Adabiyot esa insonni yaxlit va jonli tarzda o’rganadi, tahlil va tadqiq qiladi, tasvirlaydi:
kitobxon ko’z o’ngida u fikrlovchi, harakat qiluvchi, his qiluvchi, o’z atrofidagi olamlar bilan
jonli munosabatda bo’luvchi odam tarzida gavdalanadi. Shu sabab ham adabiyotda qayta yartilgan
olam-insoniylashgan olam mukammalligi, ezgulikni uyg’otadigan go’zalligi bilan inson ong-shuuriga
qattiq ta’sir etadi; uni komil insoniylikka yetaklaydi. Shu fazilati bilan adabiyot – “insonshunoslik”
(M.Gorkiy)dir; inson ruhiyatini poklovchi, boyituvchi, “kir-chir”lardan xalos etuvchi mo’jizadir.
Insonin ulug’lab, e’zozlab, hurmatlab, ardoqlab, sevib kuylovchi va xuddi shunday ruhni boshqalarga
ato etuvchi qiyosi yo’q ne’matdir. Shuning uchun ham hazrat Navoiy bugun ham xitob qiladilar:
Jondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Sondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Har neniki sevmoq ondin ortiq bo’lmas,
Ondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Xulosa: adabiyotning tasvir ob’ekti – hayot, tasvir predmeti - inson, vazifasi - inson
tuyg’ularini tarbiyalashdir. Demak, adabiyot hayotning so’z san’ati orqali insoniylashgan
ifodasidir.
Tayanch tushunchalar
Fan, san’at, adabiyot. Adabiyot – so’z san’ati. Adabiyot insonshunoslikdir. Adabiyot tuyg’ular
tarbiyachisidir.
Savol va vazifalar
1. Fan va san’at nima? Ularning qaysi ko’rinishlarini bilasiz?
2. Adabiyot nega so’z san’ati? So’zning qudrati haqida bilganlaringizni so’zlang.
3. Adabiyot – insonni qanday o’rganadi?
4. Adabiyotning vazifalarini aniqlang, yodlagan asarlaringiz misolida isbot qiling.
Adabiyotlar
1. Falsafa. T., “Sharq”, 1999, 401-445-betlar.
2. V.G.Belinskiy. Tanlangan asarlar. T., O’zbekiston SSR davlat nashriyoti, 1955, 131-134-betlar.
3. Oybek. Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985.
4. Muhammad Yusuf. Yolg’onchi yor, T., G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,
1994.
5. T.Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1979, 24-33-betlar.
6. Hotam Umurov. Adabiyot nazariyasi, o’quv qo’llanma, S., SamDU nashri, 2001, 14-30-betlar.
12
Do'stlaringiz bilan baham: |