Al-jomi' as-sahih (1-jild) Arabchadan Zokirjon Ismoil


Download 1.28 Mb.
Pdf ko'rish
bet6/58
Sana10.09.2020
Hajmi1.28 Mb.
#129187
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58
Bog'liq
sahih buhari1 ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 

36

asramog‘ingni so‘rayman)», — derdilar». (Ba’zi bir nusxalarda «Ilohi» so‘zidan avval 



«Bismilloh» so‘zi ham bor).  

 

10-bob. Hojatxona oldiga mustahab uchun suv tayyorlab qo‘yish 

 

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam 



hojatxonaga kirdilar, men u kishiga tahorat uchun suv keltirib qo‘ydim. Janob Rasululloh 

(chiqib): «Kim qo‘ydi buni?» — dedilar. Rasulullohga (ibn Abbos, deb) aytishdi. 

Rasululloh: «Ilohi, uni din bilimdoni qilgaysan!»—deb duo qildilar.  

 

11-bob. Qiblaga qarab hojatga o‘tirib bo‘lmaydi, biror binoning ichida devor 



yoki shu kabi narsaga qarab o‘tirish mumkin 

 

Abu Ayyub al-Ansoriydan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar birortangiz 



qazoi hojatga borsangiz, qiblaga qarab yoki qiblaga orqa qilib o‘tirmangiz, kun chiqar va 

kun botarga qarab yoki orqa qilib o‘tiringiz!» — deganlar». (O’rta Osiyoda shimol yoki 

janubga qarab).  

 

12-bob. Ikki g‘isht ustiga chiqib, qazoi hojat qilmoq 

 

Vosi’ ibn Habbondan: «Abdulloh ibn Umar: «Odamlar, qazoi hojatga o‘tirsang, qiblaga 



ham, Bayt ul-Muqaddasga ham qarab o‘tirma!» deyishadi»,— der edi. Abdulloh ibn 

Umar: «Bir kuni tomga chiqdim, uyimizning orqasida Rasululloh sollallohu alayhi va 

sallamning ikkita g‘isht ustida Bayt ul-Muqaddasga qarab (oldilarida uy bor) hojat 

qilayotganlarini ko‘rdim»,— dedi-da, menga (Vosi’ga): («Agar shu masalani ham 

bilmasang) qorinlari bilan sajda qilguvchilardan ekansan-da!»—dedi. Men: «Alloh haqqi, 

bilmayman»,— dedim». 

 

(Imom Molik aytadilar: «Ibn Umar, qorni bilan sajda qiluvchi, deb yerga yotib olib, 



yerdan ko‘tarila olmasdan sajda qiladiganlarni aytgan»).  

 

13-bob. Xotinlarning (qazoi qojat uchun) hovlidan tashqariga chiqishi 

 

Oisha raziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotinlari tunda 



qazoi hojat uchun Manosi’ degan joyga chiqar edilar. U yer keng, sayhon joy edi. Hazrat 

Umar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Xotinlaringizni to‘sing (chiqarmang)!» — 

der edilar. Rasululloh bunday qilmas edilar. Bir kuni xufton paytida Savda binti Zam’a 

(Rasulullohning xotinlaridan biri) tashqariga chiqdilar. Bo‘ylari uzun xotin edilar. Shunda 

Hazrat Umar ko‘rib: «Hoy Savda, biz seni tanidik»,— deb xitob qildilar. Bu gapni, 

xotinlarni parda ichiga olish to‘g‘risida oyat nozil bo‘lsaydi, deb aytdilar. So‘ng Alloh 

taolo «Hijob oyati»ni nozil qildi». 

 

Oisha raziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam («Hijob oyati» 



tushgandan keyin): «Alloh taolo ba’zi bir hojatlaringiz uchun tashqariga chiqishingizga 

ruxsat berdi»,— dedilar. 

 

Oisha onamiz: «Hojatlaringiz» deganda qazoi hojatni nazarda tutadilar»,— deb 



aytganlar. Shihobuddin Qastaloniy aytadilar: «Xonadon ichida tahoratxona bo‘lmagan 

Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

37

vaqtda zarurat uchun tashqariga chiqishga ruxsat berilgan». Shuning uchun ham Imom 



Buxoriy keyingi bobni «Xonadonda tahorat sindirish bobi» deb atadilar.  

 

14-bob. Xonadonlarda tahorat sindirish 

 

Abdulloh ibn Umardan: «(Opam) Hafsa (Rasulullohning xotinlari) uyining tomiga ba’zi bir 



hojat uchun chiqdim. Shunda Rasululloh sollallohu allayhi va sallamning (pastda) qiblaga 

orqalarini, Shomga oldilarini kilib, qazoi hojat qilayotganlariga ko‘zim tushdi».  

 

15-bob. Suv bilan mustahab qilish (ostini yuvish) 

 

Anas ibn Molik: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hojatga chiqsalar, men va bir 



bola mustahab qilishlari uchun ortlaridan idishda suv olib borar edik»,— deydilar.  

 

16-bob. Tahorat uchun o'zi bilan birga suv olib yurish. 

 

Abudardo aytadilar:"Alqaqma ibn Qays iroqliklardan:"Sizning orangizda Janob Rasululloh 



sollallohu alayhi va sallamning mahsilarini, tahorat suvlarini, yostiqchalarini ko'tarib 

yuradigan zoti sharif bormilar? "-deb so'raganida, Abdulloh ibn Mas'ud:"Nega mening 

o'zimdan so'raysizlar?"-degan ekanlar". 

 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qazoi hojatga chiqsalar, men va ansoriy bir bola 



orqalaridan idishda suv olib ergashib borar edik",deb aytgandi Anas:,-deydilar Ato ibn 

Maymuna.  

 

17-bob. Tahorat paytida anza (temir uchli hassa) , va idishda suv hozirlab 

turmoq 

 

Anas aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hojatxonaga kirar edilar, so‘ng 



men bilan bir bola idishda suv va anzalarini (hassalarini) hozirlab turardik. Suv bilan 

Rasululloh mustahab qilar edilar»,— deganlar.  

 

18-bob. O’ng qo‘l bilan tahorat qilishdan qaytarish 

 

Abdulloh ibn Abu Qatoda rivoyati: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar 



birortangiz idishdan suv ichsangiz, ichiga puflamangiz. Agar hojatxonaga kirsangiz, 

olatingizni o‘ng qo‘l bilan ushlamangiz va o‘ng qo‘l bilan artmangiz!»—degan ekanlar».  

 

19-bob. Olatni o‘ng qo‘l bilan ushlab tahorat ushatilmaydi 

 

Abdulloh ibn Abu Qatodaning otasidan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: 



«Birortangiz kichik hojatga boradigan bo‘lsangiz, o‘ng qo‘l bilan olatni ushlamangiz va 

o‘ng qo‘l bilan artmangiz, suv ichayotgan idishga puflamangiz!» — degan ekanlar».  

 

20-bob. Tosh va kesak bilan poklanmoq 

 

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Janob Rasululloh sallalloqu alayhi va sallam hojatga 



chiqqanlarida ergashdim. U yoq-bu yoqqa qaramay borar edilar. U kishiga yaqin 

borganimda, «Menga tosh keltir, istinjo (poklanish) qilaman»,— dedilar yoki shunga 



Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

38

o‘xshash bir gap aytdilar. Keyin: «Suyak yoki tezak olib kelmagin!» —dedilar. 



Kiyimimning etagida tosh terib keldim. Yonlariga to‘kib, u kishidan o‘girilib turdim, qazoi 

hojatdan keyin toshlar bilan istinjo qildilar».  

 

21-bob. Musulmon kishi tezak bilan artmaydi 

 

Abdurrahmon ibn Asvadning otasidan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (tahorat 



ushatish uchun) xoliroq joyga borganlarida menga uchta tosh topib kelishni buyurdilar. 

Ikkita tosh topdim, uchinchisini topmadim, (o‘rniga) bir tezakni oldim, ularni Rasululloh 

sollallohu alayhi va sallamga keltirdim. Ikki toshni oldilar, tezakni tashladilar va «Bu 

makruh narsadir (ba’zi bir nusxada jinlar taomidir)»,— dedilar».  

 

22-bob. Tahoratda a’zolarni bir martadan yuvmoq 

 

Abdulloh ibn Abbosdan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat olayotib, 



a’zolarini bir martadan yuvdilar».  

 

23-bob. Tahoratda a’zolarni ikki martadan yuvmoq 

 

Abdulloh ibn Zohiddan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat olayotib, 



a’zolarini ikki martadan yuvdilar».  

 

24-bob. Tahoratda a’zolarni uch martadan yuvmoq 

 

Himron Mavlo Usmondan: «Usmon raziyallohu anhu «Idishda suv keltiringiz!» — dedilar. 



So‘ng idishni marta egib, qo‘llarini yuvdilar. Keyin o‘ng qo‘lni idishga tiqib, (suv olib) uch 

marta og‘iz chayqadilar, keyin uch marta yuzlarini yuvdilar, keyin ikki qo‘llarini 

tirsagigacha uch marta yuvdilar, keyin boshga mash tortdilar, keyin oyoqlarini uch 

marta tovongacha yuvib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimki shu tahoratim 

kabi tahorat olsa va ko‘ngliga dunyoviy ishlarni keltirmasdan, keyin ikki rak’at namoz 

o‘qisa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilingay», deb aytdilar»,—dedilar». 

 

Himron: «Usmon tahoratdan bo‘shagach: «Men sizlarga bir hadis aytaman, (Qur’oni 



Karimda) bir oyat bo‘lmaganda edi, uni sizlarga aytmas edim, uni Rasululloh sollallohu 

alayhi va sallamdan eshitganman. «Kishi yaxshilab tahorat olib, namoz o‘qisa, uning u 

namoz bilan bu namoz o‘rtasidagi gunohlari namozni o‘qib bo‘lguncha kechirilgay», 

dedilar»,—deydi.  

 

Urva ibn Zubayr: «Haligi Usmon eslatgan oyat «Alloh nozil qilgan ilmni 



berkitguvchilarga...» degan oyat edi»,— deydilar.  

 

25-bob. Tahorat qilayotganda burunga suv olib qoqmoq 

 

Abu Hurayra raziyallohu anudan: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimki 



tahorat olsa, burniga suv olib qoqsin. Kimki, tahorat ushatgach, kesak ishlatsa, toq 

ishlatsin!»—deganlar.  

 

 


Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

39

26-bob. Kesakni toq ishlatmoq 

 

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Agar 



birortangiz tahorat olsangiz, burniigizga suv olib qoqingiz. Kimki, tahorat ushatgach, 

kesak ishlatsa, toq ishlatsin (3, 5, 7 ta). Agar qaysi biringiz uyqudan uyg‘onsangiz, 

idishdagi suvga qo‘lni solmasdan avval (uni qiyshaytirib) qo‘lingizni uch marta yuvingiz. 

Chunki birortangiz uyquda qo‘lingizning qaerlarga tekkanini bilmaysiz»,—deganlar».  

 

27-bob. Oyoqni yuvmoq 

 

Abdulloh ibn Amrdan: «Bir safarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizdan keyinda 



qoldilar, asr vaqtida bizga yetib oldilar. Biz tahorat olayotgan edik, oyoqlarni nomigagina 

yuvar edik. Rasululloh baland ovoz bilan «Do‘zax otashidan oyoq kaftlarining holiga 

voy!» deb ikki yoki uch bor xitob qildilar».  

 

28-bob. Tahorat olayotganda og‘iz chayqamoq 

 

Himron Mavlo Usmondan: «Usmon raziyallohu anhu tahorat uchun suv keltirishni 



buyurdilar. Keyin idishni egib, qo‘llariga suv quyib uch marta yuvdilar, o‘ng qo‘lni idishga 

tiqib suv olib, uch marta og‘iz chayqadilar va burun koqdilar, yuzlarini uch marta 

yuvdilar, ikki qo‘lni tirsakkacha qo‘shib uch marta yuvdilar, boshga mash tortdilar, har 

bir oyoqni uch martadan yuvdilar. So‘ng: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shu 

tahoratim kabi tahorat olganlarini ko‘rdim. «Kimki shu tahoratim kabi tahorat olsa va 

ko‘ngliga dunyoviy ishlarni keltirmasdan namoz o‘qisa, Alloh taolo o‘tgan gunohlarini 

kechirgay», deb aytganlar», dedilar».  

 

29-bob. Tovonlarni yaxshilab yuvmoq 

 

Muhammad ibn Ziyoddan: «Abu Hurayra va biz obdastadan tahorat olayotgan odamlar 



yonidan o‘tib ketayotganimizda, Abu Hurayra ularga: «Tahoratni mukammal olingiz, 

yuvadigan a’zolarni to‘liq yuvingiz, chunki Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: 

«Yuvilmay qolgan tovonlar do‘zax o‘tida qoladi» deb aytganlar»,— dedilar».  

 

30-bob. Na’lga (poyabzalga) mash tortmay, uni yechib oyoqlarni yuvish 

 

Ubayd ibn Jurayj Abdulloh ibn Umarga qarab: «Ey Abu Abdurrahmon, sizda to‘rtta 



xislatni ko‘rdim, bularni sheriklaringizdan birortasida ham ko‘rmaganman»,- dedi. «Nima 

ekan ular, ey Ibn Jurayj?» —dedi Abu Abdurrahmon. «Birinchidan, Ka’baning faqat ikki 

yamaniy devorinigina silab qo‘yasiz (qolgan ikki tomonini silamaysiz). Ikkinchidan, xirom 

poyabzal kiyasiz (sahobalar xirom qilinmagan, yungli poyabzal kiyishgan, xirom qilingan 

poyabzalni mol-dunyoga berilgan odamlar kiyadi, deyishgan). Uchinchidan, siz sariq 

bo‘yoq ishlatasiz, to‘rtinchidan, Makkada turgan vaqtingizda Zulhijja oyi kirgan kuni 

odamlar talbiya (labbayk-allohumma labbayk) aytishdi, siz aytmadingiz, siz 8-nchi 

Zulhijja kuni aytdingiz»,— dedi Ibn Jurayj.  

 

Abdulloh raziyallohu anhu bunday deb javob qildilar: «Ka’ba devori masalasiga kelsak, 



Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shu ikki yamaniy deb nomlangan devordan 

boshqasini silaganlarini ko‘rmadim. Xirom poyabzalga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi 

va sallamning ham tuki yo‘q poyabzal kiyib olganlarini ko‘rdim, o‘shanda uni yechib 


Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

40

oyoqlarini yuvgandilar, o‘shanday payabzal kiyishni yaxshi ko‘raman. Sariq rangga 



kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sariq buyoq ishlatganlarini ko‘rdim. 

Men ham sariq bo‘yoq ishlatishni yaxshi ko‘raman. Ammo talbiya masalasiga kelsak 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tuyalariga minib, Mino yo‘liga chiqib 

olgunlaricha (8-nchi kunigacha) talbiya aytib borganlarini ko‘rmadim».  

 

31-bob. Tahoratni va g‘uslni o‘ng tomondan boshlamoq 

 

Ummu Atiyya raziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ummu Atiyya 



va uning yonidagi ayollarga qizlari Zaynabning jasadini yuvishni «O’ng tomondan va 

tahoratda yuviladigan joylardan boshlangiz!» — deganlar». 

 

Oisha raziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har narsani o‘ngdan 



boshlashni yaxshi ko‘rardilar: poyabzal kiyishni ham, soch-soqol tarashni ham, tahorat 

olishni ham va boshqa barcha ishlarni ham».  

 

32-bob. Namoz vaqti yaqinlashganda tahoratga suv so‘ramoq 

 

Oisha raziyallohu anhodan: «(Safarda) bomdod namozini o‘qiydigan vaqt kelganda 



tahorat uchun suv qidirildi, topilmadi, shundan so‘ng tayammum qilmoqlikka oyat nozil 

bo‘ldi». 

 

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozi asr 



vaqti yaqinlashganda odamlardan tahorat uchun suv so‘radilar. Suv keltirishgach, 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘llarini idish og‘ziga qo‘yib, engashtirdilar-da, 

odamlarga tahorat olmoqni buyurdilar. Anas: «Janob Rasulullohning panjalari ostidan 

suv silqib tushayotganini ko‘rdim, o‘sha suvdan hatto oxirgi odamgacha tahorat oldi»,— 

deydilar.  

 

33-bob. Inson sochi yuvilgan suvning hukmi (halol yo haromligi) 

 

Ato ibn Abu Raboh: «Sochdan arqon yoki ip qilmoqning zarari yo‘q»,— der edilar. Itdan 



qolgan sarqitning (it tekkan narsaning) hukmi va itning masjiddan o‘tishining hukmi: Az-

Zuhriy: «Agar idishdagi suvga it tegsa-yu, tahorat olmoq uchun undan boshqa suv 

bo‘lmasa, o‘sha suv bilan tahorat olsa bo‘ladi»,— deydilar. Sufyon as-Savriy: «Mana bu 

hukm Qur’oni Karimdan olingan bo‘lib, Alloh taolo aytgan: «Suv topmasangiz, 

tayammum qilingiz, bu suvdir va (itning) nafasida bir (zararli) narsa bordir»,— deydilar. 

 

Ibn Osimdan: «Ubaydaga dedim: «Bizda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning 



sochlari bor. Uni Anas yoki u kishining uyidagilari orqali olishga muyassar bo‘ldik. Menda 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bir tola sochlarining borligi dunyo va undagi 

bor narsalar meniki bo‘lib qolganidan ham sevinchliroqdir». 

 

Anas raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Hajjat ul-Vido’da) 



sochlarini oldirayotganlarida birinchi bo‘lib sochlaridan olgan kishi Abu Talha edilar».  

 

34-bob. Agar birontangizning idishingizni it yalasa, yetti marta yuvingiz! 

 

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar 



Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

41

birortangizning idishingizdan it ichsa, yetti marta yuvingiz!»—deganlar». 



 

Abu Hurayra raziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytib bergan 

ekanlar: «Bani Isroil qavmidan bir kishi bir itning chanqoqdan tuproq yalayotganini 

ko‘rib, mahsisida suv olib, itga ichirdi. Alloh taolo u bandani mukofotlab, jannatga 

kirgizgay». 

 

Abdulloh ibn Umarning o‘g‘li Hamza: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida 



itlar masjidimizga kirib-chiqib yurar edi, suv bilan biror joyni yuvmas edilar»,— degan 

ekanlar. 

 

Adiy ibn Hotim raziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan it bilan 



ov qilmoqlik to‘g‘risida so‘radi. «Agar itingni o‘zing ovga olib borsang-u, o‘ljani o‘ldirib 

(tutib) bersa, yeyaverg‘il, agar iting o‘zicha tutib yeyayotgan bo‘lsa, yemagin, zero u o‘zi 

uchun tutgandir»,— dedilar. «O’rgatgan itimni o‘ljaga yuborsam-u, o‘lja ustida itim bilan 

boshqa itni ham ko‘rsam-chi?» — dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «U 

o‘ljani yemagin, chunki sen o‘z itingga tasmiya (“Bismilloh Allohu akbar”) aytgansan, 

begona itga tasmiya aytmagansan»,— dedilar.  

 

35-bob. Katta va kichik hojatdan boshqasi tahoratni sindirmaydi, deb 

hisoblovchilar 

 

Alloh taolo oyati karimasida: «Qaysi biringiz tahorat ushatsangiz (qazoi hojat qilsangiz) 



tahorat vojib bo‘ladi»,— degan. Ato ibn Abu Raboh: «Orqasidan qurt yoki peshobidan 

burgaga o‘xshash hashorat chiqqan kishilar qayta tahorat qiladilar»,— degan. Jobir ibn 

Abdulloh bunday deganlar: «Kimki namozda kulsa, tahoratini yangilamay namozini 

qaytarib o‘qiydi». Hasan Basriy: «Agar kishi soch oldirsa yoki tirnog‘ini olsa yo mahsisini 

yechsa, tahorat olmoq lozim bo‘lmaydi (oyog‘ining o‘zini yuvib oladi)»,— deganlar. Abu 

Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Tahorat yel chiqmasa, sinmaydi». Jobir raziyallohu 

anhu bunday deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir g‘azotda qatnashdilar. 

Bir kishiga kamon o‘qi tegdi. U kishi qon oqib turishiga qaramay, ruku’, sajda qilib, 

namoz o‘qiyverdi». Hasan Basriy aytadilar: «Musulmonlar jarohatlari bilan ham namoz 

o‘qiyverar edilar». Tovus, Muhammad ibn Ali, Ato ibn Abu Raboh va Hijoz, Makka va 

Madina ahli: «Qon oqsa, tahorat sinmaydi»,—deydilar. Ibn Umar yuzidagi husnbuzarni 

siqdi, qon chiqdi, lekin tahoratini yangilamadi. 

 

Ibn Ubay qon tupurib, namozini o‘qishda davom etaverdi. Ibn Umar va Hasan Basriy: 



«Qon oldirgan odam tahorat yangilamaydi, balki qon olingan joyini yuvadi, xolos»,— 

dedilar». 

 

Abu Hurayra raziyallohu anhudan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Masjidda 



namozni kutib turgan kishi, agar u hadas qilmagan esa, namozda turgan hisoblanadi»,— 

dedilar. Shunda bir ajamiy (arab emas) kishi: «Hadas nima?» — dedi. Abu Hurayra: 

«Orqadan yel chiqmog‘i»,— dedilar.  

 

Ibod ibn Tamimning amakisidan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «To kishi yel 



ovozini eshitib, hidini sezmaguncha, namozini buzmasin!» — dedilar.  

 

Muhammad ibn Hanafiyadan: «Hazrat Ali raziyallohu anhu: «Shahvati ko‘p odam edim, 



Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

42

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan so‘rashga uyaldim, Miqdodga: «Sen so‘ragin!—



dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Maniy (suyuq suv) kelganda, tahorat 

olmoq lozim bo‘ladi»,— deb javob qildilar». 

 

Zayd ibn Xolid Hazrat Usmondan: «Agar kishi xotini bilan aloqa qilgan bo‘lsa-yu, maniy 



to‘kmagan bo‘lsa, nima qiladi?»—deb so‘radilar. Hazrat Usmon: «Namozga tahorat 

olgandek tahorat oladi, olatini yuvadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ham 

shunday deb eshitganman. Ali, Zubayr, Talha va Ali ibn Ka’bdan so‘raganimda ham 

shunday deyishgan»,— deb aytdilar». 

 

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan: «Rasulullox sollallohu alayhi va sallam 



ansoriylardan biriga odam yubordilar. Ansoriy sochidan suv tomib keldi. Rasululloh 

sollallohu alayhi va sallam: «Biz sizni shoshirib qo‘yibmiz-da (jimo’ qilib ulgurmabsiz)?!» 

—dedilar. Ansoriy: «Ha, Yo Rasululloh»,— dedi. «Agar shoshib qolsangiz (oxiriga 

yetmasangiz) yoki maniy to‘kmasangiz, tahorat olsangiz, basdir»,— dedilar».  

 

36-bob. Hamrohi tahorat olayotganda suv quyib turmoq 

 

Usoma ibn Zayddan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Arafot tog‘idan oshib, Sha’b 



degan joyga kelganlarida, qazoi hojat qildilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi va 

sallamga suv quyib berib turdim, u kishi tahorat oldilar. So‘ng: «Yo Rasulalloh, namoz 

o‘qiysizmi?»—dedim. «Namoz oldingdadir (hali vaqt bor)»,— dedilar». 

 

Urva ibn al-Mug‘ira ibn Shu’badan: «Mug‘ira ibn Shu’ba Rasululloh sollallohu alayhi va 



sallam bilan birga safarda bo‘lar edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qazoi 

hojat qilganlaridan keyin suv quyib berib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam 

tahorat oldilar, yuzlarini, qo‘llarini yuvdilar, boshlariga va mahsilariga mash tortdilar».  

 

37-bob. Tahoratsiz Qur’on o‘qimoq va undan boshqa narsalarning joizligi 

 

Ibrohim an-Naqashdan: «Hammomda qiroat qilmoqning va tahoratsiz xat yozmoqning 



zarari yo‘qdir. Hammomdagilarning lungisi bor bo‘lsa, salom bergin, lungisi yo‘q bo‘lsa, 

salom bermagin!» 

 

Abdulloh ibn Abbosdan: «Bir kecha Janob Rasulullohning xotinlari xolam Maymunanikida 



yotib qoldim. Men yostiqning yon tomoniga, Rasululloh va xotinlari uzun tomoniga bosh 

qo‘yib yotdilar. Rasululloh yarim kechagacha uxladilar, keyin uyg‘onib o‘tirdilar. Uyquni 

qochirmok uchun yuzlarini ishqaladilar. Keyin, Oli Imron surasining oxirgi o‘n oyatini 

o‘qidilar. Keyin, o‘rinlaridan turib, osig‘liq meshchani olib, tahorat oldilar. Tahoratni 

yaxshilab oldilar. Keyin, turib namoz o‘qidilar. Men ham o‘rnimdan turib, Rasululloh 

sollallohu alayhi va sallam qilganlarini qildim va chap yonlariga borib namozga turdim. 

O’ng qo‘llarini boshimga qo‘ydilar, keyin o‘ng qulog‘imni cho‘zdilar (o‘ng tomonga turg‘il, 

degan ma’noda). So‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, so‘ng 2 rak’at, 2 rak’at, 

so‘ng 2 rak’at namoz, keyin vitr o‘qidilar, keyin to muazzin kelguncha yonboshladilar, 

keyin turib yengilgina 2 ra’at namoz o‘qidilar. Keyin chiqib, bomdod namozini o‘qidilar».  

 

38-bob. Ko‘zi qattiq tinib ketganligi uchungina (boshdan) suv quymoq 

 

Asmo binti Abu Bakrdan rivoyat: «Janob Rasulullohning xotinlari singlim Oishanikiga 



Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy 

 

 



www.ziyouz.com kutubxonasi 

43

bordim. Quyosh tutilgan bo‘lib, odamlar namoz o‘qishayotgan edilar, singlim ham namoz 



o‘qir edi. Men: «Odamlarga ne bo‘ldi?» — desam, Oisha qo‘llari bilan osmonga ishora 

qilib, «Subhonalloh»,— dedi. «(Qiyomat) alomatimi, bu?»—dedim. U: «Ha» — degan 

ma’noda bosh irg‘adi. Men ham ko‘zim tinib ketguniga qadar namoz o‘qiyverdim, so‘ng 

(o‘zimga kelmoq uchun) boshimdan suv quya boshladim. Rasululloh sollallohu alayhi va 

sallam namozdan qaytgach, Allohga hamdu sano aytdilar-da: «Ko‘rmagan biror narsam 

qolmadi, hammasini, hatto jannatu do‘zaxni ham shu yerda turib ko‘rdim. Menga 

(quyidagi) vahiy keldi: «Bu kishini («bu mo‘‘minni» yoki «bu muqinni» dedilarmi, aniq 

bilmayman, deydi Asmo) bilasanmi»,— deb so‘rashadi. Shunda: «Bu Muhammad 

Rasulullohdir, bizga dalolat va hidoyat olib kelganlar, biz qabul qilganmiz, iymon 

keltirganmiz va ergashganmiz»,— deydi. «Orom olib uxlayver, biz sening muqin (sodiq) 

ekanligingni bildik»,— deyishadi. Ammo munofiq yoki ikkilanuvchi («munofiq yoki 

«ikkilanuvchi» dedilarmi, aniq aytolmayman, deydi Asmo) bo‘lsa, yo‘q bilmayman, 

odamlar nimadir deganini eshitganman, men ham (o‘shalardan eshitganimni) 

aytganman deydi».  

 


Download 1.28 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling