Soxta qalqondorlar. (Coccidae – soxta qalqondorlar oilasi, Homoptera – tengqanotlilar turkumi) Soxta qalqondorlar danakli meva daraxtlarining ko‘pchiligi ayniqsa, olxo‘ri, gilos, shaftolini qattiq zararlaydi. May-iyun oylarida daraxtlarni shira bosib ketadi. O‘zbekistonda, asosan, uch xil qalqondor mavjud. Bular: akatsiya soxta qalqondori, dumaloq, turon soxta qalqondori (Eulecanium turanicum Arch.) va belbog‘li soxta qalqondori (Parthenolecanium corni Boche.). Urg‘ochi soxta qalqondor va uning lichinkalari novda, shoxlar va barglar shirasini so‘rib oziqlanadi. Natijada novda va shoxlar qurib qoladi. Soxta qalqondorlar tanasida haqiqiy qalqon bo‘lmaydi. Ana shu xususiyatlariga ko‘ra, ular boshqa qalqondorlardan farq qiladi. Soxta qalqondor 1–2 marta nasl beradi. Ikkinchi yoshdagi lichinkalar daraxtlar tanasida va shoxlarida qishlaydi. Bahorda, mart oyida lichinkalari mayda shoxlarga mahkam yopishib oladi va rivojlanadi.
Dialeurodes citri Ashu . Sitrus oqqanoti O‘zbekiston sharoitida karantin hasharotdir. Bu zararkunanda sitrus o‘simliklarini so‘rib zarar yetkazadi. Sitrus oqqanotining vatani – Janubi-sharqiy Osiyo (Janubiy Xitoy va Hindiston). Hozirgi kunda MDH davlatlari: Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Tojikiston va O‘zbekistonda tarqalib kelmoqda. Voyaga yetgan hasharotning kattaligi 1,6–2 mm. Mo‘ylovlari yetti bo‘g‘inli. Tanasi och sariq rangda. Urg‘ochisining qorni yumaloq va qanoti uzunligidan kaltaroq, erkagining qorinchasi ingichka va uzun. Tuxumi 0,24–0,32 mm, ellipssimon, sariq oyoqchali. Birinchi yoshdagi daydi lichinkasi 0,21–0,34 mm, och sariq, ovalsimon,kalta tukchalar bilan qoplangan, ko‘zlari qizil, mo‘ylovlari ikki bo‘g‘inli, uch juft oyog‘i bor. Ikkinchi yoshdagi lichinkalar 0,57 – 0,66 mm, ovalsimon, ingichka, yassi, tiniq, yashilrangda, oyog‘i yo‘q. Uchinchi yoshdagi lichinkalar 0,91–1,1 mm, ikkinchi yoshdagi lichinkaga o‘xshaydi. To‘rtinchi yoshdagi lichinkalar yumaloq, sarg‘ish yoki jigarrangda. Dekabr oyida to‘rtinchi yoshdagi lichinkalar paydo bo‘ladi. Aprel oyigacha lichinkalarning hammasi to‘rtinchi yoshga o‘tadi. May oyida voyaga yetgan hasharotlar uchib chiqadi. Bir sutka ichida imagolarjuftlashadi. 30 soatdan keyin tuxum qo‘ya boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |