Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor. Reja


Bahrom Ro`zimuhammad she’riyati


Download 112.15 Kb.
bet12/22
Sana08.01.2022
Hajmi112.15 Kb.
#254908
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   22
Bahrom Ro`zimuhammad she’riyati

B. Ro`zimuhammad 1961 yil Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug`ilgan. 1984 yilda ToshDU (hozirgi O`zMU) ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shu vaqtga qadar shoirning “Tovushsiz qadam” (1984), “Terakka yaqin yulduz” (1989), “Ikki nur”(1994), “Davsaman”(1993), “Tinch gullaydigan daraxt”(1997), “Kunduz sarhadlari” (1999), “Soyalar suhbati” (2006) kabi she’riy to`plamlari nashr etilgan.

O`zbek modern she’riyatining taniqli namoyandararidan biri B. Ro`zimuhammad she’riyatimizga o`tgan asrning 80 yillarida kirib keldi. Ilk she’riy to`plami kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Adabiyotshunos Q. Yo`ldosh shoir she’rlarining tahlili jarayonida shunday xulosaga keladi: ”Bahrom Ro`zimuhammad she’rlarini o`qib, “hazm qilish” – tushunishga qiynalayotganlar va ularni san’at asari deb hukm chiqarishga taraddudlanayotganlar bo`lsa bordir, biroq nima bo`lganda ham ushbu she’rlar o`zbek she’riyatida yangi bir voqelik ekaniga shubha yo`q. To`g`ri, shoir she’rlari bir qaraganda milliy she’riyatimiz uchun noan’anaiydek tuyuladi. Barmoq vaznidan farqli o`laroq, hijo, turoq va qofiyadan uzoq xalq jonli tiliga yaqin sarbast she’rlar hisoblanadi. Ayni shu jihatdan ham ko`proq nasrga o`xshab ketadi. Biroq har bir so`z, har bir satr muayyan bir obrazli ifodaga, ramziy ma’noga va ichki ohangga ega ekanligini, shoirning tili, so`z qo`llashdagi mahoratini e’tiborga olsak, milliy sheriyatimizda bu bir voqelik ekanligining guvohi bo`lamiz”. Darhaqiqat, B.Ro`zimuhammad she’rlari tesha tegmagan obrazlarga, kutilmagan ramziy ifodalarga, qochirimlarga, tazod va paradoslarga boyligi bilan she’riyatimizda o`ziga xos o`rin tutadi.

Shoirning “Tinch gullaydigan daraxt” majmuasidagi ilk misralar o`z samimiyati, tabiiyligi bilan e’tiborimizni tortadi.

Kulsang

Qumrusqalar eshitadigan

Ovozda kul.

Yig`lasang

Devlar eshitmaydigan

Ovozda yig`la.

O`zingdan ham yashir ko`z yoshingni

O`zingdan ham yashir.

Sevgini

O`zingni sevmaslikdan boshlasen

Yonsang

Kulga aylanguningcha

Yonganingni hech kim bilmasin.

Shoir uchun shunchaki yozmoq mumkin emasday, shunchaki yig`lash, kulish, yonish, sevish mumkin emas. Hammasi tabiiy, chin dildan bo`lishi kerak.

She’riyat - ruhiyat mahsuli. Shu boisdan, har bir ijodkorning o`z ruhiy olami bo`ladi. U dunyoni, borliqni o`sha olam ko`zi bilan, o`sha xayol ko`zi bilan ko`radi. Biroq shoir shunchaki xayolparast emas. U hayot haqiqatlarini xayol ko`zi bilan ko`radi. O`zini yer farzandi ekanligini unutmagan holda o`zga dunyoga intiladi.

Xayolparast emasman, biling shunchaki

Men yomon ko`raman yerparastlikni

Ruh ko`kka intilar, jism o`zini

Har lahza ming bora yerga uradi

Azozil qo`lida bo`lib o`yinchoq

Qo`l cho`zdim. Men sizni

olib ketaman dedim o`zga dunyoga

Siz “yo`q”dedingiz qo`lim havoda

muallaq qoldi-ku “yo`q”so`zi kabi

dunyo ostin-ustin bo`lsa-da bir kun

havoda muallaq qolar o`sha qo`l

qiyomatdan so`ng ham qolar muallaq.

B. Ro`zimuhammad she’rlarida farishta obrazi ko`p bor qo`llaniladi. Bu tasodifiy emas. Bu timsolga Cho`lpon ham bir necha bor murojaat etgan. Cho`lpon malak, farishta timsollarida erk, ozodlik haqidagi ideallarini tasvirlagan. B. Ro`zimuhammad tasvirlagan farishta timsolida poklik, go`zallik, musaffo insoniy tuyg`ular ifoda etiladi.


Yarmim farishtadir va yarmim hayvon

Ikki olov ichra yonib turibman

farishta ko`zila qarayman senga

Sen menga qarama farishtam...

B.Ro`zimuhammad boshqa bir she’rida hech bir shoirda uchramaydigan tashbeh qo`llaydi.

Farishta bilan bahorning

nikohidan tug`ilgan farzand

tillo sochlarini shamol o`ynaydi

zavqlanib zavqlanib o`ynaydi shamol

Farishta bilan bahorning nikohidan tug`ilgan farzand – oppoq orzular, ilhom, ilhomdan tug`ilgan she’r.

Bahor seni qattiq quchoqlar

siynasini tutar

iforga to`lig`

Qayrilib qaramas sensen

Farishtaga qo`shilib uchib ketasan

yum-yum yig`laydi bahor

yum-yum yig`lar ko`zini yumib...

B.Ro`zimuhammad nazarida inson – ochilmagan sir-sinoat. U tabiatning eng oliy mavjudoti sifatida hamma narsaga qodir. Eng muhimi, unda yurak, tuyg`u bor. Uning ko`zlarida yorug` bir nur o`ynaydi. Shoir insondagi ana shu xususiyatlarni “ko`ksingda quyosh bor bir yorug`”, “ikkita shovqin bor qorachig`ingda” kabi obrazli birikmalarida ifoda etadi.

Ikkita shovqin bor qorachig`ingda

quyoshga qarasang quyosh kuyadi

Men hozir o`zimni yig`ib olaman

quduqqa tushgandek

tushib yurakka

Ikkita shovqin bor qorachig`ingda

Tush ko`rib bilmaysan shu bois

yorilib boshlaydi bahaybat bir tun

ko`kdan tushar sekin

oybolta


Shoir badiiy tasvir vositalaridan ustalik bilan foydalanadi: “quyoshga qarasang quyosh kuyadi” - mubolag`a, “quduqqa tushgandek tushib yurakka”- tashbeh, “ko`kdan tushar sekin oybolta”- metafora.

Tabiatdagi hamma narsa-hodisalar o`z taraqqiyot qonuniyatlari asosida rivojlanadi. Shoirning ayrim she’rlarida tabiat va jamiyat orasidagi munosabatlar bir oz ziddiyatli, o`tkir istiorali misralar orqali ifoda etiladi:

Tikanlari uchib ketar kirpining

sochilib ketadi tikanlari

chayqaladi tun

yulduz hadya etar mingta shu’lasin

g`ujanak bo`ladi

bir hovuch kumush

endi uni qo`riqlar ilon

oxirlab borar ekan kun

xo`rsinib qo`yadi kirpi

so`ng hech nima qilmas

so`ng boshin qo`yadi

tong


kundasiga

Tikanlaridan ayrilgan kirpi o`zini himoya qila olmaydi. Evrilishni qarangki, endi uning dushmani – “qo`riqlar ilon”. Ushbu majoziy tasvir orqali ezgulik va yovuzlik degan tushunchalarning almashinib turishini aytmoqchi bo`ladi. Biroq hech qachon shoir tasvirlagan musbat va manfiy tushunchalar bir qolipga tushmaydi. Kirpini ilon himoya qilsa, zamon o`zgarmaydimi?

Tabiat obrazlari shoir she’riyatining bag`riga singib ketadi. Shoir insonni tabiatning farzandi sifatida tasavvur etadi. Tabiat obrazlari shoirning ko`pgina she’rlaridan o`rin olgan. Mana bir she’rida tun manzaralari tasviri ifoda etilgan.

Oy yonib ketmoqchi shukuhdan

aksincha cho`miltirib suvda soviydi

qora yaproqlar muzdek bunday

chiroyli tunni ko`rganmisiz hech

Tun manzaralari shoir ko`ngliga yangi yangi tuyg`ular olib keladi; “hansirab turibdi somon g`arami”, “hansirar damodam jilovdagi ot”, “oy shu’lasila qovushadi suv” obrazlarida tun bag`rida lahzada ro`y beradigan holatlar ifodalanadi.

Tabiatda ro`y beradigan har bir voqea-hodisa, yilt etgan tovush va ranglar shoirni befarq qoldirmaydi.Olamdagi jonli va jonsiz narsalar shoir qalbiga yangidan-yangi tuyg`ular soladi, ohori to`kilmagan obrazlar, tutilmagan tashbehlar beradi. Shoir bir she’rida jonlantirish san’atini qo`llab, original poetik obraz yaratadi.

Sening so`qmog`ingda yotgan bir toshman

Meni bosib o`tolmassan sen

chunki toshning bolalari sening bolangdir

Inson tuproqdan yaralgan. Shu sababdan u ona-zaminga ehtiyotkorlik bilan oyoq qo`yadi. U haqda o`ylab uzoq xayolga toladi.

Nega men haqimda o`ylab qolding sen

Men haqimda o`yingni toshdek uloqtir

butkul xayolingdan forig` et meni

Sening so`qmog`ingda yotgan bir toshman

yaqinroq kelaver hech qo`rqma

qanot chiqaraman sen yaqin kelsang...

Yil fasllaridan tug`ilgan tafakkur lahzalari shoir she’rlari bag`riga singib ketadi. Ayniqsa, kuz – inson hayotining katta bir manzarasi sifatida shoir she’rlarining falsafiy asosini tashkil etadi. Shoirning “Pinjimga mushukdek kiradi kuzak” she’rida shoir faqat bir o`rinda “kuz” so`zini qo`llaydi, lekin kuz fasliga xos holatlar, hodisalarni obrazli tasvirlashga intiladi.

Pinjimga mushukdek kiradi kuzak

Shamolga yoyaman dasturxon qilib

dasturxon ustiga tomar chakillab

bir tomchi ko`zyoshu, ikki tomchi qon...

Shoirning ayrim misralari sizni hayratga solishi tabiiy. Chunki shoir siz ilgari ko`nikmagan, o`rganmagan tashbehlar, obrazli ifodalar qo`llashga harakat qiladi.

tirnog`in ko`ksimga botirib mushuk

yuragimni jaranglatib yeya boshlaydi

O`zi ham jaranglab ketadi keyin

bir-bir terib yerkan kishanchalarni

Lirik qahramon faslga qo`shilib o`zi ham fasl bo`lib ketadi, faqat bu faslning nomi yo`q – nomsiz fasl.

Endi men faslman, nomsiz bir fasl

Shamol yo`q, rang-tus yo`q kunduz yo`q

Tun ham yo`q, yo`qlikning o`zi yo`q

Siz bilgan narsalar yo`q bisotimda.

Endi men faslman sizni kutmayman

Hech qachon orziqib kutmanglar meni.

Kuz fasli manzaralari tasvirlangan boshqa bir she’rida nozik holatlar, hodisalar ohangini yaratishga harakat qiladi. She’rda sarg`aygisi kelmayotgan yaproqlarning silkinib sassiz yig`lashi, xazin sukunatni buzgan barcha tovushlarning egasi-yomg`irning shivir-shiviri romantik bir tarzda ifoda etiladi.

Sarg`aygisi kelmas yaproqlarning

silkinib sassiz yig`laydi fasl

xarsang tosh to`kilgandek ko`zdan

yengil tortib boraman tobora

oyoqqa o`rlashib ko`kdagi bulut

ko`k rangi tomadi erib chak-chak

ermak uchun jilmayib qo`yadi gul

Chah churq etadi bulbul

sukunatni quvar mahobat ila

barcha tovushlarning egasi YOMG`IR...

B.Ro`zimuhammad she’rlarida sukunat obrazi ko`p qo`llaniladi. Bu obraz sokinlik, sukut shakllarida ham uchraydi. Masalan; “tovushsiz yig`ladim, lekin neuchun pinagini buzmas sukunat”, ”shaxsiy sukunating bilan davramizga kirib kelding sen”kabi. Sukunat – sokinlik, tinch, osuda bir lahzalardan iborat bo`lsa-da, shoir bu holat bilan kelisha olmaydi. Chunki uning ko`nglida doimo isyon tuyg`ulari jo`sh urib turadi.

Shovqin muzlab qoldi. Yaxmalak

uzra yiqiladi nigohim

tingla meni tongda

qo`ng`ir cho`qqilar kirar tushimga

aylanib turishar mahobat ila

yolg`iz emas yolg`izligim

tovushsiz dodladim.Lekin ne uchun

pinagini buzmas sukunat

ko`krak qafasimni sindirdim

bo`g`zimga tiqilar bir ko`k harf

sirg`anib chiqadi yumshoq o`q

O`lik tirigimni bilmasman keyin

Tovushim yetmaydi dodlashga

ochib ko`rsataman yaralarimni

xo`mrayib qo`yadi kulyapkan dunyo...



Download 112.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling