LIRIK II Lirikaga oid, lirikaga xos xususiyatlarni, his-tuyg‘ularni, kechinmalarni ifodalovchi. Lirik she’r. Lirik asar.
LIRIK CHEKINISH (rus. kalka: лирическое отступление) Badiiy asardagi muallif nutqining bir turi bo‘lib, ijodkor biror munosabat bilan asosiy voqeani to‘xtatib, ya’ni asosiy voqeadan chekinib, tasvirlanayotgan voqeaga o‘z munosabatini yoki shu voqea ta’sirida vujudga kelgan kechinma, his-tuyg‘ularini bayon etadi. Masalan, G‘. G‘ulom “Sen yetim emassan” she’rida yetimlikning og‘irligi haqida gapirib, she’rdagi asosiy bayonni to‘xtatadi va o‘z shaxsiy kechinmalarini bayon qilishga o‘tadi, ya’ni lirik chekinish qiladi:
Yetimlik nimadir –
Bizlardan so‘ra
O‘ninchi yillarning
Sargardonligi;
Isitma aralash
Qo‘rqinch tush kabi
Xayol ko‘zgusidan
O‘chmaydi sira.
Men yetim o‘tganman.
Oh, u yetimlik…
Voy bechora jonim,
Desam arziydi
Boshimni silashga
Bir mehribon qo‘l,
Biro g‘iz shirin so‘z
Nondek arzanda.
Men odam edim-ku,
Inson farzandi.
Lirik chekinish shoir bayon etmoqchi bo‘lgan fikrni kuchli ta’kidlashga yordam beradi, undagi emotsionallikni kuchaytirib yuboradi.
LIRIK QAHRAMON Lirik asar asosida yotgan “men”dan iborat adabiyotshunoslikdagi shartli tushunchalardan biri bo‘lib, lirik qahramon sifatida ko‘pincha shoirning o‘zi gavdalanadi.
LIRIKA (yun. lira – musiqa asbobi, qadimda she’rlar uning jo‘rligida o‘qilgan) Badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. Lirikada voqelik lirik subyekt his-tuyg‘ulari orqali akslanadi, uning uchun badiiy nutq obyekti emas, subyekti birlamchidir. Lirik turning tasvir predmeti his-tuyg‘u kechinmadir.
LITOTA (yun. litotes – soddalik) 1. Narsa-hodisaga xos xususiyatni uning aksini inkor qilish orqali ifodalshga asoslangan uslubiy figura, mohiyatan kinoyaga yaqin turadi. Litota kundalik muloqotda ham ancha faol qo‘llanadi. Msalan, “bu kishim ham ahmoq emas” – aqli-hushi joyida; “uyam shahar ko‘rmaganmas” – sodda emas, pishiq va h. k. 2. Tasvirlanayotgan narsa-hodisa, unga xos belgilarni o‘ta kichraytirishga asoslanuvchi badiiy usul, stilistik figura; giperbolaning ziddi, mumtoz adabiyotshunosligimizda tafrit deb yuritiladi. Jahon xalqlari og‘zaki ijodida litota usulida qator obrazlar yaratilgan: No‘xatpolvon, Yortiquloq, Barmoqcha bola (mal’chik-spal’chik), Duymovochka va b.
Do'stlaringiz bilan baham: |