bilar edim. Men u zotning sirlarini fosh qilmay, deb javob bermadim. 
Agar u zot qizingni nikohlariga olmaganlarida, albatta, men olar edim», dedilar». Imom 
Buxoriy rivoyatlari. 
686/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) hamma xotinlari u 
zotning huzurlarida turishgan edi. Shu payt qizlari Fotima (r.a.) kelib qoldilar. 
Fotimaning (r.a.) yurishlari otalarining yurishlaridan hech farq qilmas edi. Otalari 
Fotimani ko‘rib: «Marhabo, xush kelibsiz, qizim», deb peshvoz chiqdilar. Keyin o‘ng 
tomonlariga yoki chap tomonlariga o‘tkazdilar. Va quloqlariga nimanidir pichirlab 
gapirdilar. Fotima (r.a.) bu so‘zdan qattiq yig‘ladilar. Rasululloh (s.a.v.) qizlaridagi 
betoqatlikni ko‘rib, yana qizlarining qulog‘iga nimanidir pichirladilar. Fotima (r.a.) 
bundan kuldilar. Shunda men Fotimaga (r.a.): «Rasululloh (s.a.v.) shuncha xotinlari 
ichida sizni xoslab, sir aytsalar, siz nimaga yig‘laysiz?» dedim. Keyin Rasululloh (s.a.v.) 
o‘rinlaridan turib ketganlarida, Fotimadan &:  «Rasululloh (s.a.v.) senga nima dedilar?» 
deb so‘rasam, u: «Rasulullohning (s.a.v.) sirlarini fosh qilmayman», dedi. Rasululloh 
(s.a.v.) vafot etganlarida, men yana Fotimadan (r.a.): «Onalik haqqi-hurmati, 
Rasululloh o‘sha kuni nima dedilar?» desam, Fotima (r.a.): «Endi mayli, aytib beraman. 
Avvalgi gal qulog‘imga pichirlaganlarida aytdilarki: «Jabroil alayhissalom har yili kelib bir 
(yo ikki) marta Qur’onni ko‘rikdan o‘tkazardilar. Hozir ikki marta Qur’onni ko‘rikdan 
o‘tkazdilar. Ajalim yaqinlashib qolganini his qilayapman. Allohdan taqvo qilib, sabr etgin. 
Men sen uchun naqadar yaxshi peshvodirman». Shu gapdan keyin siz guvohi bo‘lgan 
o‘sha yig‘i zohir bo‘ldi. Mendagi betoqatlikni ko‘rib, ikkinchi marta qulog‘imga pichirlab: 
«Ey Fotima, mo‘mina ayollarning sayyidasi yoki bu ummat ayollarining sayyidasi 
bo‘lishga rozi emasmisan?» degandilar. Mana shu gapdan keyin siz o‘sha guvohi bo‘lgan 
kulgu zohir bo‘ldi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Lafz Imom Muslimniki. 
687/4. Sobit (r.a.) Anasdan (r.a.) qilgan rivoyatlarida, Anas (r.a.): «Men bolalar bilan 
o‘ynayotgan edim. Rasululloh (s.a.v.) bizning huzurimizga kelib, salom berdilar va meni 
bir ish bilan bir joyga yubordilar. O’sha xizmat sabab bo‘lib, onamning xizmatlaridan 
kechikdim. Qachonki onam huzurlariga kelsam, onam: «Nima uchun kech qolding?» deb 
so‘radilar. Men: «Rasululloh (s.a.v.) meni bir ish bilan yubordilar», dedim. Onam: «Nima 
ish ekan?» deb so‘radilar. Men: «U - sir», deb aytdim. Shunda onam: «Rasulullohning 
(s.a.v.) sirlarini hech bir kishiga aytmagin», dedilar. Anas (r.a.): «Allohga qasamki, ey 
Sobit, agar u sirni biror kishiga aytganimda, senga allaqachon gapirib bergan bo‘lar 
edim», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. Imom Buxoriy esa ba’zisini qisqa holatda 
rivoyat qilganlar. 
Download 5.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   53




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling