Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja
Hozirgi adabiy jarayon fanining adabiyotshunoslikdagi o`rni
Download 112.15 Kb.
|
Hozirgi adabiy jarayon fanining adabiyotshunoslikdagi o`rni
Reja Hozirgi adabiy jarayon muammolarining adabiyotshunoslikda yoritilishi. Adabiy jarayon va jahon adabiyotidagi yangiliklar. Jamiyat hayotini real va obrazli ifodalash, xarakter yaratishdagi o`ziga xosliklar. Realistik va modernistik tasvir yo`li, hayotni haqqoniy ko`rsatish xususiyati va tamoyili. Fanning vazifalari. Adabiyotlar Karimov I. Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor. T.: O`zbekiston, 2009. Mirziyoyev Sh. Erkin va farovon demokratik O`zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – T.: O`zbekiston, 2016. Mirziyoyev Sh. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. – T.: O`zbekiston, 2017. Normatov U. Ijod sehri,T.: –Sharq, 2007. Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. Toshkent. Ma’naviyat. 2000. Rasulov A. Badiiylik – bezavol yangilik. T.: – Sharq, 2007. Jo`raqulov U. Hududsiz jilva. – T.: Fan, 2006. Yo`ldoshev Q. Yoniq so`z. – T.: Yangi asr avlodi, 2007. Sharafiddinov O. Ijodni anglash baxti. –T.: Sharq, 2004. Rasulova U. Hozirgi adabiy jarayon. Mumtoz so`z, 2014. Adabiy jarayon deyilganda ma’lum bir davrdagi adabiyotning taraqqiyot davri, uning asosiy xususiyatlari, undagi ijodkorlar, shu davrdagi adabiy oqimlar, ular o`rtasidagi kurashlar tushuniladi. Adabiy jarayon tushunchasi tor va keng ma’noda qo`llaniladi. Tor ma’noda qo`llanilgan holatda mazkur atama bugungi adabiyot bilan bog`liq barcha narsa-hodisalarni anglatadi. Keng ma’noda ishlatganimizda adabiy jarayon eng qadimgi davrlardan to shu kunlarga qadar uzluksiz rivojlanib kelayotgan adabiyotni, u bilan bog`liq barcha narsa-hodisalarni nazarda tutadi. Adabiy jarayonning holati va rivojiga ta’sir ko`rsatuvchi omillar haqida gapirganda avvalo shuni aytish kerakki, adabiyotning taraqqiyot darajasi jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyot darajasiga ko`p jihatdan bog`liq bo`ladi. O`zbek adabiyoti taraqqiyoti davomida turli adabiy jarayonlar mavjud bo`lib ular o`z xususiyati, taraqqiyoti darajasiga ko`ra biri ikkinchisidan farq qiladi. Adabiy jarayon va ijodiy jarayon tushunchalari alohida tushunchalardir. Ijodiy jarayon deyilganda ma’lum bir asarning yaratilishi haqidagi niyatning paydo bo`lganidan tortib, o`sha asar nashr qilingunga qadar bo`lgan davr tushuniladi. Ijodiy jarayon har bir ijodkorda turlicha kechishi mumkin. Adabiy jarayonda kishilar faqat o`zlaridan avvalgi adabiy taraqqiyotning natijalarini o`zlashtirib qolmasdan, balki unga o`z ulushlarini qo`shadilar. Bu narsa adabiy jarayonning rivojlanishini belgilaydi. Adabiyot taraqqiyotining muhim qonunlaridan biri shundaki, u yangi-yangi asarlar hisobiga to`xtovsiz boyib boradi. Adabiy jarayonda (obraz va hayotiy manzara yaratish, tasviriy vositalardan foydalanish kabilar) bo`ladiki, bu an’analarni qanday bo`lsa shundayligicha davom ettirish mumkin emas. Ijodkor adabiy meros tajribalarini ijodiy rivojlantirishi zarur. Hozirgi adabiy jarayonning muhim xususiyati milliy mafkuraga tayanishi, ijodkorlarning turli andozalardan holi ekani, jadid adabiyoti, sho`ro adabiyotidan farqli o`laroq, istiqlol davri adabiyotining maydonga kelishi bilan xarakterlanadi. Hozirgi adabiy jarayonda eski tushunchalar chilparchin bo`lib, yangicha shakllar, yangicha qarashlar yuzaga kelmoqda. Xalqimiz tarixida muhim rol o`ynagan Amir Temur, Bobur, Imom Buxoriy, Ho`ja Ahror kabi kishilar hayoti va ijodiga odilona baho berilmoqda. Hozirgi davrda yaratilayotgan asarlarda din ahli vakillariga yangicha munosabat shakllanmoqda. Ilgari bosmachi deb atalgan milliy istiqlol kurashchilariga munosabat o`zgarmoqda. Hozirgi adabiy jarayonda ijodi qatag`on etilgan Cho`lpon, Fitrat, Avloniy singari ijodkorlar asarlari nashr etilmoqda, o`rganilmoqda. Tarixiy taraqqiyot davomida adabiyotda sodir bo`layotgan o`zgarishlar xilma-xil bo`lib, ularni badiiy asarning g`oyaviy-tematik mazmunida aniq sezish mumkin. Chunonchi, har bir davr badiiy adabiyotda o`z izini qoldiradi, to`g`rirog`I har bir davrning adabiyot oldiga qo`yadigan talablari tematikasi bo`ladi. Badiiy adabiyotda g`oyaviy-tematik mazmunning doimo o`zgarib turishi va kishilik jamiyatining madaniy taraqqiyoti natijasida badiiy tasvirlash usullari ham, vositalari ham o`zgarib boradi. Shuning uchun ham badiiy adabiyotda xilma-xil turlar, janrlar, turli usullar, oqimlar, yo`nalishlar klassisizm, sentimentalizm, romantizm realism va boshqalar), turli metodlar (hayotni aks ettirish prinsiplari) paydo bo`ladi. Badiiy nutqni ayrim usullari yangilanadi, yangi leksika, she’r tuzilishining yangi formalari yaratiladi. Demak, adabiy jarayon, asosan ikki yo`nalish bo`yicha davom etadi. Birinchidan, badiiy asarlarning g`oyaviy-tematik mazmuni o`zgarib turadi, ikkinchidan, shunga muvofiq, badiiy tasvir usullari ham yangilanadi. Hozirgi adabiy jarayon kursining maqsadi talabalarni istiqlol yillari adabiy hayotida ro`y berayotgan yangiliklardan xabardor qilish, eng so`nggi badiiy asarlarni muntazam o`qib borishga o`rgatish hisoblanadi. Shunday bo`lsada, kursda hozirgi adabiy jarayonni XXI asr insoniyat badiiy tafakkuridagi so`z san’atining eng go`zal an’analaridan, samarador tamoyillaridan uzib olgan holda emas, balki uzviy aloqadorlikda, bog`liqlikda talqin etiladi. Adabiy tanqid hozirgi adabiy jarayon bilan hamnafaslikda shiddat bilan rivojlanib borayotganligini yaratilayotgan ilmiy risolalar, adabiy tanqidiy maqolalar, adabiy portretlar va tadqiqotlar orqali ko`rishimiz mumkin. Hozirgi o`zbek she’riyati, nasri va dramaturgiyasining taraqqiyot tendentsiyalari, yetakchi tamoyillari qator o`zbek munaqqidlari tomonidan har tomonlama chuqur o`rganilayotganligini Umarali Normatov, Baxtiyor Nazarov, Qozoqboy Yo`ldoshev, Naim Karimov, Dilmurod Quronov, Ulug`bek Hamdam singari olimlarning yaratgan qator risolalari orqali kuzatamiz. Adabiyotshunos olimlar N.Rahimjonov, B.Karimov, I.Mirzayev, S.Sodiqov, A.Ulug`ov ham hozirgi adabiy jarayonning dolzarb muammolarini o`rganuvchi ilmiy tadqiqot ishlari, monografiya, adabiy tanqidiy maqolalari bilan hozirgi o`zbek tanqidchiligi ravnaqiga hissa qo`shib kelayotir. Yaxshi bilamizki, adabiy tanqidning taqriz, adabiy sharh, adabiy biografik ocherk, adabiy portret, badia, muammoli maqola singari janrlari mavjud. Ayni chog`da, tanqidda qadimdan uchta uslubiy yo`nalish bo`lgan: falsafiy, ilmiy publitsistik va shoirona. Bugungi kunda ana shu barcha uslubiy yo`nalishlar o`zbek tanqidchiligi tevaragida adabiy jarayonning muhim muammolarini tahlil va talqin qilishga yo`naltirilganligi bilan diqqatga sazovor. Istiqlol davri adabiyotshunosligida yangicha ilmiy-nazariy qarashlar o`ziga xos tarzda tadrijiy davom etmoqda. Badiiy matnni jahon va rus adabiyotshunosligidagi ilg`or an’analar, folklore va yozma adabiyotimizning poetic andozalari negizida o`rganish bugungi kunda yanada jonlanayotgani va bu jonlanishlar milliy adabiyotimizning mumtoz namunalarini sinchkovlik bilan tahlil qilinayotganligida ayonlashadi. Buning yorqin namunasi sifatida adabiyotshunos Uzoq Jo`raqulovning “Nazariy poetika masalalari: Muallif. Janr. Xronotop” kitobini keltirish mumkin. Mazkur risolada muallifning badiiy matnga yangicha yondashuv — badiiyatni xronotop masalasi yuzasidan tahlil qilganligining guvohi bo`lamiz. Ya’ni rus adabiyotshunosi Mixail Baxtinning “Xronotop” nazariyasini “Lisonut-tayr”, “Layli va Majnun”, “Hayrat-ul-abror”, “Xamsa”, “O`tkan kunlar” asarlari timsolida qanday ahamiyatli ekanligini jiddiy o`rganadi. Adabiyotshunos U.Jo`raqulovning ushbu tadqiqoti “Badiiyat va nazariya”, “Adabiy-tarixiy jarayon”, “Jahon adabiyoti muammolari”, “Chizgilar” nomli to`rt bo`limdan tashkil topgan. Ularni bir-biriga birlashtiradigan pafos “Muallif. Janr. Xronotop”dir. “Badiiyat va nazariya” bo`limida drama janri tarixi va taraqqiyoti, Mixail Baxtinning xronotop kashfiyotlari, klassik dostonlardagi xronotop shakllari, “Xamsa” janrining xususiyatlari keng yoritiladi. Eng qiziqarli va asosli tomoni shundaki, muallif “Qur’on” syujetlari, unda kelgan rivoyatlar va muayyan shaxslar bilan bog`liq tarixlar cheksiz xronotop maydonini qamrab olishini isbot etadi. “Mifologik syujetlar ilohiy syujetlar bilan qiyosiy o`rganilganda, ularning barchasi ilohiy kitoblardagi “ilk syujet” (“Odam alayhissalom tarixi, yaratilishi, yerga tushirilishi, Momo Havoga muhabbati, ilk uchrashuv, hijron, visol, farzandlar va yerdagi faoliyati”) bilan aloqador ekanligini to`g`ri ochadi (isbotlaydi). Bu kitobdagi yangilik, badiiy asarda zamon-makon muammosini to`liqroq yoritishga intilishning yaxshi samarasidir. Mazkur kitobning yirik tadqiqotlaridan biri “Adabiy-tarixiy jarayon” bo`limidagi “Birinchi o`zbek romani- “O`tkan kunlar” nomli risolasidir. Unda rus munaqqidi M.Baxtinga to`liq asoslanib, romandagi “badiiy xronotop” masalasi tahlil qilingan. Muallif ta’kidlaganidek, “O`tkan kunlar” to`g`risida ko`p yozilgan. Yirik-yirik adabiyotshunoslarimiz bu og`ir ishga jazm qilishgan” (148- b.). Biroq “O`tkan kunlar” haligacha to`liq tahlili, bahosini topmagan. Chunki “O`tkan kunlar” rasoligi bilan shunday bir mo`jizaki, uning fazilatlarini aytish, isbotlash bilan chegaralanish mumkin emas. Uning bir xislati kashf etilsa, yana yuz xislati (xuddi hayotdek) yashirin turaveradi. “O`tkan kunlar” ilhom bilan yaratilgani bois, asrlarni tan olmay yangicha, go`zalligicha barcha uchun sirli (go`zal) asar bo`lib turaveradi, umrboqiyligi, ochilmagan qirralarini ko`z-ko`z qilaveradi. Ularni har bir adabiyotshunos tekshirganda, o`zicha kashf etadi, asar qa’ridagi mehvarni o`zicha anglaydi, asarning jozibasini topgandek bo`laveradi. Darvoqe, U.Jo`raqulov “O`tkan kunlar”ga badiiy xronotop asosida yondashadi, romanning “ilk syujet” bilan hamohangligini, mosligini topadi. Bittagina isbotini keltiraylik:“... baxtiyor ma’shuqaning “Siz o`shami?” kalimasidan so`ng “O`tkan kunlar” qahramonlarining chin ma’nodagi “ilk uchrashuv”i, saodatli kunlari boshlanadi. Bu go`yoki Odam ato va momo Havo jannatda topgan saodatning yerdagi soyasiga, ilmiy til bilan aytganda, badiiy modeliga o`xshaydi. Zotan, bunda oshiq ham, ma’shuqa ham (xuddi jannatdagi Odam ato va momo Havo singari) birdek baxtiyor edilar. Ular uchun bundan ortiq saodat yo`q edi. Ammo bu baxtiyor kunlar uzoqqa cho`zilmadi. Oshiq-ma’shuqa o`rtasiga shaytanat oraladi...” (159- b.). Tahlil jarayonida bir o`rinda olim Homid bilan Sodiqni almashtirib yuboradi. Uningcha, Qovoq devona bilan Sodiq o`rtasida dialog bo`lib o`tadi ... Holbuki, bunday hodisa asarda ro`y bermaydi. Dastavval, Homid “uzun bo`ylik, qora cho`tir yuzlik, chag`irko`zlik, chuvoqsoqol, o`ttiz besh yoshlarda bo`lg`on ko`rimsiz bir kishi edi...” tarzida tanishtiriladi. Qovoq devonaning ham unga nisbatan “Yuzinga qachon chechak chiqdi?”(156- b.) deyishida ham, “ko`zini bog`lagan bir kishi” ekanligi ham Homidni eslatadi. “Ko`z og`rig`i”ning xarxashalari va Otabekka qiziqishi ham Homid ekanligini anglatadi. Sodiq esa “sariqtanlik, ukkining ko`zidek chaqchayib, o`ynab va yonib turg`an qizilko`zlik, yuziga parchinlangandek yuza (puchuq) burunlik... bir maxluq edi” (174-b.). U birinchi bor Kumushning maktubini Toshkentga olib borgan va u “bahona bilan Toshkentni ham ko`rib oldik” (176-b), deya ta’kidlaydi. Bu haqiqat esa, uning Qovoq devona bilan uchrashmaganini yana tasdiqlaydi. Muallif Baxtinning “Romanda zamon va xronotop shakllari” kitobi ta’sirida “O`tkan kunlar” romanini tahlil qilar ekan, milliy an’ana va qadriyatlar negizida o`rganadi. Quyidagidek to`g`ri xulosalar chiqaradi: “Romanning xronotop tizimi ham, undagi syujet va obrazlar singari poetic strukturasi, o`zining jahon romanchiligida uchramagan mustaqil, milliy shakllari bilan originallik kasb etadi. Nafaqat o`zbek romani, balki, umuman, roman xronotop idoirasini kengaytiradi. Xususan, romandagi “yo`l”, “shahar”, “o`rda”, “karvonsaroy”, “mehmonxona”, “choyxona”, “ichkari”, “qabriston”, “lahm-g`or”, “ostona”, “ko`cha” xronotoplarining ba’zilari jahon romanchiligida uchrasa ham, metaforik vazifasi jihatidan Sharq–islom dunyoqarashi va milliy estetikani aks ettiradiki, bularning aksariyati jahon romanchiligi uchun yangilikdir” (214- b). “Jahon adabiyoti muammolari” bo`limida bir qator taniqli va Nobel mukofoti sovrindorlarining ijodini biografik metod yordamida tahlil qilishni maqsad qiladi. “Telbaga yo`qtur qalam” nomli tadqiqoti Lev Tol’stoyning “Shekspir va drama to`g`risida” maqolasining tahlili bilan boshlanadi. Shekspirning “Qirol Lir”, “Hamlet”, “Otello” tragediyalaridagi telba, ayyor va masxara obrazlari tadqiq etilib, shekspirona go`zallik va tragizmning xususiyatlari ko`rsatiladi. “Ro`yobsiz orzular haykali”da Servantes va uning “Don Kixot” romani tahlilga tortiladi. “Servantes yirik shaxs va ulug` san’atkor bo`lgani bois, haqiqatni asl qiyofasida ko`ra bilishga va tasvirlashga o`zida kuch va matonat topa bilgani" (308- b.)ni isbotlaydi. “El odami - Kavabata”da yaponning yuragi bo`lgan yozuvchining ijodiy biografiyasini jonlantirib, uning bir nechta hikoyalari va “Tong ingrog`i” romanining xislat va fazilatlari bilan o`rtoqlashadi. Kitobning “Chizgilar” deb nomlangan bo`limida professor Begali Qosimov, ijodkor Mahmud Sa’diy, ajoyib folklorshunos Bahodir Sarimsoqov, munaqqid Umarali Normatov, olim Suvon Meli portretlarining qirralari ochilgan. Bular ichida “Ustozimning do`sti” chizgisi teran tahlili, kashfi va go`zalligi bilan ajralib turadi.Unda “...gap singari injiq, so`z kabi xasis, tinish belgilaridek qattiqqo`l odam” (333- b.) Mahmud Sa’diyning universal bilimdonligi, matbaachilik faoliyati, fikr va ritmni tahrir qila oladigan muharrirligi, chin ma’nodagi ustozligi ishonchli ko`rsatiladi, “...adib nomiga munosib shaxsdir”, deya xulosa qilinadi. Darhaqiqat, Mahmud Sa’diy sifatlari to`g`ri topilganligi gaqaramay, uning yaratuvchan ijodkorligi, yaratishga chorlovchi ustozligi dalillar asosida tahlil qilinganida nur ustiga nur bo`lardi. “Suvon Meli” chizgisida o`ta darajada uni ko`kka ko`tarish o`zini oqlamaydi. Balki, tanqidchini xijolatga soladi. “Chin munaqqidlik saodati”da esa Umarali Normatovning munaqqidligi, adabiy jarayonning sarkor tadqiqotchiligi yetarli ochilmagan. Ikkala chizgini solishtirsak, ustoz Umarali Normatovdan Suvon Melini ustun qo`yish ishonarli emas. “Suvon Melining har bir maqolasi bir kitobga tatiydi” (349 6.) deyish va uni isbotlamaslik ham yuqoridagi qarashning mahsulidir... “Xamsa” janri muammosiga doir” maqolasida “Xamsa”ni Suvon Melidek “Super janr” deb yuritish ham, Uzoq Jo`raqulovdek “Universal janr” deyish ham o`zini oqlamaydi. Uni eposning eng kata ko`rinishlari tarkibiga kiritib, “Xamsa” janri deyish va uning o`ziga xosliklarini (syujet, kompozitsiya, qahramon va h.k.), yaxlitligini aniqlash (maqola sarlavhasida aytilganidek) maqsadga muvofiqdir. Umuman, adabiyotshunos U.Jo`raqulovning “Nazariy poetica masalalari: Muallif. Janr. Xronotop” nomli ilmiy-nazariy tadqiqotlar va adabiy-tanqidiy maqolalar, suhbatlardan iborat to`plamining mohiyatiga, ayrim bahstalab o`rinlariga to`xtaldik. Maqsadimizga muvofiq xulosa ham qildik: Bizningcha, tadqiqotchi adabiyotshunos Baxtin ta’siriga tushib qolmasdan, uning nazariy qarashlari va aqidalariga amalda maftunligini ochiq ko`rsatmaganda, yanada kata yutuqqa erishardi. O`zbek milliy nazariy va tarixiy estetikasi negizida asarlarni tahlil qilish va bu tushunchalarni matnga singdirib borishga o`zligini baxshida etganda, o`z uslubini yaqqol ko`rsatishga erishardi. Shunga qaramay, bu kitob adabiy hayotimiz uchun muhim manba bo`lib xizmat qiladi, o`quvchilarni ilmga, ezgulikka, insoniylikka chorlaydi. Mustaqillikdan keying o`n yillikda jahon adabiyotiga keng yo`l ochildi. San’atning barcha sohalarida ilg`or tajribalarni keng joriy qilish an’anaga aylana bordi. Jahon adabiyotining durdona asarlari tarjima qilindi. A.Kamyuning “Begona”, “Vabo”, F.Kafkaning “Jarayon”, J.Joysning “Uliss sarguzashtlari”, S.Moemning “Oy va sariq chaqa” kabi asarlarining nashr etilishi adabiy jarayonda muhim hodisa bo`ldi. Download 112.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling