Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja
Hozirgi dramaturgiyaning umumiy ko`rinishi
Download 112.15 Kb.
|
Hozirgi dramaturgiyaning umumiy ko`rinishi
Reja Hozirgi dramaturgiyaning umumiy ko`rinishi. Hozirgi dramalar janri, qahramonlar, tarixiy shaxslar haqidagi dramalar muammosi. Hozirgi dramalarda janriy yangilanishlar. Hozirgi dramalarning sahna talqinlari. Hozirgi dramaturgiyamiz namoyandalari. Adabiyotlar Hafiz Abdusamatov. Istiqlol va dramaturgiya./”Mustaqillik davri o`zbek adabiyoti” kitobida. T., G`. G`ulom nomidagi nashriyot. 2006.107-126 – betlar. U. Normatov. Nafosat gurunglari. T., Muharrir. 2010. T. Shermurod. I. Ismoil. Usmon Azim ijodiyoti. Toshent. 2011. Q. Yo`ldosh. Yoniq so`z. T., Yangi asr avlodi. 2006. Usmon Azim. Adibning umri. Toshkent. Cho`lpon. 2011. D. Quronov va boshqalar. Adabiyotshunoslik lug`ati. T., Akademnashr. 2010. Mustaqillikdan nur va ilhom olgan o`zbek dramaturglari o`zlarining ijobiy milliy an’analarini, ijodiy tajribalarini saqlagan holda, yangi davrda o`zlariga xos rivojlanish yo`lidan bormoqdalar va eng qiyin adabiyot turida talaygina sahna asarlarini yaratdilar va yaratmoqdalar. Mustaqillik davri dramaturgiyasida tarixiy mavzu va o`tmish hamda folklor-etnografiya motivlarini aks ettirish katta o`rin egallaydi. Bular ichida Amir Temur, al-Farg`oniy hamda imom al-Buxoriy kabi ulug` daholarning obrazlarini yaratishda dramaturglarimiz jiddiy ijodiy mehnat qilganliklari yaqqol ko`zga tashlanadi. A. Oripov “Sohibqiron” she’riy dramani ilhom bilan yozdi. O. Yoqubov esa bu mavzuda birdaniga ikki sahna asari yaratib, “Fotihi Muzaffar yoki bir parivash qissasi” hamda “Avlodlarga vasiyat” asarlarida Amir Temur faoliyati asosida muhim masalalarni qo`yadi. O. Yoqubovning birinchi asarida Bibixonimga oid afsonadan foydalanib, xalq ijodining motivlariga suyanib haqgo`ylik, poklikni himoya qilish lozimligini ta’kidlagan. Ikkinchi dramasida esa otashin muhabbat o`ziga xos ohangda talqin qilinadi, toju taxt uchun olib borilgan kurashlarga katta o`rin beriladi. Amir Temur haqidagi dramalar ichida puxtaroq chiqqani A. Oripovning “Sohibqiron”idir. Bu asar avvalo, chiroyli she’r shaklida yozilishi bilan ajralib turadi. Badiiy puxtaligi, go`zal tili jihatidan ham boshqa dramalardan jiddiy farq qiladi. A. Oripov ulug` zotni buyuk sarkarda, ulkan mamlakatlarni birlashtirib, yuksak davlat yaratgan arbob, olijanob inson sifatida ta’riflar ekan, hoqonning bu fazilatlarini ulug`lagan holda qon to`kishlarini ham chetlab o`tmadi. Xoja Ahmad Yassaviy bilan Amir Temurni ruhan, tush orqali uchrashtirib, ikki zotning dialoglari orqali ulug`hokimning haqqoniy qiyofasini ochishga sazovor bo`ladi. Ushbu dramalardan tashqari T. Akbarxo`jayevning “Zamon o`g`li”, Q. Abdunabiyevning “Amir Temur va Yildirim Boyazid” kabi dramalari Amir Temur shaxsiyati haqida to`laroq tasavvur tug`dirishga imkon bergan. Bularda ulug` hoqonning bosib o`tgan jangovar hayot yo`li, ya’ni yoshligi, balog`ati, yetuklik davri o`z aksini topgan. Dramaturgiyani boyitgan pesalarning bir nechasi buyuk alloma Al- Farg`oniy faoliyatiga bag`ishlandi. Ular “Pirikoinot”(H. Rasul), “Allomaning yoshligi”(I. Rahim), “Al-Farg`oniy”(J.Jabborov), “Osmonga sig`magan muhabbat”(Y. Sulaymonov), “Bashar alloma”(Nurulloxon hoji)lardan iborat. Imom al-Buxoriy siymosi ham dramaturgiyada kattagina o`rinni egallaydi. Bu ulug` alloma haqidagi o`nga yaqin dramalar dunyo yuzini ko`rdi. J. Rasultoyevning “Muqaddas ziyo”, S. Ehsonning “Muhaddis”,M. Ergashevning “Saodat yo`li”, U. Qo`chqorning “Rasululloh kotibi”, R. Magdiyevning bir kechalik tush”, T. Jumatovning “Imom al-Buxoriy”, M. Hamidovaning “Buxoriy muhabbati” kabi asarlarini tilga olishni joiz deb bilamiz. Bulardan tashqari boy tariximiz, o`tmishdagi voqea-hodisalarni ko`tarib chiqqan, ulardan zamonga bop muammolarni ko`tarib chiqqan dramalar bisyordir. Y. Muqimovning “Mangu mash’al”, uning H. Rasul bilan hamkorlikda yozgan “Muqaddas Taxtizar”, R. Bobojonning “Yusuf va Zulayho”, U. Azimning “Alpomishning qaytishi”, E. Samandarning “Jaloliddin Manguberdi”, “Ajdodlar qilichi”, Z. Muhiddinov, M. Hamidovalarning “Zahiriddin Muhammad Bobur”, E. Xushvaqtovning “Mashrab”, A. Suyunning “Sarbadorlar”, N. Qobulning “Na malakman,na farishta”(Mashrab) kabi asarlari tarixni aks ettirishda yangiliklar olib kirishi bilan birga, dramaturgiyamizni turli mavzular, har xil xarakterlar bilan boyitishga xizmat qildi. Mustaqillikdan keyingi yillarda milliy dramaturgiyamizga iste’dodli qalamkashlar kirib keldilar. Usmon Azim, Salhiddin Sirojiddinov, Sanjarali Imomov, Erkin Xushvaqtov, Xoliq Xursandov, Rustam Ma’diyev, Nasrullo Qobil, Komil Avaz, Toir Yunusov kabi adiblarimiz drama janrining og`irligini o`z zimmalarida ko`tarib kelmoqdalar. U. Azimning “Bir qadam yo`l” dramasi milliy dramaturgiyamizning yutug`i bo`ldi. Bir qadam yo`l – umr yo`li, tug`ilmoq va o`lmoq orasi. Insonning ham qavmi qalbidan joy olmog`i uchun ham uning istiqboliga tashlangan bir qadam kifoya. Ana shu bir qadam yo`lni bosib, umr poyoniga yetib qolgan chol, ko`ringki, bir qadam naridagi Samarqandni ko`rmabdi. Umr bo`yi orzu qilibdi, intilibdi-yu, ammo sira fursat topmabdi. Mana,endi niyatini amalga oshirmoq ilinjida. Shahardan kelgan boyvachcha o`g`il— Shokir otasini muazzam shahar tomoshasiga olib bormoqchi. Lekin niyat amalga oshguncha o`tadigan ikki-uch kunlik fursat shunchalar tig`iz, shunchalar sertashvishki, oxir-oqibat yana safarni keyinroqqa surishga to`g`ri kelib qoladi. Shu kunlar adog`ida esa paymonasi to`lib yurgan cholning armoni ushalmay, umri ham adog`iga yetadi… Usmon Azim-dramaturgning «Bir qadam yo`l» nomli 90-yillarda yozilgan ilk pesasining fabulasi ana shundan iborat. Ammo shu bir necha satrda bayonini topgan fabula tarkibi ziddiyatlarga, ehtiroslarga, poetik monolog va dialoglarga nihoyatda boy. Muhimi, dramaturgning ayni o`zi havo olib turgan muhit – jamiyat haqidagi fikrlari, mushohadalari,aytadigan dardu iztiroblari ko`p. Shunchalar ko`pki, gohi ularning orasida qolib, bosh maqsaddan chalg`ib ham ketishingiz mumkin. Bular cholning kenja o`g`li Qosim taqdiriga ayanchli muhr bosgan Afg`oniston voqealari, katta o`g`il Jo`ra bilan xotini Saodatning ishu yumushlar girdobiga g`arq bo`layozgan mehru muhabbati, o`rtancha o`g`il Shokirning narkomafiya dunyosidagi xatarli hayotiyu xotini Beg`amning adoqsiz g`amga ko`milgan azobli turmushi, xorijlik Muhammad Chagananing Vatan sog`inchi, Salimaning Qosimga bog`langan armonli sevgi izhorlari… va hokazo, va hokazo. Bu chalkash, murakkab taqdirlar aro yana voqe turmush, jamiyat hayoti va inson tabiati bilan bog`liq qanchadan-qancha dardlar, muammolar, ishoralar. Pesaning bosh qahramoni – cholning «ichdagi dard so`zga aylanavermas ekan» degan fikrini ham e’tiborga oladigan bo`lsak, asarni boshdan-oxir inson dardlari, armonlari haqida deya ta’riflash mumkin. . Usmon Azim dramalarida ijtimoiy dard salmog`i nihoyatda kuchli. Xususan, yuqorida zikr etilgan ilk pesa – «Bir qadam yo`l»dan boshlab xuddi shunday zamonaviy mavzulardagi «Bozor», «Jazava» asarlarida yoki, ayniqsa, «Kunduzsiz kechalar», «Adibning umri», «Abdulla Qahhor» ijtimoiy-tarixiy dramalarida va hatto yengilroq hazmdagi «O`tgan zamon hangomalari», «Baxt qushi» komediyalarida hamdard darajasi zalvorli, dardmandlik miqyoslari keng. Bular qatoriga dramaturgning o`zbek xalq og`zaki ijodi namunalari asosidagi «Alpomishning qaytishi», «Tohir va Zuhra» asarlarini ham qo`yish mumkin. Albatta, ularda ijodkorning dardi turli voqea-hodisalar, turfa obrazlar misolida turlicha namoyon bo`ladi. Ammo barcha asarlar negizidagi dard,tasvirdagi zamonu makonidan qat’i nazar, bugungi ijtimoiy voqelikka munosabat bo`lib, aynan shu davr jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan hodisa o`laroq jaranglaydi, mohiyat kasb etadi. «Bozor» — yaqin o`n yillar avval voqe bo`lgan ijtimoiy kayfiyat mahsuli. Mustaqillik e’lon qilingach, kutilmaganda yuz bergan buyuk hodisa jamiyatni dastlab kalovlantirib qo`ydi. Iqtisodiy hayotdagi beqarorlik, qiyinchiliklar, umumjamiyatimizdagi ichki tarqoqlik, asta-sekinlik bilan o`rmalab kirib bo`y ko`rsata boshlagan tabaqalanish, tafakkurda, qalbda paydo bo`lgan bo`shliq, fikr tushkunligi, ruhsizlik kabi holatlar mafkurada, uning tashuvchisi— adabiyot va san’atda ham parokandalikni avj oldirdi. Barcha sohalardagi moslashuvchan odamlar vaziyatdan o`z manfaatlariga ko`ra foydalanish evini qila boshladilar, turmush-maishatlarini izga solib, to`kis yashayverdilar. O`tish pallasining tuyqus zarbalaridan esankirab, qiyinchilik va muhtojliklarga ro`baro` bo`lganlar hayotida, kelajagida na umid, na ishonch ko`rmay, aftoda holatga tushdilar. Adabiyot, san’atni qismat bilib yurganlar esa mavjud ijtimoiy tanazzulni nihoyatda og`ir o`tkazdilar. Umidsizlikka berildilar. Bu jabhaning yovqurroqlari esa qat’iy murosasizlikka tushib, birov eshitsa-eshitmasa,o`z noroziliklarini bildirishga shoshildilar. Ko`proq publitsistik adabiyot rivojiga turtki beradigan bu yo`l, albatta, besamar emas edi. Jamiyatning muayyan toifalari orasida aks sado berar, harqalay,adabiyot va san’atning qudrati haqidagi eski ta’mni yana og`izni chuchuklashtirib, yodga solib qo`yardi. «Bozor» pesasi— ana shunday damlar mahsuli, muallifning tabiatidagi qizg`inlik ayni alam-otashdagi sarkashligi bilan omuxtalanib, bitiklarga aylangan dard izhori, ichdan to`kilish, ijodiy bo`shanish namunasi. Asardagi voqealar bir kunda, bir yerda bo`lib o`tadi. Bir vaqtlar obkom (oblast partiya komiteti)ning kattalaridan bo`lib, zamon o`zgargach «yangi o`zbek»ka aylangan Abdurahmon Qosimov taniqli adib, rostgo`y, hamiyatli inson Erkin Ravshanning iqtisodiy nochorligidan foydalanib, o`zi haqida kitob yozishga ko`ndirgan, uni hashamatli dala hovlisiga olib kelib, bo`lgan-bo`lmagan «sarguzashtlar»ini o`z foydasiga moslab hikoya qilib beradi. Shu jarayonda bahs qo`zg`alib, kun davomi kechgan voqealar, sahnada paydo bo`ladigan personajlar o`sha bir-biri bilan tabiatan mutlaqo chog` isholmaydigan ikki xil tushuncha va dunyoqarashdagi shaxsning to`qnashuvlari mohiyatini namoyon etishga xizmat qiladi. Bu mohiyat shuki, buqalamun sifat moslashuvchan odamlar qo`li baland kelgan jamiyatda har qanday oliy tilaklar, yuksak maslak, haqiqat, halollik g`orat etiladi, keraksiz narsadek chetga uloqtiriladi. Nafs, ta’ma, manfaat, riyo saltanati hukmronlik qiladi. Ana shu saltanatiga suyanib Qosimov o`zini cheksiz imkoniyat egasi deb biladi. Pul, davlat bo`lsa dunyoda sotilmaydigan narsa yo`q deb hisoblaydi. Va shu yo`l bilan barcha o`ziga kerak odamlarni bo`ysundirishga intiladi. Qarangki, mashhur kinorejissyor, taniqli hofiz uning izmiga yuribdi-yu, yozuvchi Erkin Ravshan goh u, goh bu bo`lib turibdi. Qosimov bilan Erkin Ravshan dialoglari, Mavlon va Mustafo haqiqatchi sahnalaridagi fikrlar yozuvchini «bozordagi mol» bo`lib qolishdan asranishga, yollanib, o`zi istamagan «kitobni yozish» niyatidan qaytishga da’vat qilsa, xotini Sayyora yana o`sha mardikorlikka majburlayveradi. Yo`q, uning maqsadi yomonlik yoki eri bilan yoqimsiz kechgan turmushi uchun alamzadaligini qondirish emas, balki chorasizlik, azbaroyi farzandi baxti uchun kuyinish, onalik haqqi… Erkin Ravshan ayolini tushunadi, farzandi uchun o`z aqidalaridan biroz chekinishga ham rozi. Ammo Mavlon misolida to`g`rilik, halollikka sodiq insonning samimiyatini tuygach, chekinish butun umr sig`ingan e’tiqodiga xiyonat ekanini anglaydi. Murosasiz tuyg`ular iskanjasida o`limni yagona chora deb topadi. Bu o`rtada uni sevgan go`zal san’atkor qiz Oydinning alamli e’tiroflari ham asosiy qahramonning fojeiy yo`l tutishiga turtki beradi. Usmon Azim Milliy akademik drama teatrining adabiy emakdoshi sifatida shu truppa uchun va, albatta, voqelik talabi, ehtiyoji bilan qay bir ma’noda «adabiy uchlik» - «trilogiya» deb atasa bo`ladigan uch pesa yozdi: Cho`lpon haqida «Kunduzsiz kechalar», Oybekka bag`ishlab «Adibning umri» va «Abdulla Qahhor» nomli ijtimoiy-tarixiy-biografik asar. Ularni asosiy qahramonlari hayotiga oid voqea bandlik jihatidan izchil bir-birini davom ettiruvchi trilogiya deb bo`lmaydi,ammo boshqa talay xususiyatlariga ko`ra,bu uch asar bir-birini to`ldiradi. Avvalo davr, pesalarda aks etgan ijtimoiy voqelik bir – O`zbekistonda Sho`rolar saltanati qurilib, hukmronlik qilgan yillardan qariyb ellik yili oralig`ida kechgan voqealar aks etadi uch asarda. Tabiiyki, davr bir ekan, ijtimoiy muhit, munosabatlar, turmush manzaralarida ham mushtaraklik bo`lishi aniq. Ikkinchidan, pesalarning adabiy-janriy mansubligi ham bir xil– ijtimoiy-tarixiy-biografik dramalar. Uchinchidan, har uchala pesaning qahramonlari ham real tarixiy shaxslar, qalamga olingan hodisalar ham ayni tarixiy voqelik. To`rtinchidan, pesalar bosh qahramonlarining kasb-koridan tashqari, muallif tasvirlaganidek, ularning kechmishlari, dunyoqarashi, taqdirlari ham o`xshash. Cho`lpon ham, Oybek, Abdulla Qahhor ham davriga sig`magan, hur fikrliligi, millatparvarligi, haqparvarligi, murosasizligi uchun jabr ko`rgan, ta’qib va tazyiqlarga uchragan. Iste’dodi, obro`-e’tibori bois hasadgo`ylarning tuhmatlariga duchor bo`lgan. Shularga qaramay, irodasi bukilmagan, jismoniy azoblarga dosh berib, ruhan sinmagan. Boshqa katta-kichik holatlar, detallardagi umumiylikni sanamaganda ham,qayd etilgan mushtarakliklarga suyanib uch pesani ijtimoiy-tarixiy trilogiya deb dadil aytishga asos yetarli. Yosh dramaturglar haqida gap ketganda, birinchi navbatda ko`z o`ngimizda Erkin Xushvaqtovning ijodiy faoliyati gavdalanadi. U qisqa vaqt ichida o`ndan ortiq pesalar yozdi, ular sahna yuzini ko`rdi. Dramaturg xalq og`zaki ijodini, milliy urf-odatlarimizni, udumlarimizni yaxshi o`rganib chiqqan. O`z asarlarining tili ustida jiddiy ishlagan. Ular ham sodda, xalqona, ravon, shirali. Maqol, qochirimlarga boy. Uning “Chimildiq”, “Qalliq o`yin”, “Qirmizi olma”, “Andishali kelinchak”, “Ayolg`u” kabi sahna asarlarining xarakterli tomoni shundaki, ularning barchasiga iloji boricha udumlar ruhi, mazmuni singdirib yuborilgan. Erkin Xushvaqtov asosiy ijodini folklor-etnogarafiyada bo`lgan mavzularni yoritishga, undagi muammolarni ko`tarishga qaratgan. Uning bu niyati tahsinga sazovor. Chunki o`zbek xalqini ko`z-ko`z qilib ko`rsatadigan, maqtovga loyiq bo`lgan udumlari, urf-odatlari bisyor. Yaqin o`tmishda ularga yetarli e’tibor berilmadi, ayrimlari unutildi, qoralandi. Bu jihatdan E. Xushvaqtovning zo`r berib udumlarimizni badiiy asarlar orqali sahnaga olib chiqishlari, ularni ko`tarib yangi zamon tomoshabinlariga namoyish etishi tahsinga loyiqdir. Jiddiy mavzudagi pesalar yozish borasida keksa dramaturglarimizning ijodiy mehnatlari diqqatga sazovordir. Shukrulloning “To`ydan keyin tomosha”, E. Samandarning “Bashorat”, O. Yoqubovning “Bir koshona sirlari” kabi asarlarida hayotimizning dolzarb muammolari, davr uchun zarur bo`lgan masalalarni qalamga olganlar. “Bir koshona sirlari”da muallif o`z g`oyaviy niyatini ochib berish uchun ikki oilaning hayotini oladi, bular orqali jamiyatda yuz berayotgan ishlarga ko`z tashlaydi. Adabiyotshunos U. Normatov drama haqida shunday yozadi: “Dramadagi voqea- mojarolar asosan yangi chiqqan tadbirkor-millioner xonadonida, uning hashamatli ko`rkam koshonasida, ayni shu koshona – ulkan moddiy boylik bilan bog`liq holda kechadi. Bu xonadonning sobiq Bekasi kechagi oddiy do`kondor, ko`rkam va shaddod ayol Dilora, uning qo`lida ishlaydigan oddiy tachkachi Sarvar qanday qilib qisqa fursatda bunday hadsiz boylik– boylik martabani qo`lga kiritdi, degan savol, shuningdek, ularning oilaviy tarixi tomoshabinni qiziqtiradi, asar davomida bu savollarga javob ham topadi. Biroq asarni,undagi personajlarni harakatga keltirgan badiiy asos, bosh muammo bu emas. Undagi asosiy narsa moddiy boylik bilan ma’naviyat, o`tkinchi mayllar bilan tabiiy tug`ular, boqiy qadriyatlar orasidagi nomuvofiqliklardan kelib chiqqan ziddiyatlardir; aniqrog`i, mazkur drama qalb koshonasi sirlari, shaxs jumbog`i. Inson qalbining hech qanaqa andozalarga sig`maydigan turfa jilolari, g`aroyib sinoatlari to`g`risidagi asardir”. Yuqorida nomlari tilga olingan ijodkorlarning har biri o`z uslubi, o`z muammolari, o`z qahramonlari bilan milliy dramaturgiyamiz xazinasini boyitishda katta hissa qo`shdilar.
Download 112.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling