Katta g‘alla biti (Amphorophora avenae yoki Sitobion avenae) arpaga, bug‘doyga, makkajo‘xoriga, oq jo‘xoriga va tariqqa zarar yetkazadi. Katta g‘alla biti 2–2,8 mm kattalikda bo‘lib, yashil rangda. Qanotlari boshi va ko‘kragi qizg‘ish-qo‘ng‘ir, xartumi naychasining uzunligi boshining to‘rtdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mo‘ylovi, panjasi, sonining yuqorisi va boldiri qora, mo‘ylovi tanasidan uzunroq.
Katta g‘o‘za biti (Acyrthosiphon gossypii Mordv.) O‘zbekistonning barcha paxta ekiladigan rayonlarida uchraydi. G‘o‘zadan tashqari mosh, loviya, begona o‘tlar, yantoqqa ko‘proq tushadi. Katta g‘o‘za biti nisbatan yirik bo‘lib, 3,5–4,0 mm gacha yetadi. U boshqa bitlarga o‘xshab to‘da hosil qilmaydi. Rivojlanishining hamma fazasida ham tanasi ko‘kish yoki sarg‘ish, ko‘zlari qizil, oyoqlari va shira naychalari juda uzun bo‘ladi. Katta g‘o‘za biti g‘o‘zapoyada va yantoqda tuxumlik fazasida qishlaydi. Mayning ikkinchi yarmida g‘o‘zada paydo bo‘lib, yil davomida to‘liq rivojlanish davrini kechiradi, yozda partenogenetik usulda, kuzda ikki jinsli bo‘g‘ini tuxum qo‘yib, shu holda qishlab qoladi. Bitlarning afidofag – yirtqichlari va parazitlaridan 46 turi ro‘yxatga olingan, bularga sirfid pashshalari, oltinko‘z, gallitsa pashshalari va boshqalar kiradi
Kungaboqar kapalagi (Homoeosoma nebulella Hb.) (Pyralidae – parvonalar oilasi, Lepidoptera – tangaqanotlilar turkumi) .Bu hasharot kungaboqarning ancha jiddiy zararkunandasi hisoblanadi; chunki u ko‘plab paydo bo‘lgan vaqtlarda kungaboqar hosili deyarli batamom nobud bo‘ladi. Bu hasharot ba’zan kungaboqar kuyasi deb ataladi, bu noto‘g‘ri, chunki u kapalaklar (Pyralididae) oilasiga kiradi. Kungaboqar kapalagi O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Kavkaz, Yevropaning o‘rta va janubiy qismlarida, Turkiya, Sibir, Yevropa, Shimoliy Afrikada uchraydi. Kapalagi qanotlarini yozganda 2–2,7 mm kattalikda bo‘ladi; oldingi qanoti ensiz, oqish yoki kulrang, o‘rtasiga yaqinroq joyida hamma vaqt aniq ko‘rinib turmaydigan 4 ta qoramtir nuqta bor; keyingi qanoti birmuncha enliroq va oqishroq bo‘ladi. Kapalakning paypaslagichlari yuqoriga qayrilgan; oldingi qanotida uchinchi radial tomir yo‘q; keyingi qanotidagi medial tomir ikkiga shoxlangan. Tuxumi oq, yaltiroq, 0,8 mm kattalikda bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |