B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
OʻZBEK TILSHUNOSLIGIDA QIYOSIY TILSHUNOSLIKNING SHAKLLANISHI
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
- Bu sahifa navigatsiya:
- M. Qoshgʻariyning lingvistik qarashlari.
- -dachi
OʻZBEK TILSHUNOSLIGIDA QIYOSIY TILSHUNOSLIKNING SHAKLLANISHI.
Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka asos soluvchi asarlar XIX asrning birinchi choragida maydonga keldi (1: 58). Tillarning qardoshligidan qat’iy nazar ulardagi oʻxshash va farqli alomatlarni aniqlash usulidan tilshunoslik tarixida Mahmud Qoshgʻariy va undan soʻng Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ustalik bilan foydalanganlar. Qiyosiy usul nomi bilan ular ikki yoki undan ortiq tillarning fonetik, grammatik, leksik va uslubiy xususiyatlarini chogʻishtirib oʻrganganlar. M. Qoshgʻariyning lingvistik qarashlari. Ma’lumki, XI asrda shahar va qabilalar oʻrtasidagi munosabat kuchayadi. Lekin tilda xilma-xil shakllarni qoʻllash hukmronlik qilar edi. Ana shu davr tilida ma’lum maromlarni yaratishga ehtiyoj paydo boʻldi. Shu ehtiyoj M. Qoshgʻariyni "Devonu lugʻotut turk" asarini yozishga da’vat etdi. Bu asar turkologiyaning dastlabki namunasi sifatida u davr madaniy hayotida va tilshunoslik tarixida alohida sahifa ochdi. M. Qoshgʻariy gʻarb olimlari tomonidan qadimgi arab tilshunosligi maktabiga kiritiladi. Lekin uni arab tilshunosligi maktabining vakili deb boʻlmaydi. Mahmud Ibn-ul-Husayn ibn Muhammad-al Qoshgʻariy oʻz davrining atoqli olimi sifatida tilshunoslikka oid "Devonu lugʻatut turk" asarini yaratgan. M. Qoshgʻariyning "Devonu lugʻatut turk" asari 1914 yilda Turkiyaning Diyorbakir shahrida topildi. Topilgan qoʻlyozmani koʻchirgan kotib Muhamad binni Abu Bakr Damashqiy yozishicha, u bu nusxani Mahmud Qoshgʻariyning oʻz dastxatidan olgan. "Devonu lugʻatut turk" 1915-1917 yillarda uch tomdan iborat qilib Istambulda nashr etiladi. Shu nashr asosida V. Brokkel’man bu asarni 1928 yilda nemischa tarjimada nashr etadi. 1939 yilda Ankarada Basim Atalay tarjimasida turk tilida bosiladi. Olim S. Mutallibov "Devon" tarjimasi ustida samarali ishlab, 1960-1963 yillar davomida uch tomlik tarzida oʻzbek tilida nashr qildi. M. Qoshgʻariyning "Devonu lugʻatut turk" asari kirish va lugʻat qismidan iborat. Kirishda muallif "Devon"ni yaratish sabablari, oʻz ish uslubi, "Devon"ning qurilishi, turkcha soʻzlarning tuzilishida qoʻllanadigan harflar haqida, soʻzlarning tuzilishi haqida, kitobda aytilgan va aytilmagan narsalar haqida, turk qabilalari va tabaqalarining bayoni haqida, turk tilining xususiyatlari, tilda va lahjalarda boʻlgan farqlar haqida fikr yuritadi. Asarning lugʻat qismida 7500 soʻz sakkiz boʻlimda izohlanadi. Oʻsha davrdagi taomilga koʻra, turkiy soʻzlarga arabcha izoh beriladi. Shuning uchun ham M. Qoshgʻariy "Tushunilishi oson boʻlsin uchun asarda arabcha istiloh qoʻlladim"- deydi (2: I, 45) . M. Qoshgʻariy turkiy tillar qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri boʻlib qoldi. M. Qoshgʻariyning turkiy tillar leksikasi, fonetikasi va morfologiyasini bir-biriga qiyoslab, ular orasidagi oʻxshash va farqli tomonlarini koʻrsatdi. Bu faktlarni izohlashga tarixiy aspektda yondashdi. M.Qoshgʻariy til faktlari asosida qabilalarning bir-biriga boʻlgan munosabatlarini koʻrsatdi va oʻsha davrdagi iqtisodiy, ijtimoiy sharoitlar asosida qabilalarning bir-birlari bilan birika boshlashi natijasida yuzaga kelgan xalq tilining ilk davri materiallaridan namunalar keltirdi. Oʻzbeklar, qozoqlar, qirgʻizlar, turkmanlar, uygʻurlar, tatarlar va boshqa xalqlarning qadimgi qabilalarning va ularning qadimgi sodda tillaridagi soʻzlarning qaysi xalq va qabila tiliga oid ekanligini izohladi. Shu nuqtayi-nazardan lugʻatdagi soʻzlarni bir necha guruhga ajratish mumkin: Hamma turkiy tillarda qoʻllaniladigan soʻzlar: ish, esh, yoʻl, bosh, boy kabilar. Bu soʻzlar fonetik variantlari bilan farqlansa-da, bir xil shakl va ma’noda ishlatiladi. Bir xil shakl va ma’noda bir necha turkiy tillarda qoʻllaniladigan turkiy soʻzlar: bol (suvor va qipchoq tilida), keraklamoq-oʻgʻirlamoq, (yagʻmo tilida), gejak-kokil (argʻu tilida), kabilar. Bu haqda M. Qoshgʻariy shunday yozadi: "Men turklar, turkmanlar, oʻgʻizlar, chigillar, yagʻmolar, qirqizlarning (qirgʻiz-larning) shaharlarini, qishloq va yaylovlarini koʻp yillar kezib chiqdim, lugʻatlarini toʻpladim, turli xil soʻz xususiyatlarini oʻrganib, aniqlab chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganim uchun emas, balki bu tillardagi har bir kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim.Ular har tomonlama puxta bir asosda tartibga soldim» (2: I, 44). M. Qoshgʻariy turkiy tillarda qoʻllanuvchi soʻzlarni izohlashda oʻquvchilarning foydalanish masalasiga asoslanib,... "iste’moldagi soʻzlarni berishga" harakat qiladi. "Devon" materiallari asosida hozirgi turkiy tillarning qaysi qabila tili asosida taraqqiy etib, kamolga yetganini aniqlash mumkin. M. Qoshgʻariy oʻzlashma soʻzlarga ikki xil munosobatda boʻladi: 1. Kundalik turmushda qoʻllaniladigan turli xil narsa va predmetlar borki, ular hayotga singib ketgan. Ularni nomlovchi soʻz tilda boʻlmasa, shunday soʻzni qoʻllashni tildan olish mumkin. 2. Tilda mavjud soʻzlar oʻrnida boshqa til soʻzini qoʻllash zararli (manfiy holat) deb hisoblaydi. Bu fikrga asoslanganimizda bilgye, bitig, uragʻut kabi turkcha soʻzlar oʻrnida arabcha olim, kitob, ayol kabi soʻzlarni qabul qilmasligimiz kerak. M. Qoshgʻariy soʻzlar etimogiyasi, soʻz yasalishi va har xil soʻz turkumiga oid yasovchi affikslar toʻgʻrisida dastlabki qoidalarni yaratdi. Bu turkiy tillar tuzilishining asosiy tipologik belgisi-oʻzakka qoʻshimchalar qoʻshish yoʻli bilan yasalishi hodisasi haqida genial fikr bildirdi. Uning bu fikrini XIX asrda yaratilgan tipologik nazariya bilan qiyoslasa, M. Qoshgʻariy yetuk tilshunos ekanligi koʻzga tashlanadi. M. Qoshgʻariy soʻzlarni uch turkumga ajratadi: ismlar, fe’llar va harflar. Yordamchi soʻzlar va qoʻshimchalarni u harf atamasi bilan ataydi. M. Qoshgʻariyning oʻsha davr fonetikasiga doir fikrlari turkiy tillar fonetikasi uchun qimmatlidir. "Devon"da tovush almashinishi, tovush tushishi, orttirilishi, tovushlar garmoniyasi (qattiq va yumshoq soʻzlar) kabi masalalar batafsil izohlanadi. M. Qoshgʻariy tovush va harflar oʻrtasidagi munosabatni birinchi marta aniqladi va oʻsha yozuvidagi harflar jonli til tovushlarini toʻla ifodalay olmasligini koʻrsatdi. U oʻsha davr vokalizmi va konsonantizmiga oid orginal fikr bildirdi. Unlilardagi kenglik va torlik, choʻziqlik va qisqalik, undoshlar tizimidagi sodda va kombinator undoshlar, ulardagi jaranglilik va jarangsizlik, undoshlarning qator kelish hodisalari haqida qiziqarli mulohazalar bayon etadi. M. Qoshgʻariy "Devonu lugʻatut turk" asarida turkiy tillarning birinchi tasnifini Bergan u turkiy tillarni tasnif qilganda ikki tamoyilga asoslanib ish koʻradi: 1) qabilaviy tillarning sofligiga (toʻgʻriligiga koʻra); 2) qabilaviy tillardagi fonetik va morfologik farqlarga koʻra. M. Qoshgʻariy qabilaviy tillarning sofligi tushunchasi ostida turkiy boʻlmagan tillar ta’siri darajasini tushunadi. Shunga koʻra turkiy tillarni ikki guruhga ajratadi: a) sof toʻgʻri til; b) aralashgan turkiy qabila tillari. Sof, toʻgʻri tilga fors va boshqa oʻlkalar bilan aloqa qilmaydigan yagʻmo, toʻxsi va Itil (Volga), Yamar (Irtish) daryolari boʻyidan boshlab uygʻur shaharlarigacha boʻlgan hududlarda yashovchi qabilalar va "hoqoniy" turkchasi tilini kiritadi. Bundan tashqari, qirgʻiz, qipchoq, oʻgʻuz, chigil, igʻroq, jaruq, bulgʻor, suvor, pecheneg qabilalarining tilida ham turkiy boʻlmagan tillarning ta’siri sezilmaydi. Aralashgan turkiy qabila tillarini M. Qoshgʻariy oʻz navbatida ikki guruhga boʻladi: 1. Soʻgʻd tili ta’sirida boʻlgan, soʻgʻd va turkiy tillarda gapirisha oladigan sugʻdak, kanjak, argʻu qabilalarining tilini kiritadi. 2. Ikki tilli boʻlgan, turklashgan xitoy-tibet xalqlari: xutanliklar, tibetliklar (tubut) va tangutlar tili bu guruhga kiritiladi (2: I, 66). M. Qoshgʻariy turkiy tillarning boshqa tillar ta’siri darajasiga koʻra tasnifida tamoyillari hozir ham shevalar tasnifiga qoʻllaniladi. M. Qoshgʻariy turkiy tillarni fonetik va morfologik farqlariga koʻra tasnif qilishda tillarning geografik tarqalishi tamoyilini koʻzda tutadi. U fonetik va morfologik tamoyilga asosan turkiy tillarni ikki guruhga ajratadi: 1. Chigʻil, yagʻmo, toʻxsi, qarluq, uygʻurlardan boshlab yuqori Chingacha (Mochingacha) boʻlgan qabilalar tili. 2. Oʻgʻuz, argʻu, qipchoq, totor, yamaq, suvorin va rusdan Vizantiyagacha (Rumgacha) joylashgan qabilalar tillari. Shartli ravishda birinchi guruhi sharqiy tillar, ikkinchi guruhni esa gʻarbiy tillar deb ataymiz. Sharqiy va gʻarbiy turk qabila tillari orasida fonetik hamda morfologik farqlar mavjud. Fonetik jihatdan sharqiy turklar tilida soʻz boshida jarangsiz t kelsa, gʻarbiy turklar tilida d tovushi keladi: tevey-devey, tag-dag. Sharqiy turklar y tovushi kelsa, gʻarbiy turklar tilida j tovushi bilan y tovushi parallel qoʻllaniladi: yinju-jinju, yelkin-elkin kabi. Sharqiy turklar tilida sonor m tovushi kelsa, gʻarbiy turklar tilida portlovchi b tovushi keladi: men-ben, mun-bun. Sharqiy turklar tilida soʻz oʻrtasida tish oʻrta (interdental) jarangli z tovushi kelsa, gʻarbiy turklar tilida dz (z), z (j), y tovushlari keladi: qazin-qayin qozdi-quydi, qazgʻu-qaygʻu, azaq-ayaq, qazin-qadin-qayin. Sharqiy turklari tilida lab-tish v tovushi kelsa, gʻarbiy turklar tilida lab-lab v (w) tovushi keladi: tovar-towar kabi. Mahmud Qoshgʻariy ma’lumotiga koʻra, sharqiy guruh tillari uchun tor unlilar (bardim, sin, sen, teviy), gʻarbiy guruh tillari uchun esa keng unlilar xarakterlidir (bardim, san, tavay). M. Qoshgʻariyning koʻrsatishicha, ayrim sharqiy turklar tilida soʻz oxirida y tovushi kelsa, gʻarbiy turklar tarkibiga kiruvchi argʻular tilida n keladi: qoy-qon, chigʻay-chigʻan (2: I, 67). Morfologik jihatdan sharqiy va gʻarbiy turklar tilida quyidagi farqlarni koʻrsatadi: 1. Zamon, makon va qurol nomi sharqiy guruh tillarida -gu (-gʻu, -qu, -ku) qoʻshimcha bilan yasalsa, gʻarbiy guruh tillarida-(y) asi,- (y) yesi affiksi bilan yasaladi: bargʻu-barasi, kelgu-kelasi kabi. 2. Shaxs oti sharqiy turklar tillarida -gʻuchi, -quchi, -gʻuchi, quchi qoʻshimchasi bilan gʻarbiy guruhda -dachi, -tachi, -dechi, techi qoʻshimchalari bilan yasaladi: bargʻuchi-bardachi, turgʻuchi-turdachi kabi. 3. Sharqiy tillardagi -gan, -gʻan, -kan, -qan, -gen, -ken sifatdosh shakliga gʻarbiy guruhda - (y) an, - (y) yen shakli muvofiq keladi: bargʻan-baran kabi. 4. Sharqiy guruh tillarida oʻtgan zamon -di va shaxs-son koʻrsatkichlari bilan yasalsa, gʻarbiy guruhda sifatdoshning -duk, -duq shakli bilan yasalishini koʻramiz: men yay qurdum -ben yay qurduq. Umuman, M. Qoshgʻariy XI asrdagi turkiy qabila tillarining tasnifi uchun 6 fonetik va 4 morfologik xususiyatni asos qilib olgan. Bularning barchasi M.Qoshgʻariyning turkiy tillarning asosiy xususiyatlarini, ular orasida oʻxshashlik va farqlarini yaxshi tushuna olganligidan, uning chuqur va har tomonlama lisoniy bilimga ega ekanligidan dalolat beradi. M. Qoshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asari faqat tilshunoslik asari boʻlib qolmasdan oʻz davrining ensiklopediyasidir. Chunki unda turli xalqlarning tarixi, geografiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, urf-odati, tabiiy sharoiti, entografiyasi va adabiyoti haqida qimmatli materiallar bor. M.Qoshgʻariy tomonidan berilgan ma’lumotlar hozirgi turkiy tillarni oʻrganishda qimmatli manba boʻlib qoladi. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling