Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja


Muhammad Yusuf she’riyati


Download 112.15 Kb.
bet7/22
Sana08.01.2022
Hajmi112.15 Kb.
#254908
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   22
Muhammad Yusuf she’riyati

She’riyat – bu buyuk qadim so`qmoq ekan

Qiyin so`qmoq ekan, qiyin so`qmoq ekan.

Shirin azob ekan, jonni yoqmoq ekan.

Bir qo`lda gul, bir qo`lingda chaqmoq ekan ...

Muhammad Yusuf - she’riyatning ana shunday buyuk va qadim so`qmoqlarini shirin jonni azobga qo`yib kezib o`tdi. Shoirdan bir dunyo she’r va she’rsevar muxlislar qoldi.

M.Yusuf adabiyotga 1970 yillarda kirib keldi. Ilk she’riy majmuasi «Tanish teraklar»dan so`nggi kitobi «Saylanma»ga qadar o`nlab majmualar e’lon qildi. She’r va qo`shiqlari xalqimiz qalbining to`ridan joy oldi.

Muhammad Yusuf – katta iste’dod egasi edi. U yaratib ketgan she’riyatning poetik dunyosi, obrazlar ko`lami nihoyatda keng. Eng avvalo, shoir o`zini shu aziz Vatanning sodiq farzandi sifatida uning go`zalligini madh etdi. Unga «kindik qoni to`kilgan dala-jannatlardan ham aziz» dir. Vatanni boshqa hech bir narsaga almashtirib, tenglashtirib, bo`lmasligini o`ziga xos qiyos ila ifoda etdi. M:

O`zbekiston jonim to`shay soyangga

Senday mehribon yo`q,

Sendayin ko`rkam,

Rimni alishmasman bedapoyangga ...


Yoki:

Bildimki, baridan ulug`im o`zing,

Bildimki, yaqini shu tuproq menga

Bahorda Baxmalda tug`ilgan qo`zing

Arab ohusidan azizroq menga.

Vatan haqidagi tasavvurlar - milliy o`zlikni anglash tuyg`ulari bilan yo`g`rilib bir butunlik kasb etadi. Chunki o`zlikni anglamay-o`zini tanimas inson. O`zlikni anglatish yo`lida jonlarini fido etgan millat farzandlari: Cho`lpon, Fitrat, F.Xo`jayev,U.Nosir, A.Qodiriylar shoir xotirasidan birma-bir o`ta boshlaydi:

O`tgan kuning o`tgan kundir.

O`z boshingga yetgan kun,

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qo`lin bog`lab

Dilin dog`lab,

Etaklashib ketgan kun.

Voh, bolam deb aytolmagan

Dudig`imsan, Vatanim ...

Shoir totalitar tuzum sharoitida inson erki, huquqi, muhabbatining toptalishi bilan bog`liq masalalarni o`kinch va alam bilan xotirlaydi: (Shiyponlarda o`ltirarding ko`tarolmay boshingni semiz vakil maktabidan haydab keldi o`g`lingni kech kuz edi yechib berding egningdagi to`ningni, Ol, kiyvol, polvonim mening bobodehqonim mening).

M.Yusuf hukmron mafkura tazyiqi ostida milliy urf-odatlarimiz va an’analarimiz, avlodi ajdodlarimiz, ayniqsa, ona-tilimiz toptalganini yoniq misralarida afsus-nadomatila tasvir etadi:

Garchi zug`um qilganlarni yoqtirmadim.

She’r yozdimu bo`lak ishni qotirmadim,

Tilim turib o`z tilimda gapirmadim

Bir eslasam eziladi bag`ri dilim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim ...

Shoirning ona-Vatanga, ona tiliga bo`lgan muhabbati dunyoda muqaddas ayol – Ona timsoli bilan birikib ma’lum bir tizim hosil qiladi. Shoir bilan bo`lgan suhbatda «Siz uchun eng qadrli so`z nima?» degan savolga «Eng qadrli so`z - Ona!» deb javob bergan. Uning o`z onasiga va Ona zotiga muhabbati cheksiz edi. Bu tuyg`ular shoirning «Onamga», «Onamga xat», «Onaizor», «Onamdan xat» she’rlarida o`z ifodasini topgan:

Shoirlik men uchun aslo orzumas

Shu ham ish bo`ldimi yigit boshimga

Hamma shoir zotin yig`sa arzimas,

Onamni sog`inib to`kkan yoshimga ...

M.Yusuf she’riyatida Muhabbat mavzusi bilan bog`liq she’rlar alohida tizimni tashkil etadi. «Muhabbat o`zi ko`p eski narsa, lekin har bir yurak oni yongorta»,- deb yozadi qozoq oqini Abay. Muhabbat – insonni umr bo`yi yashashga undaydigan pok tuyg`ular majmui. Lekin shoir muhabbatda sadoqat bo`lishini istaydi:

Muhabbat, ey, go`zal iztirob,

Ey ko`hna dard, ey ko`hna tuyg`u.

Ko`kragimga qo`lingni tirab,

Yuragimni to`kib qo`yding-ku ...

Muhabbat – vafo va sadoqatni istaydi. Unga qilingan xiyonat kechirilmaydi. «Sevaman» deb yurgan yolg`onchilarga yurak bergandan ko`ra uni «yo`lbarslarga yedirmoq lozim» deydi shoir.

«Muhabbatning saroyi keng». Lekin bu muhabbat saroyining barcha yulduzlari so`ngan. Ammo lirik qahramon umidsizlikka tushmaydi. U hayotida bir umrga so`nmas yulduz bo`lib qolgan, ko`zlarida mo`ltirab turgan ilk sevgini kutib yashaydi:

Bahor kelsa bog`larga

Sevishganlar sig`maydi.

Mening kuygan ko`ksimda

Qizg`aldoqlar yig`laydi ...

M.Yusuf she’riyatida hayotning o`lmas qonuniyatlari: tug`ilish va o`lim, makon va zamon, sabab va oqibat kabi tushunchalar shoir falsafiy olamining asosini tashkil etadi:

O`lsamu unutsang menday yigitni

Qaro tuproq ko`mib yotsa kuragim

Sen o`choq oldida yoqqan gugurtning

Uchida lovullab tursa yuragim ...

«Gugurt uchida lovullab turgan olov» - poetic obraz bo`lib, shoirning hayot haqidagi ideallarini ifodalaydi.

M.Yusuf - ko`ngil kuychisi edi. O`zi e’tirof etganidek, «ko`nglidan boshqa zar»i yo`q edi. Ko`ngil – shoirnig suyanchig`i, sig`inadigan ka’basi. (Mening ko`shkim ko`kda - unga yetmaydi qo`l, Mening ko`shkim ko`ngil – unga eltgay bir yo`l) Lekin bu Ko`ngil hayotdan qoniqmaslik hissi bilan yashaydi. Ko`ngilga eltadigan yo`l esa bitta- Sog`inch:

Singlim mening

Rangpargina singlim mening

Seni kutar tor uyingda to`qqiz bola,

Keng uyingda poyoni yo`q dashtu-dala,

Sen ko`nikding

Ko`nikmas hech ko`nglim mening.

Shoirning aytilmagan baytlari bisyor edi. Bu baytlar «tug`ilmagan qo`shiqlar» singari teraklarning tanasida qolib ketdi. Uning «qalb daftari»ni varaqlar ekanmiz, bu foniy dunyoda inson umrining boqiy emasligi, hayotning o`lmasligi, umuman, dialektik jarayonning o`zgarmas holatlari lirik qahramon ruhiyatida mungli manzaralar yaratadi. «Dunyodagi barcha yo`llarning oxiri - yig`i. Odam yig`I nima ekanligin anglab yetgunicha, yaqinlari olamdan o`tgan bo`ladi»,- deb yozadi shoir (Qon yig`latdi qaysi bag`ritosh, Jayron, nega ko`zing to`la yosh. Oyog`ingga qo`yib yotay bosh Jayron nega ko`zing to`la yosh).

Tabiat garmoniyasini buzadigan «sayyod» larni insofga chaqirmoqchi bo`ladi shoir. O`zini sayd timsolida ko`rib, ixtiyorini sayyodga topshiradi, hatto shirin jondan kechadi:

Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,

Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.

Sening joning, mening jonim, omonatjon,

Erka kiyik maylimi bir erkalasam.

Shoir inson va tabiat orasidagi azaliy qarindoshlik rishtalarini uzmoqchi bo`lgan, ezgulikni ko`rolmaydigan bu dunyoning nokaslarini mehr-muruvvatli bo`lishga chorlaydi. Chunki shoir yozganidek, bu dunyoda insondan faqatgina mehr qolur, muhabbat qolur.

M.Yusuf she’riyatida lirik «men» qismati bilan bog`liq voqea-hodisalar, xayoliy tasavvurlar, ko`pincha tabiat obrazlari: yoz, kuz, lolaqizg`aldoq, kapalak timsollarida beriladi. Shoir bir-ikki misra bag`riga butun bir fasl mohiyatini singdirib yuboradi.

Yoz – meni sog`inib sarg`aygan maysa

Kuz – meni sog`inib sarg`aygan onam...

Shoir o`z umrini tabiatning erka va nozik farishtasi –kapalakka o`xshatadi. Uning timsolida tiriklikni ko`radi. Kapalakning qoni yo`q. Lekin u beozor jonzot. (Tug`ishgan singlimdek sog`inib kelib, Kapalak kaftimga qo`nadi bir kun...) Kapalak obrazi misolida shoirning ushalmagan orzu-armonlari, musaffo tuyg`ulari mujassam etilgan:

Muhammadga ishongan ey, mo`minlar,

O`lsam so`zim eslat, o`yga cho`minglar,

Kapalakning qanotiga ko`minglar

Kapalaklar odamlardan mehribon ...

Shoir tabiat gullaridan - lolaqizg`aldoqni juda yaxshi ko`rar edi. Qismatni qarangki, shoirning o`zi ham lolaqizg`aldoq yanglig`qisqa umrida yonib yashadi. Mehr va muhabbat shoiri sifatida she’rsevar muxlislar qalbida adabiy muhrlanib qoldi.


Download 112.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling