Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja
Sirojiddin Sayyid she’riyati
Download 112.15 Kb.
|
Sirojiddin Sayyid she’riyati
O`zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o`tgan asrning 80 yillarida o`zbek she’riyatiga kirib keldi. Hozirga qadar «Ruhim xaritasi», «Salqin xarsanglar kaftida», «Sevgi mamlakati», «Asragil», «Mehr-qolur, muhabbat qolur», «Kuydim», «Vatan abadiy», «Ustimizdan o`tgan oylar», «Ko`ksimdagi zangorlarim», «Qaldirg`ochlarga ber, ayvonlaringni», «Egasi bor yurt» singari she’riy kitoblari chop etilgan. Sirojiddin Sayyid she’riyatida bosh mavzu - Vatan. Vatanni anglash. Vatanni - qo`msash. Vatanning abadiyligini uni ona kab iaziz, muqaddas ekanligini his qilishdir: Yurtim, menga zar kerakmas, zarlaringdan, Kipriklarim o`psalar bas, gardlaringdan. Men bir nasim bo`lib keldim, men bir nasim, Aytib o`tsam deyman ko`hna dardlaringdan. Shoir aytmoqchi bo`lgan «ko`hna dardlar» - ming yillar davomida kultepalar ostida qolib ketgan moziy xatlari, ulug` bobolarimiz-Yassaviylar yotgan aziz yerlar, Olloh yorlar nazar solgan muqaddas qadamjolardir: Menga qadim minorlardan bir sas yetar, Shul sas mening ko`nglim oxir serfayz etar. Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar, Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan. «Vatanni sevmoq iymondandir». Shoir poeziyasida Vatan nomi bilan bog`liq she’rlar alohida bir tizimni tashkil etadi. «Vatan abadiy», «Ilinj», «Vatan yodi», «Mening Vatan ichra vatanlarim bor», «Vatanni anglash», «Bag`ishlov», «Vatan desa» kabi she’rlarida vatanning muqaddasligi, uni hech bir narsaga almashtirib, tenglashtirib bo`lmasligi yoniq bir tuyg`u bilan ifoda etiladi: Bu diyorning ayvonlari nurga talash, Bu diyorning kayvonisi ona quyosh. Vatan desam ko`zimda yosh, yuzimda yosh, Ko`zga surtay jonlarini, nonlarini; Shoir yozganidek, Vatan ichra vatanlar bor. Vatan-serquyosh O`zbekiston bo`lsada, uning bag`rida-janub tarafida Surxon degan go`zal yurt bor. Shoir shu yurtda o`sib ulg`aygan. Uning shoir bo`lishida bu yurtning, bu yurt odamlarining xizmatlari bor. Vatan ta’rifini yozganda qalam mo`’jiza kasb etadi. Beqiyos tashbihlar, o`xshatish va istioralar timsolning bemislligini isbot etadi. «Beshigimni tebratgan qaldirg`ochlarim... Oyu quyosh ko`rpa solgan ayvonim... Termiziylar bedor yotgan qo`rg`onim... Cho`lpon, Fitrat, Qodiriy, Usmonim... Katta yo`lga chiqqan ulug` karvonim... Vatan». S.Sayyidning «Surxon sog`inchi», «Surxonning qandak o`rigi», «Bahor Surxondan boshlanar», «Surxon: saraton», «Sherobodning qirlarida» kabi she’rlarini o`qir ekanmiz ko`hna Surxon zaminining tanti, mehnatkash odamlari, afsonaviy, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, ulug` muhaddisu-avliyolari, go`zal va betakror tabiati ko`z o`ngingizda namoyon bo`ladi: Bu dunyoda bormi o`zi keragim, Surxon desam zirqiraydi yuragim. S.Sayyid she’riyatida Vatan tushunchasi, sog`inch tuyg`usi bilan yo`g`rilib ketadi. Chunki bu ikki So`z birlashgandagina yurakda uning muhabbatini, sog`inchini tuyish mumkin: Shabnam-shabnam tonglarda jayronlarga aylangan, Onang suvlar sepganda rayhonlarga aylangan. Bir kechada sog`inching osmonlarga aylangan, Sog`inchlaringday zangor osmonlari Vatandir. Shoir ijodida Vatan sog`inchi-ona sog`inchi bilan uyg`unlashib, bir butunlikni tashkil etadi. Yuragida «ismsiz dard»lari yig`ilib qolgan lirik qahramon onasi yoniga qaytgisi keladi. Onasi koriga yarolmaganidan, unga taskin va orom bera olmaganidan afsus-nadomat chekadi: Ona, sizning yoningizda qololmadim, Ko`zingizga gard qo`ndi, men ololmadim. Bu dunyoda halovatu orom nadir? Oromingiz oldim, orom berolmadim. Shoir yuragida yig`ilgan dardlarini, sog`inchlarini dunyodagi eng yaqin kishisi-onasiga izhor qiladi: Yomg`irlar yig`lashib sel bo`ldi, ona, Sog`inchlar birlashib yil bo`ldi, ona. To`planib, to`planib barcha og`riqlar, Mening ko`kragimda dil bo`ldi, ona. Iste’dodli adabiyotshunos Ulug`bek Hamdamning yozishicha «1990 va 2000 yillar she’riyati o`zdaminant xususiyatiga ko`ra ko`ngil lirikasidir, deya bemalol ayta olamiz. Chunki bu davrda eng faol ijod qilgan Muhammad Yusuf, Bahrom Ro`zimuhammad, Asqar Mahkam, Eshqobil Shukur, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Tursun Ali, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Rahimjon Rahmat, Abduvohit Hayit kabi o`nlab shoirlar asarlari, avvalo, o`z «men»lari- ko`ngillari mevasidir”. Hazrat Navoiy «Ne nazmki o`tlug` ko`ngildin chiqordim», deb yozgan edi. S.Sayyid qalamidan to`kilgan misralar ham bevosita Ko`ngil mevalaridir. Ko`ngil, sening go`zal dog`ing bitmay qoldi, Nechun buncha do`st bo`lding sen armonlarga... Lirik qahramon uchun ko`ngildan o`zga mahrami asrori yo`q: Dildan o`zga qolmadi, manzil manga, Eng yaqin, ham eng yirog`im dil bu kun... Vatan, Ona, Sog`inch, Dil timsollari qo`shilib, yig`ilib shoirning ko`nglida buyuk Muhabbatni yaratadi. Azal go`zalni shonasi bir guldir, Muhabbatning koshonasi ko`ngildir... deb yozadi shoir. Shoir yozganidek, inson butun umr bir hisga asir bo`lib yashaydi. Bu-sevgi, muhabbat. Bu tuyg`u shoir ko`ngliga ilhom beradi, musaffo tuyg`ular olib kiradi. Lekin shoir e’tirof etganidek muhabbat raqamlarga bo`linib ketsa yomon. Sevgi nima degan savolga shoir shunday javob beradi: Sevgi mening kechmishimdir, bugunimdir, Olovimdir, kulimdir ham kukunimdir. Bu yo`llarda oxir bir kun to`kilgumdir, Sevgi mening ko`nlimdagi tugunimdir. Lirik qahramon qalbida yashirin bu tugunni yechishga qodir emas. Bu his uning qalbida butun umr armon bo`lib qoladi: Bu tugunni yecholmadim, yecholmadim, Siz o`ylagan daryolardan kecholmadim. Sevgi mening erib ketgan qorimdurur, So`ng boychechak bo`lib ungan zorimdurur. S.Sayyid she’riyatida hayot va o`lim, makon va zamon, olam va odam, azal va adab singari falsafiy tushunchalar bilan bog`liq she’rlar ham mavjuddir. Inson umri olamda yarq etgan bir tovushdir, Dunyonadir ko`plardan qolgan eski kovushdir. Inson umrini hoyatda qisqa, kiprik qoqqanchalik, lahzalik ekan, shu g`animat hayotda bir-birlari bilan kin-adovat qilishlari gunohi azimdir. Shoir nazarida dunyoda insonlardan bir-biriga mehr qolur, muhabbat qolur: Gullar to`kib bahor ketar so`ringizdan, Erta-indin oy ham ketar qiringizdan. Nima foyda ko`ngildagi kiringizdan, Mehringizni qizg`onmang bir-biringizdan... Sirojiddin Sayyid hozirgi she’riyatimizning ham, mumtoz she’riyatimizning ham an’analariga sodiq qolish barobarida uni o`ziga xos yangi poetik shakllar, badiiy san’atlar, tasviriy vositalarila boyitdi. Ohori to`kilmagan poetic so`z va iboralarni mahorat bilan misralar bag`riga joylay bildi. Masalan: Ochay desam ocholmayman ko`zimni, Qaldirg`ochlar qabog`imga in qurgan... satrlarida tashbih va mubolag`a san’atlari mahorat bilan qo`llangan. S.Sayyid klassik poeziyani, xususan, aruz san’atini puxta o`rgangan va uni o`z ijodida ko`p bor sinab ko`rgan. Hazrat Navoiy, Mirzo Bobur, Hofiz, Adib Sobir Termiziy g`azallariga muxammaslar bog`lagan. Shoirning g`azallaridan biri «Kuydim» nomi bilan xalqimiz orasida ma’lum va mashhurdir. G`azal o`zining sehri-ohangi, jozibasi bilan tinglovchi e’tiborini bir lahzada tortadi: Men ishq elining nolayu afg`onida kuydim, Ko`ngil uyining otashi armonida kuydim. Mehrin tilabon o`tsa agar oshiqi zorlar, Mehrini berib, men esa tovonida kuydim... S.Sayyid ijodda o`z sozi va o`z ovoziga ega. Uning xalq ona uslubi she’r muxlislari qalbidan allaqachon joy olgan. U she’riyat yo`lini abadiy ranji ozor yo`lim deb qabul qilgan. Shoirlik shu boisdan ham qismatdir. «She’riyat-qurbonlikdir. Shoirlik-mangu sabr». Ma’lumki, S.Sayyid bir necha dostonlar muallifi. «Saksoninchi yillar» dostonida afg`on jarohatlari haqida so`z boradi. Afsuski, totalitar tuzum davrida doston qiyinchiliklar bilan e’lon qilindi. «To`palang daryo bilan xayrlashuv»da shoirning butun dardu-dunyosi bayon etilgan. Qadim daryo barcha voqealarga guvoh: Vatan tarixi; kecha va bugun; xalq o`tmishi; 20-30 yillardagi ochlik-yupunlik, urush yillari, ota xotirasi, farzand yodi birma-bir kinolentasiday ko`z o`ngingizdan o`tadi. Inson va tabiat orasidan uyg`unlik izlagan lirik qahramon odamlarni insofu-diyonatga, mehr-oqibatli bo`lishga, ko`ngilni keng qilib daryo bo`lishga chorlaydi: Sahro bo`lsa boshqalar, siz Daryo bo`ling, daryo bo`ling Ko`lmak emas ne bo`lsa ham Daryo bo`ling, daryo bo`ling. S.Sayyid hozirgi o`zbek she’riyatida alohida fenomen. Uning ijodini, poetik olamini o`rganish adabiyotshunosligimizga juda kata foyda keltiradi deb o`ylayman. Download 112.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling