Pul mablag‘lari — korxona kassasida, bankdagi hisob-kitob schyotida, akkreditivlarda, hisobdor shaxslarda turgan pul ko‘rinishidagi mablag‘lar. Korxonalar bo‘sh mablag‘larini bankdagi schyotlarda saqlashi kerak. Korxona kassasida belgilangan limitdan ortiqcha summa saqlanmasligi kerak. Limitdan ortiqcha summa faqat ayrim hollarda, masalan, ish haqi beriladigan kunlari saqlanishi mumkin. Korxona va tashkilotlarda pul mablag‘lari tushishi asosiy manbai bo‘lib mahsulot (ish va xizmat)larni sotishdan olingan tushum hisoblanadi. Naqd pul to‘lash faqat qonun bilan belgilangan hollarda (ish haqi berish, hisobdor shaxslarga bo‘nak berish, mayda inventar va xo‘jalik jihozlarini sotib olish va b.) bo‘lishi mumkin. Odatda korxona, tashkilot va muassasalar bilan hisoblashishlar naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi.
Pul cheki — bankdagi hisob-kitob schyotidan tegishli miqdordagi pulni olish uchun sub’ektning bankka beradigan buyrug‘ini aks ettiradigan hujjat.
Rezerv — zarur bo‘lgan hollar uchun biror narsaning zaxirasi.
Saldo — xo‘jalik mablag‘lari yoki ular manbalarining buxgalteriya hisobi schyotlari bo‘yicha qoldiq.
Sintetik hisob — pul o‘lchovida umumiy ko‘rsatkichlarni beruvchi hisob. Bunday ko‘rsatkichlar sintetik schyotlarda bo‘lib, ular mavjud mablag‘lar hamda ularning manbala-ri va harakati (asosiy vositalar, xom ashyo, materiallar, yoqilg‘i, ishlab chiqarish xarajatlari, g‘aznadagi va hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘lari, ustav kapitali va sh.k.) to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lish uchun zarur. Sintetik hisob ma’lumotlari analitik hisoblarda detallashtiriladi. Sintetik hisob registrlari bo‘lib bosh daftar, jurnal-orderlar hisoblanadi.
Sintetik hisob schyotlari — sintetik hisob yuritiladigan buxgalteriya hisobi schyotlari. Sintetik hisob schyotlari oddiy va murakkab bo‘lishi mumkin. Oddiy schyotlarning ko‘rsatkichlari detallashtirilmaydi va ular bo‘yicha analitik hisob yuritilmaydi. Murakkab schyotlarning ko‘rsatkichlari, zarur bo‘lgan hollarda, analitik hisobda detallashtiriladi. Sintetik schyotlarning ro‘yxati schyotlar rejasida keltirilgan. Har bir sintetik schyot o‘zining shifri (nomeri)ga ega. Hozir qo‘llanilayotgan schyotlar rejasida (21-son BHMS) subschyotlar yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |