Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja


Shukur Xolmirayev hikoyalari


Download 112.15 Kb.
bet14/22
Sana08.01.2022
Hajmi112.15 Kb.
#254908
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   22
Shukur Xolmirayev hikoyalari

Sh.Xolmirzayev adabiy jarayonga 60–yillarda kirib keldi. Ilk asarlari bilan A. Qahhor nazariga tushdi. “Shukur kulsa, tishini oqini ko`rsatmay kuladi, yig`lasa ko`zyosh to`kmay yig`laydi. Prozachi uchun bu noyob fazilat”, – deb yozgan edi adib u haqda.

Yozuvchi ijod yo`li davomida prozaning turli janrlarida o`nlab namunalar yaratgan bo`lsa–da, hikoyachilikda erishgan yutuqlari alohida tadqiqotlar talab etadi.

Jahon adabiyotidan yaxshigina xabardor bo`lgan yozuvchi A. Qahhordan so`ng bu janrning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Uni jahon hikoyachiligi bilan bo`ylashadigan darajaga olib chiqdi. Adib hikoyalarini o`qir ekanmiz unda siz va biz bilan yelkama–elka yashayotgan zamondoshlarni ko`ramiz. Bizda ularning qalbida yashiringan dardlar, siru sinoatlarni bilib-bilmasdan, bee’tibor o`tib ketamiz. Yozuvchi sinchkovlik bilan ana shu odamlar qalbidagi buyuk dardni topa olgan.

Sh. Xolmirzayev “Bodom qishda gulladi” kitobida qahramonlarni to`rt qismga ajratadi. 1. Shahar, 2. Qishloq, 3. Tog`, 4. Dasht odamlari.

“Nimadir yo`q bo`ldi” hikoyasidagi Qismatulla va Hikmatoy, “Olam tortilish qonuni” dagi Husan aka, “Kimsasiz hovli” dagi Umar aka obrazlarida shahar odamlarining o`ziga xos xususiyatlari o`z ifodasini topgan. Ayniqsa, “Ustoz” hikoyasi kitobxonni befarq qoldirmaydi. Hikoya qahramoni “zamonabop adabiy mahsulot yetishtirib beradigan, shu bois hamisha pichog`i moy ustida o`ynaydigan adabiy kosib. ” (Q. Yo`ldoshev. Yoniq so`z. T. Yangi asr avlodi. 2006. 351–bet.) Yozuvchining mahorati shundaki, ustoz xarakterini uning xatti – harakatlari, nutqi orqali ochadi. Ustozda odam uchun kerakli hamma narsalar bor: mashina, dacha, kitoblari chiqib turibdi. Hamma unvonlarni olib bo`lgan. Biroq undagi har bir narsaga shubha bilan qarash tuyg`usi, hadiksirash, mutelik psixologiyasi – talantli shogirdni bu olamdan erta ketishiga sabab bo`ladi. Shogirdiga yordam bergan kishi bo`lib, aslida uning ildiziga bolta uradi. Shogirdning o`limidan so`ng qayg`urgan kishi bo`lib aybni odamlarga to`nkaydi. Bu bilan tanqidchi o`rinli pisanda qilganiday aslida yo`q vijdoniga taskin bermoqchi bo`ladi. Afsuski, hozirgi hayotimizda ham bu toifadagi ustozlarni uchratish mumkin. Qachonki ustoz xarakteridagi ojizliklarni yenga olmas ekan, u tom ma’noda shogirdiga yordam qilolmaydi.

Sh. Xolmirzayev qishloq odamlari hayotini yaxshi bilar edi. “Hayot abadiy”dagi Nodir Ro`ziqulov, “Og`ir tosh ko`chsa” dagi Esonboy, “Ot egasi”dagi Inod, “Qadimda bo`lgan ekan”dagi O`sar obrazlarida qishloq odamlari xarakteridagi mardlik, tantilik, oriyatlilik kabi fazilatlar ulug`lanadi. “Xumor” hikoyasining qahramoni “... dori mening tarjimai holimga singib ketgan axir! Tushunasizmi? Mening butun quvonchlarim, zavqlarim, hayotimning ma’nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim ham... O`sha bilan bog`liq. Usiz o`tmishim yo`q....”. O`smirligidan butifos hidiga xumor bo`lgan yigit butun umr tuzalmaydigan dardga yo`liqadi. Eng muhimi, u o`z fojiasini anglamaydi. O`zi badbashara qiyofaga ega bo`lsa–da, bepushtlik xastaligiga duchor bo`ladi. Yozuvchi qahramonini muqarrar o`limga borayotganini biladi. Ammo bu hayot absurddan iborat ekanligini anglash darajasida bo`lmagan hikoya qahramoni o`zini fojiaga olib borayotgan yo`lni to`g`ri yo`l deb tushunadi. Hikoya 1987 yilda yozilgan. Davr nuqtai nazaridan tahlil qilinadigan bo`lsa yozuvchi nihoyatda katta jasorat bilan totalitar tuzum vujudga keltirgan nosog`lom muhitni tanqid ostiga olgan.

Hikoyada kuz tasviriga alohida urg`u berilgan. Qahramon ham kuzni yaxshi ko`radi, kuzda paxta terimi boshlanadi, dorilar serob. Xohlagancha xumordan chiqish mumkin. Bundan tashqari adib kuz tasvirida insonni muqarrar halokatga olib boradigan illatlarga ishora qilgan.

Hikoyani o`qib bo`lgach A. Oripovning quyidagi satrlari yodimga tushdi.

Rangpar singilginam o`ylayman seni

Kuzgi xazondayin ma’yus o`sding sen

Tabiat bermadi bilagingga kuch

Na hayot, na yordan yolchimading hech.

“Qadimda bo`lgan ekan”, – hikoyasida yozuvchi qadimgi rivoyatdan foydalangan. Xotiniga achchiq qilib bir umr xizmatida bo`lgan momosini qarigandan so`ng adashtirib kelmoqchi bo`lgan O`sar momosi aytgan qadimgi rivoyatni eslaydi. O`z ishidan qattiq pushaymon bo`ladi. Hikoyada kitobxonni hayotiy haqiqatlar bilan tanishtiradigan juda ko`p tasvirlar bor, ziyrak o`quvchi buni darhol anglaydi. Momoning iztirobli hayot yo`li, O`sarning hayot qiyinchiliklariga dosh berolmasdan alamini xotinidan olishi, Hojarning er kaltagidan kasalmand bo`lib qolganligi kitobxonda millat tarixining ma’lum bir sahifalarini anglatadi. Umuman olganda, hikoyada inson qadr–qimmati, o`zbekona g`urur, andisha tuyg`ulari yuksak maqomga ega ekanligi tasvirlab berilgan.

Shukur Xolmirzayev Surxon farzandi edi. Munaqqid U. Normatov e’tirof etganidek u “... tug`ilib o`sgan ona yurtini nihoyatda yaxshi ko`rar, u bilan faxrlanar, nuqul o`sha tomonga talpinar, bugina emas ustozlariga, qalamkash do`stlariga uni ko`rsatgisi, ko`z–ko`z qilgisi kelar edi”. Adibning tog`liklar hayotidan olib yozilgan “Olis yulduzlar ostida”, “Boychechak ochildi”, “Jarga uchgan odam”, “Zov ostida adashuv”, “Omonovchining o`limi”, “Bandi burgut” hikoyalarida jo`mard tog`liklar hayoti ifoda etilgan.

“Boychechak ochildi” hikoyasida Qo`ng`irot domla shahar hayotidan ko`ngli siqilib tog` qishlog`iga boradi. Qishning nafasi qaytib, bahor nishonalari–boychechaklar ochilayotgan payt. Qo`ng`irot domla tabiatdan bahra olib, kuch olib yana sevimli mashg`uloti–ijodiga qaytadi. Sh. Xolmirzayev butun ijod yo`li davomida inson va tabiat orasidan uyg`unlik izladi. Tabiatga xiyonat qilib bo`lmasligini, tabiat xiyonatni kechirmasligini “Jarga uchgan odam”, “Omonovchining o`limi” hikoyalarida ifodalab bergan.

“Jarga uchgan odam” hikoyasida ona ayiqni otgan rejissyorni o`zi bilmagan holda jardan qulatib yuborgan Islomga kitobxon qanday hukm chiqaradi. Rejissyorga–chi?

“Omonovchining o`limi” hiqoyasida bundan–da fojiali manzara tasvirlangan. Yozuvchi hikoya boshida Omonovchiga munosabatini bildiradi. U o`zi ham o`lishi mumkinligini o`ylamasdi. “U o`ldirishni ... hayvonlarni, parrandalarni, xullas, Olatovda ov qilishga arzirli o`lja borki, u qo`liga miltiqni olishi bilan o`zi anglamagan holda ulardan nimanidir otish–o`ldirishni o`ylardi...”.

Yozuvchi qahramon hayotini shunchaki hikoya qilmaydi, balki uni ulg`aytirgan ijtimoiy muhitni, sharoitni ham mahorat bilan tasvirlaydi. Yoshligidanoq tabiat jonivorlariga shafqatsizlik ruhida tarbiya topgan Omon qilmishiga yarasha jazo topdi. Ha, tabiatga nisbatan qilingan har bir yovuzlik jazosiz qolmasligi Omonovchi timsolida haqqoniy tasvir etilgan.

Ko`pchilik ijodkorlarda ijod va shaxsiyat uyg`un kelmasligi mumkin. Ammo Shukur Xolmirzayev shaxsiyati butun ijodkor edi. To`g`ri, uning kundalik turmushi bir maromda silliq kechmagan bo`lishi mumkin. Ammo u turmushning mayda ikir–chikirlaridan balandda turadigan ijodkor edi. Yozuvchining “Tanholik” hikoyasi bejiz yozilmagan. U Lev Tolstoyni yaxshi ko`rardi. O`zi ham Tolstoyga o`xshab ko`proq yolg`izlikni yoqtirardi. Shu jihatdan, men uni “O`zbekning Tolstoyi” degim keladi.

Sh. Xolmirzayev o`zbek adabiyotida esse janrining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`shdi. Ona tariximiz haqida “Qadimgi Baqtriya tuprog`ida” Shukur Burxonov haqida “Taqdir bashorati”, tengdosh ijodkorlari to`g`risida “Yillar ayro tushdi, ammo”, “Binafsha hidlang, amaki”, ustozlari haqida “Abdulla Qahhorni eslab”, “Ay, Shuhrat akam–a”, “Odil aka haqida o`ylasam”, “Bu kishim- ustoz, men–shogird” esselarini yaratib, bu janrning imkoniyatlarini kengaytirdi. Shu bilan birga adabiy hayotimizning yarim asrlik panoramasini yoritib berdi.

Surxondaryolik yozuvchi Mengziyo Safarov yozuvchining qadrdon do`sti edi. Mengziyo aka tariximizning yuksak bilimdoni, ona tabiatimizning jonkuyari edi. U kishining ona tabiat haqidagi asarlari o`quvchilarimizga yaxshi tanish. Sh. Xolmirzayevning Mengziyo aka haqida “U bizlarga o`xshamas edi” essesi bor. Bu iborani muallifning o`ziga nisbatan ham qo`llash mumkin. Ha, u boshqalarga o`xshamaydigan yozuvchi edi.

Shukur Xolmirzayev adabiyotimizda kam uchraydigan alohida fenomen. Uning ijodini qanchalik o`rgansak adabiyotshunoslik shuncha katta foyda ko`radi deb o`ylayman.


Download 112.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling