Амалий машулот б´йича дарс ´тиш


Download 7.13 Mb.
bet7/20
Sana10.10.2023
Hajmi7.13 Mb.
#1697149
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20
Bog'liq
Ўткир аппендицит

Klinik manzarasi
O‘tkir appenditsit bilan bemorlar o‘ng yonbosh sohasidagi og‘riqlarga, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, og‘iz qurishi, xolsizlikka shikoyat qiladilar. Bemorning umumiy axvoli odatda nisbatan qoniqarli yoki o‘rtacha og‘irlikda bo‘ladi. Axvolining og‘ir bo‘lishi esa kasallik boshlanganidan 1-2 sutka o‘tgach olib kelinganda kuzatiladi. Shuni ta'kidlash lozimki, bemorning axvoli, o‘zini tutishi va og‘riqlar kuchliligi har doim ham chuvalchangsimon o‘simtadagi yallig‘lanish darajasi va morfologik o‘zgarishlar bosqichiga mos kelavermaydi. Ba'zan og‘riqdan kuchli bezovta bo‘layotgan bemorda operatsiya vaqtida oddiy appenditsit aniqlanishi mumkin.
Eng muhimi bemorni puhta tekshirish zarur. Me'da-ichak trakti a'zolarini, ayniqsa o‘tkir appenditsitda, tekshirishni tilni ko‘zdan kechirishdan boshlashimiz lozim. Faqat shundan keyingina qorinni ko‘zdan kechirish va tekshirishni boshlash maqsadga muvofiq ekanligini ta'kidlab o‘tamiz. Qorin avval ko‘zdan kechirilishi, faol harakatlar, perkussiya, palpatsiya va auskultatsiya, to‘g‘ri ichak yoki vaginal tekshiruvlardan iborat ketma-ketlikka qat'iy rioya qilish zarur.
Me'da-ichak trakti a'zolarini tekshiruvidan avval, dastlab bemorning umumiy axvoli, tana harorati, puls va nafas olish chastotasi aniqlanadi.
Til oqish yoki kulrang karash bilan qoplangan; tilning quruq bo‘lishi qorin parda yallig‘langanligidan dalolat beradi. Bemorda tishlar, tanglay va og‘iz shilliq qavati xolati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish zarur. Chunki bu nafaqat diagnostika maqsadida, balki bemorning umumiy axvoli va boshqa kasalliklarni aniqlanishi ehtimoli yuqori ekanligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Qorin devori ko‘zdan kechirilganida uning o‘ng yarmini chapga nisbatan biroz ichiga tortilgani va nafas olish harakatlaridan orqada qolishini ko‘rishimiz mumkin. Qorinning boshqa joylarida qorin birmuncha damlangan bo‘ladi. Faol harakatlar qorindagi og‘riqlarni kuchayishiga olib keladi (yo‘talganda, kuchanganda, boshni va yelka kamarini qo‘llar ishtirokisiz ko‘targanda). Ba'zida ushbu reaksiya shunchalik kuchli bo‘ladiki, bemorlar bu faol harakatlarni bajara olmaydilar. Bemor yo‘talgan vaqtida, hattoki baqirib yuborishi, qo‘llari bilan qornini ushlab olishi mumkin. Faol harakatlarni o‘rganibgina turib (bemorga tegmay turib) shifokor patologik jarayonning qaerda joylashgani va og‘riq reaksiyasining keskinligini aniqlashi mumkin. Yo‘tal paytidagi qorindagi og‘riqning kuchli namoyon bo‘lishi shifokorning perkussiya va palpatsiya o‘tkazishida ehtiyotlik bilan yondoshuvini talab etadi.
Perkussiyani qorinning o‘ng yonbosh sohasidan eng uzoq sohalardan o‘rnatilgan qoidalarga binoan boshlash lozim. O‘tkir appenditsitda ko‘richak sohasida perkutor og‘riq kuzatiladi, qorin bo‘shlig‘ida ekssudat yig‘ilgan bo‘lsa yoki infiltrat kuzatilsa – qorin tovushi to‘mtoqlashadi. Yuzaki palpatsiya ikkala qo‘l bilan bajarilib, bunda og‘riq nuqtasi va mushaklar tarangligi kuchi aniqlanadi. Bu simptomlar o‘ng yonbosh sohasida kuzatiladi. Agar perkussiyada to‘mtoq tovush eshitilsa, unda buning sababi nima ekanligini palpatsiyada aniqlash lozim (ekssudat yoki infiltrat). Agar bu infiltrat bo‘lsa harakatsiz zich hosila aniqlanadi. Chuqur palpatsiyani qilishga mushaklar tarangligi tufayli ba'zan uning imkoni bo‘lmasa, unga zaruriyat bo‘lmaydi. Sababi yuzaki palpatsiyadagi og‘riqning yaqqolligi yetarlicha ma'lumot beradi. Perkussiya va palpatsiya qorindagi eng kuchli og‘riqli sohani aniqlab olish imkonini beradi.
Auskultatsiyada ichak shovqinlarining biroz susaygani yoki ularning butunlay so‘nishi peritonit mavjudligidan darak beradi. Bu juda havfli simtom, hattoki eski olimlar buni “qabr jimligi” deb ham atashgan.
Qorinnning umumiy tekshiruvi tugaganidan so‘ng maxsus tekshiruv usullariga o‘tsa bo‘ladi (appenditsitga xos simptomlarni aniqlash).
O‘tkir appenditsitning 100 dan ortiq simptomlarlari mavjud. Bularning barchasini bilish nafaqat befoyda, balki zarar keltirish mumkin. Ularning aksariyati hyech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay, shifokorni chalg‘itishi, tashhis qo‘yish vaqtini cho‘zib yuborishi mumkin. Quyidagi to‘qqiz simptomni aniqlashning o‘zi yetarli hisoblanadi:
1) Koxer-Volkovich;
2) Rovzing;
3) Sitkovskiy;
4) Bartome-Mixelson;
5) Razdolskiy;
6) Щetkin–Blyumberg;
7) Voskresenskiy (ko‘ylak);
8) Obrazsov;
9) Ivanov.
Koxer-Volkovich simptomi – og‘riqning kasallik boshlanishidan 2-5 soat o‘tgach o‘ng yonbosh sohasiga ko‘chib o‘tishiga aytiladi.
Rovzing simptomi chap yonbosh sohasi tebranuvchi palpatsiyasida o‘ng yonbosh sohasida og‘riqning kelib chiqishiga aytiladi. Bunda chap qo‘l barmoqlari uchlari yordamida chap yonbosh sohasida sigmasimon ichakni qorin orqa devoriga bosilib o‘ng qo‘l barmoq uchlari bilan o‘sha sohadan yuqoriroqda tebranuvchi palpatsiyasi bajariladi. Bu vaqtda yo‘g‘on ichak bo‘ylab gaz va ichak saqlanmasining teskari oqimi vujudga keladi va ko‘r ichak gumbaziga borib urilishi oqibatida yallig‘langan chuvalchangsimon o‘simta tebranishi yuzaga kelib og‘riq kuchayishi namoyon bo‘ladi. Ba'zi olimlarning fikricha og‘riqni kuchaytiruvchi bu mexanizm haqiqatdan yiroq bo‘lib, ularning ta'kidlashicha bu qorin devorining va ichki a'zolarning oddiy tebranishi natijasida vujudga keladi.
Sitkovskiy simptomi. Ushbu simptom quyidagicha aniqlanadi. Bemorni chalqancha yotgan xolatidan chap yonboshiga yonboshlab yotishi so‘raladi. Bunda o‘ng yonbosh sohasida og‘riq kuchayishi ushbu simptomni namoyon qiladi. Uning mexanizmi shundan iboratki, bemor chap yonboshiga yotganda ko‘r ichak, chuvalchangsimon o‘simta hamda uning tutqichi pastga qarab cho‘zilishi oqibatida og‘riq kuchayadi. Bemor chap yonboshiga burilgan xolatida shifokor o‘ng qo‘li bilan uning o‘ng yonbosh sohasini palpatsiya qilishida og‘riqning kuchayishi - Bartome-Mixelson simptomi deyiladi.
Razdolskiy simptomi o‘ng yonbosh sohasida shifokor o‘ng qo‘l barmoq uchlari bilan bolg‘achasimon perkussiya qilganida kelib chiqadigan og‘riqlar bilan ifodalanadi.
Щetkin-Blyumberg simptomi o‘ng qo‘l barmoqlari uchki qismi yordamida qorin devorini bosib turib birdaniga qo‘yib yuborish orqali aniqlanadi. Bu simptomni ehtiyotkorlik bilan va dastlab chap yonbosh sohasida bajarish lozim. Agar yallig‘lanish jarayoni qorin pardaga ko‘chgan bo‘lsa, bu vaqtda og‘riqning kuchayishi kuzatiladi. Peritonit bilan kechadigan o‘tkir appenditsitda Shetkin-Blyumberg simptomi musbat bo‘lib, ba'zan u chap yonbosh sohasida ham kuzatilishi mumkin. Keyin ushbu simptomni ikkala qovurg‘alar osti sohasida va yakunida o‘ng yonbosh sohasida tekshirib ko‘rish lozim. Agar ushbu simptom ehtiyotkorlik bilan aniqlanganda og‘riq kuzatilmasa, demak uni biroz kuchliroq bajarishga to‘g‘ri keladi. Albatta agar peritonit mavjud bo‘lsa Shetkin-Blyumberg simptomi musbat bo‘ladi.
“Ko‘ylak simptomi” faqatgina o‘tkir appenditsitga xos belgi hisoblanadi. U 1940 yilda V.M. Voskresenskiy tomonidan kashf qilingan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki uning yuzaga kelish mexanizmi yuqori tutqich venasidagi qon oqimining teskari oqishi bilan ifodalanadi. Ushbu simtpomni quyidagicha aniqlanadi: chap qo‘l bilan ko‘ylak pastki uchi tortilib qov suyagiga bosib ushlab turiladi. O‘ng qo‘l barmoq uchlari bilan to‘sh suyagi hanjarsimon o‘simta oldida qorin devori biroz bosilib nafas olish vaqtida o‘ng yonbosh sohasiga qarab tez sirpanuvchi harakatni yuzaga keltiriladi va qo‘l uchlari qorindan olinmay turiladi. Solishtirish maqsadida ushbu harakatni mos xolda chap tomonlama ham bajariladi. Voskresenskiy simptomi, ayniqsa appenditsitning boshlang‘ich bosqichida muhim. Chunki qorin parda bu vaqtda yallig‘lanish jarayoniga qo‘shilmagan va Shetkin- Blyumberg simptomi manfiy bo‘ladi.
Obrazsov simptomi deb bel-yonbosh mushagi taranglashgan vaqtida ko‘richakni palpatsiyasida vujudga keladigan og‘riqqa aytiladi. Bemor chalqancha yotgan xolatida o‘ng yonbosh sohasiga o‘ng qo‘l bilan eng og‘riqli zona bosib ushlab turilib, shu vaqtning o‘zida bemorga o‘ng oyoqni 30° ga tizzani bukmasdan ko‘tarish tavsiya etiladi. Bunda og‘riq kuchayadi. Oyoqni sekin-asta tushirish bilan og‘riq kamayib boradi. Obrazsov simptomi chuvalchangsimon o‘simtaning, ayniqsa, retrotsekal joylashuvida muhim hisoblanadi.
O‘tkir appenditsitda qorinning o‘ng tarafida mushaklar tarangligi tufayli kindik bilan yonbosh suyagi oldingi yuqorigi qirrasi orasidagi masofaning qiskarishi – Ivanov simptomi deyiladi.
Bemor ko‘rishni erkaklar, bolalar va yosh qizlarda to‘g‘ri ichakni, ayollarda esa qinni barmoq bilan tekshiruvi bilan yakunlash lozim. Bu usullar yordamida kichik chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan chuvalchangsimon o‘simtani yoki chanoq bo‘shlig‘i infiltratini, ayollarda esa ichki jinsiy a'zolar patologiyasini aniqlash mumkin. Bu usul differensial diagnostik nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega hisoblanadi.

Download 7.13 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling