Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja


Download 112.15 Kb.
bet17/22
Sana08.01.2022
Hajmi112.15 Kb.
#254908
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   22
Tog`ay Murod qissalari

Adabiyotimizning kenja avlodiga mansub vakillari orasida Tog`ay Murod alohida o`rin tutadi. Dastlabki hikoyalari, ayniqsa, «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan kitobxonlar e’tiborini qozonib, munaqqidlar nazariga tushdi. Ikkinchi qissasi «Ot kishnagan oqshom» chop etilishi bilanoq qizg`in bahs-munozaralarga sabab bo`ldi. Nihoyat, «Oydinda yurgan odamlar», «Qo`shiq» qissalari kitobxonlar hukmiga havola qilindi. Shu munosabat bilan adabiy tanqidchilikda Tog`ay Murod qissalari haqida iliq gaplar ham, tanqidiy fikrlar ham bildirildi. N.Xudoyberganov, O.SHarafiddinov, Tohir Malik, Mahmud Sa’diy kabi adib va munaqqidlar maqolalarida Tog`ay Murod qissalari odil bahosini oldi.

O`z avlodiga mansub tengqurlari ijodi bilan muqoyasa qilganda Tog`ay Murod ijodi takrorlanmas xususiyatlarga ega. G`arbning buyuk allomalaridan V.Gyugo «Buyuklikka eng yaqini halollikdir» - degan edi. Tog`ay Murod adabiyotimizda surxon vohasining ana shunday halol, oqko`ngil, tanti odamlarini, to`yu-tomoshalarini shoirona pafos bilan baxshiyona uslubda olib kirdi. E’tirof etish kerak, Tog`ay Murod qissalari orasida «Ot kishnagan oqshom» alohida o`rin tutadi. Xo`sh, bu qissa qaysi jihatlari bilan e’tiboringizni jalb etadi. Qissa qahramoni Ziyodilla siz va biz bilgan, biroq o`zimizni bilmaganga olib yurgan, e’tibor bermagan odamlarimiz toifasidan. Bir qarashda Ziyodilla chapani tabiat, to`pori qiyofasida gavdalansa, biroq qalb qiyofasi bilan kitobxonni o`ziga tortadi.

Ziyodilla bir qarashda «Iste’fo» dagi Elomonovga, «Galatepaga qaytish»dagi G`aybarovga, «Javob»dagi Elchiyevga, «Oydinda yurgan odam»dagi Qoplonga o`xshab ketsada, asar mutolaasi jarayonida Ziyodilla ularga nisbatan ancha faol qahramon ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Bir inson uchun lozim bo`lgan barcha sifatlar Ziyodillada mujassam. U - halol, mard, tanti odam. U yengil-elpi yashashni istamaydi. Ziyodilla hayotdagi har bir haqsizlikka qarshi isyon ko`taradi. Kaltaklangan Rahmonni himoya qiladi; ko`pkarilarda bakovullarning nohaqligiga qarshi chiqadi, qishloqdagi chavandozlarni or-nomusdan himoya qiladi.

Ziyodillaning qalbi mehr-muhabbatga, orzu-armonlarga to`la. O`sha orzu-armonlar Ziyodilla qalbidan qo`shiq bo`lib quyuladi. Ziyodilla Momosuluvga ko`ngil qo`yadi. «Birodarlar, siz so`ramang, men aytmayin... oti Momosuluv emish. Yuzlari kulchadaymi? Suluvchi? Ko`zlari qorami yozig`irning gulidaymi? Qoshlari quyuqmi? Quyuq bo`lsa qayrilmami?...». Momosuluv Ziyodillaning «kallasi kal» deb sovchilarni qaytardi. Biroq Ziyodilla niyatidan qaytmaydi. Momosuluvga uylanadi. Ziyodilla dastlab o`zining jismoniy kamsitilganiga o`ksinadi, oxir oqibat «Ziyodilla kal»ga ko`nikadi. Hatto «Ziyodilla kal» demagan pochtachi bilan urishadi. «Har to`kisda bir ayb» deganlaridek, Ziyodilla xarakterida ziddiyatli tomonlar ham bor. U biroz arazchi, biroq arazi o`ziga yarashgan. Eng muhimi, u ishonuvchan. Hammani o`zi singari deb biladi. Nihoyat buning azobini ham tortadi. Akademik A.Saxarov «Jamiyatni faqat ma’naviy zaminlarga suyanib yuksaltirish mumkin» degandi. Birovning shodligi bilan quvonib, kulfati bilan qayg`u chekadigan Ziyodillaga o`xshagan ma’naviyati boy kishilar kamayib borayapti. Ayniqsa, Ziyodillaning Tarlonga bo`lgan munosabatida insonning hayvonot olamiga muhabbati oshkora tasvirlanadi. Ziyodilla uchun «oyoqlari ikkov, kiyimlariyam bor... odamga mengzab gapiradigan»lardan oti Tarlon afzal, jumladan, bizga ham.

Ot hamisha insonning eng yaqin hamrohi bo`lib kelgan. Ayniqsa, «Alpomish» xalq eposida, Go`ro`g`li turkumidagi xalq dostonlarida ot afsonaviy jonzot sifatida ulug`langan. Yozma adabiyotda bu mavzu Tog`ay Murodgacha ham mavjud edi. Ch.Aymatovning «Alvido Gulsari» qissasini eslang. S.Ahmadning «Jimjitlik» romanidagi Erali chavandozning urush ko`rgan oti fikrimizning isboti bo`ladi.Biroq Tog`ay Murod qissada otning yigirmadan ortiq turi haqida ma’lumot beradi. Ot haqida turli afsona, rivoyatlar keltiradi. Yozuvchi P.Qodirov «Oydinda yurgan odamlar» kitobiga yozgan so`z boshisida: «Ot kishnagan oqshom» qissasi «Alpomish» dostoni an’analarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sug`orilgan»1 - degan edi. Bu gap haqiqatga to`g`ri keladi. Nega deganda Tog`ay Murodning qaysi asarini o`qimang nasr emas, she’r o`qiganday bo`lasiz, baxshi bo`lib qo`shiq kuylayotganday his qilasiz. Bu Tog`ay Murod ijodining xalq dahosi bilan hamohangligida.

Yozuvchining «Oydinda yurgan odamlar» qissasi «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom» singari badiiy kashfiyot bo`lmasa-da, oldingi qissalar ta’sirida bo`lgan kitobxon asarni qiziqib o`qiydi.

Qissa farzandsizlik dog`ida kuygan Qoplon va Oymomo haqida. Voqea qissanavis tilidan hikoya qilinadi. Qoplon ham Oymomo ham siz va biz bilgan odamlar. Biroq bu odamlarning bag`ri butun emas. Ko`ngli yarim, yaxshi gap, mehr - shafqatga muhtoj. Lekin biz mehrga tashna odamlarga o`z vaqtida mehribonlik ko`rsatmadik, Qimmat momo tilidan go`yo ularga «hamdard bo`lib» qalbini o`rtadik. Yozuvchi tili bilan aytganda «Qimmat momolar topib, qopib gapiradi – gapirgandayam ustalik bilan, hayotbaxsh kayfiyat bilan gapiradi. So`zlari go`yo bizning zafarlarimizni kuylayotgan odam yuziday shod, ham mehribon bo`ladi. Ko`zlari o`z suyukli odamiga tikilayotgan odam ko`zlariday porlaydi. Biz ham beixtiyor shunday kayfiyat qabul qilib mulozamat yuzasidan bosh irg`aymiz. Shunda ular qalbidan qop-qora o`qini otadi». Oqibatda biz qoplonlar va oymomolarni yolg`izlatib qo`ydik. Yolg`izlik inson uchun fojea. Oqibat shunday bo`ldi ham. Qimmat momolar tilidan aytilgan zaharli «O`qlar» farzandsizlik dog`ida kuygan ikki qalbni halokat yoqasiga olib keldi. Mening tasavvurimda oydinda yurgan odamlar pokdomon, diyonatli imoni but odamlar. Ular uchun qorong`ulik begona.

Nihoyat Tog`ay Murodning to`rtinchi qissasi - «Qo`shiq». Qishloqdan chiqqan «buyuk san’atkor» orzu Tursunning hayoti qissaga asos qilib olingan. Qissada iste’dodsiz, layoqatsiz san’atkorlar tanqid qilinadi. Bu mavzuning nodir namunasini A.Qahhor yaratib ketgan edi. Biroq, ochig`ini aytganda, «Qo`shiq» ilk qissalar singari badiiy kashfiyot darajasiga ko`tarila olmadi. Munaqqid Norboy Xudoyberganov «Ikki karra ikki - besh» (O`.Hoshimov), «Qo`shiq» (T.Murod) qissalari haqida fikr yuritib shunday xulosaga keladi. «... Har ikkala asar qahramonlari hayotining aniq, muhim, dolzarb g`oyaviy-badiiy maqsadga muvofiq yoritib, yuragimizni «jizzillatadigan», aqlimizni hayratda qoldiradigan, kashf etuvchi san’atkor yozuvchi emas, balki qanday voqealar qalamga olinsa, barchasini izohlab, ta’riflab, tavsiflab beruvchi jurnalist – publitsist yozganday taassurot qoldiradi»1. «Oydinda yurgan odamlar»da ham bu holni uchratamiz. Yozuvchi «jurnalist-publitsist» bo`lmasligi lozim. Muallif kitobxonga aytmoqchi bo`lgan fikrini personajlar nutqida, xatti harakatida, ruhiyat tasvirida berishi kerak.

Eng muhimi, Tog`ay Murod qahramonlari hayotda bor bo`lgan, bizga zamondosh kishilar. Ularning aksariyati adolat va ezgulik karvoniga sarbon - oqko`ngil odamlar.



Download 112.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling